Qog’ozda qolgan gaplar

SIZNI HAM ONA TUQQANMI?

O’zbekiston yosh demokratlar guruhining huquq tartibot idoralari xodimlariga

Murojaati

Hurmatli ichki ishlar, xavfsizlik, va mudofaa xizmati xodimlari! Biz bilamiz va tan olamizki, Sizlar er yigitlar ichidan eng saralaridirsiz! Xizmat qiyinchiliklari, jismoniy-ma’naviy qiyinchiliklarni yengish har kimning ham qo’lidan kelavermaydi! Bu borada Siz maqtovga sazovorsiz!

Ammo, mamlakatimizning ushbu tang ahvoli, ijtimoiy-siyosiy tizimning ishdan chiqishi va buning iqtisodiyotga bevositi ta’siri xalqni yomon hayot tarziga mubtalo qilganligini ko’rib-bilib turib, bunga befarq qarab turishingiz bizni ajablantiradi!

Tushunamiz, Sizning oylik maoshingiz nisbatan balandroq, bu esa xizmat vazifangizni yanada sidqidildan bajarishga turtki bo’ladi. Yana oylik maoshingizning xizmat qiyinchiliklaridan kelib qichib balandligini ham tushunamiz! Ammo Siz deyarli doimiy vaqtida olayotgan oyligingiz va faqat Sizning farovon hayotingiz Siz uchun yetarlimi?

Atrofda millyonlab odamlar: qo’ni-qo’shningiz, qarindosh-urug’laringiz, aka-ukangiz, opa-singlingiz va hatto ota-onangiz yillab qilgan mehnatlari uchun bir miri ham ola olmay yurishganidan nahotki bexabaraiz? Bu Sizni befarq qoldiradimi? O’zingiz besamar qarshi kurashayotganingiz o’g’irlik va fohishalik kabi jirkanch illatlar ildizi aynan ana shu muammoga borib taqalishini bilmayaizmi? O’zingizni qisman bo’lsada shu illatlar rivoji uchun aybdor his qilmayaizmi? Mayli bizga emas, vijdoningizga bir javob berib ko’ring?

Siz sidqidildan xizmat qilayotgan bu davlat boshida turganlar, Sizni aynan o’sha xalqdan- ezilib qoni chiqqan xalqdan saqlanish uchun qalqon qilib tanlaganlar! Siz xizmat qilar ekanaiz, xizmatingiz vatan ravnaqi va manfaatlaridan bir guruh mansabparastlarning shaxsiy manfaatlari uchun yo’naltirib yuborilganligini sezmay qoldingizmi?

Milyonlab qon yutgan bu xalqni, yeyishga noni yo’q, qilgan xizmatiga haq to’lanmaydigan, o’zi uchun yetishtirgan bir qism bug’doyu guruchi aynan Siz yoki Sizning xizmatdoshlaringiz tomonidan davlat xazinasiga tortib olingan, buning ustiga endilikda uylari buzilib ko’chalarda qolayotgan xalqning manfaatlari, ahvoli keyingi yillarda hech kimni qiziqtirmay qo’yganligini sezmay qoldingizmi?

Shu xalq ichida Sizning joningiz achiydigan hech kim yo’qmi? O’z oilanigiz farovonligi, buguningizning o’tishi Siz uchun kifoyami? Ertaga farzandlaringiz shu jamiyatda yashashlarini, Siz kabi zamondosh huquq-tartibotchilari dastidan ro’shnolik ko’rolmay hayot kechirishlarini tasavvur qila olmaysizmi? Shunga aynan o’zingiz zamin yaratayotganligingizni bilmaysizmi?

Siz yaxshi bilasiz, va tushunib yetasizki, mamlakat boshida turganlar nafaqat qonxo’r va qasoskor, balki tarifiga til ojizlik qiladigan darajada vahshiydirlar!

Ming-minglab qalbi uyg’oq xalq og’lonlari qamalgan, qiynalmoqa va o’ldirilmoqda! Bu jarayonlar videotasmalarga yozilib ”buyurtmachilarga” namoyish etlishini Siz bilmaysizmi? Vaqti vaqti bilan ”tepadagilarning” shaxsan o’zlari ”xumordan chiqish uchun” yerto’lalarga borib, tergov jarayonida ”jonli” ishtirok etishlari borasidan hamkasblaringizdan eshitib ham qolmaganmisiz?

Yurt ravnaqi, xalq farovonligi, deya yelib-yugurgan, ammo ”tepadagilarning” manfaatlariga zid kelib qolsa, har qanday kishi ham jazoga mahkum qilinishidan Siz bexabarmisiz? Samarqandlik bir professorning Buyuk Britanya elchisi bilan uchrashganligi uning hali o’n gulidan bir guli ham ochilmagan o’n sakkiz yashar nevarasining hayoti o’sha zahotiyoq nafaqat fojeali, dahshatli yakun topishiga sabab bo’lganini, bu ishni bajarishda jonbozlik ko’rsatgan kishi hozir yanada yuqoriroq lavozimlarga loyiq topilganini, hodisani ko’rgan ”buyurtmachi”ning ancha hovuri bosilib, ko’ngli xotirjamlashganidan Siz bexabarmisiz?

Avvalo Sizning farzandingiz, nevarangiz bormi? Uni o’n sakkiz yoshga yetqizish mashaqqatini oddiy inson sifatida his qilasizmi? Qolaversa mamlakatda qanday ”xususiyatli” kishilar rag’batlantirilayotganligi Sizga qorong’umi?

Siz o’n sakkiz yashar begunoh, hech narsadan zabarsiz yigitning aqlga sig’mas dahshatli o’limini tamosha qilib, ko’ngli taskin topadigan odamlarni inson, odam deb hisoblaysizmi? Yuragingiz biologik “qon haydash” funksiyasidan boshqa vazifalarni ham bajaradimi? Men kimman, kimga xizmat qilyapman, nima qilayapman, bu ishimdan kimga foydayu kimga zarar degan savolga vijdonan javob bera olasizmi?

Siz yuqoridagi barcha holatlarda o’zingiz ishtirok qilganligingizni, hech bo’lmasa Sizning hamkasbingiz tamonidan amalga oshirilganligini bilmaysizmi?

Halq yuqoridagi hodisalarning barchasida “tepa”dan ko’ra ko’proq Sizni ayblashini bilmaysizmi? Ko’cha kuyda odamlarning “boshqacha” nazar bilan qarashlari Sizga aynan shuni anglatmaydimi?

“Siz qotilsiz!” Qotillikni qarshiliksiz kuzatib turish ham shu qotillikka sheriklik ekanligini biz Sizga eslatishimiz shartmi? Siz bolalaringizning “Ota, nega biz yaxshiroq yashayapmiz?” degan savoliga aslida tog’ri javob “Xalqining jigaridan oqqan qoniga bolam” ekanligini bilamaysizmi?

Farzandlaringiz Sizni qotil, qotillikkka sherik ekanligingizni, hech bo’lmasa ertangi hayot farovonligi uchun to’siq bo’lib xizmat qilishingizni bilishmaydimi? Shunday bo’lsada ularga tik qaray olasizmi? Egningizdagi bu forma xalq faravonligi garovi” ekanligingizni emas, ”xalq musibatlari sababchisi” ekanligingizni anglatishini bilmaysizmi? Kim Sizni bu holga olib keldi? Qachongacha shu yo’sinda ”xizmat” qilasiz?

“Buyruq muhokama qilinmaydi, bajariladi” aqidasiga qachongacha amal qilmoqchi-Siz? Buyruq muhokamasiz bajarilishi uchun aql idrok, vijdon, qonun kabi bir qator normalar doirasida bo’lishi kerakligini bizdan ming chandon yahshi tushunasizku! Yahshilab o’ylab ko’rilsa, aslida Siz o’zingiz “katta kuch” ekanligingizni bilasizmi?

Sizdan ”tepa” nafaqat qalqon sifatida foydalanadi, balki Sizdan qo’rqadi ham! Ha, Siz nafaqat yigirma besh millyon xalqni, shu bilan bir qatorda bir guruh ”tepadagilarni” ham nazorat qila oladigan katta kuchsiz! Mamlakat taraqqiyoti, faravonligi kelajagi aynan Sizga bog’liq! Siz hal qiluvchi ahamyatga egasiz! Sizning qarashlaringiz, harakatlaringiz kelajakni belgilab beradi! Siz haloskorsiz!

Bunga ishonchingiz komil emasmi? Shubhangiz bormi? Unda marhamat, hamkasblaringizga ushbu mulohazalarni ko’rsating! Shunda Siz boshi birlashtirilmagan katta kuch ekanligingizni yaqqol his qilasiz!

Sizning vazifangiz tarixdagi xatolarni takrorlab, qul bo’lib qolmaslik uchun zamin yaratishdir! Bu gaplarni kimdir menga o’rgatdi, deb emas, vijdonan shu qarorga keldim, deb hisoblang! Zotan Sizning vijdoningizga xilof fikr bo’lmaganini his qilib turibsizku!

Siz barcha hamkasblaringizni na aql idrok, na vijdon va na qonun talablariga javob beradigan buyruqlarni bajarmaslikka yakdillik bilan qarshilik ko’rsatishga chaqiramiz!

O’z ahvolidan noligan xalqni ”qaytarish”, ”bosish” emas, unga qarshilik ko’rsatmaslik, haqiqat qaror topishiga yo’l qoyib berish lozim! Hech bo’lmaganda Sizdan begunoh xalqni otmaslik, o’ldirmaslik, unga to’hmat qilib jazolamaslikni so’raymiz!

Sizni kelajakda ”xalq dushmani” deb emas, ”millat qahramoni” deb tilga olishlari uchun, farzandlaringizga umid bering. Sizni kelajagi mavhum hayotni emas, barki farovon kelajak qoldirish uchun birlashishga chaqiramiz!

Siz bugun qon to’kib bo’lsada saqlab qolishga erishishingiz mumkin bo’lgan hukumat, ertaga bolalaringizni ham qurol bilan bostirar balki? Nevaralingiz qoni evaziga erishilar Siz qarshilik qilgan maqsadlarga? Sizga shu kerakmi?

Biz o’zbeklarning, farzandlarimiz, ularning kelajagi uchun har narsaga hozir millatning qilayotgan ishimi shu? Ko’rib turibsizki hammasi Sizning qo’lingizda! Sizga oson bo’lmagan xizmatda sabr-bardosh tilaymiz! Zotan, bu davlat tuzimini saqlab qolish ham, uni yaxshilash ham oson vazifa emas! Biz aminmizki, Siz aql idrokka tayanib qaror qabul qilasiz, o’zingizni katta kuchligingizni his qilgan holda, uning ma’suliyatini anglagan holda ish olib borasiz!

Demokrat yoshlar guruhi.

Andijon voqelaridan ikki oy oldin-2005 yil Fevral oyida internetda tarqatilgan va “Turonzamin” pochtasidan”  ruknida nashr etilgan.

Advertisements

About TURONZAMIN

supporter of democracy
This entry was posted in 1.BOSH SAHIFA, Uzbek. Bookmark the permalink.

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s