ASSASSIN. Tarixiy-zamonaviy roman (1)

Jahongir Muhammad

Jahongir Muhammad

BIRINCHI BOB

20 ASRNING OXIRI

Rustam Abdusoli qorining javoblaridan qoniqmadi va savolini qayta yozib, o’tirganlar orqali unga yo’lladi. Qori odati bo’yicha darsdan keyin sahobalardan birining hayoti haqida hikoya qilar va vaqt qolsa, savollarga javob berardi. U Rustamning savolini o’qidi:
“Agar Olloh hamma narsani ko’rib turgan bo’lsa, bechoralarning qonini ichayotgan militsiyani nega jazolamaydi?”
Abdusoli qorining yuzi tunlashdi. Ammo jahli chiqqanini bildirmadi. U sal narsaga qizib ketmaydigan, zakovatli odam o’lsada bu safar jahlini yashirmadi:
-Bu savol kecha ham berilgan edi. Ovoz chiqarib o’qimagandim. Oldingi kun ham berilgandi va unda ham o’qimasdan javob bilan kifoyalangandim. Takror aytaman. Alloh zulmni harom qilgan va bu haqda payg’ambarimiz(s.a.v.) orqali bizga yetib kelgan hadislar bor. Zulm qilganlar zulm topadilar, ajrdan mahrum bo’ladilar. Biz vaqtimizni mana shunday naryog’i aniq bo’lgan bu yog’i esa shirkka olib boradigan savollarga sarflasak, ko’p narsani o’rganmay qolamiz. Iymonni, e’tiqodni mustahkamlang, hamma narsa o’zi ayon bo’lib qoladi. Buning ustiga devorning ham qulog’i bor,-dedi.
“Qachongacha devorning qulog’idan qo’rqamiz?” deb o’yladi Rustam.
Xuddi uning fikrini uqib olgandek, Abdusoli qori qo’shimcha qildi:
-Mana buning natijasida, birodarlar, bizning diyorimizda Islomning asosiy sahih hadislarini bilmaslik vujudga keldi. Takror aytaman, bu narsa o’z o’zidan vujudga kelib qolgani yo’q. Ajoyib bir ulamolarning qatl qilinib, yo’qotib tashlanishligi natijasida vujudga keldi. Alloh subhonohu taoloning rahmati bo’lsin shu shahid bo’lgan ashi ulamolarga. Biz bugun o’tganlardan saboq olaylik. Ko’r ko’z bilan emas, ochiq ko’z bilan yuraylik!
“Domla meni ko’r deyaptilar. Demak hali ko’p narsani bilmaydi deyaptilar. Bilmasligim mumkin. Ammo ana shu bilmaganlarimga qayerdan javob topay? Nega Xudo sinov uchun bizni tanladi? Shunday desa, “Biz uning sevgan bandalari, u sevgan bandalarini sinaydi” deydilar. Lekin adolatchi? Kim adolat o’rnatadi? Agar Xudo adolat o’rnatishni bizning o’zimizga tashlab qo’ygan bo’lsa, nega devordan qo’rqishimiz, nega o’zimizni ko’r deb faraz qilishimiz kerak?”
Rustam kallasiga kelgan fikrlardan cho’chib ketdi. Yo’q, uni fikrlar uyqusidan uyg’otgan qorining so’zlari edi.
-Shirkka yo’l bermang. Mana, bir podshohni olib ko’ring. U ko’p narsani, ko’p jinoyatchilarni avf etishi mumkin. Ammo o’ziga g’alayon qilganni hech kechirmaydi. Shirk Alloh subhonohu taolloga g’alayon qilishdir. Bu kechirilmaydi. Shuning uchun ham Alloh subhonohu taollo g’ayurdir. Bilasiz, Sa’d raziyallohu anhu nihoyatda g’ayur sahobalardan edi. Unga bir kuni savol berishadi:
-Mabodo oilangiz bilan bir ajnabiy erkakni topib olsangiz, nima qilasiz?
-Agar ular birga o’tirgan bo’lsalar qatl qilaman,-deb javob berdilar. Shunda sahobalar “Saadning g’ayratini qaranglar” deganlarida Payg’ambarimiz (s.a.v.) “Sa’d g’ayur. Man undan ham g’ayurman, Alloh esa mandan ham g’ayur. Shuning uchun buzuq ishlarni bandalarining o’rtasida harom qildi” dedilar. Ya’ni Allohga g’alayon qilish bu nihoyat darajada katta gunohdir. Shuning uchun ham Alloh kechirmaydi buni.
Bu Rustamga og’ir botdi. U shu bilan Abdusoli qorining darslariga qatnamay qo’ydi. U ilgari qori haqida ko’p eshitgan va javobsiz savollarga faqat shu yerdagina javob topishi mumkinligiga ishonib, qo’shni viloyatdan bu yerga kelib, ijarada yashayotgan edi.
Rustamning otasi Qoraboy aka Sovet davri tugab borayotgan yillarda muxolifatning ko’zga ko’ringan namoyandasi edi. Avval “O’zbek tili davlat tili bo’lsin” deya kurashdi. Keyin “Tabiatni asraylik” deya yugurdi. Mustaqillik shamoli esa boshlaganda adolatli bir davlat qurish uchun kurashdi. Ammo u muxolifatdagilar bilan kelisha olmadi. Bir kuni uyiga do’stlari kelganda Rustam ham suhbatga quloq tutdi.
-Ko’zlaringizni ochinglar,-dedi Qoraboy aka,-MXX oramizga josuslarni tiqib tashlagan. Kim biladi, shu yerda ham bittamiz ayg’oqchi bo’lishimiz mumkin.
Qoraboy akaning do’stlari xafa bo’lishdi.
-Borimiz shu, birimiz ayg’oqchi, birimiz-josus, birimiz-ig’vogar, yana birimiz-tuhmatchi, lekin kim bo’lsak ham bugun birlashmasak, tasodifan mustaqil bo’lgan davlatimiz mafiyaning qo’liga o’tib ketadi,-dedi ulardan biri.
-Agar biz ham siz aytgan kabi odamlar bo’lsak, mafiyadan nima farqimiz bor, yoki hokimiyat uchun ikki mafiya o’rtasida jang bo’ladimi?-deya kesatdi yana biri.
-Balki men xato gapirdim, yoki fikrimni to’g’ri ifodalay olmadim, lekin hushyor bo’lishimiz kerak, har kimga ham ishonmasligimiz zarur, har bir yangi odam kim ekanligini tekshirib chiqishimiz shart,-dedi Qoraboy aka.
-Bu ahvolda Stalindan, beriyachilardan farqimiz qolmaydiku!
Oxiri ular dahanaki jangga borishdi. Keyin ulardan biri otasining yoqasidan oldi va uni xoinlikda aybladi hamda:
-Tupurdim dasturxoningga,-deya o’rnidan turib ketdi.
Shundan keyin qolganlar ham otasini kamsitib chiqib ketdilar. Qoraboy aka uzoq vaqt qimirlamay o’tirdi. Rustam avvaliga otasini tahqirlagan bu odamlarga kamsitish qanaqa bo’lishini ko’rsatib qo’ymoqchi bo’ldi. Ammo hammalari katta odamlar va doim tortishib, keyin yana yarashib ketishlarini bilgani uchun o’zini bosdi.
Otasi yuragini g’ijimlab o’tirardi. Bir payt:
-Bolam, “Tez yordam” chaqirmasang bo’lmayapti,- dedi.
U kasalxonada ancha yotdi. Do’stlari kelib, uning ko’nglini olgan bo’ldilar. Ammo Rustam ularni yomon ko’rib qoldi. Buning ustiga otasi yarimjon insonga alandi. Oldingi shijoatdan asar ham yo’q edi. Rustam mahalla kuyga chiqsa, otasining ayg’ochi ekanligi, do’stlarini melisaga sotib turgani, shuning uchun chetlab qo’yishgani kabi tuhmat gaplarni eshitib qolardi. Demak, otam ham eshitayapti bu gaplarni va shundan ezilayapti, deb o’ylardi.
Oila katta bo’lmasa ham tashvishi katta edi. Hukumat hamma narsani kuponga bog’lab qo’ygandi. Do’konga vaqtida borsangiz narsa kelmagan bo’ladi, keyin borsangiz vaqt o’tgan bo’ladi. Shu bois odamlarga qo’shilib har kuni navbatda poylashga to’g’ri kelardi. Shu orada hukumat pul o’yinlari qilib, jamg’armalardagi u bu narsani ham bir parcha qog’ozga aylantirib yubordi.
Qoraboy aka muxolifat ishlaridan chetga chiqib qolib juda ezildi. Bir kuni hovlini garovga qo’yib, qarz oldi va yoniga ikki o’g’lini olib, qo’shni mamlakatlarga u-bu narsa keltirib sota boshladi. Muxolifatchidan savdogarga aylandi. Ishlari yurishdi. Tadbirkorlik qilmoqchi bo’ldi. Borib gaplashib, bozordan bir joy topdi. U yerda bir do’kon solishdi. Onasi do’konda o’tirar, ular esa mol qidirib ketishardi.
Keyin Rustam qo’shni Qirg’iziston, Qozog’istonga qatnab tursa, otasi kasal holiga Turkiya, Arab Amirliklariga borib kelib turdi. Do’kon kattalashib ketdi. Odamlar uning “josus”ligini ham unutib yuborishdi. Endi hamma Qoraboy akani hurmat qilardi. Mahallada to’y yoki bir marosim bo’lsa, uning maslahatini olishardi. Kimdir qarz so’ragan, kimdir oshga chaqirgan… Xullas, Qoraboy akaning gapi bilan aytganda “Boyning oyog’ini yalaydigan davr” boshlangandi.
Bir kun muxolifatdagi eski do’stlari kelib, yordam so’rashdi.
-Beraman, nega bermas ekanman, xalqimizning istiqloli uchun hamma pulimni ham beraman, lekin qaerga ketgani haqida menga hisob berasizlar,-dedi Qoraboy aka.
Bu gap eski do’stlariga yoqmadi.
-Keyin u hujjatni MXXda o’qiymizmi?-dedi ulardan biri kinoya bilan.
-Bu nima deganing?-Qoraboy akaning jahli chiqdi.
-Agar sen MXXga ishlamaganingda ishing shunday rivojlanib ketmasligini, o’zing chet ellarga borib-kelolmasligingni axmoq ham biladi,-dedi ulardan biri.-Biz aslida yordam so’rab emas, hov uyingda aytgan gaplaring ig’vo ekanligini yuzingga aytish uchun kelgandik.
Rustam bozorga yaqin machitga namozga qatnab qolgandi. Namozdan keyin esa, Uzoq Sharq san’ati deya har turli kurashlar, urishish yo’llarini o’rganadigan to’garakka ham yozilgandi. Shu bois uncha-buncha odamga kuchi yetar edi. Otasining sobiq do’stlarini bir zumda do’kondan tashqariga chiqarib qo’ydi.
Ertasiga do’konni “OBXSS” degan balo bosdi. Bu militsiyaning Sovet davrida hamma yoqqa dahshat solgan sotsialistik mulkni qo’riqlash bo’limi edi. O’zbekiston mustaqil bo’lganiga qaramay hali bu bo’lim “haq”ini terib yurardi. Bu rasmiy qoidaga aylangandi. “Haq” bermagan do’konchi mol-mulki bilan yo’qolib ketardi. Otasi bermayman, der edi, ammo vaqti kelganda boshini egib “Rustam, ob chiqib ber, padariga la’nat!” der edi. Shu zayl ulardan ham oyma-oy “haq” olib turishardi. Yana buni o’zlariga emas, teppadagilar uchun terishayotganlarini albatta, qistirib o’tishardi. O’sha “haq” teradiganlardan biri Rustamning qulog’iga:
-Tashabbus bizdan emas, ana ulardan chiqdi,-deya MXXchilarni ko’rsatdi.
Otasini MXXchilar olib ketishdi. Rustamni esa militsiya idorasiga olib borishdi.
Qirg’izistonga nima uchun borgani, kimlar bilan uchrashgani, otasining chet ellarda qanday aloqasi borligi kabi u javob topolmaydigan yoki “Bilmayman” deb javob qilinadigan savollar berishardi, faqat.
Ammo qamashmadi. Tez-tez chaqirib turishdi. Asta sekin yaxshi muomala qiladigan bo’lishdi. Hatto bir-ikki marta birgalikda ovqatlanishga olib chiqishdi. “Otangni chiqarib beramiz” deb topgan-tutganlarini olishdi. Ammo otasidan darak yo’q edi. Otasi haqida so’rasa:
-So’ramay qo’ya qogin, otang xalq dushmani ekan, uni Toshkanga ob ketishgan, gap oramizda qosin!-deyishardi.
Lekin u onasi, ukasi bilan otasini so’roqlashga kirishdi. MXX idorasiga borishsa:
-Biz bilmaymiz, balki militsiya bilar?-deyishardi.
Militsiyaga borishsa, yaxshi kutib olishar va “Bu yerlardan qidirib yurmanglar’ deysihardi.
Keyin ular Toshkentga borishdi. Taqillatmagan eshiklari qolmadi, hamma va’da beradi, ammo hech qanday amaliy natija yo’q edi. Oxiri ular otasi so’roq paytida o’lib qolgan bo’lishi mumkin, degan xulosaga ham borishdi. Endi “Hech bo’lmasa o’ligini beringlar” deb yolvoradigan bo’lishdi. Vaqt esa o’tib ketaverar, inson tashvishlar girdobida cho’kib boraverar ketaverar ekan. Ular keyin otasi ko’milgan joy uchun ham rozi bo’lishdi. Ammo…
Bir kun borib Toshkentda prezident idorasiga kirmoqchi bo’lishdi. Qo’yishmadi. Shundan keyin milisalar bilan janjallashib qolishdi. Qaytib kelsalar uylarini yana bosishibdi, tintuv qilib, nasha “topib” ketishibdi.
Endi Rustamning ukasini ham olib ketishdi. Undan ham darak bo’lmadi. Onasi kun sayin cho’kib bordi. Sochlari oqardi. Qaddi bukildi. Ko’zlarining nuri ketdi va bir kun yarim tunda uni chaqirdi:
-Bolam, otangni jasadini top, meni yonimga ko’m! Ukangni qutqar, kerak bo’lsa, hovlini ham sot!-deya oldi onasi…
Rustam hayhotdek hovlida bir o’zi qoldi. Otasining izini topolmaydi. Ukasining qayerdaligi aytishmaydi. Hovlining puli ham shu yo’lga ketdi. Milisalar usta ekan. Shunday aldashadi-ki, pulni olib borib berganingni o’zing bilmay qolasan. Ular Rustamning nazdida xuddi O’zbekning orasidan chiqqan emas, balki boshqa sayyoradan O’zbekni yo’qotish uchun kelgan odamlarga o’xshardi.
Bo’lmasa nega bunday? Ularning ham otasi-onasi bormikan? Nega bunday qilishadi? Insoflari yo’qmi? Xudodan qo’rqmaydilarmi? Ular aslida xalqni himoya qilishlari kerak emasmi? Qonunlarni birinchi galda o’zlari buzmoqdalar-ku?! Ularni kim tartibga soladi? Bu qanday jamiyat o’zi?
Uning ana shunday savollari ko’p edi, ammo javob topolmasdi.
Onasining bir kulcha bo’lib qolgan yuzi esa ko’z oldidan ketmaydi.
Shundan keyin uning Juma kunlarida machitda beradigan savollari keskinlashib bordi. Avvaliga imomning jahli chiqdi. Uni shirk keltirayapsan, deya yaxshi yo’lga qaytishga undashdi. Keyin unga shubha bilan qaray boshladilar. Ajratib qo’yishdi. Davralarga olishmadi. Bir kuni “Agar Xudo qarab turgan bo’lsa, uning shuncha kuchi bo’lsa, nega adolat o’rnatmaydi? Uning uchun adolat o’rnatish oson ish bo’lsa, qullarini nega buncha qiynaydi? Yoki olimlar hayvonlar ustida sinov o’tkazgani kabi, Xudo ham bizning ustimizda sinov o’tkazish uchun yaratganmi? Nega Xudoga ishonmaganlar odamga o’xshab yashaydilar? Nega o’g’rilar, muttahamlar, kazzoblar boy-badavlat, to’kin-sochin yashaydilar, Xudoga ishonganlar esa g’arib va qashshoq? Nega?” deb qaltis savol berib qoldi. Uni mast-alast deb o’ylashdi. “Kofir” deya hayqirishdi. Otasining “josusligi”ni tilga olishdi. Keyin kavushini to’g’irlab qo’yishdi.
Shundan keyin melisaxonadagi tanishlaridan biri:
-Bizni ham jonimizga tegib ketgan, senga o’xshaganlarni ko’rsak, yuragimiz qon bo’ladi,-dedi.
Shunda u milisalar orasida ham yaxshi odamlar bor-ku degan fikrga ham bordi. Lekin bu biror gap olish uchun menga o’zini yaqin olmoqda, degan o’y ustun keldi. Agar joniga tekkan bo’lsa tashlab ketsin? Nima bola-chaqa boqaman, deb begunoh odamlarni qamab, qiynab o’tiraveradimi? Ablah, senlarda bola-chaqa bo’lsa boshqalarda yo’qmi? Nima, endi hamma bola chaqasini boqish uchun kimnidir qiynashi kerakmi?
Umuman biz mustaqil bo’lib nima o’zgardi? Hech narsa o’zgargan emas. Hayotimiz yomon bo’ldiki, yaxshi bo’lmadi? Nahotki shuncha odamning ichidan bitta tuzukrog’i chiqib, tartib o’rnatishi mumkin emas? Xalqqa nima kerak? Qorni to’ysin, erkin bo’lsin, adolat istasa, topsin, tamom. Bu nahotki shuncha qiyin ish bo’lsa? Dadam faqat shuni istardi-lar-ku?! Nega endi u kishini yo’qotib yuborishdi? Nega dadam ko’nglidagini ochiq aytishi bilan ertasiga bir kor-hol yuz berardi? Nahotku bu savollarga javob beradigan tashkilot, odam yo’q? Nahotki bu jamiyatni o’zgartish uchun kurashayotgan kuchlar yo’q?!
U muxolifatga qo’shilmoqchi bo’ldi. Ammo otasining boshiga kelganlar uchun ularni aybdor deb hisoblardi va ular bilan haqiqatni topolmayman, degan qanoatda edi. U ana shunday o’zi bilan o’zi olishib yurgan kezlarda kimdir Andijonda Abdusoli qori degan katta olim bor ekan, hamma uning atrofida birlashayotgan ekan, haqiqatni aytishda hech kimdan qo’rqmas ekan, hatto eng katta rahbarlarga ham tekizib gapirar ekan, deb qoldi. Ana shundan keyin u Andijonga kelgandi.
Mana bu yerda ham savollariga javob topmadi. Endi bir ishni boshlab, kechqurunlari karate to’garagiga qatnab yurganda o’sha bir tanishi:
-Toshkentga ketmaymizmi, u yerda ish ham bor, keyin katta idoralar yaqin bo’ladi, tanish-bilish qilib otangni ham topishing mumkin, kegin Sobitxon qorining suhbatlariga ham borardik. Hukumat ham u kishidan qo’rqar ekan. Agar yaqinlashib qolsang, balki talab qilib, otang va ukangni chiqarib berishlari mumkin,- dedi.
U Sobitxon qori haqida ko’p eshitgan. Abdusoli qori u haqdagi savollarga “Xudoning sevgan quli, yaxshi shogird” deb qo’ya qolardi. Ba’zilar ular orasida qandaydir ko’rinmas nizo bor deyishardi. Ayrimlar esa “Ularning qarashlarida farq bor”,desa, hatto “Ikki qo’chqorning boshi bir qozonda qaynamaydi, gadoning dushmani gado bo’ladi” deganlar ham bor edi.
Bir kishi esa “Abdusoli qori hadislarni mahkam ushlagan, ahli sunna va jamoa yo’lini mahkam tutgan, bundan boshqa narsa bilan murosa qilmaydi, ba’zi gaplari Ahmad ibn Hanbalning gaplari kabi o’tkir, sahih hadislarni qonun deb biladi, qolganlarini esa dushmanlar qo’shgan deb hisoblaydi” degan edi. U Ahmad ibn Hanbal kimligini bilmasdi. Keyin tushunishicha u Hanbaliylik mazhabining asoschisi ekan. Uning qarashlari bilan vahobiylarning qarashlari bir-biriga yaqin bo’lgani, din asoslarida juda qattiq turishgani bois ba’zilar Abdusoli qorini ham shu yo’lga mansub bo’lishi va buni yashirishi mumkin deb o’ylashar ekan.
Ammo Rustam uning doim hanafiylikka da’vatlarini eshitdi va yuqoridagi gaplarga e’tibor qilmadi. Sobitxon qorini esa ko’proq zamonaviy, hamma narsani bugungi kunga bog’laydigan, murosaga boradigan, ayollarni ham diniy faoliyatga boshlash tarafdori bo’lgan odam deyishardi. Lekin faqat Hanafiylik mazhabiga bog’lanib qolmaslik kerak, degan gaplari uchun uni ham boshqa mazhablarga va vahobiylarga yaqin tutganlar bor edi. Bir marta mufti uni vahobiylikda ayblagan ekan, muftining o’zi Saudiya Arabistonida vahobiylar homiyligida o’qigani, yashaganiga sh’ama qilib, “Eshakni kuchi halol, go’shti harom bo’lganidek, vahobiylarning o’zi yomon, puli yaxshi ekan-da” degan gapi mashhur bo’lib ketgandi. Ayrimlar esa Abdusoli qori bilan Sobitxon qori bir odam, goho yashirin uchrashib turadilar, nimagadir buni yashiradilar, deb ham aytishardi. Rustam bunday gaplarga u qadar tushunib yetolmas va otasining muxolifatdagi hayoti kabi bu sohada ham gap ko’p ekan-da, deb o’ylar edi. Ammo baribir Sobitxon qorini ko’rishni istar edi.
Shu zayl u tanishi bilan Toshkentga keldi. Bir benzin sotuvchisiga mardikor bo’lib yollanishdi. Tez orada cho’ntaklari pul ko’rdi.
Rustamning xayolida pul degan narsa yo’q edi. Nima bo’lsa ham otasi haqida bir xabar topishi, onasining vasiyatini bajarishi kerakligi haqida o’ylardi.
Bir kuni benzin sotuvchi Akmalxon ularga:
-Yuringlar To’xtaboyvachchaga borib kelamiz,-dedi.
Ular tushunmasdan angrayib turganlarini ko’rgan Akmalxon:
-Jumaga,-deb qo’shib qo’ydi.
Akmalxon bo’yi past, qorni katta bo’lgani uchun dumaloq ko’rinar va tez-tez yurib borayotganda yumalab ketayotgan tarvuzni eslatardi. U kim bilan gaplashmasin, o’sha odamning ismiga “xon” qo’shimchasini qo’shardi. Ismini bilmasa “Okaxon” der edi. Shu bois uning o’zini ham Akmalxon deyishardi. Yuzi doim kulib turardi. Xafa bo’lganda ham kulayotganga o’xshardi. Ammo ishiga usta edi. Xaridorlarni tanirdi. Bundayroq odam kelsa, parvo qilmasdan ishini qilaverardi. Ammo kostum-shim kiygan, bo’yinbog’li odam bo’lsa, yoki mashinasi yangi, xorijiy rusumda, yoki hukumatga oid raqamli bo’lsa darhol haydovchining qayerdan ekanligini topib olardi.
Agar Andijondan bo’lsa, so’zlariga “ashi” degan qo’shimchani qo’shib gapirardi. Agar namanganlik xaridor kelib qolsa, “keluttu, ketutti” deb shunaqa sayrab ketardiki, benzin olgan odam necha litr olgani va necha so’m to’laganini unutardi. Samarqanliklarga “kelopti, ketopti” degan kalimalarni ishlatsa, qashqadaryoliklarga gapirganda “E, yo’q”ning o’rniga “E, jo’q” deb qo’yardi. Xaridor ranjib qolmasin deb izoh ham berardi.
-Talabalar shaharchasida “Surqash”, “Fan”, “Sambux” kabi bir qancha guruhlar bor edi. Bir-birlari bilan urushgani-urushgan edi. Men orada sulh elchisi edim. Ashi paytda shevalani suv qib ichvorganmiz-de, okaxon,-derdi u.
U Toshkent shevasini ham shu qadar puxta egallab olgan ediki, birov uning asli Farg’onadan kelganini bilmasdi..
-Oka, Achavotti orqasida, chinni zavuddi yonidayi Baxtini taniysizmi? Ha, tanimaysiz. Ma, she, Baxtichi, voy, shunaqa quruqlanar edi-ki, “Bir svistok chasam, Beshyog’ochdan ikki moshin, yana bir svistok chasam, Xastimomdan ikki moshin bolla keladi, sani trafaret qib tashov ketoviza” derdi. O’zi trafaret bo’b ketdi. Eski Juvada mardikorlik qivotti, svistok chalishga ham vaqti qomagan!
U latifalarga ham usta edi:
-Okaxon yangisini eshitdingizmi…-deb boshlardi.
Butun Toshkent shahridagi milisalar uning oshnasi desak, mubolag’a bo’lmaydi. Hammasi uning yoniga keladi. Odamlar ham buni biladilar, shuning uchun ko’p ishlarini u bilan bitiradilar. Rustam ham ko’nglini unga yorishni istardi. Ammo u Rustam bilan oshnasi Zokirga juda jiddiy muomala qilardi. O’zini xuddi mamlakat prezidentidek tutardi. Hatto salomlariga alik olganda ham xuddi televizorda gapirayotgandek qilib, hol ahvol so’rardi. Shundan nariga o’tmasdi.
Uning yangi mashinasi bo’lib, uni orqaga qo’yar va bo’sh vaqti qoldi deguncha borib qayta qayta changini artaverardi. Mashinaning hali u yeriga, hali bu yeriga tupuraverib, tomog’i qurib qolgandagina qaddini rostlab atrofga alanglardi. Yoki muhimroq xaridor ko’rinib qolsa, darhol mashinaga tupurishni to’xtatib, oldinga o’tardi. Hatto mashinasini tozalashni ham ularga ishonmasdi. Shuning uchun Rustam unga gapirishga tortinardi.
U o’ziga xos bir dunyo edi. Mana endi uning Jumaga borishini ham bilishdi. Rustam kelganidan beri machit haqida o’ylamay ham qo’ygandi. Namozning farzini o’qib olar va qolganiga sharoit bo’lmagani bois uzr joiz deb qo’yardi. Ammo kechqurunlari qarzimni o’qib olay deb bir necha rakat ortiqcha ham o’qib yuborardi. Ba’zan esa namoz o’qiyotib xayolga botib qolar va keyin gunoh ish qildim deb o’zi bilan o’zi olishib yurardi.
Ular To’xtaboyvachcha machitiga yaqinlashganlarida hammayoqni odam bosgandi. Sag’bon ko’chasiga qadar mashina qo’yadigan joy yo’q edi. Akmalxon mashinani uzoqda qo’ydi-da:
-Uh, kechikib qoldik, shekilli,-deb yigitlarga qaramasdan pildiragancha oldinga yugurib ketdi.
Rustam atrofda ba’zi odamlar tele-kamera ko’tarib yurganini ko’rib, bu yerda film olishmoqdami, deb o’yladi. Ammo yodiga Andijondagi katta Jome oldida turadigan kuzatuvchilar tushib sergak tortdi. Boshini egib ichkariga kirganda qori oyatlarni mumtoz qo’shiq kabi maromiga yetkazib o’qiyotganini eshitib, joyida toxtab qoldi. Kimdir uning shimidan tortdi va:
-O’tir, -dedi.
U Abdusoli qorini eng yaxshi qiroatchi, deb o’ylab yurar edi. Darvoqe u nafaqat qiroat qilishda usta, balki ko’p narsa bilardi ham. Xuddi komputer kabi har qanday savolga bir zumda javob topar, hadisi va oyatini keltirar va javobini arabcha kalimalar bilan “betonlab” qo’yardi. Uning kalimalari orasidan birorta ham ruscha so’z topolmas edingiz. Ammo arabchani ko’p ishlatardi. Bir kun:
-Mana odamlar yangi-yangi sayyoralar minib yuribdilar,-dedi.
Rustam sayyorani qanday qilib minish mumkin ekan, deb o’ylanib qolgandi. Keyin tushunsa gap mashina haqida ketayotgan ekan.
Namozdan keyin qaytishar ekan, Akmalxon kassetani ishga soldi:
-Domlaning suhbatlariga yetisholmadik, mana endi eshitamiz. Ammo Sobitxon okamga teng keladigani yo’q,-dedi.
Shunda Rustam entikib ketdi. U Toshkentga yo’lga chiqishidan oldin so’nggi umid joyi qolgani va u ham bo’lsa Sobitxon qori ekanligini o’ylagandi. O’zi bilmagan holatda uning machitiga borib qoldi.
U magnit lentasiga yozilgan suhbatni eshitib bordi. Rostdan ham Abdusoli qori bilan Sobitxon qori ikki dunyo ekan. Abdusoli qori faqat din, tavhid haqida gapirar va kamdan-kam chetga chiqardi. U din hukmron bo’lmaguncha hech narsa o’zgarmaydi, deb aytar edi. Sobitxon qori esa asosan bugungi hayot haqida gapirar ekan.
Ular ish joyiga yetib kelganlarida Rustam:
-Akmalxon aka, bu kassetani qattadan topsak bo’ladi,-deyishga jur’at etdi.
-Okasi mana bizdan topasiz-de.! Mana olvoling, shu sizga, istasangiz yana besh o’nta bor, hammasini ob keb beraman. Man bularni bir necha kopiyadan qib tashaganman.
-Rahmat, oka, Xudo rozi bo’sin…
-Darvoqe, mashinang yo’q, qatta eshitasan? Magnitafoning bomi?
-Ovolaman, bittasini…
Ertasiga Akmalxon bitta magnitofon bilan Sobitxon qorining yigirmaga yaqin kassetasini keltirib berdi. Rustam har kun ishdan qaytishi bilan Sobitxon qorining suhbatlari, Quroni Karimga sharhlari, savollarga javoblarini qayta qayta eshitar edi.
Juma kunlari Akmalxon ularni machitga olib borib qo’yar va o’zining zarur ishi chiqib qolganini aytib, ketib qolardi. Ikki soatdan keyin kelib, yana ularni olib ketardi. Bir kuni esa, ular bilan birga Juma namozini o’qib, ularni Sobitxon qorining kulbasiga boshladi. Machitning katta ko’cha tomonida kichkingina hujrada yashar ekan u. Bitta xonada o’nlab magnitofonlar turibdi. Demak, kassetalar shu yerda yozilar ekan, deb tushundi Rustam. Hujra juda kichkina va juda g’arib edi. Hamma yoqda kitob. Burchakka esa joynamoz to’shalgan. Xona namiqqan bo’lib, zax bosgandek edi. Hatto yonayotgan chiroq ham bu zaxlik qo’ynida nursizlanib qolgandek go’yo. Ammo Sobitxon qorining tabassum bilan boqib turishi ravshanlik taratayotgandek tuyuldi va Rustam atrofga yaxshi qaray olmay, ko’zlarini unga tikdi. Keyin uning qarashlariga dosh berolmadi va boshini egib o’tirdi. Akmalxon esa ularni tanishtirdi.
-Qori aka, mashi yigitlani go’shti sizga oid, suyagi bizga,-dedi u.
Sobitxon qori jilmaydi-da ingichka ovozda:
-Astag’furullo, hali go’shtxo’r bo’lmadik, go’shtlari o’zlariga oid,-dedi.
-Domla doim odammi gribonidan ushlaysiz-a, qoyilman, endi maqol deb aytib yuborgan edim…
-Yo, to’g’ri gap,- deya Akmalxonga madad bo’ldi Sobitxon qori.
Ular qaytishar ekan, Akmalxon:
-Bilasanlami, oilalari Namanganda, o’zlari mashetta, kecha-kunduz ashi hujrada o’tiradilar. Ba’zan Namanganga kechasi borib, yana ertalabga qaytib keladila. Bu odamga hamma ham shogird bo’lolmaydi. Shogird tushsalaring, ikki dunyolaring ham obod bo’ladi,-dedi.
Akmalxon Juma kunlari ularga taksi puli beradigan bo’ldi va ular taksi bilan namozga boradigan bo’lishdi.
Bugun birinchi marta Rustam uyida yozib kelgan savolini jur’at qilib, Sobitxon qoriga uzatdi. U savolni avval ichida o’q’idi, keyin ovoz chiqarib o’qidi-da, unga yuzlandi:
-Ukam, siz haqsiz…

892 YIL OLDIN

Tohir otasining tanasidan judo qilingan boshini chodirga kiraverishdagi tayoqqa ilingan holda ko’rib qoldi va ko’zlari qinidan chiqib ketdi. Yo’q, ko’zlari qinidan chiqmadi, ko’zlari bir parcha sovuq muzga aylandi. Boshining teppasidan sanchilgan chaqmoq bir zumda oyoq uchiga qadar yetib bordi va ortga qaytdi. Chaqmoqning tez harakati vujudini larzaga soldi, vujud titray boshladi, silkina boshladi, keyin birdan toshga aylandi. Hissiz, jonsiz tosh. Ammo bu tosh taqdirning qo’lidan tushib ketdi. Tohirning tizzalari bukilib, yerga yiqilib tushdi.
U qancha yotganini bilmadi, o’ziga kelganida muzga aylangan ko’zlari eriy boshlagan va ko’z kosasi namlangan edi. Ko’zini ochishi bilan suvga aylangan muz tomchilarga aylanib, yuzlarini qitiqlay boshladi. Xuddi tomchilar uni uyg’oq tutishga harakat qilayotgandek, uni yana hushdan ketmaslikka intilyotgandek edi.
Tohir hali nima bo’lganini anglab yetgan emas edi. U yuziga tomchilayotgan narsa qon ekanligi, dadasining boshidan oqayotgan qon tomchilari ekanligini ham bilmasdi. U ahyon-ayhonda yuziga urilayotgan qon tomchilarining zarbini yosh deb o’ylayotgan edi. Lekin nega tomchilar ko’zimdan emas, teppadan tomchilamoqda, degan savol uning esiga otasining kesilgan boshini soldi. Chinqirib yubordi, ammo tovushi chiqmadi. Chinqiriq ilonga aylanib vujudini ichdan o’ray boshladi.
U xuddi tush ko’rayotgandek edi. Otasining boshi osilgan tomonga qarashga cho’chirdi va ko’zini chodirning boshqa tarafiga tikdi. Bu safar ko’ksini o’q teshib ketgandek bo’ldi. Teppada onasining, munis onaizorining, mushtipar volidasining tanidan kesilgan boshi osiqliq edi. U ko’kragiga qilich sanchilgadek og’ir og’riqdan yana hushini yo’qotdi.
“Bolam, ko’zlaringni och!”
“Yo’q, ochmayman, onajon, ochsam sizni ko’raman-da!”
“Nahotki meni ko’rishdan qo’rqsang?”
“Qorqaman, onajon, qo’rqaman!”
“Ah, bolam-a!”
“Onajon, nima bo’ldi, kim qildi bu ishni, biz kimga yomonlik qilgan edik?’
“Atrofda kim bor-ki, biz yomonlik qilaylik. Bu yerlarda bizdan boshqa hech kim yashamasa o’zi?”
“Man endi nima qilaman, shu paytgacha otam-onam bor edilar, endi ular ham yo’q, men kim bilan yashayman. Kim uchun ov qilib kelaman, kim pishirgan ovqatni yeyman, kim bilan gaplashaman?”
“Unday dema bolam, Zuhrani unutdingmi, u axir sening singling, senlar egizaksanlar. Uning uchun bo’lsa ham yashashing kerak. U bir o’zi bu hayhotdek darada qanday yashaydi? Uni bo’rilar chavaqlab ketmaydi-mi?!”
”Mani ham o’zingiz bilan olib keting, Zuhra ham kelsin…”
“Yo’q, sen qaytishing kerak, Zuhraga ham ota, ham ona bo’lishing kerak! Qayt, bolam, qayt”.
Tohirning nafasi birdan bo’g’ziga tiqildi va ko’ksidan nimadir otilib chiqdi. Ko’ngli behuzur bo’ldi. Yuziga oqib tushayotgan qon tomchilari labining bir chetidan bo’g’ziga qadar yetib borib qotib qolayotgandi. U seskanib ketdi. Xirillagancha bo’g’zida qotgan qonni tupurib tashlashga intildi. Bo’lmadi. Yutib yuboraman dedi. Bo’lmadi. Qulog’iga uvillagan ovozlar eshitila boshladi. Onasining, otasining chinqiriqlari kelib quloq pardalarini teshib ketayotgandek bo’ldi.
U “Zuhra!’ deya baqirmoqchi bo’ldi, ammo tovushi ichida qoldi, tashqariga chiqmadi. Teppasida og’ir bir narsani his qildi. Dukkullagan qadamlar sasi… Qandaydir pisir-xisrlar… Zuhraning ingrangani… Keyin yana katta tosh…Bu juda katta tosh edi va aylanib qirralari bilan vujudiga kirib ketayotgandi. Og’riq shunchalik kuchli ediki u o’zini yerning qa’riga kirib ketayotgandek his qildi. Shu payt bir qo’l uni sudrab tashqariga olib chiqdi. Tosh nariroqqa surilib ketgandek bo’ldi.
“Tur bolam, tur!”
Tohir ko’zlarini ochishga qo’rqar edi, shu bois Zuhra keladigan yo’lga qaradi. Ko’z oldi xiralashgandi. Xuddi atrofni qora zulmat bosib olgan va u hech narsani ko’rmayotgandi. U ko’zlarini ishqab yana o’sha tomonga qaradi, lekin hech narsani ko’ra olmadi. “Zuhra!” deya chaqirgisi keldi, ammo tovushi chiqmadi. Balki uni ham…
“O, Zuhra, Zuhraginam, hali pataxgan sochlarining patini o’zi ocholmasdan ko’zlariga yosh olib yuradigan Zuhraginam!
Tohir ot minganda orqasidan yugurib chang to’zonlarda qolib ketadigan Zuhraginam!
Tohir uxlaganda bosh ustida o’tirib, hali uxlama, deb yolvoradigan Zuhraginam!”
Xuddsi onasi Zuhradan ajralib qolganu tizzasiga urib yig’layotgandek edi.
Tohirning vujudidagi chaqmoq momoqaldiroqqa aylangan va boshining ichiga kirib olgandi. Guldur-guldur sadolar boshining devorlariga urilib, keyin qulog’ining ichiga ko’char, bir zumdan keyin peshonasini ishg’ol etar, yana bir ozdan so’ng qovoqlari ustida gumburlab, chaqmoq urib hammayog’ini tilka pora qilib yuborayotgandi.
“O’g’lim qayt. Kelma. Sen ham bizning izimizdan kelsang, kim qasos oladi?”
“Dadajon, boya onam Zuhra uchun qayt dedilar, qaytdim, ammo Zuhrani topolmadim. Uni ham olib ketibsizlar, nega meni tashlab ketdingizlar? Yoki meni shuncha yomon ko’rasizlarmi?”
“Yo’q o’g’lim, agar seni yomon ko’rsam har kun ertalab ot minishga o’rgatar edimmi? Qilich o’ynatishni Zuhraga emas, faqat senga o’rgatdim-ku!? Hali endi o’n ikki yoshga kirgan bo’lsang ham bo’rilar, ayiqlardan qo’rqmas pahlavon yigit bo’lmading-mi? Qaysi kun ajdardek ilonni bo’g’zidan bug’ib, o’ynatib yurgan sen emasmiding, pahlavon o’g’lim?”
“Dadajon, meni pahlavon demang, men qo’rqoqman. Agar qo’rqoq bo’lmaganimda sizni himoya qilgan bo’lmasmidim? Zuhramni ko’z qorachig’imda asramasmidim?!”
“Bilaman, o’g’lim, himoya qilgan bo’larding. Ammo bizni o’ldirganlar qo’rqoqlar. Ular bizni uyquda urdilar. Qilich bilan boshimizni kesdilar. Agar sen shu yerda bo’lganingda ularning qilichlarini sindirib yuborgan bo’larding, sening panjalaring qilichdan ham metin, bolam!”
“Dadajon, qayerdasiz, qayerdan turib gapirayapsiz?”
“Bolam, biz jannatdamiz, onang ham shu yerda. Ishonchimiz senda. Sen biz uchun qasos olishing kerak!”
“Kimdan qasos olaman, sizlarni kim o’ldirdi, nima uchun o’ldirdi? Bilmaymanku?! Qanday qasos olaman?”
“Unday dema bolaman, bilmayman dema, seni yozishga, o’qishga o’rgatdim. Sahrolarda, qishloqlarda yashaganlar o’qish-yozishni bilmaydilar. Ammo sen mullo bo’lding. Tog’dagi toshlarni yozuv bilan to’ldirib yuborgan sen emasmi? Seni aqlli, barkamol qilib o’stirdim. O’n ikki yoshda butun dunyoning ilmini boshingga joylading. Endi qanday qilib bilmayman, topolmayman, deysan?!”.
“Siz doim jannatga borishni istar edingiz, meni ham jannat ishqida tarbiyalar edingiz, onamni olib ketdingiz, nega meni do’zaxga tashlab ketdingiz? Qaysi gunohlarim uchun?!
Men ham jannatga borishni istayman, sizlar bilan birga bo’lishni istayman, dada!”
“Men onangga ham kelma deb yolvordim, seni tashlab kelsini istamadim”
“O’zingiz butun umrimizni jannatga borish uchun bag’ishlashimiz kerak derdingiz-da. Nimaga endi o’zingiz borib, ularning borishini istamadingiz, nega mening borishimga qarshisiz?”
“Men qarshi bo’lamanmi yoq’mi, ko’p narsa bizga bog’liq emas ekan. Men shuncha istamasam ham ular baribir keldilar. Men jannatga bu yo’l bilan kelishni istamas edim. Mehnat qilib bu haqni qozonishni istar edim. Ammo kimlardir meni bu orzuimdan ayirdilar”.
“Ular esa sizning jannatga yo’lingizni yaqinlashtiribdilar-ku, nega men ulardan qasos olishim kerak?”.
“Ular bizni bir-birimizdan ayirdilar, meni sendan, seni Zuhradan, onangdan ayirdilar. Biz ham sening dunyongda yashashimiz kerak edi. Umrimiz bitmasdan ular bizni qonga bo’yadilar, Boshim qayda, tanim qayda?!”.
“Meni ham olib keting va yana hammamiz birlashamiz, Shu bilan ish bitadi, Boshning, tananing umri qisqa, ruhning umri daroz, demasmidingiz!”
“Yo’q biz hozir birlasha olmaymiz, buning faqat bitta yo’li bor, u ham bo’lsa sen ularni topishing va qasos olishing kerak. Ana o’shandan keyin biz birlasha olamiz. Hozir sen bu yoqqa kelsang, bizni topolmaysan, meni esa faqat seni ogohlantirish uchun yuborishdi. Bolam, bizni o’ldirganlarni top, jazola, al qasosu minal haq!”
“Qasos, qasos!” deya shivirlagandek bo’ldi kimdir uning quloqlariga.
Birdan Tohirning vujudida nam paydo bo’ldi. Xuddi yomg’ir yog’ayotgandek. Sarrin bir nasim vujudi bo’ylab o’rmalayotgandek edi. Zuhraning bo’g’iq qichqirig’i quloqlari ostiga keldi…
Tohirning otasi Abu Sayyid bu joylardan ancha uzoqda, Jayxun daryosiga yaqin Sumansoy qishlog’ida yashardi. Uning besh aka-ukasi bor edi. Otasidan eshitishicha, ular ham bu yerga boshqa joydan ko’chib kelishgan ekan. Ular yashagan qishloqda asosan musulmonlar bo’lib, ikkiga ayrilgan edilar, ikki mazhabda edilar.
Chol-kampirlardan tortib, yosh bolalarga qadar bir-biriga dushman nazari bilan qarar, masxara qilar, nafrat sochar edilar. Ammo ularning oilasi sayyidlardan bo’lgani uchun har ikki tomon ham biroz hurmat qilishardi.
Bu joylarni tez-tez yangi yangi hukmdorlar bosib olardi. Biri hammaga soliq solsa, ikkinchisi hammani soliqdan ozod qilardi. Biri u mazhabni haq desa, ikkinchisi bu mazhabning tomonini olardi. Shunday qilib, Abu Sayyidning otasi ba’zan u mazhab, ba’zan esa bu mazhabning etagini tutishga majbur qolardi. Buning uchun bostirib kelgan askarlarning kimligiga qarashardi. Bu ham jon saqlashning bir yo’li, ammo tahlikali yo’li edi.
Qishloqda ikkita machit bor edi. Biri u mazhabga qarasa, ikkinchisi bu mazhabniki. Har ikki tomon ham bu joylarni “Xudoning uyi” deyishardi, ammo vaqti-vaqti bilan Xudoning uyiga o’t ham qo’yib ketishardi.
Bir kun qishloqda o’zaro jang chiqdi va Abu Sayyidning otasi va akalarini ham qatl qilishdi. U kelinchagini, mol mulkini olib qishloqdan qochib ketdi. Bir necha kunlik yo’ldan keyin bahaybat bir tog’ning etagiga chodir soldi. Bu yerning nomini bilmas edi. O’zi bu joyga Tillo dara deb nom qo’ydi. Chunki tog’dagi toshlar yaltirab turar edi. Ahyon-ahyonda bu joylarga birorta ovchi kelib qolmasa umuman odamning oyog’i yetmaydigan, borsa kelmas bir maskan edi. Qishda darani qalin qor bossa-da, ammo yozda salqin bo’lgani ularga yoqardi.
Bu yerda tog’ hayvonlari ko’p edi. Shu bois kunlarini ovchilik bilan o’tkazishardi. Abu Sayyid hayotidan nolimasdi. Bolalarini barkamol qilib o’stirishga harakat qilardi, nizolardan uzoq bo’lishlarini istardi. U Xudo nizolarni istamaydi, nizolarni odamlar o’z manfaatlari uchun chiqaradilar, oddiy odamlar Xudoning nomini qo’llangan kimlargadir ishonib, ularning yo’lida qurbon bo’lib ketadilar, degan aqidani mahkam ushlagandi. Ammo bu gapni xotinidan boshqa hech kimga aytmagandi va o’zi bilan olib ketdi.
Otasi ilmli bo’lgani uchun uning ham yozuv-chizuvdan xabari bor edi. U o’zi rivoyatlar, hikoyatlar to’qir, otasidan, machitda eshitganlarini, yoshligida xatm qilganlarini yodda tiklab bolalariga aytib berar edi. U Quronni yoddan bilardi va bolalariga ham ko’p narsani yodlatishga harakat qilardi. Ammo musulmonlar orasida chiqib turgan nizolar, o’z oilasining boshiga tushganlarni aytmas edi va xotinidan ham bu haqda ularga gapirmaslikni so’rardi. O’zlari yotadigan chodirga yaqin joyda qo’lbola machit qurgan va o’zi u yerdan azon aytar va oilasiga imomlik qilardi.
Bu joylarda ularni hech kim tanimas va ular ham hech kimni tanimaslikka harkat qilishardi.
Ammo bir kun ikki ovchi qorbosti darasida qolgan ekan, ularni qutqarib uyiga olib keldi. Mehmon qildi, yedirib-ichirdi Ular pastdagi qishloqlarda necha yilki odamlarni o’ldirib ketish odat bo’lib qolganini hikoya qilib berdilar. Nega o’ldirishadi, nima uchun o’ldirishadi, hech kim bilmas emish. Tog’ning ortida esa Alamut degan joy bo’lib o’sha yerda Shayx Hasan degan odam qasr solibdi va u begunoh o’lganlar uchun qasos olayotgan emish.
Ovchilar ketgandan keyin ko’p o’tmay bir otliq keldi va ularga hayvonlarni ovlab, tog’ning naryog’idagi Alamut qasriga yetkazib berish solig’ini qo’yib ketdi.
Kunlari davom etdi. Soliqlarini vaqtida yetkazib turdilar. Endi kutilmaganda boshqa odamlarning boshiga kelgan qora kun ularga ham keldi.
Tohir alahsirashdan to’xtab, hushiga qaytib, o’rnidan turganda Quyosh tog’ning ortiga, Alamut qasri tomonga botganki, ko’rinmas, osmon quyuq zulmatga o’rangandi. Ko’kdan sharillatib yomg’ir yog’a boshladi. Xuddi u yig’lay olmagani uchun ko’k yig’layotgandek edi. U hali nima bo’lganini to’la anglay olmadi. Ammo ota-onasini o’ldirib ketganlarini bilar va dahshatli manzara qo’ynida edi.
U nega, kim o’ldirdi, nima uchun, degan savollarga javob topishga urinar edi. Topolmasdi. Marhumlarning boshlari va jasadlarini chodir-machitga olib kirdi va nima qilishini bilmay qoldi. Darvoqe, Zuhra qayda? Nega uning jasadi ham, boshi ham yo’q. Balki tirikdur? U har tomonga yugurdi, chinqirdi, ammo Zuhradan darak topolmadi. Yoki Zuhrani ham o’ldirib, jasadini olib ketishdimi? Nega olib ketishadi? Balki Zuhra qo’rqib qochib ketdimikan? Qayerga ketishi mumkin? Tohir butun darani, sharshara atrofini aylanib chiqdi, ammo Zuhraning izini topolmadi. Keyin yana ota-onasining jasadi yoniga qaytdi.
Nima qilish kerak? Odam o’lganda nima qilishadi? Duo o’qishadi. O’qiyman desa tili aylanmadi. Pichirlab qo’ya qoldi. Otasi ko’mish marosimlari haqida gapirgan edi. Ammo bu yerda qabriston yo’q. Hammayoq tosh, yalanglik. U jasadlarni uch kun saqladi. Ana shu uch kunda o’zi ham butunlay boshqa odamga aylandi. U birdaniga har tomonlama ulg’ayib qolgandi.
To’rtinchi kun ertalab qandaydir hayvonlarning tovushidan uyg’onib ketdi. Tashqariga chiqsa bir qancha yirtqich sirtlon chodir-machitni bosgan edi. Nima qilishni bilmadi. Bir o’zi nima ham qilsin? Shunda esiga otasi gapirib bergan bir rivoyat tushdi. Unda ilgari odamlar o’lganlarni yoqib yuborishgani haqida gap borardi. U yugurgancha katta chodirga kirib, tayyorlab qo’yilgan masha’lalardan ikkitasini so’nib qolay degan cho’g’da yondirdi-da otasi qurgan chodir-machitga o’t qo’yib yubordi. Sirtlonlarning chiqib qochgani qochdi, qolgani jizg’anak bo’ldi. Birdan yodiga “Machit-Xudoning uyi” degan gap tushdi va Xudoning uyini yondirib yubordim deya yana tizzalab qoldi. Uning ahvolini tasvirlash qiyin. O’n ikki yoshli bir o’spirinning boshida qiyomat qoyim bo’lgandi…
Tohir qurib qolgan ko’zlarini ishqalagancha otiga minib, bu joyni tark etdi. Tog’dan oshib Alamut qasri tomon inganda u yerda to’p-to’p bo’lib turgan yuzlab yosh yigitchalarni ko’rdi. Ba’zilarining tinkasi qurib qolgan, ba’zilari ozib ketgan, ayrimlari esa nimalarnidir mashq qilishmoqda. Yana bir guruh esa oq soqolli kishini tinglamoqda. Dunyoda shuncha odam borligiga avval xursand bo’lsa, keyin cho’chidi ham. U hayrat bila tikilib turgan edi, o’rta yoshlardagi bir kishi unga peshvoz keldi.

-Qani mashvaratga o’t bolam, bu shayx hazratlarining huzuriga olib boradigan birinchi pog’ona,-dedi u.

Tohir qo’shilgan guruh Quroni Karimdan saboq olayotgan ekan…

Jahongir Muhammad.

(Davomi bor).

VASHINGTON: 2005-2006

%d bloggers like this: