XITOYDA 60 YILLIK BAYRAM, UYG’URISTONDA 60 YILLIK ALAM VA MOTAM
10. MUZOKARALARNING BOSHLANISHI
“ShTJ hukumati Alixon to’raning raisligi ostida 1945 yil 2 oktyabrdagi o’zining 100-raqamli qarori bilan ikki prinsipial masalani belgiladi: birinchidan, tinchlik muzokaralarida Xitoy tarafidan ShTJning mustaqilligini e’tirof qilish masalasini qo’yish va mana shunday bo’lganida muzokaralarni davom ettirish; ikkinchidan, muzokaralarga ShTJ delegatsiyasi tarkibini tayinladi. ShTJ hukumatining qarori bo’yicha, muzokaralarning asosiy masalasi Uyg’uristonning siyosiy statusi – mustaqillik bo’lishi lozim ekanligini ko’plab uyg’urshunos tadqiqotchilar tasdiqlamoqda. Masalan, tadqiqotchi A.Hakimbayev bundoq deb ta’kidlaydi: “ShTJ delegatsiyasiga Shinjonning butkul hududini mana shu hukumat hokimiyati ostiga topshirishni, Xitoyning ShTJ mustaqilligini e’tirof qilishini va Xitoy bilan ShTJ o’rtasida teng huquqli munosabatlar o’rnatishni talab qilish topshirilgandi” (А.А.Хакимбаев «Национально-освободительное движение коренного населения Синьцзяна в 30-х и 40-х годах 20-века» (“Shinjon mahalliy xalqining 20-asr 30- va 40-yillardagi milliy-ozodlik harakati”, A.Sh.), стр. 159).
Hukumat delegatsiyasining tarkibiga Raximjan Sabirhaji (delegatsiya boshlig’i), Axmatjan Qasimiy va Abulxayir to’ra kirgizildi. ShTJ hukumati o’z qarori haqida G’uljadagi SSSR konsulini xabardor qildi, u o’z navbatida bu to’g’rida Moskvaga va Urumchidagi bosh konsulga xabar qildi. Moskva bilan Chuntsin muzokaralar o’rni va vaqtini tezdan kelishdi. Muzokaralar o’rni Urumchi shahri deb belgilandi. ShTJ hukumati esa, Urumchiga borishga rozi bo’ldi. Bu xato tashlangan qadam bo’ldi, uchinchi bir mamlakatga borish lozim edi. Shubhasiz, ShTJ rahbarligi dunyodagi eng kuchli, totalitar davlat – Sovet Ittifoqining qattiq bosimi ostida muzokaralarni yurgizishga majbur bo’lgan edi. ShTJ hukumatining ko’plab a’zolari muzokaralar uyg’ur xalqining taqdiri uchun halokatli oqibatlarga olib kelishini his qilmagan edi.
Diplomatiya hiyla-nayranglari bo’layotgan chog’da ShTJ MA frontlarida tartibsizlik boshlandi.
1945 yil 10 oktyabrda JT (Janubiy T., A.Sh.) komandiri Sopaxun Sopiyev ShTJ MA qo’mondonidan Aqsu shahriga hujum qilishni darhol to’xtatish, shahardan o’n kilometr chekinish va G’uljaga harbiy maslahatchilar bilan mutaxassislarni, shuningdek SSSRdan olingan qurollarni olib borish to’g’risida buyruq yozilgan shifrogrammani oladi. Barcha frontlarda zudlik bilan Sovet Ittifoqidan olingan qurol-yaroq va o’q-dorilar yig’ib olinib, ular asta-sekinlik bilan olib ketilgandi. Bu SSSR tarafidan qilingan ochiqdan-ochiq xoinlik va imperiyacha surbetlik edi – shuni ko’zda tutish kerakki, ShTJga yetkazib berilgan narsalarning hammasiga Moskva ortig’i bilan rangli metallar, uran rudasi, neft mahsulotlari, ot, qora mol, qo’y va hatto oltin olgan edi. Yetkazib berilgan har bir qurolning bahosi bor edi: Mosinning vintovkasi (miltig’i) uchun 5 qo’y, stanokli pulemet uchun – 25 qo’y, yuz dona o’q uchun – 4 qo’y yetkazib berilgan edi. 1945 yil 20 oktyabrdayoq general Kozlov Moskvaga: “Qurol Qorg’asga olib ketildi. Isyonchilarni qurol-yaroq bilan ta’minlash to’xtatildi”, deb doklad qildi (В.А.Бармин «Синьцзянь в Советско-Китайских отношениях 1941-1949 гг.» (“Shinjon 1941-1949 yillarda Sovet-Xitoy munosabatlarida” A.Sh.), Барнаул, 1999 г., стр. 104)” [4, 579-581-b.]
“1945 yil 17 oktyabrda Urumchida SSSRning to’liq vakolatli vakili Yevseevning vositachiligida ShTJ muammosini hal qilish bo’yicha Sharqiy Turkiston Jumhuriyati va Xitoy gomindanchilari delegatsiyalari o’rtasida tinchlik muzokaralari boshlandi. Muzokaralarni boshlashdan avval har ikki taraf muhokama qilinayotgan muammo bo’yicha o’z pozitsiyalarini rasmiy bayon qildi” [4, 583-b.]
“1946 yil 6 iyunda ShTJ va Xitoy Gomindan hukumati delegatsiyalari tarafidan “Urush harakatlarini to’xtatish va bahsli siyosiy hamda iqtisodiy masalalarni tinchlik bilan hal qilish to’g’risida” baravarsiz shartnomani imzolash bilan yakunlandi. Aprelning o’rtasidan boshlab muzokaralar Sovet Ittifoqining Urumchidagi yangi bosh konsuli Savelyevning vositachiligi ostida o’tdi. Yevseev bo’lsa Moskvaga chaqirib olindi.
Bitim dastlab to’liqsincha ShTJ nashr organi bo’lmish “Ozod Sharqiy Turkiston” gazetida 1946 yil 20 iyunda uyg’ur tilida, undan Nankinda “Shinxua” gazetida 1946 yil 30 iyunda xitoy tilida chop qilindi, keyin 1995 yil Urumchida “Shinjon Uch viloyat inqilobiga doir ulug’ ishlar xotirasi” hujjatlar to’plamida e’lon qilindi” [4, 595-b.]
11. ShTJ PREZIDENTI ALIXON TO’RANING 1946 YIL 13 IYUNDA O’G’IRLANISHI
“Birlashma hukumat tashkil etilgach qurolli yo’l bilan Uyg’uriston mustaqilligi uchun kurashni davom ettirish tarafdorlari to’liq yolg’iz qolgan edi. Bitimning ma’naviy bosimidan tashqari, ularga bitimni shartsiz qo’llab-quvvatlash va uni bajarish maqsadi bilan Sovet Ittifoqining mutaxassislari, harbiy maslahatchilari va agentlari qattiq bosim ko’rsatdi.
SSSRning maxsus xizmat organlari, o’zining oliy siyosiy rahbariyati bilan kelishgan holda, surbetlik va munofiqlik qadamini tashladi: ular 1946 yil 13 iyunda mustaqil Sharqiy Turkiston Jumhuriyati (ShTJ) Prezidenti Alixon to’ra va uning bir necha tarafdorlarini avtomashinada G’uljadan Sovet Ittifoqiga o’g’irlab ketdi.
ShTJning sobiq Bosh kotibi Abduraup Maxsumning fikricha, Alixon to’ra eng oxirgi paytgacha prinsipial mavqeda izchil turgan: u Xitoy Uyg’uristonning mustaqilligini e’tirof qilgan taqdirdagina uning bilan tinchlik bitimini tuzish mumkin, aks holda – qurolli kurashni davom ettirish kerak degan mavqeda chin turgan. Uning g’oyasini hukumat a’zolarining bir qismi, quyi va o’rta darajali ofitserlarning aksar ko’pchiligi, ayrim yuqori darajali harbiy amaldorlar va to’lig’i bilan musulmon ruhoniylari qo’llab-quvvatlagan. Oddiy xalqning ko’pchiligi Birlashma hukumat tashkil bo’lishi to’g’risida e’lon qilingungacha, Xitoy bilan muzokaralar olib borilayotganligidan xabarsiz edi. Muzokaralar dastlab yashirin olib borilgan edi. Ular mahalliy xalqning manfaatlari bilan hisoblashmagan holda, ShTJni yuqotishga intilayotgan tashqi kuchlarning haqiqiy mohiyatini bilmagan.
Alixon to’ra o’ziga yaqin odamlar orqali ShTJ hukumati a’zolarining bir qismi va Milliy Armiya oliy qo’mondonlik tarkibining bir qismi Moskvaning yo’l-yo’riqlarini o’rinlab, undan asta-sekin chetlashayotganini bilardi. Bitim imzolanganidan keyin u amalda yolg’iz qoldi va mamlakatni boshqarish iqtidorini yuqotdi. SSSR maxsus xizmat organlari prinsipsizlik murosa tarafdorlari va xoinlarning yordami bilan uning atrofida sun’iy bo’shliqni hosil qildi. Alixon To’raga “Ozodlik tashkiloti”dagi safdoshlari bilan birgalikda vatanni o’n minglab vatanparvarlarining hayoti badaliga kelgan o’z farzandi – ShTJning kelajagi uchun azobli og’riq edi.
Alixon to’ra safdoshlarining xotiralariga qaraganda, Bitimning ilovalari imzolanganidan keyin darhol Moskvaning G’uljadagi maxsus vakili – general V.S.Kozlov Alixon to’rani Yorkent shahriga oz sonli millatlar vakillarining yig’iniga rasmiy taklif qilgan, bu yig’in o’sha kunlari ochiladi emish deb aldab, shaxsan o’zi Alixon to’rani ikkala chegaradan o’tkazib ketgan. Davlat chegarasidan o’tgandan keyin Alixon to’ra darhol NKVD-NKGB xodimlari tarafidan hibsga olingan va Panfilov tumanida bir oz vaqt maxfiy tutib turilgan. Ehtimol, NKVD-NKGB o’z prezidentining g’oyib bo’lishiga nisbatan G’uljada keskin g’ul-g’ula paydo bo’ladigan taqdirda, qandaydir murakkab manevrlar uyushtirishni rejalagan bo’lsa kerak. Afsuski, ShTJ hukumatining a’zolari va MA rahbarligi tarafidan bunga nisbatan hech qanday rasmiy e’tiroz bo’lmadi. Keyinroq uni Almatiga, undan Toshkentga olib ketishdi, bu yerda u uzoq yillar davomida uy qamog’ida bo’ldi. Allohga shukurki, uning hayoti saqlanib qoldi.
Urumchida Birlashma hukumati tashkil etilgani rasmiy e’lon qilinishi bilan Sovet Ittifoqi darhol o’zining barcha xodimlarini va ShTJ MA qo’mondoni Polinov boshchiligidagi harbiy mutaxassislarni olib ketdi. Ular Uyg’uristonda milliy-ozodlik urushi boshlanganida yetkazib berilgan zamonaviy qurol-yaroqning barcha turlarini olib ketdi” [4, 603-604-b.]
(DAVOMI BOR).
