ZARB-UL-MASAL

RIZO OBID

Hayvonlar odamning suratlaridir
Turkumning 3-qismi

ILON

ILon sip-silliq ammo,

Zaharli-yu, zaharsiz,

Yal-yal tovlanib goho,

Undan qolar egri iz.
Odamlar bor ilonday,

Avraydi til chiqarib,

Biroq tili tagidan,

Zahar sochar tinmayin.

Ba’zida po’st tashlaydi,

Ko’rsang sovuq tuyasan.

Odamlar bor shundayin,

Yaqinlashsang kuyasan.

Ilonning tili ayri,

Shundan yo’q uning xayri.

Ba’zi ilon odamlar,

Chaqmoqlikka bor mayli.

CHAYON

Dumlari gajak chayon,

Nishin doim shaylaydi.

Zah joylarga kirvolib,

Qulay paytni poylaydi.

Chayonga o’xshaganlar,

Chayonlardan o’tadi,

Pana-pastak joylarda,

Tuhmat toshlar otadi.

Yaxshi-yomon tanlamay,

Sanchadi nayzasini.

Ular halok etadi,

Insonning qanchasini.

Otashkurak bor bo’lsin,

Chayonsifat boshlarga.

O’z zahri o’zlariga,

yetar bunday kaslarga.

TOSHBAQA

Toshbaqaning boshida,

Mustahkam tosh tomi bor.

Qancha urib, otsang ham,

Toshdan qattiq joni bor.

Ammo uning odati,

Ildamroq yurolmaydi,

Ag’anatib qo’ysangiz,

O’nglanib turolmaydi.

Odamlar bor shundayin,

Toshbaqaga o’hshaydi.

Terisi qalin-qattiq,

Hech so’z unga otmaydi.

TIPRATIKAN

Tipratikan hurpayib,

Tikonlarin tiklaydi,

Ammo nishin sancholmay,

O’tirvolib yig’laydi.

Tipratikan kimsalar,

Mayda qadam tashlaydi.

Noo’rin ishlar qilib,

So’ng boshini qashlaydi.

TULKI

Tulki tusi mallarang,

Aldaydi etib garang.

Ayyorlikda bo’rini,

Laqillatar bir qarang.

Eh, sen tulki, deyishar,

Ayor-firibgarlarga.

Ular jezni sotadi,

Tillo, deb zargarlarga.

Hatto sher ham tulkidan,

Aldanadi mung’ayib,

Tulkidan o’tadigan,

Ayyorlar y’oq undayin.

Ammo ovchi tog’a bor,

Tulki zir-zir qo’rqadi.

Tulkisifat odamlarchi,

Ovchidanda o’tadi.