Mushohada

Xabarning zalvori

“O’zbek matbuoti erkindir”, degan gaplar aytilayotgan bo’lsa-da, jurnalistlarni muhofaza qiluvchi xalqaro qo’mita jurnalizm borasidagi masalalar, muammolarni o’rtaga qo’yarkan, O’zbekistonni matbuoti erkin bo’lmagan davlatlar ro’yxatiga kiritdi. Xo’sh buning sababi nimada va bu dashnomdan qutulishning yo’li bormi?

O’zbek jurnalistikasi, uning o’tmishi, buguni va kelajagi haqida gapirishga, o’ylashga va qayg’urishgga haqqim bor, deb uylayman. Chunki oz emas, ko’p emas 25 yildir-ki shu sohaning ichidaman. Uning muammolari, dardlarini bevosita yashab, guvohi bo’lganman.

Umuman olganda esa matbuotimiz haqida har bir jurnalistning, har bir insonning gapirishga, fikrini aytishga, mulohazalarini bildirishga haqqi bor. Chunki matbuot har birimizning hayotimiz bilan bog’liq.

Ma’lumki, matbuot markazlashtirilgan edi. Gazeta, jurnallar turli bosmaxonalarda bosilishiga qaramay siyosiy senzuradan o’tkaziladi. Tanqid bor, ammo yuqorining buyrug’i asosida yoki ko’rsatgan yo’li bo’yicha tanqid qilinadi.

Ya’ni yuqoridan pastga qarab yo’naltirilgan tanqid irmog’i mavjud. Mustaqillikning ilk yillarida bu irmoq teskari oqdi ham, to’g’rirog’i, ilgari teskari oqishga yo’naltirilgan irmoq endi o’z yo’liga tushgandi. Bu irmoqning suvini oddiy insonlar bilan birga eng yuqori lavozimdagi mansabdorlar ham icha boshladilar.

Lekin bu vujudlariga singmayotgani, hazm qila olmayotganliklari har soniyada sezilib turardi. “Senimi, qarab tur” qabilida ish tutib, Sulaymon o’lib, devlar qutilishini kutardilar.

Ammo ana shu davrda o’zbek jurnalistikasi o’zining nimaga qodir ekanligini ko’rsata oldi. Ayniqsa, “O’zbekiston adabiyoti va san’ati”(1) haftaligi, “Xalq so’zi”(2), “Erk”, “Mustaqil haftalik”, “Oila va jamiyat”(3), “Turkiston”(4), “Qishloq haqiqati”(5) singari gazetalar davrning eng muhim masalalarini xalq muhokamasiga qo’ya oldilar.

O’n yillar davomida odamlar og’izga olishga qo’rqqan muammolar ana shu davrda o’rtaga chiqarildi. Paxta monokulturasi, Orol(6) fojeasi, o’zbek onalarining qismati, sog’lik, maorif, madaniyat borasidagi ko’zbuyamachiliklar, tarixdagi soxtalashtirish va nihoyat mustaqillik masalasi – hamma hammasi ana shu qisqa davrda o’rtaga otildi.

Shu davrda o’zbek matbuotida taniqli jurnalistlar sulolasi yetishdi. 22 jurnalist O’zbekiston parlamentiga saylandi. Bu esa xalqning o’zbek jurnalistikasiga bildirgan munosabati edi.

Lekin hukumat siyosiy tazyiqlarni boshlarkan, qilichning eng o’tkir qismi jurnalistika boshini uchirdi. “Erk” gazetasi yopildi, “Mustaqil haftalik” bo’g’ib qo’yildi, “Xalq so’zi” gazetasining asosiy yadrosi ishdan chetlashtirilib, gazetaning yunalishi o’zgartirildi.

Boshqa gazeta-dargilar ham jilovlandi. Tabiiyki, voqealarning bunday jarayonida jurnalistlarning ham ulushlari bor, chunki birlashib, butunlasha olmadilar, o’z manfaatlari va gazetalarning qadr-qimmatini boy berdilar. Xalqning munosabati darhol sezildi.

Bir paytlar millionlar o’qigan gazetalar bir zumda minglarga tushib qoldi. Bu esa ularning nafaqat sifatiga balki jurnalistlarning cho’ntagiga ham zarba urdi.

Agar matbuot erkin bo’lganda bugunga kelib u ham butun dunyodagi kabi raqobat maydoniga aylanardi. Gazetalar reklama va obuna hisobining o’sishiga ko’ra o’zlarining texnik bazalarini qayta qurardilar. G’arb matbaasining eng oldingi texnologiyasi allaqachon yurtimizga kirib kelgan bo’lardi.

Shu o’rinda bir misol bermoq istayman: Qirg’izistonda ham hali yaqin yaqingacha matbuot nazorat ostida bo’lgan. U erkin qo’yilgach va xususiy nashrlarga yo’l ochilgach, mana 15-20 yil ichida Markaziy Osiyo barcha o’lkalaridan o’sib ketdi.

Bugun gazeta nashr etishda, radio, televidenie eshitirishlari va ko’rsatuvlari tezkorligida Qirg’iziston mintadaqa birinchi hisoblanadi. Matbuot bu yerda to’rtinchi hokimiyat darajasidan ilgarilab ketib, birinchi hokimiyat holiga kelib qolgani uchun uning masalalari tortishilmoqda.

Bizda esa to’rtinchi hokimiyat kuchi u yoqda tursin matbuotimizning o’z-o’zini oyoqda tutish kuchi ham yo’qolgan. Tizzalab, qaltirab, yuqorining jilovi bilan arang oyoqda turgani uchun o’rni qayerdaligini baholash ham mushkul.

Ba’zilar faqat tanqidgina matbuotni yuksaltiradi debo’ylashadi. Bu yanglish. Matbuotning kuchi uning mustaqilligidadir. Kerak bo’lgan paytda tanqidi, kerak bo’lganda tahlili va kerak bo’lganda maqtovi bilan o’rtaga chiqadi. Ammo uning oyoqda tutuvchi ildizi xabarchiligidir. Hayotimizdagi o’rnining aksariy qismi uning xabarchiligi bilan bogliq.

Ha, bugungi matbuotimiz xabar bilan to’lib toshgan-ku deyishingiz mumkin. Biroq xabarning zalvori uning to’g’riligi, tezkorligi, obyektivligidadir.

JM

%d bloggers like this: