Milliy qadriyatlar

Navro’z bayrami haqida

Navro’z bayrami oldingilarga nisbatan va umuman Navro’z bayrami oldingi yillardan ayricha nishonlandi. Chunki Navro’z shunday yo’ligagina bir bayram bo’lib qolmasdan, u milliy madaniyatimizning ko’zgusi hamdir. Shu bois masalaga jiddiyroq nazar solmoq kerak.

“Bir millat yoki xalqni cho’ktirmoq uchun uning madaniyatini yo’qot” – Chor Russiyaning shiori ana shunday edi.

Milliy madaniyatlarni yo’qotish mumkin emas, ammo boshqa bir madaniyat bilan assimilyatsiya qilish, ya’ni yeb yuborish mumkin – bu esa Lenin mohiyatidir.

Ha,s ho’rolar mafkurasining bosh mezoni madaniyatni soxtalashtirish edi. Uning me’mori Vladimir Lenin o’zining “Partiya adabiyoti va partiya tashkiloti” deb nomlangan dasturiy tusdagi maqolasida adabiyot, san’at va umuman madaniyatni siyosiylashtirish, partiyalashtirish va oxir- oqibatda davlatlashtirish g’oyasini ilgari surgandi. Yetmish yil bu aqidaga rioya qilindi.

Bugun mustaqilmiz. Ilgari madaniyatimizni tashqi kuch soxtalashtirishga urindi. Taassufki, endi bunday kuch o’zimizdan chiqmoqda. O’zimdan chiqqan baloga, qayga boray da’voga, degan ota-bobolarimiz. Agar bugungi tahlikaning oldi olinmasa, bu maqol haqiqatga aylanib, da’voga boradigan joyimiz ham qolmaydi. Milliy qadriyatlarimiz chambari bo’lmish madaniyatimiz Chor Rossiyasi va Lenin zarbasidan keyin uchinchi og’ir zarbaga uchraydi.

Yaqinda “Navro’z” deb nomlangan televizion filmni ko’rdim. Toshkentdagi Alisher Navoiy xiyobonida o’tkazilgan Navro’z tantanalarining filmi edi bu.

Agar film dunyoga o’zbek madaniyatini tanitish maqsadida tayyorlanmagan va bir qator xalqaro televidenielarga taqdim etilmaganida balki bu ham o’tar deya tishimizni tishimizga qo’yardik. Ammo milliy madaniyatimiz mavzu ekan jim turishimiz ma’naviy suiqasddir.

Navro’z tantanalari muchal yilini ifodalash asosida tayyorlangan. Sahnada har turli hayvon niqobidagi maskali odamlar paydo bo’ladi. Avval ho’kizlar, keyin sigirlar, orqasidan ilon, maymun, it, sichqon…. Yosh yigit-qizlar bilan birga keksa onaxon, otaxonlarga ham bu maskalar kiydirilgan.

Xalqimiz hayvonbezor emas. Ayniqsa ot, kiyik adabiyotimiz va san’atimizda ijobiy obraz sanalgan. Biroq maymun, sichqon, ilon, it har doim salbiy yuk tashigan. Shunday ekan, rasmiy tantanalar nishonlanadigan sahnada bir qancha odamga it niqobini kiydirib, ularni akillatishni yoki ho’kiz kabi sas chiqarishga majbur qilishni qanday izohlash kerak?

Bulbul bo’lib sayragan xalqimiz, ammo hech qachon it bo’lib akillagan emas. Bu manzara o’z xalqini masxara qilishmi yoki ko’rdingizmi istasam it bo’lasiz, istasam sichqon, deyishning bir yo’limi?

Bu ham yetmaganidek, ilon niqobida vishillab turgan qizlar, maymun qiyofasida yerdan ko’kka sapchib barmoqlarini tishlagancha, tirjaygan yigitlar va hammasi Navro’z kuni, Navro’z saylida, Alisher Navoiy haykalining poyida.

Ha, dunyoda bunday o’yinlar bor. Bir teatrda ko’rsating, e’tirozimiz yo’q. Hatto bir parkda bolalarga namoyish eting, sizni qutlaymiz. Lekin xalqimiz ming yillar davomida milliy kimligini namoyish etib kelgan bayramda o’ylab ko’rishingiz kerak. Nahotki, bizning milliy kimligimiz it, ilon bilan ifoda etilsa?

O’z-o’zidan Navro’z tantanalari Leninning milliy madaniyatlarni o’zgartirish tezisi asosida o’tkazildi, degan xulosa chiqadi.

Navro’z sahnasida soxta echki sog’ilarkan, qo’lda yasalgan soxta sigirlarning yelinlari ko’z-ko’z qilinarkan sho’rolarning 1-may namoyishini esladik. O’shanda ham yuk mashinalari ustida yasalgan sigir, qo’ylarning boshini qimirlatib, minbar oldidan olib o’tishardi. Ayni mohiyatni Navro’zga yuklamoqdan nima maqsad ekanligini tushunish qiyin emas.

Eng qizig’i ijrochilarning o’zlari o’z hollaridan uyalib turganlarini ekranda ham aks etishidir. Soxtalik tabiiylikdan ustun kelib turibdi. Qo’shiq va kuylar esa plastinkani 33 yo’lidan 78ga o’zgartirib qo’ygandek g’ayri odatiy edi.

Chor Rossiyasi milliy maktablarni yiqitdi, qabristonlarni portlatdi, lekin xalqimiz o’z madaniyatini saqlab qoldi. Sho’rolar 70 yil urindi, biroq o’zlari soxtalik qurboni bo’lishdi. Shu bois madaniyatimizni Navro’z maydonida masxara qilishga urinayotganlar bir kun kelib bu sahnada o’zlarini ko’rsalar ne ajab?! Va bu soxta emas, haqiqiy tomosha bo’ladi. Zotan buni biz iddao qilayotganimiz yo’q. Bu tarix isbotlagan haqiqatdir.

JM

%d bloggers like this: