Nuqtai nazar

QARSAK CHALISH MALOL KELADIMI?

So’ngi paytlarda e’tiborimni bir narsa torta boshladi. Ayniqsa hozirgi yosh san’atkorlar kontsert berganlarida tomoshabinlardan umid ilinjida so’raydilar. “Qani olqishlaringiz!”, “Qarsaklaringiz”. Kontsertni olib boruvchilar ham huddi shunaqa tarzda san’atkorga qarsak olib beradi.

O’zbek xalqi qarsak chalishni unutib yubordimi? Bu narsa madaniyatimizga begona illat bo’ldimi?
90 yillarda “Iqbol”, “Quvnoqlar va zukkolar” bellashuvlari bo’lardi. Olib boruvchilarning qarsak so’raganini men eslolmayman, ammo zaldagi qarsaklar soniyalar davomida shunday bir ma’romga borardiki butun zaldagi tomoshabinlar kaftlari ayni paytda “qars” chiqarardilar va yakunida besh qarsakka aylanib ketardi.

Hozirda taniqli, ko’pchilik sevib tinglaydigan xonanda kontsertida ham “so rab” olingan qarsak yarim yo’lda “jon beradi”. Nega bunday? Sabab ertangi kun tashvishi. O’zbek xalqi hozirgi kunda kontsertga dam
olishga keladi, ammo ertaga qanday qilib oila boqish uchun pul topish haqida o’ylaydi. Butun xayoli kontsertda emas, yarmidan ko’pi ertangi kun haqida. Qorin g’ami O’zbekiston xalqining birinchi raqamli muammosiga aylandi.

Shu o’rinda men tez-tez eslab turadigan voqea yodimga keldi. 1996 yilda litseyda o’quvchilar berilayotgan ovqatlarning sifati pastligi va ularning haqidan urib qolinayotgani haqida Respublika xalq ta’limi vazirligiga yozishdi.

Bir amaldor keldi va faollar zalida direktor, amaldor va barcha o’quchilar orasida yig’ilish bo’lib o’tdi. Amaldorning litsey direktoriga sotilgani yaqqol bilinib turardi. Faqat direktorning haqligi haqida va’z o’qigan amaldor “Savollar bormi?” deya o’quvchilarga yuzlandi. Hamma jim edi.

Ikkinchi marta ayni savol qaytarildi. Butun zal jim edi. Bir sipo o’quvchi qo’lini ko’tardi. “Marhamat!” dedi amaldor. “Sizlar umuman haqiqatga qarshi siyosat yurityapsizlar, bizlarni ochiqchasiga ezib qo’yyapsizlar” dedi.

Butun zalda gulduros qarsak! Bu qarsak juda uzoq davom etdi. O’quvchilar butun alamini qarsakdan oldilar. Bu qarsak amaldor va direktor yuzlariga urilgan tarsakining o’zi edi.

Ha, biz kimningdir birinchi qadamini kutamiz. Kimningdir bahodirligini kutamiz. So’ngra unga jo’r bo’lsak tog’ni talqon qiladigan xalqmiz, ammo jo’r bo’lishga ham qo’rqsakchi, unda o’sha pahlavonning sho’ri quriydi. Afsuski bizning ichmizda bunday pahlavonlar sanoqli.

Alqissa, kontsertlarda taqchillikka yuz tutgan qarsakni so’raganimiz bilan buni madaniyatimizda qayta tiklashga harakat emas, balki insonlarni parishonxotirlikdan qutqarish desak mantiqliroq bo’lsa kerak.

TOHIR JO’SHQIN.

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Google photo

You are commenting using your Google account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: