AQSh fuqarosi Zokir Aliyevning O’zbekistonda hibs qilinishi O’zbekistondan o’zgarishlar kutayotgan jamoatchilikni, ayniqsa AQShdagi o’zbeklarni jiddiy sarosimada qoldirgan. Ijtimoiy tarmoqlarda kuchli munozara qo’zg’agan bu ish islohotlar va’dasidagi O’zbekistonda vaziyat yana xavfsizlik xizmati qo’liga o’tayotgani, Karimov davridagi qatag’onlar qaytayotgani haqidagi farazlarni muhokamaga chiqarmoqda.
16- iyun kuni qarindoshlarini ko’rish uchun O’zbekistonga borgan Zokir Aliyev Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) tomonidan olib ketilib, oradan 40 soatcha o’tgach, u “O’zbekiston islomiy harakati”ga a’zolikda, Afg’onistondagi harbiy harakatlarda qatnashganlikda gumon qilinayotgani ma’lum bo’ldi.
Aliyevning ishi yuzasidan hozircha DXXdan boshqa biror organ bayonot bergani yo’q. AQShning O’zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen “Twitter” tarmog’ida “Amerika Ovozi” muxbiri Navbahor Imamovaning bu boradagi murojaatiga javob berar ekan, bu ishdan elchixona xabardor, zarur qadamlar tashlanmoqda va masala o’rganilmoqda, deya javob berdi.
AQSh rasmiylarining “Amerika Ovozi”ga bildirishicha, bunday ishlar haqida diplomatlar munosabat bildirmaydi. Qonunan ularning bunday holatda kimnidir oqlash yoki qoralashga haqqi yo’q. Konsullik o’z zimmasidagi vazifani bajaradi, ya’ni AQSh fuqarosining huquqlari hurmat qilinishi uchun chora ko’radi.
DXX iddaosiga ko’ra, va bu O’zbekistonda ayrim saytlarda ham tarqatildi, Zokir Aliyev 2002-yilda “O’zbekiston islomiy harakati” a’zosi sifatida Afg’onistonda jang qilgan. Lekin bu paytda Aliyev AQShda bo’lgan, deydi uni yaqindan biladigan vatandoshlar, jumladan Jahongir Muhammad,uning Turkiyadagi talabalik davri va undan keyingi davr haqida “Ozodlik” radiosiga so’zlar ekan.
Continue reading →