Munosabat

OTABEK UMAR :Turkiston legioni…

Tariximizning 20-asr qismidagi eng kam o‘rganilgan nuqtalaridan biri Turkiston legionidir. Turkiston legioni o‘rtaosiyoliklar, jumladan, o‘zbeklarni o‘z ichiga olgan va Ikkinchi jahon urushida Germaniya tarafida qatnashgan harbiy qo‘shilmadir.

Sodda insonlar so‘rashadi: “Nimaga sizlar Turkiston legionini qo‘llab-quvvatlaysizlar, axir ular fashistlar tomonida urushishgan-ku!” Bu yerdan tushunmovchilik boshlanadi.

Turkiston legionida xizmat qilgan askarlarni sotqinlik, fashistlik, yana balo-battarlarda ayblash. Biroq o‘sha davrdagi voqealarni yaxshi anglash uchun tarix bo‘yicha mafkuralashmagan tushuncha va o‘ylash qobiliyati kerak.
Xoin deyishadi… Turkiston legionidagilar kimni sotishgan, kimga xoinlik qilgan? SSSR ular uchun vatan emas edi. Ona yurti – Turkistonni qizil bosqinchilardan ozod qilish uchun yuzlab o‘zbek, qozoq, turkman yigitlari ular oldida yuzaga kelgan imkoniyatni qo‘llab, legionga qo‘shildilar.

Qo‘llariga 1917-yil Qo‘qonda tuzilgan Turkiston Muxtoriyati bayrog‘ini olib, baland tutdilar. Vali Qayumxondek ziyoli odamlar ularga boshchilik qildi va o‘sha chog‘dagi Germaniya hukumati bilan shunday bitimga erishdilarki, Germaniya yutsa, O‘rta Osiyoga olmon armiyasi emas, balki Turkiston legioni askarlari kirishi va o‘z mustaqil davlatini tuzishi kerak edi. Turkiya ushbu kelishuv bajarilishiga kafil bo‘ldi. Ular fashist Germaniyasi tomonida kurashgandir, lekin fashizm uchun emas, balki yurtining erkinligi uchun.
“Fashist edi”,-deb ayyuhannos solishga shoshilmang. Albatta, men Hitler tomonidan qilingan insoniyatga qarshi jinoyatlarni hech qachon oqlamayman. Konsentratsion lagerlar, millionlab yahudiylarning qirilishini oqlab bo‘lmaydi.

Lekin ikkinchi tarafga qarang – Stalin boshqargan Sovet davlati bundan yaxshiroqmidi? Qizil terror, milliy respublikalardagi yuzlab ziyolilarni yo‘q qilgan qatag‘onlar, millionlab odamlarning qamalishi, yashagan joyidan surgun qilinishi, otilishi… Kommunistlar qon bilan hokimiyatga keldi va qon bilan hokimiyatni ushlab turdi.

Tarixiy faklarni yaxshi o‘rgansak, ko‘p jihatlardan kommunistlar Uchinchi Reyx natsistlaridan ham o‘tib ketganini ko‘ramiz. Shunday ekan, nima uchun kommunistlar tomonida urishgan Qizil Armiya askarlari qahramon-u, Germaniya tarafida jang qilgan Turkiston legionidagilar xoin bo‘lishi kerak? Bundan tashqari, yahudiylarni qirish va siyosiy qatag‘onlar bilan o‘sha payt Germaniya qurolli kuchlarining maxsus bo‘linmalari shug‘ullanishgan va Turkiston legioni askarlarining bunday ishlarga aloqasi yo‘q.
So‘zsiz, urushda halok bo‘gan barcha ota-bobolarimizning, qaysi tarafda urushganiga qaramasdan, xotirasi men uchun qadrli.

Turkiston legioni safida bo‘lganlar ham eslanishga haqli, negaki ularning o‘ziga yarasha maqsadi va yo‘li bo‘lgan – yurtni ozod qilish yo‘li. Bu yo‘lda ular munosib harakat qilishdi.

Otabek Umar