“Ozodlik” radiosiga Ochiq xat

babur_malikov.jpgMuhammad-Bobir Malikov, O’zbekiston Oliy sudining sobiq raisi:  Yolg’on ham evi bilan-da!

Bugun ertalab elektron pochtamni ochsam “Ozodlik” radiosidan Ahmadjon Odilovga bag’ishlangan interv’yuning matnini menga yuborishganini ko’rdim.

Xo’p, nima gaplar bo’lgan  ekan, deb ochsam, butun asablarim buzilib, qonim qaynab ketdi.

Nimamish- A.Odilovning tergovini Gdlyan bilan Ivanov olib borishganmish, uni ozod etishda Odil Yoqubov va Salay Madaminov faol qatnashishganmish… Xullas- yaqin tarix ham mish-mish bulib ketibdi.

Hoy, Parvardigorim o’zi sizlarga insof bersin, bu voqealarda bevosita qatnashganlar hali hayot-ku!

Boshidan boshlaylik – 1980 yillari o’rtasida Moskvadan kelgan tergov guruhlari “O’zbek ishi”ni boshlab, asosiy zarbani O’zbekiston kommunistik partiyasi va hukumati rahbarlariga qarshi bergan.

Shunda O’zbekistonning ko’zga ko’ringan rahbarlaridan Usmonxo’jaev (1987 yilda), undan oldin Xudoyberdiev, Salimov, Musaxonov, Usmonov, ikki obkomning birinchi kotiblari-Karimovlar (Islom Karimov emas), Rajabov va yana ko’plari qamoqqa olingan edi.

Alohida ahamiyatga ega bo’lgan ish – A.Odilov ishi edi. Sababi, Rashidov davrida bu oddiy kolxoz raisi nihoyatda katta kuchga ega bo’lib qoldi. Uning xohishi bilan Namangan oblasti rahbarlarini o’zgartirishgan, Toshkentda Oliy Sudga uning qudasi (B.A. Navro’zov) rais etib saylangan va hokazo.

Bu haqda bir – ikki misol: Namangan obkomi kotibi Mirzaolim Ibrohimov bilan janjallashib qolganda:

-To’xtab tur, men seni to’p teptiraman,-deb ishdan ketqazib, Mirzaolim-akani Sport qo’mitasiga rais etib tayinlashgan, va u shaxsan “Paxtakor” jamoasiga homiylik qilgan.

Mahkam Kamolovni (bu ham Namanganda kotib bo’lgan) davonda to’xtatib, sensirab, “Sen mening yuzimga oyog’ingni bosib o’tib ketaverasanmi? Huv narida shag’al bilan to’la samosvalni ko’ryapsanmi? Shag’al ostida o’liging qolib ketadi, qayt yo’lingdan” deganida Kamolov yo’ldan qaytishga majbur bo’lib, Qo’qon va Leninobod orqali Toshkendga borgan.

Yodgorxon-aya Nasritdinova o’zlari menga Odilov Usmonxo’jaevni (u paytda Namangan oblijroqo’mda rais edi) tiz cho’ktirib, yuziga shapaloq qo’yib yuborganida u qo’llarini o’pganini aytib berganlar edi.

Shuning uchun bu ishni alohida tergov guruhi olib borgan va bu guruhning rahbari B.Sviderskiy edi. Sviderskiy esa Gdlyanning ashadiy dushmani edi.

Bundan tashqari o’zimiznikilar (ichimdan chiqqan baloga, qaerga boray davoga degandek) “paxta ishi”ni boshlagan. Yuzlab – minglab oddiy dehqonlarni qaqshatib, qamab, surgun qilib, narsalarini musodara etib, bolalarini yetim qilgan Gdlyan va Ivanovlar emas.

Bundan tashqari “sut ishi”, boshqa qo’shib yozilish “ishlari” ham bor edi. Oliy Sud a’zolari- Aqbergenov (millati qozoq), M. Jalilov va boshqalar (shular qatori men ham) 1985 yillidanoq bunga qarshilik ko’rsata boshladik, imkoniyat boricha insonlarning taqdirini yengillashtirdik, o’sha vaqtning o’zida (eslaringga solmoqchiman- O’zbekistonni “Chernenko desanti” bosgandi) ko’plarga shartli jazo berib, qamoqdan ozod qildiq, musodara ro’yxatiga tushgan mol-mulklarini qaytarib berdik.

1989 yilda men Oliy sud raisi bo’lib saylandim. Shunda kuzda O’zkompartiyaning birinchi kotibi Karimovga maktub yozib, shaxsan qo’liga topshirdim.

Maktubda – O’zbekistonda barqarorlikni saqlash kerak bo’lsa “paxta ishlarining” hammasini boshqattan ko’rib chiqib, odamlarning barchasini jazodan ozod qilish kerak deb yozdim.

Karimov maktubni o’qib – zavqlanib:

-Buning siyosiy ahamiyatini bilasanmi?-deb menga:

-Boshla,-deb buyurdi.

Qisqa muddattan keyin Oliy sud plenumi maxsus qaror qabul qilib – bu qilmishlar jinoyat emas deb, bu sudlanganlarning barchasini oqladi.

Sovet Ittifoqi Oliy sudi hech narsa qila olmadi. Oqibatda taxminan 3 yarim ming odam oqlandi. Bizning namunamiz SSSR Oliy sudiga ham ta’sir etdi va ular ham “O’zbek ishi” bo’yicha adolatli qarorlar qabul qila boshlashdi. Shu sababli Salimov, Xudoyberdiev , Kamolov, Rajabov va boshqalar ozodlikka chiqishdi.

Lekin A.Odilov emas. Uning ishini SSSR Oliy sudi boshlagan edi, lekin SSSR yemirilgandan keyin bu ish o’zining mavqeini yo’qotdi. Odilovning qaytib qamoqqa tushishi – u “temuriylar” partiyasini tashkil qilmoqchi bo’ldi. Karimovga bu yoqmadi va u Odilovning ishini yana ko’rib chiqishini suddan talab qildi (men shu vaqtda Adliya vaziri edim va bu ishga bevosita aloqam yo’q edi).

Xulas, albatta 20 yildan beri bir insonni qamoqda saqlash o’ta ifloslik, lekin bu odamni farishta qilib ko’rsatish ham aqlsizlik.

Bu ishga aloqasi bo’lmagan allaqanday qalang’i-qasang’ilarning yordami bilan Odilov qisqa muddatga ozodlikka chiqqan deyish esa – sharmandalik.

Qadimiy o’zbek maqolida aytilgandek:“ Tayyor oshga bakovullar” bu “O’zbek” va “Paxta” islariga salbiy munosabatda bo’lib (B.Mustafoev,  unga o’xshagan yana bir-ikki muttahamlar) hozir shu ishlarning qahramonlari ham bo’lishdi.

Qadimiy Ro’mda “O tempores, o mores” deyishardi, ma’nosi – bu zamonda axloq nima qilsin…

Muhammad-Bobir Malikov,

15 Fevral, 2008 yil. 

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Google photo

You are commenting using your Google account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: