Jahongir Muhammad:Eng katta mafiya -adiblar mafiyasi

SAVOL:Yangiliklarni o’qir ekanman, begunoh gunohkorlarning qaysi bir begona yurtlarda sarson bo’lib yurganlarini, ularning umuman begona jamiyatdagi ahvollarini ko’z oldimga keltira olmayman. Ushbularni o’qib, doim xafa bo’laman.

Pinaklarini buzmay “Respublikamizdagi rivojlanish bunchaga ko’tarilibdi” deyayotgan siyosatchilarning, diktatorlarning gapirayotgan gaplarini umuman tushunmayman. Qayerga qaramang, kimdir qayoqqa ketishni mo’ljallaydi. Puli yo’qlari esa ro’zg’or degan sho’ri qurib ketganni hali ham oldingidek arang tortib yurishibdi.

O’zbekiston nomini bulg’ab tashladilar, siyosatni ustiga har narsani chapladilar. Afsus…, ajoyib ijodkorlarimizning ham anchaginasi o’shalar bilan chaplangan joylarga qorishib ketdi. Nomi ming ulug’ bo’lsin, “Qahramonlik” unvonlarining sanog’i bo’lmasin, siyosatga aralashib Karimovni tomoniga o’tganlarning ijodigina hurmat qilinadi, o’zlari esa “ikkiyuzlamachidir“, chunki ertaga Karimovning ertasi tugasa “O’sha vaqt axmoq bo’lgan ekanmiz” deb o’zlarini oqlashga tushishadilar, hamda yangisini olqishlaydilar.

Ushbu mulohazam ham xuddi shu ijodkorlar to’g’risidadir. Jahongir aka, “haqiqiy ijodkordan yomonlik chiqmaydi” degan iborani men ko’p eshitganman. Bizning eng ulug’ ijodkorlarimiz siyosatga aralashib-quralashib ketgani barchaga ma’lum, o’sha holatdan kelib chiqib, Sizga savol bermoqchi edim.

Abdulla Oripov va hokazo kazo ulug’ ijodkorlarimiz, ajoyib asarlar mualliflari siyosatga aralashib, Karimovni qo’llashadilar (qaysi ijodkorlarimiz hozir siyosatga aralashganini aniq bilmaganim uchun umumiy qilib yozdim), va ular xalqni ahvoli ne kechayotganini Sizu, bizdan-da yaxshi bilishadilar va har kuni eshitib, ko’rishib turishadilar.

Shularni bizlar ijodkor desak, nega bunaqa yo’lni tanlaganlar ular? She’rlarini o’qisang odam mazza qiladi, asarlarini o’qisang iymon e’tiqodni anglatib turadigan satrlarga ko’zing yuguradi, o’ylantirib qo’yadi, satrlarini o’qisang xaqiqiy vatanparvar inson qanday bo’lishligini o’rgatadi, lekin nega o’zlari shunga amal qilishmaydilar? Ularning haqiqiy ijodkor degan nomga arziydigan ijodiy qobilyatlari bor-u, vijdonlari yo’qmi?

Shuncha iflosliklar O’zbekistonda sodir qilindi, shundan so’ng ham qaysi yuzlari bilan ular Karimov tomonida o’tirishibdilar? Pul degani vijdonni sotib olishga qurbi yetadi deb eshitganman, lekin haqiqiy ijodkorning vijdoni sotilishini hatto tassavvur qilolmayman. Xalq uchun kuyinib yozilgan “sodda xalqim, mehnatkash xalqim, tabarruk xalqim” degan misralar qaysi qo’llar, qaysi yurakdan, qaysi vijdon bilan yozilishini men tushuna olmayapman.

Nega ijodkorlar manqurt to’g’risida ajoyib asarlar yozib, muxlislarini yig’lashga keltiradi-yu, o’zlari esa manqurtlik qilishadilar?

Xalqni dardini ham, quvonchini ham o’shalar yoritadilar-ku, nahotki asl hayotda ular umuman boshqa inson bo’lsalar? U holda xalq kimdan haqiqatni, yaxshi kunlarni, ertani ishonch bilan kutadi? Javobingiz uchun oldindan rahmat. (ORZU).

JAVOB: Siz qo’ygan savollar juda og’ir va ularga qisman ilgari ham javob berishimga to’g’ri kelgan.

Bugun esa Sizga ko’pdan beri kuzatib kelayotganim va nihoyat dalillarim yetarli bo’lgan bir narsani aytmoqchiman. Bu borada haliga qadar yozilmagan va aytilmagan. Aslida mafiya haqida juda ko’p yozilgan, lekin adiblar mafiyasi, mafiya bo’lganda ham mafiyalar ichidagi eng kuchli mafiya bo’lgani haqida bugunga qadar yozilmagan. Balki yozish ularga oid bo’lgani uchun ham bu mavzu tesha tegmay qolgan bo’lishi mumkin.

Mafiya nima? Mafiya bu ma’lum guruhlar o’z niyatlarini amalga oshirish uchun hukumat bilan birlashib, g’ayriqonuniy ishlarni amalga oshirishlaridir. Adiblar mafiyasi ming yillardan beri bo’lgan va Sovet davrida ham bor edi, bugun ham eng kuchli mafiyadir.

Sovet davrida nafaqat hokimiyat bilan birlashib ketish, balki hokimiyatni mutloq qo’lga olish darajasiga qadar yetib bordi. Masalan, Sharof Rashidov O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi bo’lgan. Uning Oliy Sovet raisligiga saylanishi ortida G’afur G’ulom mafiyasi turgan. Siz va biz eng buyuk adiblar degan Oybekdan tortib, Abdulla Qahhorga qadar ana shu mafiyaning faol a’zolaridir. Rashidov Abdulla Qahhorni quvg’in qilgan degan gaplar “muridlari”ning to’qigan hikoyalaridir. Rashidov davrida Abdulal Qahhorning “Sinchalak” degan asari barcha oily o’quv yurtlariga kirish imtihonlarida va maktablarni bitirishda hamma vaqt majburiy mavzu qilib qo’yilganining o’zigina “murid”larni yolg’onchiga chiqardi.

Ha, Adiblar mafiyasida ‘eshon’lar va ‘murid’lar masalasi juda kuchli. Aslida adiblar orasida mafiyani “avlodlar” deb atashadi. G’afur G’ulom avlodlari… Hamid G’ulom avlodlari…

Hamid G’ulom isatagan odam bir kunda mashhur bo’lgan va kitoblari tinimsiz chiqib turgan. Istamasa, u qanchalik kuchli ijodkor bo’lmasin, ilhomiga bug’ilib yo’q bo’lgan. Adiblar orasida har doim kamida ikkita-uchta mafiya guruhi bo’lgan. Bular hokimiyatga o’z odamlarini suqish borasida o’zaro raqobatlashib turganlar va hatto bir-birlarini o’ldirtirib yuborish darajasiga qadar yetib borishgan. Masalan, sovet kuychisi Hamid Olimjon misoli.

Mafiya otaxonlariga yoqmaganlarni qamoqlarga tiqishgan. Sovet davrida hatto KGB ham bu mafiyaga qulluq qilgan va uning otaxonlariga yoqmagan adiblarni yo’qotib turgan.

Har bir mafiya guruhlarining o’z adabiy tanqidchilari bo’lgan. Masalan, Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatov. Ahmad A’zam kabi. Ularning doimiy ravishda ulug’lovci va doimiy ravishda tanqid qiluvchi “manba”lari bo’lgan. Buni ham mafiyaning avzoyi hal qilgan. Hamid G’ulomdan keyin mafiyalardan birining boshqaruvi Odil Yoqubovga o’tgandi. Undan Abdulla Oripovga qoldi va hokazo.

Adiblar mafiyasi hamma vaqt hukumatdan katta haq o’ndirib kelgan. Yangi uylar, mashinalar, dachalar, kurortlar, orden-mukofotlar va hokazo. Xalq orasida eng boy sinf bu mafiyalarga kirgan adiblar sinfi bo’lgan va hozir ham shunday bo’lib qolmqoda.

Ana shu mafiyalar bugun taqdim etayotgan adabiyotni tabiiyki boshqasi bilan solishtirish imkonidan mahrum bo’lgan avlod “eng zo’r” deydi. Bugungi yoshlar bilan gaplashsangiz nega zo’r shoir Muhammad Yusuf edi degan gapni eshitasiz. Chunki unga shunday deb uqtirilgan. Ammo eng zo’r shoir Yusuf Juma desangiz, “U kim edi?” deb yuzingizga qaraydi.

Mafiya hamma vaqt “xalqparvar”, tabiiyki ko’rinishda. Amalda esa xalqni oyoq osti qilgan, uni o’ziga qul deb bilgan. Adibar mafiyasi ham shunday. Bitta “eshon”ning etagini tutdimi tamom. Uni maqtagan sari o’zim ham yuksalaman degan aqida bilan yashaydi.

Xullas, bu juda katta mavzu va keng qamrovli tahlilga ehtiyoj bor. Nasib etsa, bir kun bu haqda ham o’qib qolarmiz. O’shanda savollaringizga to’liq javob topasiz degan umiddaman.

%d bloggers like this: