Buxoro fojeasi
O’zbekiston mustaqilligi nishonlanadigan birinchi sentyabr kuni bizga tarixning son-sanoqsiz alamli, iztirobli fojealaridan birini eslatadi. Ayni shu kuni – 1920 yilning 1-sentyabrida Qizil Armiya qo’shinlari Buxoro shahriga bosib kirib, Buxoro amirligining saltanatini qo’lga kiritgandi. Shu zaylda 1-sentyabr tarixga Buxoro amirligining yoki Buxoro davlatining oxirgi kuni bo’lib yozildi. 1-sentyabr kuni O’zbekiston mustaqilligi bayram qilinarkan, Buxoro davlatining qulashini yodga olish kelajagimizga yanada ravshanroq ko’z bilan nazar solishga undaydi.
O’shanda Qizil Armiyaning jallodlari avgust oyining oxirida Buxoroga tup-yakun hujum boshladilar. Mixail Frunzening 1920 yilning 12-avgustida imzolagan buyrug’i bo’yicha bu hujumda o’n mingga yaqin piyoda, uch ming atrofida otliq askar, besh artilleriya, 200 dan ziyod zambarak, besh bronepoezd va yana bir qancha og’ir sipohlar hamda 11 aeroplan safarbar qilindi.
Hujum garchi 16 avgustda Chorjo’yda boshlangan bo’lsada, 1- sentyabr kuni ashaddiy ravishda qadimiy Buxoroga qaratildi. Shaharni qamalga olgan jallodlar guruhining boshlig’i Zinovevning yozishicha, 1-sentyabr kuni Buxoro gurillab yonmoqda edi. Uy-joylar, tilsiz obidalar yondirilar ekan, ko’cha-ko’ylarda son-sanoqsiz o’liklar yotardi.
Qizil Armiyaning aeroplanlari shaharni bombardimon qilar ekan, ming-ming begunoh, mas’um insonlar, keksalar, yoshlar, onalar, bolalarning faryodlari ko’kka sig’masdi. Keyinchalik bu insonlarni tuproqqa qorishtirgan uchuvchi jallod Leskin Qizil bayroq ordeni bilan mukofotlangandi. Minoralaridan ming yil davomida azon aytilgan qadimiy obidalar aeroplanlardan o’qqa tutildi. Sitorai Mohixosaning ustiga tinimsiz otash yog’dirildi. Gumbazlar er bilan yakson bo’ldi. Registon ham kul bo’ldi.
Bu bilan cheklanib qolmagan bolshavoylar shaharni talon-taroj qildilar. Amir saroyining xazinalaridagi sandiqlar buzilib, oltinlar tashib ketildi. Begunoh insonlarning qimmatbaho mol-mulklari tortib olindi. Qizil Armiya mol-mulk ortilgan ikki eshelonni Rossiyaga jo’natdi.
Oltin, qahrabo va firuza toshlar bilan ishlangan 39 qilich kommunistlar markaziga yuborildi. Bu qilichlarning har birida 40ga yaqin brilliant toshlar bor edi. Qonli va qaqshatgich hujumni amalga oshirgan front qo’mondoni Frunze va Revsovet a’zosi Ibrohimovga mukofot o’laroq ana shu oltin qilichlardan hadya etildi. Er bilan yakson bo’lgan qadimiy Buxoro nafaqat vayronaga aylandi, balki huvillagan, jasadlari ko’milmagan qabriston holiga keldi.
Hali yaqin-yaqingacha Toshkentning Xadra maydonidagi Hamza teatrida Buxoroning shu kunlaridan hikoya qiluvchi teatr haftada ikki marta namoyish etilardi. Sahnada yuqorida tilga olingan vahshiyliklar, vayronagarchilikdan asar ham yo’q. Bu voqea inqilob g’alabasi, deya ko’z-ko’z etilardi. Lekin biz mustaqil bo’lganimizdan keyin ham Buxoro fojeasining asl mohiyati xalqqa tushuntirilib berilgan emas.
O’shanda Buxoro amiri Said Olimxonning 20 mingga yaqin askari bor edi. Lekin u nima sababdan qisqa muddatda yengildi? Bu savolga tarixchilarimiz odil javob berishga hadiksiramoqdalar. Lekin haqiqat qanchalik achchiq bo’lmasin, uni aytishimiz va undan dars olishimiz kerak.
Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar xalq komissari Chicherin Vladimir Leninga 1920 yilning 18-may kuni yozgan hisobotida Buxoro mustaqilligi tan olinganini eslatadi va Buxoroga qarshi hujum Sharqdagi siyosatimizni obro’sizlantiradi, deb so’z yuritgandi. Shundan keyin, o’lkamizdan borgan elchilar Sverdlov bilan uchrashdilar va Lenin bilan ko’rishib, Buxoroga qo’shin kiritishni talab qildilar. Bugun biz bu voqealarni ipidan ignasiga qadar o’rganmas ekanmiz, mustaqilligimizning kelajagini kafolat ostiga oldik, deb ayta olmaymiz.
Buxoro fojeasi xususida uch savolga javob berish kerak: birinchidan, bu voqealarda Fayzulla Xo’jaevning tutgan o’rni va roli qanday edi? Ikkinchidan, Lenin hukumati asosiy diqqatini G’arbga qaratayotgan bir paytda uni Sharqqa yo’naltirgan va o’zlari hokimiyatga kelish uchun Vatan, millatini o’qqa tuttirgan insonlar kimlar edi? Uchinchidan, Buxorodan tortib olib ketilgan madaniy meroslarimiz, tarixiy boyliklarimizni Rossiyadan qachon talab qilamiz va qachon o’z o’rniga qaytaramiz?
Bu uch savolga javob bermas ekanmiz, xoinlarni qahramon, deya ulug’lashda davom etilaveradi, ularning nomi ko’chalarga beriladi, ularning nomiga qo’shiqlar bag’ishlanadi va Buxoroda 77 yil avval, 1-sentyabrda qatl etilgan ming-minglarcha millatdoshlarimizning ruhi boshimizda chirqirab turaveradi.
Bu uch savolga javob bermas ekanmiz, mustaqilligimizning tamal toshlarini mustahkam zaminda emas, balki qum ustida qurgan bo’lamiz.
O’zbekiston mustaqilligi ramziy o’laroq 1-sentyabrga to’g’ri kelgani 1920 yilning 1-sentyabrida Buxoro boshiga yog’ilgan kulfatning parda orqasini oydinlatishga nafaqat turtki, balki undovchi kuch bo’lish kerak.
Jahongir Muhammad
Filed under: Mushohada |