Mushohada

  • Tarixni buzish

Tarixni qayta yozish an’anasi O’zbekistonda gurillab davom etmoqda, lekin qush uyasida ko’rganini qiladi, deganlaridek, muhtaram tarixchilarimiz, olimlarimiz aynan salaflarining yo’lidan bormoqdalar.

Kommunistlar Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Fitrat, Usmon Nosir kabi yuzlab ismlarni tarixdan o’chirib tashlash uchun qo’llaridan kelganini qildilar. Bugun esa biz bu borada tom aksini amalga oshirayapmiz.

Ya’ni u qirg’oqdan bu qirg’oqqa o’tib, tarixni asosan ularning ismlari bilan to’ldirayapmiz. Ularni o’rganishda biryoqlamalikka yo’l qo’yyapmiz.

Bu yo’sinda ketsa, kelajakda Abdulla Qodiriyning “Mushtum” dargisida jome-masjidlarini buzishga, din arboblarini quvg’in etishga qaratilgan feletonlari bosilgandi, Cho’lpon va Fitrat Sovet tuzumi bilan murosa qilishga urindilar va shuning qurboni bo’ldilar, deya yana bir avlod o’rtaga chiqishi va tarixni o’zi istaganidek yozishi hech gap emas.

“O’zbekiston Respublikasi Entsiklopediyasi”ga nazar solsangiz, yoqangizni ushlab qolishingiz aniq.

Uning so’zboshisida “O’zbekiston Respublikasi Entsiklopediyasi” mohiyat e’tibori bilan tarixiy kitobdir. Unda Entsiklopediya an’analariga rioya etilib, har bir mavzuda uning ibtidosidan so’nggi yillargacha bo’lgan holati qamrab olinadi. Binobarin, o’tmish bilan kelajak o’rtasida qandaydir vorislik yotadi. Bu vorislikni ta’minlashda entsiklopediyalarning muhim o’rni bor. Ushbu entsiklopediya ham shu yo’lda xizmat qiladi, degan umiddamiz”, deyiladi.

Bu fikrning samimiyligini o’rganish uchun 16 bo’limdan mohiyatiborat bo’lgan entsiklopediyaning jamoa tashkilotlari bo’limini ochamiz. O’zbekiston Xalq Demokratik partiyasi, Adolat sotsial-demokratik, Milliy tiklanish partiyalari, Kasaba uyushmalari, Xotin-qizlar qo’mitasi, Faxriylar tashkilotlari uyushmasi, Ma’naviy va ma’rifat jamoatchilik markazi…

Xo’sh, O’zbekistonda milliy ozodlik harakatini boshlatgan “Birlik” xalq harakati qani? Uning o’rniga 1995 yilda hukumat tomonidan tuzilgan boshqa bir harakat – Xalq Birligi harakati kiritildi. Xo’sh, “Erk”, “Birlik” muxolif partiyalari qani? Nahotki bu harakat va partiyalarning O’zbekiston mustaqillik jarayonida hech qanday roli bo’lmasa? Butun dunyo bu harakat va partiyalarni e’tirof etgani holda, O’zbekiston entsiklopediyasida ulardan ko’z yumilishi tarixni soxtalashtirish emasmi?

Entsiklopediyaning matbuotga oid bo’limini ochamiz. Barcha nashrlar bor. Lekin O’zbekiston mustaqilligining qaldirg’ochi “Erk” gazetasi haqida bir satr ham yo’q. Qolaversa, o’sha yillari “Mustaqil haftalik”, “Munosabat”,“Erkparvar” singari o’nlab nashrlar vatan ozodligi uchun xizmat qildilar.

Balki bir kun kelib bu sahifalarni yozgan taniqli olimlarimiz biz yozdik, lekin tsenzura o’tkazmadi, deya bahona topishlari mumkin, ammo siz siyosiy maqola yozmayapsiz-ki, tsenzurani bahona etsangiz. Bu axir, tarix. Yaxshisi, yomoni, achchig’i, chuchugi bilan butundir tarix. Siz esa uni kemtik holda, bir qo’lsiz, bir oyoqsiz va yoki qalbsiz qilib ko’rsatmoqchisiz.

Entsiklopediyaning din, qonunchilik, adabiyot, qayta qurish yillari singari bo’limlarida ham muxolifatga oti qorishgan, yoki to’ralarga oti yoqmagan inson va tashkilotlardan ko’z yumilgan. To’g’rirog’i, ularni tarix sahifalaridan o’chirishga urinilgan.

Bunday soxtachilikning asl mohiyatini o’rganish uchun entsiklopediyaning yana so’z boshisiga murojaat qilamiz. Unda shunday satrlar bor: O’zbekiston Respublikasi Entsiklopediyasi O’zbekiston bilan qiziquvchi keng kitobxonlardan tashqari tadqiqotchilar, ayniqsa yosh avlod – talaba va o’quvchilar uchun ham ahamiyatlidir. O’z yurtining tarixi, madaniyati, fani, mamlakat iqtisodiyoti va boshqa tarmoqlaridagi holat bilan qiziquvchi har bir kitobxon tegishli ma’lumotlarni ushbu qomus sahifasidan topa oladi.

JM

Advertisements

About TURONZAMIN

supporter of democracy
This entry was posted in Mushohada. Bookmark the permalink.