2.Bo’yinning burchi
”Katta” Anvar qorini yoniga o’tqazdi va׃
-Hazrat, sizni otib ketishganmidi?-dedi
-Ha, ha… pichoqlab ketishuvdi. Ancha bo’lib ketdi. Adashmasam, 2009 yilda edi, 31 iyuldamidi?!
-Soati ham esingizdami?
-Ming karra uzr, aniq soati esda qolmagan, qariyapmizda…,-dedi Qori aka qo’lini ko’ksiga qo’yib.
-Ha, mani ham esimda ko’p narsa turmaydi. O’shanda bir haftadan keyin ishga chiqqan edingiz-a?
-“Chiqsin” deb amri-farmoyish bergan ekansiz, hukmi shoh, hukmi Xudo deb chiqqanmiz.
”Katta” boshini ko’tarib, osmonga qarab, ko’zi bilan kulib qo’ydi. Keyin yana Qori akani savolga tutdi׃
-O’shanda MVDdan ham bittasini pichoqlab ketishgandi-a?
-Ha.. ha… Manimcha, otib ketishgandiyov. Rahmatli bo’ldi.
-Hm… Sizga pichoq urganlar necha kishi edi?
-Manimcha… bir necha kishi edi…
-Yuztacha bormidi?
-Pichoqni urgandan keyin ko’zimning oldi tinib qoldi… ammo ko’p edi…
”Katta” yaqinidagi mulozimga qaradi.
-Eshitdingizmi, ko’p edi deyaptilar?
-Ha… Ha… Biz ham yuztacha odamni qamab tashladik,-dedi mulozim rasmiy ohangda.
”Katta” Qori akaga yuzlandi׃
-Hmmm.. bu yigit yuztacha deyati, siz ko’proq deyapsiz, qancha odam edi o’zi?
-Taqsir, boshim aylanib, ko’zimning oldi qorong’ulashib qolgandi. O’zimdan ketib o’zimga kelib turgandim. Bir ko’zimni ochsam, minglab yulduzchalar ko’ringandi.
-O’shalar odam bo’lishi mumkinmi?
-Ha… ha… Qon ketavergandan keyin atrof osmon, odamlar yulduzchalardek ko’rinib qolar ekan…
-Ana ko’rdingizmi,-dedi ”Katta” haligi rasmiyga qarab,-bu ishni qaytadan ochib, qaytadan ko’rish kerakki, adolat qaror topsin. Biz nima uchun yashayapmiz? Adolatni o’rnatish uchun. Shunday emasmi, Qori aka!
-Haq rost aytingiz, Subhonollo, Subhonollo! Iloyo umringizni uzoq qilsin! Omin!
-Sizni ham, Qori aka, boringizga shukur! Sizga yordam qilish, adolatingizni tiklab berish bo’ynimizning burchi!
JM
Filed under: 1.BOSH SAHIFA, jahonnoma, JM |