Rizo OBID: Yangi she’rlar

rizo_obid_vaslavske.jpgHolland zaminida, yaylovlarida,

Yovshanlar yastanib bo’y taratadi.

Qaragin-qarama mo’nchoqli giyoh,

Epkinda tebranib bo’y taratadi.

Guldasta yasayman yovshan gullardan,

Bag’rimga bosaman galma-gal suyub,

Yolg’izgina o’sha mo’nchoqli giyoh,

Bahra olayotir mendayin to’yib.

Yovshanim-yovvoyi, gulim-giyohim,

Seni o’z yurtimga olib ketaman.

Bormasang dalamda qolaman, desang,

Yuragingga muhabbat solib ketaman.

Yovshanim yonimga kelaqol kulib,

Gul bo’lgin gulshanim kulbam to’rida.

Men seni erkalab o’pib qo’yaman,

Naydan kuylar quyib, quchib qo’yaman.

BEVAFO DUNYO

Dunyo dunyo bo’libdiki, kimga vafo qilibdi,

Necha ming yil o’tibdiki, jonga jafo yetibdi.

Kim qalandar, kim darvesh bari bir xil odamdir,

Kim donoy-u, kim nodondir o’zi ko’rib turibdi.

Kim shaytonga ergashadi, kim ezgulik istaydi,

Orzum mening Olloh uchun odamzot ham bilsaydi.

Afsus dunyo bevafodir, sinov uchun yaralgan,

Kim adashgan, kim talashgan va kim nima qo’msaydi?

Savollar ko’ p qator-qator shaylanishib turibdi,

Kim oyoqda, kim tilida yerni yalab yuribdi?

Ba’zilar bor halim jo’ra, ba’zilari kuf-sufchi,

Kimdir so’zlar, kim taltayib turibdi.

Ibrat uchun bir dononi, bir nodonni yaratgan,

O’rgansin, deb ikkisini bir-biriga qaratgan.

Bu hikmatlar menikimas, dunyonig xazinasi,

Kimlar xushbo’y, kimlar esa badbo’ylikni taratgan.

%d bloggers like this: