Jahongir Mamatov: “QUVG’IN” romani

10. POMUQQAL’A

Mirtemir hali boshini silagan onaizorining ruhi bilan gaplashgisi, xayolan bo’lsa-da dardlarini unga yoygisi keldi. Lekin ruhni topolmadi. Nahotki, tark etdilar? Yo’q, demak holati yaxshi. Ruhlar og’ir damda madadga keladilar… O’tirgan joyida ko’zlari yumilib, mudray boshladi u…

… Sharshara. Go’zal qizning sochlariga o’xshaydi. Tog’ oppoq. Adirlar oppoq. Bu erni Pomuqqal’a, ya’ni Paxtaqal’a deyishadi. Tog’ ostidan issiq suv oqib chiqadi. Qishda ham, yozda ham bu er sayyohlar bilan to’la. Lekin shu damda undan boshqa odam yo’q.

“Oyoq kiyimingni chiqar!”

“Nega?”

“Bu erda oyoqyalang yurish kerak, bo’lmasa musaffolikka g’ubor tushadi.”

“Sen kimsan?”

“Men Pomuqqal’a!”

“Nega tanhosan?”

“Men tanho emasman. Quchog’imda ming-ming odamlar bor”.

“Qani ular?”

“Pomuqqal’aga kelsang ko’rasan. Antaliyaga kelding. Lekin ilgari borgan edim, deya Pomuqqal’aga o’tmading.”

“Hozir keldim-ku!”

“Yo’q, hozir men keldim. Seni ziyorat etib ketmoqchiman”.

“Nega meni ziyorat etasan?”

“Atrofing korong’ulik, zulmat bilan to’ldi.. Yorug’lik bor ekanini ham eslatmoqchiman”.

“Sen nega bu qadar go’zalsan?”

“Chunki sen go’zallikni sog’inganing uchun!”

“Nega bu qadar mehribonsan?”

“Chunki mehrga tashnasan”.

“Nega bu qadar yaqinsan?”

“Chunki sen juda uzoqdasan”.

“Buncha yaqinlashma, oydinlikdan bo’g’ilayapman”.

“Oydinlikdan bo’g’ilish hammaga ham nasib etmaydi”.

“Ko’zlarim oydinlikdan yonmoqda”.

“Ko’zlaringni och, shunda yonmaydi”.

Mirtemirning birdan oyog’i toyib ketdi. Pomuqqal’a tepaligidan pastga emas yuqoriga uchib ketdi. Cho’chib tushdi. Ko’zlari ilinib, tush ko’rayotgan ekan.

Temir eshikning panjarasidan yonib turgan chiroqning nuri ko’zlariga tushib turibdi. Bir lahza tushini eslamoqchi bo’ldi-yu, bir uchini eslasa, ikkinchi “uchi” yodidan chiqib ketaverdi.

Nima bo’lganda ham yorug’lik, oqlik… yaxshi bo’lsa kerak, deb o’yladi. O’zining bu bolalarcha xulosasi yana vujudini rohatladi. Ko’zlari sekin yumula boshladi…
(DAVOMI BOR).

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Google photo

You are commenting using your Google account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s