5. Go’rbago’r
Bosh prokuror “Katta”ning huzuriga kirdi.
-Tinchlikmi? Zarur gapingiz bor ekan,-deb so’radi “Katta” undan.
-Avropadagilar qizingizni so’roq qilmasak bo’lmaydi, deb qayta-qayta xat yozishmoqda,-dedi Bosh prokuror.
-Xatlarini karzinkaga otavering, degandim-ku, uka?
-Bu safar javob qilmasangizlar hamma hisoblarni bekitamiz, deb po’pisa qilishmoqda.
-Man qorasi o’chgurni to’qqiz oydan beri ko’rganim yo’q. Ularga ham bizda yo’q, qochib ketgan desangiz bo’lmaydimi?
-Bo’ladiyu… lekin tungi barlarda diplomatlar ko’rib qolishayaptida…
-Uni jilovlashning iloji yo’qmi?
-Bunisiga iloj topamiz. Lekin qizingiz saylovga kirib deputat bo’laman, deb Saylov komissiyasidagilarning yoqasidan olayati.
-Ustozingiz Bo’ritoshga aytib qo’ying, yoqasini ushlatmasin,-dedi “Katta” yaqinda Saylov komissiyaga ishga tayinlangan Bo’ritosh Mustafoevni nazarda turib.
-Bundan keyingi saylov bilan ham qo’rqitibdi u kishini. Otamga muxolifat bo’laman, joyini olaman, depti.
-Uffe… jonga tegdiku bu? Chorasi yo’q-mi?
-Shunga bir chora aytsangiz, deb kelgandim
“Katta” bir zum o’ylab turdida keyin:
-Nomini birorta jinoyat ishiga tirkab qo’ying, tergovda tursin, xoxlagan paytda jilovini tortasiz.,-dedi.- Shunday qilsangiz bir o’q bilan uch quyonni urasiz Avropaliklarga javob bo’ladi, deputat ham bo’lolmaydi, menga qarshi maydonga ham tusholmaydi.
-Qanday bo’larkin? Familiyasi bir xil siz bilan…
O’zini shu paytga qadar sipo qilib ko’rsatgan “Katta” ning birdan jahli chiqdi:
-Qizim bo’lgandan keyin familiyasi bir xil bo’ladida. Bunaqa familiyadagi ahmoq kammi dunyoda? Bu mani go’rbago’r qiladiganga o’xshaydi…,-“Katta” bir zum gapidan to’xtab qoldi.
Biroz o’ylanib turdida:
-Ismini to’la yozmay G. deb qo’ying, olam guliston,-dedi.- Birov qiziqsa “G” harfi bilan boshlanadigan ism ozmi, Guliston, Gulbahor… Go’rbago’r…
U yana bir nimalar deb ichkari xonaga o’tdi. Buni “Sizga javob” deb tushungan prokuror yengil nafas olib, papkasini qo’ltiqlagancha chiqib ketdi.
Nofiziy
Filed under: 1.BOSH SAHIFA, JM |