Jurnalistika jabhasi

Mavhumlik

Bugun o’zbek matbuoti, o’zbek jurnalistikasining rolini oshirish haqida ko’p gapirilmoqda va ko’p yozilmoqda. Xalqning dardi, inson haqlari, ijtimoiy-siyosiy muammolar haqida dadillik bilan, ochiq-oydin yozilmayotganining sababi qilib jurnalistlarning malakasizligi ko’rsatilmoqda. Aslida ham shundaymi?

“Hurriyat” gazetasida “Gazeta zerikarlimi, demak biz qiziqarli yozolmayapmiz” sarlavhasi ostida birinchi sahifadan, imzosiz bir maqola berilgan. Maqola garchi imzosiz bo’lsa-da unda bir kishining, bir muallifning tilidan so’z yuritiladi.

Jumladan unda shunday satrlar bor: “Aytmoqchimanki, hamon matbuotimiz o’z maqomiga yetisha olmayotgan bo’lsa, uning sababini boshqa yoqlardan izlayvermay, o’zimizdan, o’zimizning suskashtligimizdan, kasbiy tamballigimizdan izlashimiz o’rinliroq bo’lur edi”.

Nazarimda bu to’g’ri tashhis emas. Chunki “Yozuvchi”, “Turkiston”, “Vatan”, “Milliy tiklanish”, “Adolat”, “Sohibqiron yulduzi” kabi gazetalarni varaqlar ekanman, ko’ngilga yaqin maqolalarni uchrataman. Ammo ularning ba’zi joylariga tekkan ko’rinmas qalam so’zning ta’sir kuchini, haqqoniyatini yo’q etib, mavhum, ya’ni adressiz tanqidga aylantirgan. Bu xastalik boshqa gazetalarda ham bo’rtib turibdi.

Masalan, “O’zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida filologiya fanlari nomzodi Tohir Shermurodning “She’riyatga shirkning sharpasi” sarlavhali qariyib bir sahifalik maqolasi o’rin olgan.

Muallif go’zal va dolzarb mavzuni tahlil qiladi, ya’ni Sovetlar davrida shaxsga sig’ingan shoirlarning she’rlariga bugungi ko’z bilan nazar soladi. Bir qancha she’rlardan misollar keltiradi. Lekin Stalinga sig’ingan, Allohga qarshi bosh ko’targan bu shoirlarning she’rlari boru ismlari yo’q.

Shaxsan menda shunday taassurot qoldi: Tohir Shermurod misol sifatida keltirilgan she’rlarning ostida mualliflarini ham yozgan, lekin ko’rinmas bir qalam ularni o’chirib, ko’rinmas holga keltirgan. Balki bugungi maddohlarning ham nomlari keltirilgan va taqqoslangan bo’lishi mumkin. Lekin gazeta yuzida buni topa olmaysiz.

Dargilarda ham shu ahvol. Masalan, “Muloqot” dargisidan o’rin olgan Nazar Rajabovning “Milliy birligimizning ramzi” maqolasidan parcha:

“Amir Temirga bag’ishlangan xalqaro anjumanning bir yig’ilishida bir tarixchi olim ona tilida salomlashdiyu, birdaniga rus tilida ma’ruza o’qiy ketdi. Vaholanki, ishtirokchilarning 90 foizi davlat tilini biladiganlar edi. Qolgan kishilar esa tarjima moslamalari bilan ta’minlangandi. Majlisda kishilarning bir qismi yig’inni tashlab ketishdi. Shuningdek, respublikamizdaki yirik nashriyotlardan birida Bosh hisobchi haligacha o’zbek tilida gapirsangiz tushunmaydi. Va 95 foiz xodim o’zbek bo’lishiga qaramay, ish rus tilida yuritiladi…”

Ko’rinib turibdiki, bu erda ham ko’rinmas qalam taniqli tarixchining va yirik nashriyotning ismini o’chirib qo’ygan.

Xuddi shu holni “Sohibkiron yulduzi” gazetasida bosilgan Ibrohim G’ofurovning “Ertaga juda ham go’zal kun bo’ladi” sarlavhali maqolasida, Abduqahhor Ibrohimovning “Hurriyat” gazetasida chop etilgan “Mansab, mansabdorlik, mansabdorlar” nomli maqolasida va boshqa kundalik gazetalarning deyarli har kungi sonida uchratish mumkin.

Kichik bir maqolada ham Prezidentni maqtab qo’yish unutilmagani holda, ijtimoiy-siyosiy mavzulardagi maqolalarda tanqid qilingan hatto o’rta miyona kishilarning ismlarini yashirib qolish an’anaga aylanib borayotgani tashvishlidir. Tanqid umumiy bulsa, maqtovdan farqi yo’q. Tanqid nishongagina urganda, natija beradi.

Umuman, bularning hammasidan quyidagicha xulosalarni chiqarish mumkin.

Birinchidan, jurnalistlar, qalamkashlar yetilib turgan masalalarga qo’l urishmoqda, lekin bu ishni boshqarayotganlar mansablari, xizmat mashinalari va soxta obro’laridan qo’rqib, tanqidiy maqolalarning o’q tomirini yulib olmoqdalar va ularni tasirsiz holga keltirmoqdalar.

Ikkinchidan esa, xalqni chalg’itish uchun aybni jurnalistlarga, qalamkashlarga ag’darmoqdalar. Xalqqa ularni malakasiz, tambal qilib ko’rsatishga urinmoqdalar.

Uchinchidan, bu insonlar ham mustaqillikka, ham rivojlanishga va hamda o’zbek matbuotining mavqeiga qarshi bolta ko’tarib xizmat qilmoqdalar. Ular uchirgan har bir satr ayni paytda tariximizning yuksalish yo’llarini uchirmoqda va mavhumiyatga tomon sudramoqda.

Bugun o’zbek matbuotini oyoqqa turg’azish uchun uni ilk o’laroq mavhumlikdan, ya’ni boshi oyog’i bo’lmagan umumiy maqolalardan qutqazmoq kerak. To’g’rirog’i o’zbek matbuotini yozilgan jiddiy maqolalarning bosh va oyog’ini kesib turuvchi ko’rinmas kuchlardan xalos etish zarur.

Buning eng oson yuli matbuotni yoshlarga, yosh avlodga ishonish kerak. Chunki ularning jasorati, iste’dod va qobiliyati bunga qodir. Zero matbuotimizni pukkillab qolgan, buyinbog’ taqib yurishdan boshqa narsaga yaramagan ko’rinmas qalam egalaridan ana shu yoshlar qutqaradi. Ularga yo’l bering! Ular ham dardlarimizga, ham kelajagimizga va hamda istiqlolimizga sohib chikadigan sog’lom kuchdir. Ular mavhumiyatning dushmanlari, haqqoniyatning do’stlaridir!

Jahongir Muhammad

Advertisements

About TURONZAMIN

supporter of democracy
This entry was posted in Mushohada. Bookmark the permalink.