Diktator degan balodan qutulishingizni tilaymiz!

Musulmon dunyosida oylarning saltanati, deb bilingan Ramazon boshlandi. Keyingi 15 yilda bo’lib kelayotgani kabi, O’zbekistonda bu yil ham Ramazon bir tomonda-qama-qamalar, qatag’on, ikkinchi tomonda-shohga hamdu sanolar, maqtovlar aytish bilan boshlandi.

Shohga qulluq qilganlarning boshida esa, “Faqat Tangriga qul bo’lish kerak”, deb o’rgatuvchi, aslida esa, o’zlari shohning oyog’ini yalayotgan muftiylar, shayxlar, mullalar saf tortishgan. Ularga nima, dasturxonlari to’kin, birov mushuklarini “pisht” demaydi. Ular iftorlarning to’rida, qo’llari moyga botgan.

Xuddi 15 yildan beri hammani mustaqillik bilan qutlaydigan Prezident kabi, ular ham  hammani Ramazon bilan qutlab, bu kunlarga yetganlariga shukur qilishga chaqirmoqdalar.

Biz ham ularga jo’rovoz bo’lib, yo’q joyga sizni qutlamoqchi emasmiz. Ramazon o’ziga xos sinov. Sinovdan oldin qutlashdan ko’ra, sinovdan keyin qutlash mantiqliroqdir. Hozir esa, Ramazonda qiladigan duolaringiz koshki inobatga olinib, zulm va zulmat boshingizdan ketishini, azob-uqubatlardan forig’ bo’lishingizni, diktator degan balodan qutulishingizni tilaymiz. Tahririyat.