“Amerika ovozi”

“Human Rights Watch” tashkilotining O’zbekiston bo’yicha vakili Stiv Svedlov Aliyev taqdiridan xavotirda ekanini bildirdi

25 yildan so’ng AQShdan tarixiy vataniga qaytgan Zokir Ali O’zbekiston islomiy harakatiga (O’IH) aloqadorlikda ayblanmoqda. Davlat xavfsizlik xizmati uning O’IHga qasamyod keltirganlikda, Afg’onistondagi janglarda qatnashganlikda ayblanayotgani to’g’risida ma’lumotnoma tarqatgan.

Inson huquqlari bo’yicha “Human Rights Watch” tashkilotining O’zbekiston bo’yicha vakili Stiv Svedlov Aliyev taqdiridan xavotirda ekanini bildirib, uning huquqlari hurmat va himoya qilinishi kerak, deya chaqirmoqda. Adolat qaror topishi uchun sharoit yaratilishi shart, deya eslatmoqda Sverdlov.ning O’zbekistondagi qarindoshlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning chaqiriqlaridan ilhomlanib vatanga qaytgan Zokir Aliga nisbatan tuhmat qilinayotganini ta’kidlashmoqda.

AQSh fuqarosi Zokir Ali ayni paytda Davlat xavfsizlik xizmati hibsxonasida saqlanmoqda. U 16-iyun kuni 25 yillik tanaffusdan so’ng O’zbekistonga qaytgan, o’zi tug’ilib o’sgan Chiroqchi tumaniga yetib borishi ortidan hibsga olingan.

Zokir Ali ikki kunlik tergov harakatlari ortidan terrorchi guruh hisoblangan O’IHga aloqadorlikda, Afg’onistondagi jangovar harakatlarda qatnashganlikda ayblanmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmatining matbuotda e’lon qilingan xabarida ta’kidlanishicha, Zokir Aliyev qidiruvda bo’lgan, unga nisbatan 2005-yilda jinoiy ish qo’zg’atilgan. Xabarda ta’kidlanishicha, Aliyev o’z aybiga iqrorlik bildirgan.

Zokir Alining akasi Nurali Aliyevga ko’ra, ukasining O’zbekistonga qaytishdan maqsadi chorak asrdan buyon ko‘rishmagan qarindoshlari bilan diydorlashish, shuningdek, vatanda tadbirkorlik faoliyatini yo’lga qo’yish imkoniyatlari bilan tanishish bo’lgan.

“Samarqandga qo’ndi, aeroportda hech kim hech narsa demadi. Uyga olib keldik, Chroqchi tumaniga. Kelganimizdan keyin, bir soatdan keyin qo’lga olishdi. U Amerikada o’qigan, o’z ishini yuritib kelayotgan edi. 25 yildan buyon ko’rishganimiz yo’q. Avval kelmay yurdi, Prezident Mirziyoyev yo’llarni ochishni boshlaganidan keyin biz taklif bergan edik, viza qo’yib berishdi, lekin kelganidan so’ng bir soatni ichida olib ketishdi, hatto buvilarini ko’rishga ham ulgurmadi. Davlatimiz xorijdagi o’zbekistonliklarni kelinglar, ishlanglar deb chaqirshni boshlagandan keyin biz ham chaqirgan edik. Niyatlari katta edi, bu yerga ham bir sarmoya kiritaman degan. Uni dasturlari bilan tanishishga imkoniyat ham qolmadi, darrov olib ketishdi”, – deydi Nurali Aliyev.

Uning aytishicha, ukasiga nisbatan tuhmat qilinmoqda, uning terrorchi guruhlar bilan aloqasi yo’q, dastlab Turkiyada, keyin esa AQShda o’qigan.

“Uni 40 soat tergov qilishdi, statyalarni qo’yib qamoqqa olindingiz deyishgan. Advokatimiz bor edi, chiqib uni qamoqqa olishdi dedi. Biz ko’rmay ham qoldik. Unga tuhmat qilishyapti, sen Afg’onistonda bo’lgansan, terrorchilik qilgansan deb. U bu paytda Afg’onistonda bo’lmagan. Qayerdandir soxta guvohlarni ham olib kelishgan, Namangan viloyatidan, bir-birini hech qachon ko’rmagan, tanimaydi ham. Ular Afg’onistonda janglarda qatnashgansan deb statyalarni qo’yib o’tiribdi. Men ukamga ishonaman, bizning oilamizdan bunaqa inson, davlatga qarshi jinoyat qiladiganlar chiqmaydi”, – deydi Nurali Aliyev.

Asli chiroqchilik Zokir Ali (Zokir Aliyev) 2014-yilda AQSh fuqaroligini qabul qilgan. U O’zbekistondan 25 yil avval chiqib ketgan, dastlab Turkiyada o’qigan, keyinchalik tahsilni AQShda davom ettirgan. Grin karta yutishi ortidan AQSh fuqaroligini qabul qilgan, AQShda o’z biznesini yuritib kelgan.

Zokir Ali prezidentning xorijdagilarni vatanga qaytarish chaqiriqlari ortidan mamlakatga qaytgan va hibsga olingan navbatdagi vatandosh bo’lmoqda. Ayni paytda unga nisbatan ehtiyot chorasini qo’llash yuzasidan sud qarori kutilmoqda.

https://www.amerikaovozi.com/a/uzbekistan-arrest/4443622.html

 

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O’zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O’zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. “Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.

Advertisements

About TURONZAMIN

supporter of democracy
This entry was posted in 1.BOSH SAHIFA. Bookmark the permalink.