“Xo’p-xo’p”
Ko’p yoyilgan illatlardan biri “xo’p, xo’p” xastaligi. Bu illatdan dong’imiz ham chiqqani ma’lum. Ya’ni to’g’ri yo noto’g’ri, haq yo nohaq topshiriq olsak, bas-ki yuqoridan kelgan bo’lsa, og’zimizdan “xo’p”dan boshqa so’z chiqmasdi.
Bunday ijrochilik usluli demokratiyaga ziddir. Demokratiya fikrlash minbari. Har qanday masalada ishtirok etish demakdir. Ko’r-ko’rona ijrochilik esa iqtidorni saqlab qolish uchun qo’llanadigan har turli rejimlarga xos.
Yuqori lavozimlarda ishlagan, mamlakat va millatning taqdiri, kelajagi bilan bevosita bog’liq bo’lgan rahbarlar, eskichasiga aytganda nomenklatura, ijrochilikni, mansabini saqlab qolishning birdan bir yo’li deb tushunmoqda. Ana shuning uchun ham ijrochilik mansab va manfaat uchun o’z vijdon hamda xosiyatini oyoq osti qilish bilan tenglashdi.
Yuqoridan keladigan topshiriq g’ayriqonuniy, qoidalarga zid, hatto insoniylik charchavasiga sig’maydigan bo’lsada, mansab va manfaat uchun ko’zni chirt yumib, ko’r-ko’rona ijro etish yoppasiga tus oldi.
Bu holni ko’r-ko’rona deb baholamoqni ham o’ylash kerak. Chunki ijrochi o’z hatti-harakatlarini sezib turadi va hatto yakkama – yakka suhbatlarda yuragini bo’shatib olish uchun buni e’tirof etadi.
Lekin uning mansab va manfaat tuyg’ulari har narsadan ustun kelgani uchun ko’r-ko’rona deyilgan ijrochilik qobig’iga o’ranib oladi. Har bir mansabdor o’z istiqboli, kelajagi, kamoloti va badavlat yashash manbaini ijrochilikda ko’rmoqda. Xastalik vaqtida davolanmasa, oldi olinmasa oxiri voy ekanligini bilmagan odam yo’q. Xastalikka ko’z yumish johillikdir.
Qonunlarni va o’z munosabat mantig’ini chetga surib qo’yib, telefon dastasiga “xo’p, xo’p” deya har qanday topshiriqni jirkanmay bajarish, oxir – oqibatda ijrochining boshini ham kundaga qo’yishini bot-bot yozgandik.
Uzoqqa bormaylik, do’ppi keltir desa, bosh uzib kelgan rahbarlarning bir qanchasi o’z ijrochiliklarining qurboni bo’lib ketdilar. Biz yiqilganni tepmoqchi emasmiz. Ammo nimaga yiqilganini aytish insoniy burchimizdir.
Ijrochilik xastaligiga yana ham mahkamroq yopishib olganlar o’z kelajaklarini ko’ra olmadilar. Masalan, bittasi talabalar shaharchasi voqealaridagi haqiqatni o’rtaga chiqaradigan ko’rsatuvlarni ta’qiqlashi barobarida ba’zi gazetalar faoliyatida ozmi-ko’pmi ko’zga tashlanib turgan demokratiya uchqunlarini bo’g’ishda jonbozlik ko’rsatdi
Boshqa biri bo’lsa muxolifatni yo’q etish uchun topshiriq bilan ko’g’irchoq partiya tuzdi. Dunyo ko’zini shamg’alat qilish uchun boshlangan bu o’yinda bosh aktyor rolini olishiga qaramay oxirida partiyadan quvildi.
O’zbekiston Adliya vazirligi qonunlar buzilishini qonuniy deya asoslab turdi. Bir qator jamoa tashkilotlarini ro’yxatga olmadi. Ro’yxatga olinganlarni esa bir topshiriq ijrosi uchun yopib tashladi. Bularning evaziga oxirida “Vatan xoini” deb e’lon qilindi.
Ba’zi viloyat hokimlari esa o’ziga xos ijrochilik maktabini yaratdi. Yuqoridan kelgan topshiriqlar asosida o’nlab insonlarni oilalari bilan surgun etdi. Ularning hech qanday ayblari yo’qligini u yaxshi bilardi. Garchi yuqoridan shaxsning o’zini yo’qotish topshirig’ini olgan bo’lsada, orqasidan biror-bir gap chiqib qolmasin deya oila-a’zolari, qarindosh-urug’larini ham qamoqlarga tiqishdi, quvg’in etishdi.
Qisqa davrda o’z ijrochiliklarining qurboniga aylanganlar shu qadar ko’payib ketdiki, ba’zilarining ismi-shariflarini sanashning o’zi ko’p narsani ifoda etadi. Bu insonlarning taqdiri boshqalar uchun yana dars bo’lmadi.
Dars va saboq ololmaslik ojizlikdir. Ular endi har qancha afsus cheksalar ham o’rni tutmaydi. Xalqimizning azob-uqubatlarga uchratilgan namoyondalari balki ularni kechirgan bo’lishlari mumkin, lekin ularning o’zlari o’zlarini kechira olarmikanlar?
Ijrochilik xastaligi haqida fikr yuritishimizga turmush urtog’i va o’g’li qiynoqqa solinganini aytgan Dilbar M.ning ona faryodini tilga keltirish bilan birga ijrochilik kuchayib borayotganini aytgani sabab bo’ldi. Bunday ijrochilik xastalari biror xulosa chiqaradilarmi yo’qmi bu noma’lum. Ammo ularga dars bo’ladigan yana bir voqea bor. Bu esa tarixdan.
Amir Temur hayotiga oid shunday rivoyat bor: Amir Temur bir hofizning ashulalarini tinglaganida sel bo’lib oqar, muz bo’lib erir ekan. Kunlarning birida shu hofizning Amir Temurga qarshi bir ashula aytganini va bu ashula xalq orasida yoyilib ketganini iddao qilgan saroy a’yonlari uning o’limi uchun Amirdan farmon oladilar. Hofizni ushlab kelishga borayotgan devonbegi san’atkorning gunohsiz ekanligini va hasadgo’ylar unga tuhmat qilishganini yaxshi biladi. Ammo saroyda tuhmatni tasdiqlaganlar ko’pchilik bo’lgani uchun uning e’tirozi befoyda edi.
Shu bois u yashirin yo’l bilan hofizni Bag’dodga qochiradi. Oradan yillar o’tarkan, Amir Temur bu hofizning ashulalarini qo’msar va farmonga imzo chekkanidan pushaymon bo’lardi, ammo o’rni tutmasdi. Amir Temur Bag’dodni fath etganda, uning sharafiga berilgan ziyofatga bir hofizni olib kelishadi. Sochlari, soqollari oqargan hofizning kimligini tashqi ko’rinishidan tanish mushkul edi. Ammo uning dillarni rom etguvchi ovozi o’zgarmagandi. Amir Temur uning ashulasini tinglar ekan ko’zlaridan yosh sizib chikdi. “Uh” deb yubordi u. Saroy muttahamlarining yolg’onlariga ishonib sen kabi bulbulning o’limiga fatvo bergandim, deydi.
Amirning azob chekayotganini ko’rgan devonbegi bir qoshiq qonimdan keching, bu o’sha hofizdir, uni qochirgandim, deya haqiqatni o’rtaga soldi. Bunga javoban Amir Temur shohni shoh qiladigan uning atrofidir, degan ekanlar.
Bu bir rivoyat, ammo qissadan hissa shulki, bugungi kunda na Amir Temurimiz va na devonbegimiz bor. Ammo xalqimiz bir zamonlar dunyoga shunday insonlarni etishtirib bergan ekan, bundan keyin ham uning orasidan ana shundaylar chiqishiga shak-shubha yo’q.
Shu nuqtai nazardan ijrochilik illatining umri foniydir.Ammo bizning ijrochilarga bu saboq bo’ladimi, yo’qmi bilmayman. Saboq bo’lsa foydasi o’zlariga, kechagi salaflari kabi o’z qismatlaridan uyalib qolmaydilar.
Ijrochilik xastaligini faqat demokratiya yo’q etadi. Demokratiya, so’z va matbuot erkinligi, inson haqlari ustivor bo’lgan joyda ijrochilik emas fikr ishlaydi. Shunday ekan, bugun mansab va manfaat uchun har qanday jirkanch ishdan toymayotganlar demokratiya tarafiga o’tsalar eng avvalo o’zlarini qutqarib qoladilar.
JM
zamondosh.com
Filed under: Mushohada |