Jurnalistika jabhasi

Davlat siri

Ma’lumki, sho’rolar zamonida har bir matbuot idorasi qoshida davlat sirlarini saqlash bo’yicha maxsus vakil o’tirardi. Uning qisqacha nomi Uzlit yoki  tsenzora edi.

Bugun MDH o’lkalarining aksariyatida bu muassasa tarixga aylandi. O’zbekiston qonunlarida ham matbuotni tsenzura qilish ta’qiqlangan.

Jumladan, “Jurnalistik faoliyatni qimoya qilish to’g’risidagi” O’zbekiston respublikasi qonunining 4-moddasida ham bu e’tirof etilgan.

Biroq yuqorida nomi tilga olingan vakillir hamon o’z o’rinlarida o’tirishibdi. Ularning muhri bosilmasdan nashr yo’li ochilmaydi. Bu voqeani har kim har xil izohlamoqda.

Jumladan, “Xalq so’zi” va “Hurriyat” gazetalarining Bosh muharrirlari Buyuk Britaniyaga safarlari chog’ida Bi-Bi-Si radiosiga bergan suhbatlarida «Katta kichik har bir mamlakatning o’z siri bo’ladi» deyishdi.

To’gri, har bir davlatning o’ziga yarasha siri bor. Buni uch bo’limga bo’lish mumkin:

BIRINCHI: Milliy, strategik boyliklarga oid sirlar, jumladan, ularning xaritalari.

IKKINCHI: Harbiy, milliy xavfsizlikka doir sirlar, jumladan, ularning adreslari.

UCHINCHI: Davlat ahamiyatidagi strategik tadqiqotlarga doir sirlar, jumladan ularda keltirilgan raqamlar.

Har uch bo’limga kiradigan sirlarni qo’riqlash bevosita ulardan voqif bo’lganlarga, ular bilan ichma ich yashaganlarga oid. Bu bugun dunyoda qabul qilingan qoida. Matbuotning qoshida o’tirib ularni qo’riqlash sovetchasiga latifaomo’z holdir. Chunki davlat siri jurnalistga yoki matbuotga qadar etib keldimi, uning sirligi qolmadi degani.

Sovet Ittifoqi kabi mamlakatlar to’g’onni yanglish yerda qo’ygani uchun ham biror bir sirini qo’riqlay olmagandi. Chunki davlat sirini bilganlar, menga nima, uni qo’riqlovchilar bor-ku, deya, mas’uliyat his etmasdilar. Bugun ham ayni hol davom etmoqda. Buning ustiga-ustak davlat siri tushuncha o’laroq doirasi yanada kengaytirilgan.

Masalan, bugun o’zbek matbuotida muxolifatni, “Birlik” va “Erk”ni qoralash uchun yo’l ochiq. Lekin masalaga ijobiy nazar solish yoki mazkur partiya-harakat a’zolarining qarashlarini chop etish yo’li yopiq. Bu ham davlat siriga kiradi. Yoki xalqimiz byudjetning taqdirini bilmoq istaydi. Buni yozish, tahlil etish mushkul emas. Buxgalteriyada balans degan narsa bor, bir tomonga kredit, ikkinchi tomonga debit yoziladi, ya’ni kirim va chiqim. Xo’sh, sog’likni saqlash, maorif, madaniyat, ilm fanga qancha mablag’ ajratildi va qayerlarga sarflandi? Qonunda xalqning axborot olish huquqi kafolatlanganiga qaramay, buni ham hech kim yozolmaydi. Davlat siri!

Boshqa misol. Kadrlar masalasini oling. Kadrlarni tanlash, tayinlash va ishdan otish, hokimni vazifaga keltirishda uning qobiliyati, tashkilotchiligi o’rganib o’rganilmaganligi – davlat siri.

Bu ham mayli. Statistika ma’lumotlari, planlar to’lishining parda orqasi, ko’zbo’yamachilik, qo’shib yozish haqida yozaman degan jurnalistning peshonasi tosh devorga uriladi – davlat siri.

Qashshoqlik, kambag’allik, poraxo’rlik, yuqori mansabdagi rahbarlarning suiste’moli, huquq tartibot organlari tomonidan haq-huquqlar toptalishi, adolatsizlik – davlat siri.

Demak, davlat siri bo’lmagan bitta narsa bor. U ham bo’lsa maqtov. Shu sababdan bugun jurnalistlar asosan maqtov bilan bandlar.

Matbuot xalqning ko’zi, qulog’i va tili-dili bo’lishi kerak. Bu ko’z yumilsa, bu quloq eshitmasa, bu til soqovlik rolini bajarsa va bu dil his etmaslikni sharaf deb bilsa, bunday jamiyatda demokratiyaning mavjud uchqunlari ham o’lib boradi. Matbuot nafaqat xalqni balki o’zini ham yo’qotadi.

Jurnalistlarni muhofaza qiluvchi xalqaro qo’mitaning yaqinda e’lon qilingan hisobotida O’zbekiston erkin matbuot bo’g’ilgan davlatlar safida turgandi, hamon. Bu hukumatga jiddiy tanqid bo’lishi barobarida jurnalistlarimizga ham og’ir dashnomdir! Bu dashnomdan qutilishning bitta yo’li bor, u ham bo’lsa, davlat siri bo’lgan tushunchadan qutilmoq kerak.

Sirsiz saltanat bormi, deya e’tiroz bildirishingiz mumkin? Bor: sirsiz saltanat bu demokratiyadir.

Demokratiya sharoitida davlat siri niqobi ostida erkin matbuot bo’g’ilmaydi.

Demokratiya sharoitida davlat sirini bu sirning sohiblari qo’riqlaydi. Qandaydir Uzlit  yoki inspektsiya ochib qorovullik qilinmaydi.

Bugun demokratiya o’rganishni istasak, ishni davlat siri degan to’siqdan qutilmoqdan boshlash kerak. Zotan bu to’siq olib tashlansa, kelajakning yo’llari o’z-o’zidan ochilib ketadi va o’zbek jurnalistikasi o’zligiga qovushadi.

Sirlarni sir sohiblari qo’riqlasinlar!

Jahongir Muhammad

Advertisements

About TURONZAMIN

supporter of democracy
This entry was posted in Mushohada. Bookmark the permalink.