Mushohada

Saylov va siylov

Keyingi paytdagi yuzaki tanqidlar pastdan turib minoraning tepasiga yoki shamolga qarshi tupurishga o’xshab qolayapti. Masalaning mohiyatiga kirib bormayapmiz.

Masalan, prezident Oliy majlisda deputatlarga “inson haqlari poymoli haqida gapiring”, der ekan, ularning lom-mim deyishmaganini bir necha oydan buyon tanqid qilib yuribmiz. Aslida nima uchun gapirishmaganining mohiyatini esa ochmayapmiz.

Ma’lumki, 70 yil hokimiyat sovetlar, ya’ni sho’rolar qo’lida ekanligiga ishontirishdi. Haqiqatda esa, hamma narsa kompartiyaning hukmida, sho’rolar bo’lsa uning sahnaga taqib chiqadigan yuzi, ya’ni maskasi edi.

Sovet Ittifoqi parchalangandan keyin bu yuz yirtildi, O’zbekistondan boshqa joylarda. O’zbekistonda esa bu yuz qayta ta’mirlandi. Hafif va xushbichim holga keltirildi. Chunki tajribalarga o’rgangan zehniyat yangini qabul qilishdan ko’ra ilgarigisini qo’llashni afzal bildi.

O’zbekiston mustaqil bo’lgandan keyin parlament bir qator demokratik qonunlar qabul qildi. Ayniqsa, O’zbekistonniing yangi konstitutsiyasiga juda ko’p o’lkalar havas qilsa bo’ladi. Sho’rolar hokimiyati davridagi kabi – qog’ozda hamma narsa bor, amalda esa teskarisi.

Umumiy gaplardan chekinib, aniq misollarga o’taylik. Yangi Konstitutsiyaning 11 va 24-chi moddalari asosida O’zbekiston Oliy majlisi uchun saylov o’tkazildi. Saylovga kommunistik partiya – o’zgargan nomi bilan Xalq Demokratik Partiyasi, Milliy Tiklanish partiyasi, Qoraqalpog’iston respublikasi Oliy kengashi(3), viloyatlar va Toshkent shahar sho’rolar kengashi o’z nomzodlarini ko’rsatdilar. Ko’rinishidan demokratiyaga juda uyg’un.

Har bir saylov okrugidan uch nafardan nomzod ko’rsatildi. Prezident devoni, uning tashkiliy kadrlar bo’limi nomzodlar ro’yxatini hozirlab, keyin ro’yxatni Prezidentning o’zi tasdiqladi. Oldindan bir qolip tayyorlanib, unga mos tushadigan odam qidirilgandi. Yoshi, millati, dini, partiyaviyligi, kasbi oldindan foizma – foiz belgilab qo’yilardi. Millatvakillarning soni majlisdagi o’rindiqlar soniga qarab aniqlandi.

Sovet davrida Moskva Kreml s’ezdlar saroyida besh ming o’rindiq bo’lgani uchun SSSR Oliy kengashi deputatlari besh ming kishi edi. O’zbekistonda esa besh yuz.

Yangi Konstitutsiyaga binoan 150 nafar deputat saylanishi belgilandi. Viloyat va tuman hokimlari Prezidentga maktub yozdilar: “Biz o’zimiz boshida turmasak, hozirgi murakkab davrda har kimga ishonish qiyin”. Shundan keyin Senat ham tuzildi, ya’ni “cho’pon”larning ogohi Prezidentni ham yoqdi.

Xullas, nomzodlar ko’rsatildi. Chetdan qaragan odam O’zbekiston demokratiya tomon jiddiy odimlar otmoqda, deb o’ylardi. Ilgarigi o’yinlardan xabardor bo’lganlar sal bosh qotirsalar sho’rolarning haqiqiy yuzini ko’rardilar.

Ayniqsa, rus tilida gaplashadiganlarni parlamentga o’tkazish uchun favqulodda jonbozlik ko’rsatildi. O’zbeklar milliy tuyg’ularga berilib, boshqaning o’rniga o’z millatdoshini saylab qo’ymasin deb, bir qator okruglarda faqat rus tilida gaplashadiganlar nomzodi ko’rsatildi.

Xullas, xalqqa saylov haqqi tanilmadi. U ro’yxatda ko’rsatilgan odamlardan biriga majburan ovoz berdi.  E, belgilandimi, ta’minlanishi kerak!

Xuddi shu “demokratik” yo’l kasbi, yoshi masalasiga ham qo’llanildi. Artist o’tishi kerakmi, nomzodlar artistlar edi, qozoq o’tishi kerakmi, nomzodlar qozoq edi. Shoir yo yozuvchi o’tishi kerakmi, nomzodlar ijodkorlar.

Mustaqillik yillaridagi parlamentda hukumat yo’liga yurmagan deputatlarni qanday qilib jilovlash muammoga aylangandi. Markaz viloyatlarga bosim o’tkazardi, viloyatlarning qo’lida esa jilov yo’q edi.

Demak, bu safar ko’pchilik deputatlar partiyalardan saylansalar ikki-uch otasi bo’lgan bolaga o’xshab qolardilar. Otalardan biri hukumatdan norozi bo’lsa, qozon qaynab ketardi. Shu bois qariyb 70 foiz o’rin viloyatlarga berildi. Jilov bir kishining qo’lida, ya’ni viloyat kengashi raisining. Birorta millatvakili bosh ko’tarsa, viloyat hokimi javob berardi. Uning darhol viloyat kengashini yig’ib, o’z deputatini chaqirib olish huquqi bor. Bu bilan xalqning huzuriga borib, chaqirib olish kampaniyasini o’tkazish o’yinidan ham qutulishdi.

JM

%d bloggers like this: