Sohillar
Saltanat tushunchasi tarixan va bugun ham saroy ma’nosiga ega. “Saltanat” deyilganda hamma vaqt shohlar, podishohlarning qasrlari, shaytanatga aylantirilgan saltanat atrofidagi o’ziga xos muhit nazarda tutilgan.
O’zbek nashrlarida bosilgan “Saodat saltanati va saltanat saodati” sarlavhali bosh maqola ham shu ruhning bir parchasidir.
Ne darig’-ki O’zbekistonda xalq azob uqubat girdobida ekan saltanat atrofidagilar, ya’ni saroydagilar saodat qo’ynidalar, ular saodat saltanatini yashamoqdalar.
Azaldan saroy shoirlari va tarixchilari o’z yolg’onlari, maddohona to’qimalari, yaltiroq kalimalari bilan saltanat saodatiga sherik bo’lib kelganlar, uning dasturxonidan ilik terganlar.
Bu ilikning yog’i ularning ko’zlarini bekitgan va xalqning ahvolini ko’ra olmaganlar. Bu ayniqsa Sovet davrida kuchaydi va bugun eng baland nuqtasiga chiqdi.
Agar siyosiy, tarixiy va ijtimoiy nuqtai nazardan qaraydigan bo’lsak, nomi tilga olingan maqola uch jiddiy xato ustiga qurilgandir.
Birinchi xato: Amir Temur va Islom Karimovni qiyoslash. Kimdir bu yerda o’sha maqola muallifining yashirin maqsadi bor, u Amir Temurni qoralash, yerga urish, badnom etish, xalqning yuragidan uning nomini sug’urib olib tashlash uchun shunday mohirona uslub qo’llagan deyish ham mumkin. Lekin saroy shoirlarida bu qadar hunar hech qachon bo’lmagan. Qolaversa, ularning qo’rqoqliklari fikrlariga zomin bo’lgan. Mustaqil fikr sohibi saroy shoiri bo’lib qololmaydi.
Amir Temur o’z tuzuklarida davlatchilik haqida o’n ikki qoidani ilgari suradi.
Jumladan, o’z fikriga ega olimlarni, oydinlarni, ulamolarni qo’llaganini aytadi. Islom Karimov esa o’z fikriga sohib ziyolilarni quvg’in etdi, kimlari surgunda, kimlari esa zindonlardadir.
Amir Temur davlatning umurtqasini o’rduda, ya’ni armiyada deb bildi. President MXX va Prezident gvardiyasi bilan o’zini qo’riqlagani holda, xalqni va vatanimizni Rossiya ixtiyoriga havola etdi.
Xullas, Islom Karimovning faoliyati Amir Temur bo’ysungan 12 qoidaning barchasiga ziddir. Shunday ekan, Temur boboning ruhini chinqiratish nafaqat tarixga, haqqoniyatga xiyonatdan boshqa narsa emas.
Ikkinchi xato: Uyg’onish, ya’ni renesans bir necha asrlik yuksalishni ta’min etgan ilmiy, ijtimoiy tamalga berilgan nomdir. Dunyoda hamon birinchi renesans masalasi tortishilmoqda. G’arbliklar yunon antik madaniyatini Birinchi Renesans, deb atamoqdalar. Bizninmg Beruniy, Forobiy, Ibn Sino, Xorazmiy kabi o’nlab mutafakkirlarimizni esa arab olimlari, deb bilishadi. Hali biror bir mustaqil o’zbek olimi G’arb minbariga chiqib, bu xususda iddaomizni o’rtaga qo’ygan emas.
Temuriylar madaniyati esa 70 yil qoralandi va endi maqtalmoqda. Oldingisi singari bu davr ham hali O’zbekiston tarixida mustaqil ravishda yetarli tadqiq etilmagan. Bugungi o’zbek olimlari Yakubovskiy, Pugachenkova, Bartold, Vamberi tarixchilarning ma’lum bir maqsadga yo’nalgan asarlaridan nariga o’ta olmayaptilar.
Shunday ekan, bugun O’zbekistonda uchinchi uyg’onish, uchinchi Renesans haqida gapirish nafaqat kulgili, balki yig’layotgan bolani cho’pchak aytib ovutishdek gap.
Qolaversa, yo’q narsani mavjud o’tmish bilan qiyoslab, tarixiy jarayonga uning natijasiga qarab baho berish printsipi qo’pol tarzda buzilgan.
Nihoyat uchinchi xato: Agar O’zbekistonda mustaqillik haqida gap yuritadigan bo’lsak, uni Islom Karimov bilan bog’lash haqiqatning ko’zini o’yishdir. 1990 yil Oliy Kengashning 2-sessiyasida Mustaqillik Deklaratsiyasi qabul qilindi. Xorijdan mehmoni kelgani bois Islom Karimov sessiyaga kechikdi. U kelishi bilan “Nega bu hujjatni qabul qildingizlar? Bu orqadan pichoq urishdir, bu xiyonatdir! Biz mustaqil bo’lib qayerga ketamiz. Na dengiz, na temir yo’li va na boshqa chiqish yo’limiz bor. Moskvadan ajralish O’zbekistonni yo’q etish demakdir!” dedi.
1990 yil 20-iyunda qabul qilingan Mustaqillik Deklaratsiyasi matbuotda o’sha kuni e’lon qilinmadi. Uzoq talablardan keyin qisqartirishlar va o’zgartirishlar bilan chop etildi. “Mustaqillik” kalimasi “suverenitet” deb o’zgartirildi. Uunga “SSSR qonunlari O’zbekistonda hal qiluvchi kuchga egadir”- singari jumlalar qo’shildi.
176 millat vakili imzolagan va butun parlament tomonidan qabul qilingan “O’zbekiston Mustaqillik Deklaratsiyasi” birinchi sekretari Islom Karimov bo’lgan O’zbekiston KP( tomonidan tan olinmadi. Kompartiya shoshilinch tarzda 14-Plenumini chaqirib, bu masalani muhokama qildi. Oliy Kengash raisi bo’shanglikda ayblandi va ishdan chetlashtirildi. Bir qator deputatlarga qarshi quvg’in tadbirlari ko’rila boshlandi. Mustaqillik istaganlar xoinga, mustaqillik dushmanlari esa qahramonga aylandi. Tabiiyki, tarix nazdida emas, balki saroy shoirlari nazdida.
O’zbekiston mustaqilligini istaganlar quvg’in etilarkan, ularning mustaqillik haqidagi qarashlari,
O’zbekistonning hur, demokraatik kelajagini yaratish borasidagi orzu umidlari, istagan yo’llari ham quvg’in etildi. Islom Karimov boshchiligidagi guruh esa avtoritar, repressiv yo’lni tanlab, xalqni mustaqillik porloq hayot keltiradi, degan tushunchadan uzoqlashtirdi.
Xalq orasida mustaqillik saltanatdagilarga saodat, xalqqa esa og’ir kunlar keltirdi, degan fikr uyg’onishiga olib keldi.
Matbuotda e’lon qilingan maqola ana shu fojeani bekitish uchun o’ylab topilgan navbatdagi yolg’ondir. Yoki yolg’onga qurilgan saltanatning yolg’on hikoyasidir.
JM
Filed under: Mushohada |