Jahongir MAMATOV: QUVG”IN romani

21. SESSIYA

“Katta” majlislar binosiga kirib kelganida boshining og’rig’i tinmagandi. Go’yo boshi shishib, arining uyasiga aylangan, son-sanoqsiz arilar g’uvillagancha tashqariga chiqishga uringandek bosh devorlarini tirmalayotganga o’xshardi.

“Katta” yordamchisidan ikkita pantalgin dorisi olib ichdi. Keyin majlislar zaliga qarab yurdi.

Minbarda Oliy kengash raisi va uning uchun maxsus joy ajratilgandi. Har doim majlisga kirib kelganda oyoqda turib qarshilagan millatvakillari bu safar unga parvo ham qilmadilar. Avvaliga “majlis boshlangani uchun shunday bo’ldi”, deb o’zini ovutmoqchi bo’ldi, keyin yuragi orqaga tortdi. Majlis zalidagi sovuq ruh uning vujudini qisib olgandek bo’ldi. Sovuqda qolgan odam kabi etlari jujukdi. Vujudida allanarsalar “jimir-jimir” yura boshladi. So’ngra ko’ksida bir qurt o’rmalayotganini his qildi. Bu qurt ko’ksida emas, yuragining ichida ekan… Oyoqlari ham o’ziga bo’ysinmayotgandi. O’ng oyog’i o’ng tarafga, chap oyog’i chap tarafga tortayotgandi.

Minbarda o’zi uchun ajratilgan joyga qadar bo’lgan o’n qadam masofani bosib o’tish unga bir necha chaqirimdek tuyuldi. Joyiga etib borganda, stulni orqaga tortish uchun qo’li qovushmadi. Hatto qo’llarim ham menga bo’ysinmayapti. Nahotki, bu millatvakillariga qo’shilib qo’llarim, vujudim menga isyon qilsa?! Yo’q, hali bunday isyonlar ko’p bo’ladi. Bu isyonlarni engishim, engishga o’rganishim kerak, deb o’yladi. “Katta” o’z xayollari bilan olisharkan, zalda o’tirganlarga qarash uchun bosh ko’tarishga majoli yo’q edi.

– Majlisni olib borish tartibi haqida qanday taklif bor?

Bu Oliy kengash raisining tovushi edi. “Katta” kirib kelarkan hatto u ham o’rnidan turmadi. Nahotki, kechagi voqealardan boshqacha xulosa chiqargan bo’lsa?! Yo’q, bu qo’rqoq, isyon qiladigan jasorati yo’q. Bu kabi insonlar qul kabi tug’ilib, qul kabi o’lib ketadilar. Isyon qilish ular uchun o’lim demakdir. O’rnidan turmagani esa befarosatligidan. Unga kim ham “Ho’kiz” deb laqab qo’ygan bo’lsa, uzukka ko’z qo’yguvchi, zargar ekan. Aslida bu uzuk ham bo’lolmaydi. Qo’lni yo qisadi, yo kattaligi uchun barmoqdan tushib qoladi.

“Katta” falsafiy mushohadalar qilayapman, deya biroz engil tortgandek bo’ldi va kuz qiri bilan asta zalga qaradi.

Solijon degan millatvakili dehqonchasiga katta-katta qadam tashlab minbar tomon kelayotgandi. Solijonni “Katta” uzoq yillardan beri taniydi. Bir vaqtlar Komfirqaning mafkura bo’limida ishlardi. Nimadir bo’ldi-yu uni haydashdi. U paytlarda bundaylar ko’chada qolmasdilar. Yo ular uchun bir lavozim ochilardi yoki maoshlar hujjatidan boshqa qog’ozga qo’l qo’yilmaydigan bir idoraga rahbar etib tayinlashardi. Solijonni ham dinga qarshi ish olib boradigan idoraga rahbar qilib qo’yishdi. Zamonning charxi aylanib, bugun u ham millatvakili.

Saylov arafasida ro’yxatlarni nazardan o’tkazganda bu eski kommunist, og’zidan chiqqanini biladi, har qadamini o’ylab bosadi, qayoqqa boshlasak, o’sha yoqqa yuradi, deb ismi-sharifini chizib tashlamagandi. Mana endi isyonchilar safida.

Aslida buning dardi boshqa. U parlament qo’mitalaridan biriga boshliq bo’lishi kerak edi. Hatto suhbatlardan ham o’tgandi. Lekin taniqli olimlardan biri shu qo’mita raisligini istab qoldi. Solijon esa o’rinbosarlikka tushdi. Alami ana shunda. Mendan qasd olmoqchi…

– Oliy kengash majlisini olib borish yuzasidan bir qator jiddiy takliflarni ilgari surmoqchiman, – deya oldindan yozilgan nutqini o’qiyotgandi Solijon.

Kecha kechqurun Solijonning nima haqda gapirishini unga aytishgandi, nutqining nusxasini ham ko’rgandi. Shu sababdanmi yoki quloqlari shang’illayotgani uchunmi Solijonning ovozini eshitmayotgandi. Ammo uning bugunga qadar mavjud tartiblarni buzish haqida takliflar kiritayotganini bilardi. “Katta”ni qiziqtirayotgan narsa bunga millatvakillarining qanday munosabatda bo’lishlari.

Bir qismi, ya’ni isyonchilar uni qo’llashlari aniq. Ammo qolganlari-chi? Uning o’zi bir-bir suhbatdan o’tkazgan, so’ngra ro’yxatga kiritib saylagan va “Mening komandamdan er olasan” degan odamlari-chi? Ular nima deydilar?

“Katta” zalning oldingi qatorlarida o’tirganlarga nazar tashladi. Ularning birortasi ham unga qaramasdi. Ba’zilarining yuzida xavotir, ayrimlari esa mamnun, yana bir qismi bo’lsa og’zi ochilib qolgancha hang-mang bo’lib o’tirardi. Har doim “Katta”ning ko’zlariga tikilib o’tiradigan, “men shu erdaman, nima xizmatingiz bor?” degandek kiprik qoqmay qarab turadiganlar ham undan yuz o’girishgandi.

Bu sinov deya o’ylardi “Katta”. Agar Solijonning takliflari o’tsa, demak, isyon jiddiy. O’tmasa bularning qanotini sindirib tashlayman. Ko’p narsaga Ichki ishlar vaziri Kamolov ham aybdor. U ilgari xavfsizlik qo’mitasida ishlardi. Ba’zi millatvakillari unga qarshi bo’ldilar. Shundan keyin Ichki ishlar vaziri etib tayinladim. Lekin topshiriqlarimni doim etim qildi. Bir kuni “Mirtemirning tilini kesib kelasan” dedim, ammo ertasiga Mirtemir bir majlisda shunaqa gap tarqalgan, sizning bunday deganingizga ishonmayman, deb suvning oldini oldi. Kecha esa Solijonni majlisga kelmaydigan qilib qo’y, degandim. Nima emish, otilgan tosh boshining yonidan o’tib ketganmish. Shu ham bahona bo’ldimi? Agar shu majlisdan omon chiqsam, onasini Uchqo’rg’ondan ko’rsataman!

“Katta” lablari qovjirab qolganini his qildi. Esnagan kishi kabi qo’li bilan og’zini yopdi-da tilini aylantirib, labini ho’lladi. Ammo labi qurib ketaverdi.. Stol ustidagi bardoq esa bo’sh. Grafindan suv qo’yish uchun qo’lini ko’tarmoqchi bo’ldi-yu qo’rqdi: suv to’kilib ketsa-chi yoki grafin bardokqqa urilsa-chi? Zalda o’tirganlar “Katta”ning qo’li qaltirayapti, deb o’ylamaydilarmi?

“Katta”ning ko’zi Solijonga tushdi. U joyida o’tirardi. Rais esa uning taklifini ovozga qo’ymoqchi bo’ldi. Zalda g’alag’ovur boshlandi. Hozir isyonchilarning planiga ko’ra Vohidov so’zga chiqishi kerak, deb o’yladi va zaldan Vohidovni qidirdi. U “Katta”ga qarab “Ko’nglingiz xotirjam bo’lsin, men so’zga chiqmayman” deyayotgandek bamaylixotir o’tirardi. Undan keyin Ahmadali Asqarov so’z olishi kerak. Uning qaerda o’tirishini ham “Katta” yaxshi biladi. Oldingi qatorlardan o’rtada o’tirgani uchun doim joyidan gapiradi. Minbarga chiqish uchun o’n-o’n besh kishi o’rnidan turib unga yo’l berishi kerak. Shu bois joyidan gapirishni afzal ko’rardi. “Katta” o’sha tomonga qaradi, lekin Asqarovni ko’rmadi. Demak, kelmabdi, deb o’yladi. Bu ham qo’rqoqlik. Sodiqligingni ko’rsatmoqchi bo’lsang, kelib o’tirmaysanmi?

Ammo shu payt “Katta” noxosdan Asqarovni ko’rib qoldi. U birinchi qatorda o’tirardi. Demak, so’zga chiqmoqchi! Demak, kechagi va’dasi yolg’on! Ha, bu odamga ishonib bo’lmaydi. O’zining qat’iy bir fikri yo’q.

“Katta” endi ishga kelgan paytlari edi, rus tiliga qarshi harakatlar boshlandi. O’shanda Asqarovni televideniega yubordi, kechqurun u bir soat rus tilining ahamiyati haqida gapirdi. “Men qishloqdan chiqqan bola edim. Kambag’alning bolasi kiyimga pul topsa, bir burda noniga etmasdi, ovqatiga pul topsa oyoqyalang qolardi. Ammo rus tili tufayli men odam bo’ldim. Rus tili bo’lmaganda olim bo’larmidim?” deya gapirarkan, ko’zlari namlangandi. O’shanda “Katta” uning samimiyatidan quvongandi. Ammo milliy harakat kuchayib ketdi. “Katta” chiqish yo’li yana harakatni bo’g’ish, bayroqni qo’lga olish ekanini angladi, tashabbusni qo’liga oldi. Boshqa olimlar qatori Asqarovni ham yana televideniega yubordi.

O’shanda u “Men ona tilimni unutish darajasiga keldim. Rus tili mening na qornimni, na tafakkurimni to’ydirdi. Ona tilimni unutsam, bobo merosdan mahrum qolaman. Bu esa tafakkur ochligi! Bu esa manqurtlik!” deya yana nam kipriklarini silaganida “Katta” uning mahoratiga qoyil qolgan edi. Agar bu odam san’atkorlikni tanlaganda, eng mashhur artist bo’lardi, deb o’yladi.

Zalda g’alag’ovur avjga chiqdi. Shu payt Mirtemir o’rnidan turib, minbar tomon kela boshladi. Demak, Asqarov so’zga chiqmadi.

Ha, u o’zining so’zga chiqmaganini ko’rsatish uchun birinchi qatorga o’tirgan. Ammo bu kelayotgan jo’jaxo’rozning nima deyishi noma’lum, deb o’yladi “Katta”. Erkin Vohidov bilan Asqarovning so’zga chiqmagani katta g’alaba. Qolganlar gapirsa gapiraversin. Bir hamla bilan yanchib tashlayman!

Mirtemir zaldagilarga qarab emas, unga qarab gapirardi. Bu bolani ilk bor qaerda ko’rgan edim? Ha, ha, saylovlardan oldin Kattaqo’rg’onga borganimda ko’rganman. U noxosdan so’zga chiqib zaldagilarning olqishini oldi. O’shanda shoirona gaplar gapirib, hammaning diqqatini o’ziga tortgandi. Keyin Oliy Kengash binosida ko’rishdik. Yigitlarimiz boshqa o’lkalarda xizmat qilishi masalasini rayosatda muhokama etayotgandik. Shart-shurt gapirib, butun rejalarimizni buzib yubordi. Majlisdan keyin olib qolib gaplashdim

– Uka, bu millatvakillik uzoqqa cho’zilmaydi. Sen biz bilan birga qolmoqchi bo’lsang, Oliy kengashda bo’layotgan voqealardan meni xabardor qilib turasan, ya’ni mening komandamga kirasan.

– Mayliku-ya, lekin men hali yoshman, yana qancha “Katta”lar bilan ishlashim mumkin. Sotqinlik qilib uzoq yashash mumkin emas-da.

– Siz sotqinlik bilan davlatga xizmat qilishning farqini hali bilib olmabsiz. Boshingizni devorlarga urasiz hali…

Shu suhbatdan keyin ko’p o’tmay Mirtemirning nomzodini jurnalsitlar uyushmasi raisligiga ko’rsatishganini aytishdi. O’shanda Oliy kengashdan ketsa yaxshi bo’lardi, deya o’yladim, ammo eng to’polonchi xalq – qalamkashlar. Arining uyasi buzilsa tuzatish mumkin, lekin qalamkashlar g’avg’o boshlasa, qiyin bo’ladi, deya boshqa nomzodni saylatib yubordim.

Undan keyin yangi ochiladigan gazeta muharrirligiga nomzodi ko’rsatildi. Bo’pti, yo tarbiyalayman yo quvaman, deb rozi bo’ldim. Lekin oxirgi kun rayosat majlisida o’z nomzodini olib, men istamagan odamning nomzodini o’tib ketishiga sababchi bo’ldi. Uning qalamkashlar yig’ilishidagi gaplarini kechirgandim. Hatto rayosatdagi bu hunariga ham qo’l siltadim. Keyin ham boshimga ko’p ishlar ochdi. Hammasini kechirish mumkinu Oliy kengashda maktublarni o’qirkanman noxosdan og’zimdan chiqib ketgan gapni xalqqa etkazganini kechirish mumkin emas. Bularning ko’pchiligini sotib oldim, ba’zilarini qo’rqitdim. Qarmoqqa ilinmaganlari boshqalarini ham buzayapti.

Nazarimda eng katta xato saylovdan keyin bular olti oy mehmonxonada birga qolishgani bo’ldi. Darhol poytaxtning har eridan uy topib, bo’lib yuborish kerak edi. Ammo mehmonxonada birlashdilar. Mirtemirning To’lqin degan hamshahari bor. Juda ham mahmadona, birinchi majlisda yuzing demay, ko’zing demay gapirgandi. Mehmonxonaga karatechi bolalarni yuborib, urdirgandim ish berdi, aqli joyiga tushdi. Hatto bugungi majlisda tarqatilgan o’n sahifali bayonotni Mirtemir tayyorlaganini u xabar qildi. Kecha uni chaqirib gaplashish kerak ekan. Bugun Mirtemirga qarshi uni bayroq qilardim. O’zidan bilib himoyaga chiqmaydi.

“Katta” bir zum xayollaridan ayrilib, yana zalga qaradi. Ko’zlari olma terayotgan kishining ko’zlaridek, qatorlar orasida “yugurib” ketdi. To’lqinni topdi. U hamshaharining gaplariga boshini siltagancha noroziligini ko’rsatayotgandi. “Katta” unga uzoq termuldi, lekin u qaramadi. Agar qaraganda “Chiq, javobini ber!” ishorasini bermoqchi edi.

Mirtemir esa hamon uni so’roqqa tutayotgandi go’yo.

Shu payt “Katta”ning xayolidan bundan bir necha lahza oldin qabul qilingan qaror o’tdi. Nega qarshilik qilmadim, deb o’yladi. Hozir butun mamlakat bu tamoshani ko’rmoqda. Sharmanda bo’ldim! Jonli ko’rsatuv haqidagi qarorga nima bo’lganda ham ruxsat bermasligim kerak edi.

Nahotki, jilovni qo’yib yubordim. Yo’q, qo’yib yuborish mumkin emas. Xalqning podadan farqi yo’q. Tayoq bilan boshiga urib, yo’lini ko’rsatib turmasang, hatto ozuqasini topib eya olmaydi. Darvoqe, ozuqami, ovqatmi? Ozuqa deb gapirishimni ham mazax qilishibdi-ya, mana bular. Nima emish, millat ovqat ermish, hayvonlar esa ozuqa.

Ha, endi bitta-ikkita so’zda xato qilsak ham, ota go’ri qozixonami? Ichimda gapirsam hamma so’zlarni to’g’ri aytaman, ammo minbarga chiqqanda qiynalib qolaman. Odam qaysi tilda fikrlashga o’rgansa, bir umr shu yo’lda qolarkan. Nima qilay, boshqa tilda fikrlab, boshqa tilda gapiraman. Bir so’z bilan aytganda, o’z so’zimni tarjima qilaman. Bu oson ish emas. Mana bu tirranchalar esa bitta tildan boshqasini bilishmaydi.

Mirtemir boshqa millatvakillarini ham jovdirab qarab o’tirmasdan minbarga chiqishga da’vat etdi. Zalda turgan mikrofonlarning yonida navbat boshlandi. Shu payt hokimlardan biri yugurib minbarga chiqdi.

Ha, bu Nusratov edi. U Xayrulloning soyasi. Qaerga borsa yonida. Jiyanim deb tanishtiradi. Uni siyosatga tortgan ham Xayrullo. Millatvakili ro’yxatiga ham u kiritdi. Hozir minbarga chiqartirgan ham u. Nusratov “Katta”ning ikki farmoni Asosiy qonunga zid ekanligini aytib, bunday holda “Katta”lar iste’fo beradi, dedi. Uning rus tilida gapirgani biroz foyda bo’ldi, ko’pchilik nima deganini tushunmay qoldi. Lekin unda ayb yo’q. U Xayrulloning buyrug’ini bajarayotgani uchun bu gaplar tilidan chiqmoqda, dilidan emas, deya o’yladi “Katta”. Ertaga uni yaxshilab aldasam yoki qo’rqitsam mening to’tiqushimga aylanadi.

Nusratov minbardan tushib joyiga o’tirarkan, unga yaqinroq joyda o’tirgan Iso Xolis o’rnidan turdi. Nahotki bu kecha oqshomgi iltimosimni qabul qilmadi, deb o’yladi “Katta”. Yana o’jarligining quli bo’ldimi? Umuman, bu olifta bilan odamga o’xshab gapirishning hojati bormidi? Qara-ya, hatto majlisga tirraygan oq shim, yoqasi vayron oq ko’ylak kiyib kelibdi. Shunday qilsam hammadan ajralib turaman, deganda. Ko’pchilik uni “G’arb xastasi” deydi. Gapirishida ham g’arbga taqlid bor, kiyinishi, yurish-turishida ham g’arbonalik sezilib turadi. Bundaylar juda tez o’zgaruvchan bo’ladi. Bugun G’arbning ortidan ketsa, ertaga unga qarshi chiqishi aniq. Bir kun kelib so’fi yo mulla bo’lsa ham ajablanish kerak emas.

– Hayrat. Bir paytlar o’z boshliqlarini qarsaklar bilan olqishlaydigan kommunistlar bugun jim o’tirishibdi. Aksincha ular o’z boshliqlariga qarshi isyon qilganlarni olqishlamoqdalar. Bu erda katta o’yin bormoqda. Uning nomi “Poytaxt o’yinidir”. Shu paytga qadar bo’lgan o’yinlar kechmaganidek, bu o’yin ham kechmaydi…

Otangga balli, deya qichqirib yubormoqchi bo’ldi “Katta”. Yigit ekansan-ku, yigit. Boya ko’nglimdan o’tganlarini o’qib o’tirgan ekansan! Kecha kechqurun madad istaganlarim, ana u hezalaklardan bir narsa chiqmadi. Sen esa o’g’il bola ekansan. “Katta” bu xayollar bilan bo’lib, Iso Xolis nutqining davomini eshitmadi. Davomida ham shu ohang buzilmasligi bilinib turardi. Yoki davomida nima desa ham uni qiziqtirmasdi. Chunki u bombani portlatgandi. Yaralangan odamlarga hatto “kechirasiz” desa ham foydasi yo’q. Shu bois “Katta” o’z fikrlari og’ushida suzmoqni afzal ko’rdi.

Yoki bu yigit bilan ittifoq tuzsammi? deb o’yladi. Nima bo’lganda ham uni qo’ldan chiqarib yubormasligim kerak. To’g’ri, minbarga chiqsa, sakkiz kishini yig’latadigan qilib, qog’ozsiz gapirolmaydi, ammo fikrlarini lo’nda-lo’nda holda yozib oladi va tosh otgandek otadi. Uning ham orqasidan yurganlar bor, unga ergashganlar bor. Shu bois uni qarmoqda tutishim kerak.

Iso Xolis joyiga o’tirganda “Katta” unga minnatdorchilik bildirmoq uchun ko’zlarini tikdi, lekin uning yonidagi bo’sh o’rindiqqa Mirtemir kelib o’tirdi. Ular tortisha boshladilar. Mirtemirning avzoyi buzuq edi. Iso Xolis esa unga nimalarnidir tushuntirmoqchi bo’lardi.

O’ng qanotdagi mikrofon yonida Ibod To’raev paydo bo’ldi. “Katta” Iso Xolis bilan Mirtemirning tortishmasi nima bilan tugashini bilishga qiziqsa-da, xayollari Ibod Turaev tomonga qochdi.

Bu nima der ekan? Rost gapiradimi, yolg’onmi, baribir buning gapiga ko’pchilik ishonadi, deb o’ylay boshladi “Katta”. Chunki u bilan bir viloyatda ishlaganmiz. Aslida u men poytaxtga kelganimdan keyin o’rtaga chiqdi. Lekin mana bu olomon buni tushunarmidi? Ibod saylovdan keyin Nurobod ijroiya qo’mitasi raisi bo’ldi. Darrov kommunistik partiya faoliyatini ta’qiqladi. Prokuratura, mirshabxonaga o’z odamlarini suqdi. Hatto xususiy televidenie ham ochib oldi. Bunga qarab turadigan ag’moq yo’q edi. Mana endi hammasidan ajralib qolgani uchun alamzada. Ibod To’raevning “Tumanimizdan ruslar ketib qolayapti” degani “Katta”ning kulgusini qistadi. Shu bois miyig’ida kulib, boshini qimirlatib qo’ydi-da, uning so’zlarini tinglay boshladi.

– Olib borilayotgan noto’g’ri siyosat baynalminal do’stligimizga putur etkazmoqda. Men bu masalani hurmatli “Katta”mizga etkazdim, ammo natija chiqmadi. Aksincha ta’qib davom etdi. Bundan bir necha kun oldin menga nisbatan suiqasd uyushtirildi. Tasodif tufayli tirik qoldim. Derazamdan ichkariga o’q otganlarni ushlab berdim, lekin ularni qo’yib yuborishdi…

“Katta” majlis zalining birinchi qatorida o’tirgan Ichki Ishlar vaziriga “Latta, biror ishni uddalay olmading. Albatta orqasidan g’avg’osi chiqadi” degan so’zlarni nafratli nigohlariga joylab, tikilib qaradi. Vazir garchi “Katta”ning qarayotganini sezsa-da, Ibod To’raev yangi bir gap aytayotgani kabi uning so’zlarini daftariga yozib olayotgan edi.

Unga qayta -qayta tayinlagandim, deb o’yladi “Katta”. Bu ishni ustasi faranglarga topshir, ular toza ish qiladilar, istaganlarini ber, degandim. Ammo yuborgan odamlari derazadan bo’sh uyga o’q otishibdi, bu ham etmagandek qo’lga tushishibdi. Nahotki, katta bir davlatda buyurgan ishingni hidi chiqmaydigan qilib bajaradiganlar topilmasa? Yoki bu xalq xalq bo’lolmaydiyu, men esa davlat qurolmaymanmi? Hozir iste’fo berib chiqib ketsam nima bo’lar ekan? Darrov o’rnimga Xayrullani saylashadi. Saylashsin. Chetda turib, sharmanda bo’lishganini tomosha qilaman. Yo’q, chetda turishga qo’ymaydi bu. Hamma narsani mening bo’ynimga ag’darib, qamoqda chiritadi.

Nima deyapman o’zi? Bu lavozimni egallaguncha oz kurashdim-mi? Bu mening ona suti kabi o’z haqqim, uni hech kimga bermayman! Qolaversa bularning orasida men kabi tushunadigan, men kabi ish yuritadigani yo’q! Bir to’da kaltafahmlar to’plangan. Bular minbarga chiqib laqillashni biladi. Ismim ham, jismim ham, aqlim ham, tafakkurim ham bu lavozimga loyiq! Shu saylovni o’tkazib olsam, tamom! Bular uchun sichqonning ini ming tanga bo’ladi. Qochadigan joy topolmay qoladilar. Hammasining aqlini joyiga kiritib qo’yaman. Aslida saylov o’tkazmasdan ham bu ishni qilishim mumkin edi. Lekin xalqning jilovini qo’yib yuborishgandi. Jilovni birdaniga qaytarib olib bo’lmaydi. Bu ishni asta-sekin qilish kerak. Asta sekinlik bilan har qanday otning ham otashini so’ndiradilar. Mana bu mahmadanalarni esa o’ldirsang oson qutilishadi. Ularni bir umr g’urbatga sherik qilish kerak. Bular nonni “mamma” deb yurishibdi. Qovunni esa tarvuz deyishadi. Hali mening sovunimda kir yuvishmadi. Shu bois paytavalari sasib ketgandek, gapirgan gaplaridan ham kishining ko’ngli ayniydi. Nima bo’lganda ham hozircha chidamoq kerak!

Dunyodagi yirik mamlakatlar bilan kelishmasdan ish qilib bo’lmaydi. Aks holda ular mana bularga o’xshab, tosh otib o’tirmaydilar. Darrov yo’qotib qo’yaqoladilar. Shu bois ularning ham ra’yiga qarashim kerak.Aslida siyosat katta o’yin. Yaxshilab o’ynasang har qanday raqibni mot qilasan. Ularga demokratik saylov qanday o’tkazilishini ko’rsatib qo’yishim lozim. Mana shu majlisdan o’tib olsam, birorta raqib ham topaman. Xalq mensimaydigan kishilardan birini nomzod qilib ko’rsatib, saylovga kiritaman. Muqobil saylov qanday o’tkazilishini ko’rsatib qo’yaman. Iso Xolisni tanlasam yomon bo’lmaydi. Lekin butun muxolifat uning atrofida birlashsa, tarozining muvozanati buzilishi mumkin. Yo’q, unga qadar muxolifatni parchalab tashlashim kerak. Darkor bo’lsa bir qismini qanotlarim ostiga olaman, boshqa bir qismini kaltaklataman, yana bir qismini esa bolga botiraman. “Katta”ning xayollarini o’rtadagi mikrofon yonida turib gapirayotgan yigitning qo’ng’iroqdek ovozi bo’ldi.Kim u?, – deya o’sha tomonga termuldi “Katta”. Ha, Ilhomjon ekan. Bu ham yozuvchi. Iso Xolisning yonida yuradigan yigitlardan biri. Har holda akasi meni himoya qilgandan keyin ukasi boshimni yormasa kerak, deb o’yladi “Katta”. Ammo Ilhomjonning so’zlari uning ko’zini moshdek ochib yubordi.

– Siz Oladaryo viloyatida ishlaganingizda ikki yarim milliiard so’m hisobida qo’shib yozishga yo’l qo’ygansiz. Siz tufayli yuzlab odamlar qamalib ketdi, siz esa suvdan quruq chiqib, taxtni egallab o’tiribsiz.

Majlis zali g’ala-g’ovur bo’lib ketdi. Ilhomjonnig so’zlari “Katta”ning qalbiga nashtardek botdi. Bu bolaning o’zi boshqa viloyatdan, deb o’yladi”Katta”. Lekin qo’lidigi bir dasta qog’ozni qaerdan oldi ekan?! Har holda bu ham Xayrulloning ishi. Bu bolakay og’zining o’lchovini bilmas ekan. Bundaylarning to’tiqushdan farqi yo’q. Eng xavfli odamlar bular, kim nima tutqazsa, o’qib beraverishadi. Shu bois buni darhol jilovlab qo’yishim kerak. Majlisdan keyinoq oyog’iga tosh bog’layman.

“Katta” ilgari o’zi ishlagan Oladaryo viloyatidan bir kishini qo’li bilan ishora qilib yoniga chaqirdi.

– Sen qamalib ketayotganding, lekin qutqarib qoldim. Mana deputat ham qilib qo’ydim. Nega endi tovuqqa o’xshab o’tiribsan? Bor, ana u tirranchaga javob ber, – dedi.

U odamning bo’yi kalta edi. Pildiragancha, o’rta yo’lakdagi mikrofon yoniga yugurib bordi. Ilhomjonni turtib, uning erini olib o’zi gapirmoqchi bo’ldi. Lekin Ilhomjon bo’sh kelmadi. So’ng u Ilhomjonnig yoqasiga yopishdi. Atrofdagilar o’rinlaridan turib, ular tomonga yurishdi. Majlis raisi esa tanaffus e’lon qildi. “Katta”ning topshirig’ini olgan kishi Ilhomjonnig yoqasidan tutganicha minbarga tomon yura boshladi.

– Kechirim so’ra, kechirim so’ra deyapman “Katta”dan! – deya baqirardi u. Shu payt yugurib kelgan Burgutjon “Katta”ning odamiga uzandi. Uning elkasidan tortib, qo’yib yuborgandi u yiqilib ketdi. Burgutjonning bo’yi uzunligi, chiniqqanligi, gavdasi uncha muncha odamdan yirikligi haybatini oshirardi. Uning yoniga kelgan mashhur yozuvchi Egamqul Primov “Uka, siz nima qilayapsiz? Bu odam “Katta”mizning topshiriqlarini bajarayapti, siz aralashmang”, dedi.

– Seni tuppa tuzuk yozuvchi, deb yurgan edim, – dedi Burgutjon. – Ulug’ shox va shoirlarimiz haqida yozgan kitoblaring boshqa-yu o’zing boshqa ekansan! “Katta”ngni sevsang, ana u minbarga chiqib himoya qil!

Burgutjonning haybatidan qo’rqqan Egamqul Primov orqasiga burilib olomonning ichiga kirib ketdi. Burgutjon esa “Katta”ning yoniga yaqinlashdi:

– Majlisni buzish uchun shunaqa o’yin qilishingiz kerak edimi? – dedi u “Katta”ga.

“Katta” ham unga zaharxandalik bilan:

– Siz hali ham shu erdamisiz? Men sizni qamalib ketgan, deb o’ylab yuribman, – dedi.

– Nega men qamalar ekanman? Men xalqning haqiga xiyonat qilganim yo’q! O’g’irlik, poraxo’rlik bilan emas, peshona terim bilan topayapman men!

– Peshona teri bilan topilsa, ko’pchilik sizga o’xshab koshonalar qurib olardi.

– Bilaman, oldingi uyimni siz yondirib yubordingiz, siz yuborgan odamlar yondirdi. Sizga qasd qilib ikki oyda qaytadan tikladim. Sizga alam qilgani mening boy bo’lganim emas, odamlarga yordam qilganim, yo’l qurganim, machit qurganim, maktab qurganimdir. Sizga alam qilgani partiyangiz bo’limini yopib qo’yganimdir!

– U partiya meniki emas,u xalqning partiyasidir! Shuning uchun uning bo’limini albatta takror ochamiz! – dedi “Katta”.

-Ha, olti oy-ki korxonamizni mirshablar o’rab olishgan. Kechasi ham tergov, kunduzi ham. Akamdan tortib ammamga qadar so’roq qildingiz. Lekin biror narsa topolmadingiz!

– Istasak, topamiz!

– Istasangiz ko’p ish qilasiz! – deya qo’llarini paxsa qilib baland ovozda gapirganicha “Katta”ga yanada yaqinlashdi Burgutjon.

– Qo’lingni tushir! O’zingni bos! Hozir shu erning o’zidayoq qamoqqa oldiraman. Kimligingni xalqqa ko’rsatib qo’yaman.

– Bilaman nimaga sha’ma qilayotganingizni, – dedi Burgutjon. – Uy joyimizni filimga oldirgansiz. Men ishdan haydagan o’g’ri-muttahamlarni to’plab shikoyatlarini yozdirgansiz. Siz olti oy urinib bitta film tayyorladingiz, men esa bir oyning ichida sizning kimligingizga oid uchta film tayyorladim. Mard bo’lsangiz maydonga chiqing! Bu filmlarni deputatlarga qo’yib beraylik!

– Sening pushkaga oladigan odating ham bor ekan-ku, – deya miyig’ida kuldi “Katta”. Ammo bir zumda nafaqat ovozi balki o’zi ham o’zgarib qoldi, ko’zi esa yosh bolalarnikidek jovdirab olomonning ichidan najodkor qidirardi. Burgutjon bo’lsa e’tibor ham bermasdan qo’llarini paxsa qilib so’zda davom etardi:

– “Pushkaga olish” degan gapni hayotimda ilk bor eshitayapman. Har holda tushunishimcha “shantaj” degani bo’lsa kerak. Men uydirmachi emasman. Ko’zim bilan ko’rganimga,qo’lim bilan ushlaganimga ishonaman. Ukangiz nima sababdan qamalganiyu qanday qilib ozod bo’lganini xalq bilmaydi, deb o’ylaysizmi? Ukangiz bilan ayni jinoyatdan qamalgan odam erto’lada o’tiribdi. Ukangiz esa katta bir mafiya guruhiga boshchilik qilayapti. Buni inkor eta olasizmi?

– Haddingdan oshib ketayapsan! O’zingni bos! Hozir mana shu erning o’zida chavaqlab tashlayman seni! Tovushingni o’chir! – deya baqirdi “Katta”.

– Tovushimni o’chirmaslikka sen imkon yaratding, – Burgutjon ham “Katta”ga sensirab gapira boshladi. – Bir paytlar haydab yuborgan xotining va o’g’ling bugun qanday ko’yga tushganini bilasanmi? O’g’ling tilanchilik qilayotganidan xabaring bormi? Xabaring bo’lmasa ayt, zalni hozirlashsin, sen ham qo’lingdagini ko’rsat, men ham! Kerak bo’lsa televizor orqali ko’rsataylik, xulosani millat chiqarsin!

Shu payt ularning yoniga Mirtemir keldi:

– Menimcha Burgut aka haq gapni aytayaptilar. Agar u kishi jinoyatchi, poraxo’r bo’lsalar, qo’lingizda buni isbotlovchi dalillar bo’lsa,o’rtaga qo’yish kerak. Film oldirgan ekansiz, uni ham namoyish qilaylik. Ayni paytda Burgut akaning iddaolariga quloq solaylik, – dedi.

“Katta” najotkorni topgandek shafqat istab, Mirtemirga termuldi:

– Ukajon, mana siz tanqid qildingiz, men aralashmadim. Chunki bilaman o’zingizni o’ylayotganingiz yo’q. Tekshirishlarimizdan ham toza chiqdingiz. Lekin mana bu akangizning bir joyi ham toza emas. Unga ayting, sassiq gaplarini kalta qilsin! Mirtemir nimadir demoqchi bo’lib og’iz juftlagandi, Burgutjonning qo’ngiroqdek jaranglagan tovushi uning fikrlarini bo’lib yubordi:

– Men sassiq gap aytishga o’rganganim yo’q! Katta bir davlatning boshida o’tirgan insonning og’zidan shunday gaplar chiqishi meni uyaltirmoqda. Insonga o’xshab tortishmoq va masalalarning echimini topmoq mumkin emasmi? Siz meni ishdan haydab, ustimdan jinoyat ishi ochganingizda mana shu yigitlar o’rtaga kirmaganda, yo’q qilardingiz. Xayriyatki, deputatlik vakolatimni to’xtatish haqida qaror chiqaradigan kuningiz shu yigitlar oraga kirishdi. Ammo bularning har biri Burgutjondan falon so’mdan olgan, deb gap tarqatdingiz. Vijdoniga bo’ysungan halol yigitlarga tuhmat qildingiz.

“Katta” Burgutjonning gaplarini eshitmagandek, Mirtemirga yuzlanib:

– Mirtemirjon, yigitlaringizga ayting, majlisdan keyin qolib bu masalalarni tortishaylik. Meni ham chalg’itganga o’xshaydilar. Hozir bu erda masalalar qorishib ketdi. Aytilayotgan har bir gapni taroziga qo’yaylik, aybdorlarni jazolaylik. Men sizlarga so’z beraman,hamma masalani hal qilaman. Biror kishi jazodan chetda qolmaydi. Burgutjon akaning qiziganicha bor,meni ham aldashadi. Atrofimni poraxo’r-muttahamlar egallab olishgan.Ulardan qutilishim uchun sizlarga o’xshagan jasur yigitlarga ehtiyojim bor. Har bir gapni qo’rqmasdan, ikkilanmasdan mardlarcha yuzga aytgan insonlar Vatanimiz uchun juda kerak. Sizlarga rahmat, ko’zimni ochdingizlar.

Bu gaplarni eshitgan millatvakillari birdan jimib qoldilar. O’rtaga suv sepgandek sokinlik tushdi. “Katta”: Bularni mana shunday boplashim kerak, deb o’yladi. Aslida rostdan ham hammasi sof, to’g’ri yigitlar. Qing’ir-qiyshiqlikni bilishmaydi. Lekin ana shundaylardan qo’rqish kerak. Bular olovga ham suvga ham tik borishadi. Bularni aldab-suldab yo’qotish kerak. Aks taqdirda bu olovda men o’zim yonib ketishim mumkin. Olovni isinmoq, foydalanmoq uchun yoqib turish kerak. Nazoratda tutsanggina uning haroratidan bahra olasan. Nazoratdan chiqardingmi,u seni jizg’anak qiladi. Olovning kushandasi suv. Mana, bir “chelak”suv bilan uni o’chirdim. Jo’jaxo’rozlarning hammasi bir tovoq palovni ko’rgan och bolakaylardek mo’ltirab qolishdi.Temirni issig’ida bosmoq kerak. Tanaffusga chek qo’yib majlisni boshlasam jilovni qo’lga olaman. Bularni ilingan qarmoqlarida mahkam tutishim zarur.

“Katta” orqasiga qayrilib, qo’l qovushtirib turgan Qo’ldoshevga:

– Soatingiz bormi? – dedi zaharxanda ohangda.

– Bor, bor, – deya unga egildi majlis raisi.

– Unday bo’lsa nega majlisni boshlamayapsiz? Tanaffus o’n olti soatmi?! – deya baqirdi.

Rais erdan erga sakraydigan ninachi kabi bir-ikki hamlada o’z joyiga o’tirib oldi va qo’llarini bir-biriga ishqalab:

– hamma joy- joyiga o’tirsin, majlisimiz davom etadi, – dedi. Ammo kimga so’z berishni bilmasdi. Nima qilamiz,degandek “Katta”ga qaradi. “Katta” esa ataylabdan yuzini boshqa tomonga burdi. Bu ham norozilik alomati edi. Rais nima qilishini bilmay qolgandi. Shu payt majlis zalining birinchi qatorida o’tirgan Xayrullo o’rnidan turib, minbarga qarab yura boshladi. Majlis raisi tomirlarida to’xtab qolgan qon qayta harakatga kelganini his qildi, lekin yuragi potirlay boshladi. O’ylashga esa vaqti qolmagandi, boshini mikrofonga yaqinroq olib bordi-da, xirillagan ovozda:

– Hurmatli Bosh vazirimiz Xayrullo Saidov so’z so’rayaptilar, – dedi. Xayrullo esa allaqachon minbarga chiqib olgan edi. U talvasaga tushgan raisning kechikkan e’loniga miyig’ida kulib javob qildi. So’ng ikki qo’lini minbarga tiragancha gapini yo’qotgan odamdek ancha vaqt zaldagilarga termulib qoldi. Keyin majlis raisiga va “Katta”ga burilib qaradi. Minbarning bir chetida turgan bardoqdagi suvdan ho’pladi va:

– Xalqimiz “tiz cho’kkuncha tik turib o’lgan yaxshi” deydi. Men mansab uchun tug’ilganim yo’q va mansab uchun kurashayotganim ham yo’q!… – dedi. “U, Xayrullo”, – deya qichqirib yubordi “Katta”ning xayollaridagi qandaydir bir kuch! Agar hozir zaldagilarga “Siz mana shu odamga ishonib o’tiribsiz-mi, uni bu erdan quvaylik” desang men o’zim bu erni tashlab chiqib ketardim. Yo’q, nega chiqib ketarkanman? Shunday deganingda ham bir chorasini topardim. Mana bu oltmishta tirranchani ikki og’iz gap bilan tinchitganimda senga qarshi gap topa olmasmidim? Aslida men nega seni bu qadar katta kuch deb hisoblab keldim. Sen kuch emassan! Poytaxt xalqi kuch. Ana shu xalqni tinchitish uchun sendan, sen bo’lmasang boshqa biridan foydalanishim kerak. Oldingi “Katta” ana shunday muvozanatni saqlagani uchun o’ttiz yil taxtda o’tirdi. Rahmatli ne-ne o’yinlarni boshidan kechirmadi? Goho tosh otdilar, goho o’q otdilar, ammo selning ham do’lning ham ostidan quruq chiqaverdi.Chunki “selsoveti” yaxshi ishlardi. Men ham ana shu yo’ldan borishim kerak.Sen esa to’g’ri aytding, mansab uchun tug’ilgan emassan.

Zaldagi g’ala-g’ovur “Katta”ning xayollarini bo’ldi. Xayrullo Saidov o’rniga borib o’tirgandan keyin qatorlar orasida dahanaki jang boshlangandi. Negadir har kim yo yonidagi yo orqasidagi odam bilan tortishardi. Bular endi o’z qiyofalarini ochmoqdalar, deb o’yladi “Katta”. Bir zumdan keyin hatto minbarga chiqib meni maqtay boshlashdi. Chunki og’irlik qaysi tomonga og’ganini ko’rishdi. O’rtada musobaqa ham boshlanadi. Bularning hammasi xoin, hammasi sotqin. Tuzimni eb, tuzlig’imga tupurishdi. Hammasini men deputat qilganman. Lekin nonko’rlik qilishdi. Faqat Vohidov, Iso Xolis, Asqarov bundan mustasno. Aslida ular ham xoin. Mening iltimosimni kutishlari kerak edimi? Nega bu voqealar boshlanmasdan oldin yonimga kelishmadi?! Nega men bilan birga qadam tashlashmadi?! Axir, Iso Xolisni deputat qilguncha ona sutim og’zimdan keldi-ku? Uning bir o’zini nomzod qilib ko’rsatdim, qarshisiga hech kimni qo’ydirmadim. Vohidovni ham ana shu yo’l bilan saylatdim. Hozir u ham so’zga chiqib qolsa kerak. Hm… Shavkat Temurni ham saylatishim kerak edi. Hozir tashqarida tosh otib yuribdi. Saylatganimda mana shu erda, qo’l ostimda o’tirgan bo’lardi. Istasam gapirtirib, istasam pustirib o’tirardim.

Xuddi “Katta” o’ylaganidek, bir zumda minbarning yonida so’zga chiquvchilar bepul go’sht berayotgan do’kon eshigi og’zida to’plangandek yig’ildilar. Ularning orasidan biri otilib minbarga chiqdi. U matbuot vaziri Ibodulla Uzoqov edi. “Katta” uni ilgari u qadar yaxshi tanimasdi, lekin oldingi “Katta”lar zamonida “urilib” ketgani uchun mansab berdi. Chunki “oldingilarning ishongan tog’larini ularning dushmanlari yiqitadi” degan qoidaga ishonardi.Bu ham sadoqat bilan xizmat qilayapti, deb o’yladi “Katta”. Tabiiy hol. Bir marta kaltak egan odam yo’l chetidagi cho’pdan ham hadiksiraydi. Lekin fe’lida bir oz haqiqatga qayishadigan tomoni ham bor, bu ham tabiiy hol. Bir marta nohaqlik tufayli sindirilgan kishi keyin haqsizlikni ko’rganda qiynala boshlaydi. Ammo u keyingi vaqtda Xayrulloga yaqinlashib qoldi. Oralarini buzish kerak. Hatto it ham ikki kishiga birdan sodiq bo’lolmaydi. Ibodulla Uzoqov favqulodda holat ro’y bergandek, tashvishli ohangda gapira boshladi:

– Do’stlar, xalqimizning aziz vakillari, bundan ikki daqiqa oldin mustaqilligimizni xavf ostiga qo’yadigan voqeaning oldini oldik. Majlisimizga Shavkat Temur boshliq bo’lgan harakatning a’zolari “Biz Markaziy televidenie muxbirlari” deya soxta hujjat bilan kirishgani va bu erdagi tortishuvimizni ipidan ignasigacha yozib olayotgan paytda qo’lga tushirdik. Kameralarini tortib oldik va o’zlarini hurmatli mirshablarimizga topshirdik. Ular yozib olganlarini Moskvaga etkazib bermoqchi ekanlar. Bu xoinlikning birinchi pardasi. Ikkinchi pardasi esa bundan bir soat oldin yuz berdi. Moskvaning “Xabarlar” ko’rsatuvi ushbu majlisimizda “Katta” ishdan olib tashlandi, degan mash’um xabarni e’lon qildi. Bu xabarni mana shu erda o’tirgan ayrim deputatlar yuborishganini ham o’rgandik.Ulardan biri o’zini sotib qo’ydi.Biz Moskvaga telefon qilmoqchi bo’lib turganimizda “Menda televidenie rahbarining telefoni bor” deb qoldi. Hatto ular do’st ham ekanlar. Mana sizga xoinlik,mana sizga haqiqat!

Zalda shovqin-suron boshlandi. Ha, qozonni qaynatib yubordim, deb o’yladi “Katta”. Kecha matbuot kotibi bu o’yin haqida gapirganida u qadar ahamiyat bermagandim. Lekin ish berib qoldi. Tirranchalarning hammasi tuzoqqa tushadigan bo’ldi. Xoinlik tamg’asini yopishtiraman ularga. Ularning somonxonasi shu er ekan. Ammo Ibodullo Uzoqov xam o’pkasini yutgan odamlardan, artistlar bunday gapira olmaydi. Ba’zan shunaqangi so’zlarni topadiki, odamni eritib suvga aylantirib yuboradi. Aslida unga ham qiyin. Bir marta ishdan “urilib” atrofdagi odamlarning munosabatini, kamsitishlarini ko’rdi. Endi yana yuqoriga chiqib qoldi. Tushib ketmaslik uchun artistlik u yoqda tursin, tulkilik ham qiladi. “Katta”ning xayoli yana bo’lindi. Chunki o’rtadagi mikrofon oldiga Mirtemir kelgandi. U majlis raisining mikrofonni ochishini kutmasdan hammaga eshitiladigan ovozda gapira boshladi. Ammo “Katta “ba’zi kalimalarni tushuna olmagani uchun majlis raisiga “mikrofonni och” deya ishorat qildi.

– Birinchidan, hurmatli vazir bilib qo’ysinlarki, bu majlis to’g’ridan to’g’ri televidenie orqali ko’rsatilmoqda. Ikkinchidan, siz kamerasini olib qo’ygan odamlar haqiqatdan ham televidenie muxbirlaridir.Biz ularni yaxshi taniymiz. Uchinchidan esa siz ismini aytishga qo’rqqan va xoinlikda ayblaganingiz men bo’laman. To’rtinchidan, Moskvadan berilgan xabar orqasida katta o’yin bor, bu xabar hukumat idoralaridan etkazilgani haqida ma’lumot oldik. Beshinchidan esa Moskvadagi televidenie boshlig’i ilgari shu erda ishlagan va uni ko’pchilik yaxshi taniydi. Yuqoridagi o’yinni fosh etmoq uchun uning telefonini vazir janoblariga men berdim. Birgalikda telefon qildik, lekin boshliq ta’tilda va chet elga ketgan ekan. Bu voqea bundan bir soat oldin emas,balki ertalab yuz berdi. Lekin vazir kartaning ikkinchi tomonini ko’rsatayaptilar…

…O’zim chiqsam hamma narsa qaytadan boshlanadiganga o’xshaydi, Ibodulla Uzoqov hol qo’ydi. Lekin bu hol go’zallik holi emas, balki fohishaning labidagi zangor holga o’xshaydi. Ishni shu qadar ham xom qilish mumkinmi? Zaldagilarning kayfiyatlari yuz foiz o’zgarib turgan bir paytda hamma ishni buzib yubordi.

“Katta” o’ylarini tizginladida barmoqlari bilan oldida turgan mikrofonni cherta boshladi. Bu “mikrofonni och” belgisi edi. Rais “ochildi” deya boshi bilan imo qildi.

– Mirtemirjon, – deya Mirtemirning so’zini kesdi “Katta”. – Ko’rinib turibdiki, o’rtada anglashmovchilik bor. Lekin g’isht qolipdan ko’chgan, tuhmat esa boshimizga yog’ilgan. Shu sababdan majlisning alohida bir komissiyasini tuzishni taklif qilaman va uning raisligiga hammamiz uchun adolatning tarozisiga aylangan hurmatli shoirimiz Vohidov akaning nomzodini ko’rsataman.

“Katta” bir o’q bilan etti quyonni urgandek his qildi o’zini. Vohidovning so’zga chiqmagani uchun shirin gaplar bilan taqdirlagan bo’lsa, ayni paytda bu nomzod Mirtemir va uning do’stlarini ham qoniqtiradi.Chunki ular hali o’yinning farqida emas. Vohidovni ozod inson deb o’ylashayapti. Bu komissiya boshida Vohidov tursa, xulosani istagan so’qmog’imga buraman.

– Hurmatli raisimizdan iltimos qilaman masalani ovozga qo’ysinlar, – dedi “Katta”. So’ng bir narsa esidan chiqib qolgan kishidek yana mikrofonni ochtirdi.

– Ha, darvoqe, bu komissiyada muxolifatdan ham bir kishi o’rin olishini istayman. Mening nazarimda Surat Boltaev eng to’g’ri nomzod. U kishi hozirki hozir, sotsializm davrida ham rahbarlarning yuziga kamchiligini ochiq aytgan insonlardan, – “Katta” majlis raisiga burildida so’zini davom ettirdi: Endi ovozga qo’yishingiz mumkin.

– Boshqa takliflar bormi? – deya zalda o’tirganlarga murojat qildi rais. “Ho’kiz” deb o’yladi”Katta”. So’rab o’tirguncha ovozga qo’yavermaysanmi? Hozir yana tortishuv boshlanib ketsa nima bo’ladi? Xayriyatki, o’tirganlar boshqa bir taklif ko’rsatishmadi. Rais ovozga qo’ygandi “Katta”ning taklifi tasdiqlandi. Demak, mashina ishlay boshladi, deb o’yladi “Katta”. Odamlarning asabi o’z o’rniga qaytdi. Asab mashinaga o’xshaydi,yo’ldan chiqdimi tamom, yana qaytib izga tushguncha kutib turmoq kerak. Bir izga tushib olgandan keyin temir yo’lda harakat qilgandek bir chiziq bo’ylab boraveradi. Endi nimani ovozga qo’ysak,o’tib ketaveradi. Lekin bugun “risk” qiladigan payt emas, asablarni yaxshilab o’ldirishim kerak. U yana majlisga qarab “Men so’z istayman” dedi va o’rnidan turib minbarga qarab yurdi. U minbarga etib kelgan va gapira boshlagan bo’lsa ham majlis raisi unga so’z berilajagini e’lon qildi.

– Bugun mening sha’nimga aytilgan hamma gaplar, hamma tankidlar to’g’ri. Inson xatosiz bo’lmaydi. Men ham onamdan “Katta” bo’lib tug’ilganim yo’q. Sizning yordamingizga muhtoj odamman. Mana qo’limda o’ttiz sakkiz millatvakili imzo qo’ygan bayonot bor. Oz emas, ko’p emas o’n sahifadan iborat. Bu erda iqtisoddan siyosatga qadar hamma sohada yo’l qo’yilgan kamchiliklarim ko’rsatib berilgan. Bundan keyin bu hujjat men uchun yo’lchi yulduz bo’ladi. Buni Mirtemir ukamiz yozganini ham yaxshi bilaman. Adolatni va bor gapni yozganki, aytaylik, shuncha millatvakili uning ostiga imzo chekkan. Men bu erda, ya’ni mana bu manbarda qo’limni peshtaxta qilib o’zimni oqlamoqchi emasman… – “Katta” ba’zi so’zlarni adashib aytayotganini o’zi ham his qildi. “Aytaylik” kalimasini “eytaylik” deb yuborgandan keyin xayolida adashdim degan fikr aylana boshladi va minbarni “manbar”, peshni “peshtaxta” deb gapirdi. Nutqimni qisqa qilishim kerak, aks holda o’zim ham izdan chiqib ketishim mumkin, deb o’ylagan “Katta” masalaning ikkinchi qismiga o’tdi.

– Aslida bugun saylov haqidagi qonun muhokama etilishi kerak edi.Tanqidlar shuni ko’rsatadiki, bu qonun loyihasida ham jiddiy kamchiliklar mavjud. Shu bois uni orqaga olmoqchiman.

“Katta”ning ko’zi zaldan pildirab chiqib ketayotgan kishiga tushdi. U oltin konlarining boshlig’i edi. “Voy, ablah!” deb o’yladi “Katta”. “Voy, nonko’r! Seni o’ris deb bo’shatishni talab qilganlar oz bo’ldimi, qing’ir-qiyshiq ishlaringni ro’kach qilganlar-chi? Xo’p, sodda odam ekanman. Insonlarni tanimoq qiyin deyishardi, ishonmasdim. Qara-ya, tag’in men gapirayotgan paytda isyonkorona chiqib ketmoqda.

– Ana u Ivanov singari odamlar uchun farqi yo’q, – “Katta” ko’rsatgich barmog’i bilan zaldan chiqib ketayotgan kishini ko’rsatib, jahl bilan so’zda davom etdi. – Bular uchun hech narsaning farqi yo’q. Aytaylik, mas’uliyatni ham bilishmaydi, aytaylik, rahbarlikni ham bilishmaydi, aytaylik, ish qilishni ham bilishmaydi, aytaylik, mana shu erda o’tirishni ham bilishmaydi! “Katta” qo’lini musht qilib qanday o’tirish kerakligini ko’rsatgan bo’ldi va so’zda davom etdi:

– Mana shunday latta rahbarlar tufayli men jo’jaxo’rozlarning yonida qizarib qolaman. Ana shunday ishyoqmaslar tufayli menga dashnom berishadi…

Shu payt Mirtemir o’rnidan turib “Katta”ga yuzlandi:

– Kechirisizu lekin shu erning o’zida ham o’zingizga zid gapirayapsiz. Hozirgina xatolaringizni tan olib turgandingiz, orqasidan kamchiliklaringizni ko’rsatgan odamlarni mensimasdan haqorat qilayapsiz, – dedi.

“Katta” izdan chiqib ketganini sezib qoldi, shekilli, tomog’iga bir narsa tiqilgan odamdek kafti bilan og’zini bekitib yo’talgan bo’ldi. Bu yolg’on yo’talishi o’zini ham qoniqtirmadi, bardoqda almashtirilmay qolgan suvni olib ho’pladi. Majlis xizmatkorlari hayotlarida ilk bor bunaqangi tortishuvni ko’rishganidan hind kinofilmini tamosha qilayotgan bolalardek og’izlari ochilib qolgan va suvni almashtirishni ham unutishgandi. “Katta” bardoq ostidagi bir ho’plam suvni ichib bo’lgach, buni angladi va qo’lidagi bo’sh bardoqni raisning yuziga uloqtirmoqchi bo’ldi. Lekin o’zini tutib qoldi.

– Siz haqsiz, – dedi u Mirtemirga qarab. – Raisdan iltimos ,majlisning bugungi qismiga shu erda nuqta qo’ysin. Ivanovga o’xshab charchab qolganlar mehmonxonaga borib…

“Katta” “mehmonxonaga borib araqlarini ichsin” demoqchi edi, lekin gapining davomini yutib yubordi.

– Iltimos qilaman yoshu mard va jasur millatvakillari shu erda qolsinlar. Kerak bo’lsa ertalabgacha o’tirib masalalarni muhokama qilamiz, kerak bo’lsa kelajak uchun dastur hozirlaymiz, – dedi.

Majlis raisi nima qilishini bilmay, shoshib qolgandi. “Katta”ning oldida gunoh qilib qo’ygan boladek seskanib turardi. Majlisni yopishga talaygina vaqt bo’lsada, u itoatkorlik bilan “Katta”ga bo’ysundi va bu orada o’zini ham oqlab olmoqchi bo’lgandek millatvakillariga murojaat qildi:

– Bizda demokratiya yo’q ,deganlar kelib demokratiyani bizdan o’rganishsin. Bugun bu erda parlamentimiz bizni sevmaganlarga demokratiya darsi berdi. So’z erkinligi yo’q, deganlarning bo’g’ziga paxta tiqildi. Mikrofonlarimiz har bir so’z istagan millatvakili uchun ochiq edi bugun. Matbuot erkinligi yo’q, deganlarning ham paytavasiga qurt tushdi. Chunki bugungi majlisimiz jonli o’laroq namoyish etildi. Tanqid va o’z-o’zini tanqid yo’q, deganlar yuzlari shuvut bo’lib qoldilar. Chunki istagan odam “Katta”mizni tanqid qildi. “Katta”miz bu tanqidlarni qabul qildilar. Mana shunday ishchan ruh va kayfiyatda majlisimizga ertaga qadar tanaffus beraman. Ammo hurmatli “Katta”miz bilan savol javobi bo’lgan yoshlar qolsinlar!

“Katta” majlis raisining yaltoqlanishiga zaharxandali jilmayishi bilan javob qildi. Zalda yuzga yaqin millatvakili qoldi ularning orasida Vohidov, Iso Xolis, Asqarov yo’q edi. Ular yo o’zlariga oid vazifani bitdi deb, o’zlarini yoshlarga daxldor bo’lmaganlarini “ko’rsatib qo’yish” uchun ketib qolgandilar. “Katta” yoniga yordamchisi Pavelni chaqirdi:

– Sen daftar ol, – dedi. – Uni surguchla. Qanday talab tushganini, talab kim tomondan berilganini, kim bajarajagini va muddatini yozib bor. Oxirida har ikki tomon qo’l qo’yamiz.

Kommunistik partiya davrida har bir idorada ana shunday daftarlar yuritilardi. Bu intizomni saqlashning asosiy omili hisoblanadi. Ammo tashqarida ko’zbo’yamachilik, daftarda esa so’zbo’yamachilik hukmron bo’lardi. Hammaning diqqati ana shu daftarlarga qaratilar va ularni surguchlashdan to’ldirishga qadar bo’lgan daqiqa hayot mamot masalasiga aylanardi. “Katta” shu tajribadan kelib chiqib intizom o’rnatmoqchi edi.

– Siz gapiring men eshitaman, – dedi “Katta” millatvakillariga. – Har qanday masalani,har qanday ohangda gapirishingiz mumkin. Zotan televizorchilar ketib qolishgan. Xalqqa ko’rinib qo’yish uchun gapiradiganlar ham ketib bo’lishdi.Xo’sh,kimdan boshlaymiz?

Mirtemir o’rnidan turib: “Biz hamma talablarimizni majlisga taqdim etilgan bayonotimizda ifoda etgan edik”, – dedi.

– U majlisga berilgan hujjat, ko’pchilik imzo qo’ygan va ba’zilari allaqachon imzolarini qaytib olishdi. Shu sababdan har kimning mendan qanday talabi bo’lsa,marhamat, aytsin, men bajaraman. Sizlarga yana bir takrorlamoqchiman, atrofimdagilar bilan ishlash qiyin, yalqovlar, yolg’onchilar, manfaatparastlar qurshovida qolganman, sizning yordamingizga muhtojman!

Shu payt yirik gazetalardan birida bosh muharrir o’rinbosari bo’lib ishlayotgan Zamon Ubaydullaev pildiragancha minbarga chiqdi.

– Men uzoq rayondan saylanganman. Majlisda faqat gap bo’layapti-yu natija yo’q. Hozir dehqonlkarning eng muhim pallasi. Tabiat, ob-havo bizning tortishuvlarimizni kutib o’tirmaydi. Men saylovchilarim nomidan “Katta”mizga iltimos qilmoqchiman. Bizga bir dona traktor ajratsangiz, ertaga shudgor ishlari boshlanib ketadi, traktor hayotiy masalaga aylanadi.

– Yaxshi, – dedi jiddiy ohangda “Katta” va ishchanlik kayfiyatida Pavelga qayrilib:

– Yoz, Qishloq xo’jalik vaziri nazoratga olsin, o’n besh kundan keyin natijasini menga aytasan, – dedi. Zamon Ubaydullaevning bu talabi bejiz emas edi. Qolaversa u bu qadar sodda ham emas. Gazetadagilar u haqda gapirganda “Chankagan odamni daryoning soxilidan suvsiz kaytaradi” deyishadi.Xozir xam uning talabi soddalarga karshi yo’naltirilgan bo’lib, qopning og’zini ochib yubordi. Millatvakillari birin-ketin avtobus so’rashga, gaz o’tkazib berishga, suv quvurlari yotqizishga, kolxozdan klub ochishga, bolalar bog’chasi qurishga oid talablarini ayta boshladilar. Bu hodisadan Mirtemirning jahli chiqdi va oldingi qatorda o’tirgan Oynisaga:

– Sizga ham bir dona traktor kerak emasmi? – dedi. – Vaqtni qochirmang, temirni kizig’ida bosing.

Oynisa Mirtemirning nimaga shama qilganini angladi, shekilli, o’rnidan turib minbarda talabini aytayotgan millatvakilining so’zini bo’ldi:

– Biz rayon selxoztexnika idorasining majlisiga kelganimiz yo’q. Bu erda mamlakatimizning kelajagi, tanlagan yo’limiz haqida bir qarorga kelishimiz kerak, – dedi.

Gapirayotgan yigitning bunga jahli chiqdi:

– Traktor mraktor so’raganlarga bir nima demaysiz, lekin men maktab haqida gapirayotganimda, so’zimni bo’lasiz.Xo’sh, maktab mamlakatning kelajagi emasmi? Erlar shudgor qilinmasa, millat och qolmaydimi, qishloqqa gaz o’tmasa, odamlar sovuq qotmaydimi? Mana bu erda o’tirib olib Turkistonni tuzganingiz bilan xalqning hayoti o’zgarmasa nima foydasi bor?!…

Mirtemir o’rnidan turib minbarning yoniga keldi va ma’ruzachi so’zini bitirishini kutib turdi. Buni ma’ruzachi “gapingni kalta qil” manosida tushundi, shekilli, jahl bilan minbarni tark etdi. Mirtemir uning o’rniga chiqdi-da:

– Millatvakili prorab, zootexnik, quruvchi emas. U davlat arbobidir. Bugun sizning biringizga traktor berilar ekan, bu osmondan yoki Urusiyaning hisobidan olib berilmaydi.Balki birovning haqqi yulib olinib sizga beriladi.Bu etakning bir tomonidan kesib olib, boshqa bir tomonini yamagandek gap. Masala esa xatto etak haqida ham emas, masala etakning gazlamasi haqida. Biz bugun qaysi yo’ldan borishimizni aniq belgilab olmas ekanmiz, millatvakillarimizning tushiga faqat traktorlar va avtobuslar kiraveradi. Turkiston haqida gapirdingiz. Bugun uchun eng yaxshi malham Turkiston birligidir. Turkistonning millat, til, madaniyat birligi haqida gapirishning hojati yo’q, chunki bu mavjud va bor haqiqatdir. Uni inkor ham, yo’q ham etolmaysiz. Ammo iqtisodiy birlik, harbiy birlik bizning kelajakdagi eng buyuk qurolimiz bo’ladi…

“Katta” mikrofonni cherta boshladi.Mirtemir so’zini kesib “Katta”ga burildi:

– Mening traktor yoki avtobus talabim yo’q. – dedi va minbardan tushdi.

“Katta” suvning oqishi boshqa yoqa burilib ketishini o’nglamoqchi edi.

– Uka, – deya u Mirtemirga yuzlandi. – Siz mening yuragimdagi gaplarni aytdingiz. Lekin ko’rinib turibdi-ki bugun bir qarorga kelolmaymiz. Shu sababdan kelishib olsak. Men ertadan boshlab parlament talablarini o’rganish,ular asosida siyosat yo’lini belgilash uchun o’zimga bir yordamchi vazifasini joriy etsam. Unga kerakli barcha huquqlarni bersak.U siz bilan mening har oyda bir marta mana shunday yuzma-yuz uchrashuvimni tashkil etsa, talablaringiz ijrosini nazorat qilib borsa. Sizlar bilan birga mamlakat ichki va tashqi siyosatining dasturini hozirlab, menga taqdim etsa va ijrosini nazorat qilib borsa. Nima deysizlar?

O’rtaga bir zum sukunat cho’mdi. Bu ayni paytda tashabbuskor millatvakillarining mag’lubiyat ko’chasiga kirganlarini tan olganlari ifodasi bo’lsa, boshqa tomondan rizolik alomati ham edi. Sukunatni yana “Katta” buzdi:

– Oralaringizda mana shu vazifani bajara oladigan mard topiladimi? Tanqid qilish oson, lekin bir ishni bajarish oson emas. Mana Mirtemir ukamiz tanqid qilishni sevadilar. Agar xalq va mamlakat haqida o’ylaganlarini amalga oshirmoqchi bo’lsalar, kelsinlar birgalashib ishlaylik. Meni ishontira olsa, har qanday yo’ldan borishga roziman, – dedi.

Mirtemir o’rnidan turib rad javob bermoqchi edi, Po’lat Ahmedov “O’tirsangizchi” – dedi unga. Ibod To’raev esa “u rozi, biz ham uning nomzodini ko’rsatamiz” – dedi. Oynisa bo’lsa, orqaga qayrilib, Mirtemirga “Tabriklayman” deya jilmayib qo’ydi.

– Demak, Mirtemir ukamizni tabriklayman, – dedi “Katta” – Pavel, sen hamma talablarni Mirtemirga topshirasan va bu masalalarda unga yordam berasan. Qolgan gaplarni esa ertaga gaplashamiz, – deya “Katta” majlisga nuqta qo’ydi. “Katta” o’rnidan turib eshik tomon yurar ekan, Pavel uning yoniga kelib:

– Nozir akani ushlab turibmiz, Kraynov gapga tutib turibdi, yoki javobini berib yuboraylikmi? – deb so’radi.

– Chaqir, bog’da gaplashamiz, – dedi “Katta”. Nozir Jabborov “Katta”ning institutda birga o’qigan kursdoshlaridan biri edi. Nozir “Katta”ga ko’ra oldinroq mansab kurslarini bosib o’tdi. Vazir bo’ldi, keyin Markaziy Qo’mita bo’lim mudiri, undan keyin yirik viloyatning rahbari. Juda ko’p xayrli ishlari bilan xalq orasida nomi chiqdi. Qaysi viloyatda qurilish, obodongarchilik, xalqqa xizmat oqsab qolsa, uni o’sha yoqqa yuborishardi. “Katta”ga ham uning ko’p yordami tekkan. Nozir Jabborov Mirtemir yashagan viloyatga rahbar bo’lib kelganda, bu erda biror ish qila olmaydi, deb o’ylashgandi. Chunki butun jilovlar o’g’ri “bobo”larining qo’lida edi. Bir yilning ichida Nozir Jabborov o’g’risi bormi, mafiyasi bormi axlatni supurgandek supurib tashladi. Sichqonning inini ijaraga olgan bu toifa odamlar Moskva “teshigi”dan yorug’likka chiqdilar va tuhmat bilan Nozir Jabborovni qamadilar. Mirtemir Nozir Jabborovni ozod qiluvchilar harakatiga qo’shildi.O’sha kezlarda “Katta” endigina jumhuriyatga rahbar bo’lgandi. Viloyatga kelib “To’polonchilar” bilan uchrashdi.

– Nozir Jabborov sizdan ko’ra menga yaqinroq. U mening jon do’stim. Uning ozod bo’lishi uchun har kuni iltijo qilaman. Agar sud bo’lsa va u oqlansa, mana shu erda erkak so’zini berayapman, uni o’z joyiga tiklaymiz, dedi. Oradan ko’p o’tmay Nozir Jabborov oqlandi, lekin ishsiz qoldi. Yana viloyatda uni o’z joyiga tiklash harakati boshlandi. Bu safar “Katta” tish-tirnog’i bilan unga qarshi kurashdi. Uni badnom qilish,yomonotliq sifatida xalqqa ko’rsatish uchun butun hunarini ishga soldi. Viloyatga Nozir Jabborovni emas Po’laboy Rashidovichni rahbar etib tayinladi. Saylovlar boshlanganda Nozir Jabborovni o’zi tug’ilgan tumandan millatvakili etib saylashdi. Saylov natijalarini hisobga olishmadi. Ikkinchi bor saylov o’tkazildi. “Istasang ukangni bo’shatamiz,uning o’rnida ishlaysan, so’ngra o’sha tashkilotga rahbar bo’lasan” deyishdi. Mana endi kursdoshlar yuzma-yuz uchrashib turibdilar. “Katta” Nozir Jabborovning elkasiga qo’lini qo’yib:

– Do’stim, senga ko’p sitam o’tdi. Hammasidan xabardorman .Xudo hohlasa, yorug’ kunlar oldinda. Seni o’z vazifangga tiklayman. U viloyat sensiz xarob holga keldi. Kecha seni qidirgandim, topolmadim, yordaminga muhtojman. Bugun guvohi bo’lding, atrofimdagilardan birortasi meni himoya qilmadi. Bundan keyin senga o’xshagan do’stlarimga tayanishim kerak. Uzoqning donidan yaqinning somoni yaxshi, deydilar.

– Siz bilan uchrashish uchun bir yildan buyon urinaman, lekin Kraynov doim To’rabekovga jo’natadi. To’rabekov esa yolg’onchi, so’zida turmaydigan odam.

– Nima qilay kunim shundaylarga qolgan. Xudo hohlasa birgalashib undaylarning bit bosgan ko’rpasiga o’t qo’yamiz. Mana shu majlis o’tsin, huzurimga kel, seni viloyatga rahbar etib tayinlayman. Bu samimiy gap. Erkakning gapi bitta bo’ladi. Ana u Po’laboyga ishongandim g’irt poraxo’r, xotinboz, muttaham chiqdi. Uni qamoqda chiritaman. “Katta” biroz aylangandan keyin Nozir Jabborovga javob berib yuborarkan:

– Bu tirranchalarga ishonib bo’lmaydi. Ertaga qaytadan bosh ko’tarishlari mumkin. Shunday bo’lib qolsa, o’zingni ko’rsatasan, – dedi.

– Menimcha ularning ishini bitirdingiz, – dedi Nozir Jabborov xayrlasharkan.

Darvoqe, majlisdan bir kun oldin Mirtemir Nozir Jabborovning yoniga kelgandi.

– Men bu o’yinlarni ko’p ko’rdim, – dedi Nozir Jabborov. – To’qqiz oy qamoqxonaning zax bir hujrasida yotarkanman bunday o’yinlarga kirmayman, deb qasam ichkanman.

– Nahotki, buni o’yin deb o’ylayapsiz?

– Sizlar uchun o’yin bo’lmasligi mumkin, ammo ular uchun o’yin bu, – dedi Nozir Jabborov boshmaldog’i bilan yuqorini ko’rsatib. – Sizni ukam,hurmat qilaman. Shu bois ochig’ini aytay, men “Katta”ni yaxshi taniyman. Uning mahorati yonida shayton ip esholmaydi. Sizlar esa siyosiy o’yin nimaligini bilmaydigan beg’ubor yigitlarsiz. Bu yo’lda qurbon bo’lib ketasizlar.

– Suvning oqishiga qarasak ham qurbon bo’lamiz. Undan ko’ra bu suvni boshqa tomonga burish uchun urinib ko’rsak,natija chiqsa chiqdi,chiqmasa qurbon bo’lsak, yaxshiroq emasmi?

– Dunyodagi eng oson ish qurbon bo’lishdir. Eng qiyini esa qurbon bo’lmaslik.

– Demak, eng yaxshisi o’rta yo’l ekan-da.

– Sizga tushuntirishga qiynalayapman. Menimcha vaqti kelib o’zingiz anglaysiz. Lekin qalban, ruhan, vijdonan sizlar bilan birgaman.

Bu suhbatni “Katta”ning josuslari magnit lentasiga yozib olishgandi. “Katta” suhbatni eshitib ko’rgach:

– O’yinga kirmaydigan odam! Seni shunday o’yinga kiritamanki, nom nishonsiz yo’qolib ketasan, – deya baqirgandi. Mana endi Nozir Jabborovni u o’yinga tortish uchun ilk qadamini tashladi. “Katta” biroz engil tortdimi, boshi sim-sim og’riyotgani yodiga tushdi. Yordamchisi Kraynovga:

– Yugur, Nozirni yo’ldan qaytar, men yuqorida bo’laman. Bugungi g’alabani yuvishimiz kerak, – dedi.

“Katta” doim gavjum bo’ladigan saroy bog’ida hech kim yo’qligini ham e’ibordan chetda qoldirmadi. Qo’rqoqlar, deb o’yladi, har tarafga qochishgan. Pana panadan poylab turishibdi. Bu dunyo naqadar xiyonatkor. Bularning hammasiga ish berdim, maosh berayapman, oilalarini meni hisobimdan boqishayapti. Yana boshimga bulut kelganda qochishdi. Ertaga o’rnimga boshqa biri kelsa ular hech narsa ko’rmagandek uning tovog’ini yalaydilar.

Kraynov bilan Nozir Jabborov harsillagancha etib keldilar.

– Og’ayni, charchabsan, tennis o’ynashni tashlab yubordingmi? – dedi “Katta” Nozir Jabborovga.

– Charchaganim yo’q, hali Kraynovga o’xshaganlarning beshtasini charchataman.

(Birinchi kitob tugadi).
1995-1996.

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Google photo

You are commenting using your Google account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: