SIYOSIY LATIFA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni (Latifasi-tah.)

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 60 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi to‘g‘risida”

2008 yilda xalqaro jamoatchilik inson huquq va erkinliklarini ta’minlash sohasidagi asosiy demokratik tamoyil va talablarni o‘zida mujassam etgan, bu sohada butun xalqaro huquq tizimini shakllantirishning siyosiy, huquqiy asosiga aylangan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 60 yilligini nishonlaydi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan keyin qo‘shilgan birinchi xalqaro-huquqiy hujjat bo‘ldi. Demokratik, huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lini tanlagan O‘zbekiston inson huquqlari va manfaatlarini jamiyatni rivojlantirish va davlat qurilishining, butun ichki va tashqi siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi etib belgiladi.

Istiqlol yillarida mamlakatimiz inson huquqlari bo‘yicha 60 ta asosiy hujjatga qo‘shildi, BMT tomonidan bu sohada qabul qilingan oltita asosiy xalqaro shartnoma qatnashchisiga aylandi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, insonning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydigan milliy qonunchilik me’yorlarida o‘z ifodasini topgan.

Bozor islohotlarini izchil amalga oshirish, yirik davlat ijtimoiy dasturlari, jumladan, “Sog‘lom avlod”, “Ona va bola”, “Sihat-salomatlik yili”, “Oila yili”, “Ijtimoiy himoya yili”, “Yoshlar yili” va boshqa dasturlarni hayotga tatbiq etish orqali mamlakatda insonning, avvalo, bolalar, ayollar, yoshlarning ijtimoiy, iqtisodiy huquqlarini butun choralar bilan himoya qilish, ularning har tomonlama barkamol rivojlanishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Fuqarolarning siyosiy huquq va erkinliklarini himoya qilish mexanizmlari yaratilgan va ular amalda samarali joriy etilmoqda. Mamlakatda besh mingdan ziyod nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Jamiyat va davlat qurilishi sohasida siyosiy partiyalarning roli sezilarli darajada oshdi. Mustaqil ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari rivojlanib bormoqda. Ular aholining siyosiy, ijtimoiy faolligini oshirish, mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiya qilishning qudratli omili bo‘lib xizmat qilmoqda.

Sud-huquq tizimini liberallashtirish jarayonining izchil amalga oshirilishi inson huquqlariga rioya etilishining muhim kafolatiga aylandi O‘zbekistonda jinoyatlarning tasniflanishi to‘la o‘zgartirildi. Bunda og‘ir jinoyatlar toifasiga kiruvchi jinoiy xatti-harakatlar ro‘yxati sezilarli darajada qisqartirildi.

Natijada 2007 yilda ozodlikdan mahrum qilish shaklidagi jazo qo‘llanilgan shaxslar soni 2000 yildagiga nisbatan 2 barobardan ko‘proq qisqardi. O‘zbekistonda har yuz ming aholiga 138 nafar mahbus to‘g‘ri keladi, bu dunyoning eng rivojlangan davlatlaridagidan ancha kamdir.

Sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, sudlar tomonidan fuqarolar huquqlari himoya qilinishi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari izchil joriy etilmoqda. Sudlar jinoiy, fuqarolik, xo‘jalik ishlari bo‘yicha ixtisoslashtirildi, sud ishlarini apellyatsion va kassatsion ko‘rib chiqish institutlari, yarashuv instituti joriy qilindi. Prokuror va advokat huquqlarining tengligini ta’minlash chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda 2008 yil yanvaridan o‘lim jazosining bekor qilinishi, hibsga olishga sanksiya berish huquqi sudlarga o‘tkazilishi inson huquqlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Mamlakatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligida inson huquqlari himoyasi bo‘yicha maxsus tuzilgan bo‘linmalar kabi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar tizimi yaratilgan va ular faol ishlamoqda.

Inson huquqlari sohasida uzluksiz ta’lim va ma’rifiy ishlar tizimi shakllantirilgan. Huquq himoyasi mavzuida yigirmadan ziyod ixtisoslashtirilgan jurnal va gazetalar ko‘p ming nusxada chop etilmoqda, barcha maktab, kollej va litseylarda, oliy ta’lim muassasalarida inson huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslari o‘rganilmoqda.

O‘zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini izchil va qat’iy bajarib kelmoqda, bu masalalar bo‘yicha BMTning tegishli konvensiyaviy organlariga doimiy ravishda o‘zining milliy hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etmoqda. Ularning tavsiyalarini bajarishda davlat idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari va bevosita fuqarolar ishtirok etmoqda.

BMT Bosh kotibining inson huquqlari kuni munosabati bilan yo‘llagan Bayonotnomasini qo‘llab-quvvatlab, shuningdek, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy, qonunchilikka oid chora-tadbirlar tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 60 yilligiga bag‘ishlangan Tadbirlar dasturi 1- ilovaga muvofiq ma’qullansin.

Insoniyat taraqqiyotining eng ezgu maqsadlari va demokratik qadriyatlar timsoli bo‘lgan g‘oyat muhim xalqaro huquqiy hujjat – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 60 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda davlat tashkilotlari va muassasalari, jamoatchilik birlashmalari, ommaviy axborot vositalarining faol ishtirok etishi eng muhim vazifa deb hisoblansin.

2. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 60 yilligiga bag‘ishlangan Tadbirlar dasturini amalga oshirish bo‘yicha Maxsus komissiya tarkibi 2- ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilar Maxsus komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

-davlat idoralari va muassasalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarining Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 60 yilligiga bag‘ishlangan Tadbirlar dasturida ko‘zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishga doir faoliyatini muvofiqlashtirish;

-Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 60 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar, mamlakatimizda inson manfaatlarini ko‘zlagan holda uning huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadida demokratik sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish borasida amalga oshirilayotgan salmoqli ishlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etish;

-Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 60 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro tadbirlarda O‘zbekiston vakillarining faol ishtirok etishi borasida xalqaro tashkilotlar, avvalo, BMTmuassasalari bilan yaqin hamkorlikni ta’minlash.

3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati, Vazirlar Mahkamasi 2008-2009 yillarda fuqarolarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy huquq va erkinliklarini himoya qilishning me’yoriy-huquqiy bazasini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlash va ko‘rib chiqish, shuningdek, ushbu sohada qabul qilingan qonun hujjatlarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlash chora-tadbirlarini amalga oshirsin.

4. Adliya vazirligi Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” kengashi huzuridagi Ma’naviyat targ‘ibot markazi bilan birgalikda 2008 yil davomida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining asosiy qoidalarini, fuqarolarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha milliy qonunchiligimiz asoslarini ochib berishga bag‘ishlangan risolalar, o‘quv qo‘llanmalari, ijtimoiy-siyosiy materiallar chop etilishi va aholi orasida keng tarqatilishini ta’minlasin.

5. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati bilan birgalikda:

-yetakchi mutaxassislar va olimlarni jalb etgan holda, ta’lim muassasalarida va yoshlar orasida inson huquq va manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash, shaxsni har tomonlama kamol toptirish, yoshlarning yangi jamiyat barpo etishda faol ishtirok etishi uchun zarur sotsial, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy sharoit yaratish, Vatanimiz xavfsizligi va farovonligini ta’minlash bo‘yicha davlat siyosatini chuqur o‘rganishga doir davra suhbatlari, seminarlar, ma’ruzalarni tizimli asosda tashkil etsin;

-2008 yil 10 dekabrda mamlakatimizdagi barcha maktablar, litseylar, kollejlar, oliy o‘quv yurtlarida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 60 yilligiga bag‘ishlangan umummilliy dars o‘tkazsin.

6. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi talablaridan kelib chiqqan holda, jurnalist kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarining o‘quv rejalariga inson huquqlarini himoya qilishda ommaviy axborot vositalari ishtirok etishining milliy va xorijiy tajribasini o‘rganishni nazarda tutadigan maxsus o‘quv dasturlari kiritilishini ta’minlasin.

7. Fuqarolik jamiyatini o‘rganish instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz bilan birgalikda uch oylik muddatda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligida tashkil etilgan inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha bo‘linmalar faoliyatini tanqidiy nuqtai nazardan tahlil qilsin va uning samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida takliflar kiritsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz va boshqa institutlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularning samarali ishlashi uchun zarur boshqa shart-sharoit yaratishga doir kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va 2008 yilda amalga oshirsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining murojaatini e’tiborga olib, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi asosiy maqsadlarini amalda ro‘yobga chiqarishda BMT sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi maxsus jamg‘armasiga O‘zbekistonning ixtiyoriy badali sifatida yuz ming AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratsin.

10. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, ommaviy axborot vositalari Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 60 yilligiga bag‘ishlangan Tadbirlar dasturining amalga oshirilishini har tomonlama yoritish bo‘yicha tematik ko‘rsatuvlar hamda maqolalar tashkil etsin.

11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri SH.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri, 2008 yil 1 may

TAHRIRIYATDAN: Siyosiy latifani bugunga qadar bunday maromiga yetkazib yozishni hech kim qoyil- maqom qila olmagan edi. Mana Islom Karimov bu janrda ham birinchi bo’ldi. Bu latifa tarixning “ibratli asar”laridan biriga aylanishi shubhasizdir.

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Google photo

You are commenting using your Google account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: