Muallim Murod

BIZ YAXSHIMIZMI? 

Assalomu alaykum!

„Biz yaxshi bo’lsak ham, nega natija yo’q?“

  1. Odamning yaxshiligini o’zi emas, boshqalar aytgani durust. Biz “yaxshimiz” deb mudom o’zimizga o’zimiz 5 (besh) qo’yamiz, kamchiligimizni aytgan odam bilan yoqalashishga doimo tayyormiz.
  2. Ongimiz shunday shakllandiki, bizga haqiqat emas, ko’rinish muhim. Aynan birovlarning ko’zi uchun, yaxshi bahosi uchun o’lib-tirilamiz. Odam yaxshilik deb shunga o’rgansa, asl yaxshilik nimaligidan bexabar qolishi tabiiy. Bizda hamma narsa aslicha emas, nomda ko’rgazma qilinadi. Nom esa hech qanday amaliy ahamiyatga ega emas.
  3. Yolg’on, soxtalikning hukmron mafkura tarafdorlari tomonidan muntazam tashkil qilinishi, davlat va jamiyat hayotida majburan haqiqat o’rnida qaror toptirilishi sog’lom fikrni, adolatga bo’lgan ishonchni izdan chiqaradi; “to’g’ri bo’lsang, kun ko’rmaysan” degan buzuq dunyoqarashning keng quloch yoyishiga zamin hozirlaydi.
  4. Yaxshi, to’g’ri, qalbi musulmon insonlar uchun yo’llar asosan yopilgan, natijada ular nafaqat o’zlari istamagan holatda loyqa oqim aro sargardon, balki yaxshilar e’tirof etiladigan minbarlardan ularga hech qachon joy berilmaydi, ularning nomi bu ro’yxatdan o’rin olmaydi.
  5. Maktablarimizda bolalarning qalb tarbiyasiga emas, ularda hukmron mafkuraga sadoqat hisi paydo qilishga zo’r berib harakat qilinadi. Hayot boshqa, so’z boshqa bo’lgach, bunday tarbiya topayotgan bolalarning ma’nan adashishi va bir kuni yo’lini (to’g’ri yo’lni) yo’qotishi tabiiy emasmi!? Afsuski, hozirda mafkuraviy ta’lim olayotgan yoshlarimizning ko’pini to’g’ri fikrlashga yo’naltirish oson emas.

Men yuqorida savolga aniq javob berolmadim. Bunga aqlim torlik qildi, buni tan olaman. Haqiqatda bu men uchun juda og’ir savol!

Xulosa: qanday qilib, bizning faoliyatimizdan, umrimizdan natija bo’lsin? Biz hech qanaqasiga yaxshi emasmiz! Keng miqyosda shunday. Hadeb tariximizni, tarixda o’tgan buyuklarimizni ko’z-ko’z qilishdan ne naf‘? Nega hadeb ularning nomidan kerilaveramiz? O’ylab ko’raylik: o’zimiz nima berdik va nima bermoqdamiz tarixga? Islomda zulmga munosabat bildirish, unga qarshilik qilish farz qilingan. Biz gapirishdan qo’rqamiz. Bu-ku mayli; mazlumni ko’rmaslik uchun ko’z yumganimiz kamlik qilganday zolimni, zolimlarni ko’kka ko’tarib maqtaganimiz-maqtagan! Bu esa aslida „men shunday hayotga roziman“ degani emasmi? Panaga o’tganimizda esa davlatga minnatdorchiliklar bildirganimiz esimizdan chiqadi-da, adolat istab, muammolarimizdan noliy boshlaymiz. Bunday qavmni qanday tushunish mumkin? Qanaqasiga „biz yaxshi insonlarmiz-u, lekin yaxshiligimizdan natija yo’q“ deyish mumkin!?.

%d bloggers like this: