XITOYDA 60 YILLIK BAYRAM, UYG’URISTONDA 60 YILLIK ALAM VA MOTAM

8. 1945 YILDAGI VOQEALAR VA ShTJ

Ma’lumki, 1945 yil 8 maydan 9 mayga o’tar kechasi Berlin yaqinidagi Potsdam shahrida Germaniya generallari shartsiz taslim bo’lish haqidagi hujjatga imzo qo’ydilar. Shu sababli Yevropa va Amerika qit’asidagi davlatlar 8 mayni, Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi xalqlar 9 mayni G’alaba kuni sifatida nishonlashadi.

“1945 yil 8 may kuni Germaniya shartsiz taslim bo’lish haqidagi hujjatni imzoladi, Yevropadagi urush tugadi. 1945 yil 17 iyuldan 2 avgustigacha Germaniyada, Potsdamda AQSh, SSSR va Buyuk Britaniya hukumat boshliqlarining anjumani o’tkazildi. Potsdam anjumani Germaniya bo’yicha, harbiy jinoyatchilar, tinchlik shartnomalarini tuzish, BMTga a’zolikka qabul qilish, Polsha chegaralari, Kenigsberg (hozirgi Kaliningrad, A.Sh.)ni unga tutash tuman bilan Sovet Ittifoqiga berish, Buyuk Britaniya, AQSh, SSSR, Fransiya va Xitoy tashqi ishlar vazirlari Kengashini ta’sis qilish to’g’risida qarorlar qabul qildi. Undan tashqari, uch davlat boshliqlari Yaponiyaga qarshi urush bo’yicha rejalarni uzil-kesil kelishdi. Sovet Ittifoqi o’zining Yaponiyaga qarshi urush boshlashini Xitoyning Yalta anjumani qarorlarini e’tirof qilishga bog’ladi (ya’ni agar Xitoy Yalta anjumani qarorlarini e’tirof qilsa, o’sha holda Sovet Ittifoqi Yaponiyaga qarshi urush boshlashi mumkin, dedi, A.Sh.). Sovet Ittifoqi Yaponiyaga qarshi urush ochishiga AQSh bilan Angliya manfaatdor edi.

Shu kunlari Potsdamda AQSh, Angliya va Xitoy birlashgan deklaratsiyani imzolashdi, unda Yaponiyadan so’zsiz taslim bo’lish ultimatum shaklida talab qilingandi. SSSR mazkur deklaratsiyaga Yaponiyaga qarshi urush boshlash arafasida qo’shildi. Yaponiya shartsiz taslim bo’lishdan voz kechdi. Uch mamlakat rahbarlarining anjumani murakkab sharoitda, bir qator tub-asosiy siyosiy va harbiy muammolar bo’yicha jiddiy ziddiyatlarni yengib, dunyoning urushdan keyingi tuzilishiga doir ziddiyatli bo’lgan asosini soldi.

Shu kunlari AQSh prezidenti G.S.Trumen amalda I.V.Stalinga va butun dunyoga o’zlarining qanday dahshatli qurolga ega ekanligini ko’rsatishga qaror qildi. 6 avgust kuni AQSh birinchi atom bombasini Xirosimaga, 9 avgust kuni esa ikkinchi atom bombasini Nagasakiga tashladi. Yaponiyaning ushbu shaharlari tinch aholisi tasvirlab bo’lmaydigan dahshatli fojiani boshidan kechirdi. Xirosimada 140 mingga yaqin, Nagasakida esa 300 ming odam halok bo’ldi.

1945 yil 9 avgustda SSSR Xitoy hududida Yaponiyaga qarshi urush harakatlarini boshladi. Antigitler birlashmasining militaristik Yaponiya bilan urushi 1945 yil 2 sentyabrda Yaponiyaning shartsiz taslim bo’lishi bilan tugadi. SSSR bilan AQSh na Gomindan, na XKP qurolli kuchlari qodir bo’lmagan ishni qildi: Yaponiya armiyasiga hal qiluvchi qaqshatgich zarba berdi. Urush natijasida Sovet Ittifoqi ittifoqdoshlardan Yaltada talab qilganining hammasiga va undanda ko’proq natijaga erishdi. Endi Mao Tsedun bilan Chan Kayshiga Yaponiya armiyasining taslim bo’lishidan va Manchjuriyada SSSR bosqinchi armiyasi bo’lishidan maksimum darajada foyda olish uchun murakkab vaziyatdan unumli foydalanish lozim edi.

Yaponiyaning tor-mor qilinishi Osiyo va Tinch okeani regionida geosiyosiy vaziyatni, birinchi navbatda, Xitoy foydasiga tubdan o’zgartirdi. AQSh, SSSR va ularning ittifoqdoshlarining geostrategiyalik manfaatlari Xitoyda, shuningdek Yaponiyaning boyliklarini bo’lishda murosasiz to’qnashdi. Baxtga qarshi, Sovet Ittifoqi Uyg’uristonni an’anaviy ravishda o’z ta’sir doirasidagi joy deb qarab, o’zining uyg’ur “kozir” kartasini ochishga qaror qildi. Ba’zi bir tarixchilar faktlarni tahlil qilish asosida, Stalin Uyg’uristonni qo’shimcha ittifoqdosh jumhuriyatga aylantirish ehtimolini ko’zda tutgan deb ta’kidlamoqda. Ehtimol, lekin ikkinchi dunyo urushidan keyingi voqealarning taraqqiyoti bunday variantni yo’qqa chiqardi, chunki xuddi shu vaqt Xitoyning asosiy “sahnasiga” yangi voqea – mamlakatga hukmronlik qilish uchun Gomindan va Xitoy Kommunistik Partiyasi o’rtasidagi urush chiqdi” [4, 562-563-b.]

“AQShning jiddiy nazorati ostida Moskvada faol muzokaralar 1945 yil 14 avgustda SSSR bilan Xitoy o’rtasida do’stlik va ittifoqdoshlik to’g’risida keng miqyosli Shartnomani, shuningdek bir qator maxfiy va maxfiy bo’lmagan bitimlarni imzolash bilan yakunlandi, bu bitimlarning bir qismi hozirgacha jamoatchilikdan yashirilmoqda. Shartnoma 30 yilga tuzuldi, uni tashqi ishlar vazirlari SSSRdan – V.M.Molotov va Xitoydan – Van Shijiye imzoladi. Shartnoma har ikki tarafning harbiy va iqtisodiy hamkorligini ko’zda tutgan edi. Shartnoma bilan bir vaqtda Xitoy Chanchun temir yo’li, Port-Artur (Lyuyshun) haqida, Dalniy (Dalyan) porti haqida, Xitoyning uch sharqi-shimoliy o’lkasi hududiga Sovet qo’shinlari kirganidan keyin Sovet bosh qo’mondoni bilan Xitoy ma’muriyati o’rtasidagi munosabatlar to’g’risida bitimlar imzolandi («Дипломатический словарь». Москва, 1986, том 3, стр.210).” [4, 568-569-b.]

“Maxfiy bitimlarda va notalarni almashtirish jarayonida Xitoy Mo’g’uliston Xalq Jumhuriyatining mustaqilligini e’tirof qildi, Sovet Ittifoqi esa, Shartnomaning 5-moddasiga muvofiq, Xitoyning suverenitetini hurmatlashga va ichki ishlariga aralashmaslikka rioya qilishga va’da berdi. Soddaroq qilib aytganda, SSSR Uyg’uristonga har qanday yordam berish va qo’llab-quvvatlashdan voz kechdi. Agar SSSR ShTJ hukumatiga har qanday yordam berishdan voz kechgan bo’lganda edi, bu Uyg’uriston suverenitetini tiklash bo’yicha voqealar jarayoniga anchayin katta ta’sir qilmagan bo’lardi. Chunki 1944 yil 7 noyabrdan 1945 yil sentyabrigacha bo’lgan davrdagi barcha kurash taraqqiyoti Uyg’uriston xalqi tarafidan mustaqillikni mustaqil tarzda qo’lga kiritish imkoniyatini ishonchli holda ko’rsatgan edi. Bu yerda ishning mohiyati shundan iboratki, SSSR, aytmoqchi, shartnomaga zid holda, ShTJ rahbariyatini o’z shartlari asosida Xitoy tarafi bilan bitim tuzishga majburlash maqsadida Uyg’uriston va Xitoyning ichki ishlariga uyatsizlarcha va qat’iy aralashdi.

SSSR Uyg’uriston muammosi bo’yicha Xitoyni ochiq qo’llab-quvvatladi. SSSRning kommunistik tuzumi uyg’ur milliy-ozodlik harakatiga nisbatan ayni shunday munofiqlik siyosatini yurgizdi. ShTJ rahbariyatining fojiasi shundan iboratki, bizning liderlarimiz davlatning ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishda eng boshidan boshlab tamoman SSSRga tayangan va boshqa ittifoqdoshlarga ega bo’lmagan. Sovet Ittifoqi uyg’ur xalqining qonuniy huquqlariga xoinlik qilib, bizning dohiylarimizni yana aldadi.

Yaponiya taslim bo’lish paytida amalda ikkita Xitoy, ikkita hokimiyat vujudga keldi: Gomindan tarafida nazorat qilinayotgan hudud va Xitoy Kommunistik Partiyasi (XKP) tomonidan nazorat qilinayotgan hudud. Shu bilan birga XKP Sovet armiyasidan qudratli yordam oldi. SSSR XKP ixtiyoriga o’lja olingan barcha qurol-yaroq, harbiy texnikani va Yaponiya armiyasining jabduqlarini topshirdi. Masalan, Uzoq Sharqdagi Sovet askarlari bosh qo’mondoni marshal Vasilevskiy bunday deb yozgan: “Bizning faqat ikki frontimizda sobiq Kvantun armiyasidan 3,7 ming zambarak, minomet, granatamet, 600 tank, 861 samolet, 1,2 mingga yaqin pulemet, 680 ga yaqin har xil harbiy omborlar, shuningdek Sungari harbiy daryo flotiliyasining kemalarini o’lja oldi va ularni Xitoy xalq ozodlik armiyasining vakillariga topshirdi” («Советско-Китайские отношения», стр. 584). Bundan tashqari, SSSR Xitoydan o’z askarlarini tegishli vaqtda olib chiqmadi, bu esa XKPga Sovet armiyasi zonalarida o’z qo’shinini tuzishga imkoniyat berdi. Bu Sovet Ittifoqi o’zining strategiyali rejasiga asoslanib, kommunistlarni to’liq qaytadan qurollanishiga ataylab yordam berganligining dalolatidur. Sovet Ittifoqining bunday qudratli harbiy texnikaviy yordamisiz XKP Gomindanni yenga olmagan bo’lardi” [4, 570-571-b.]

9. SOVET ITTIFOQI ShTJ RAHBARLARINI XITOY GOMINDANCHILARI BILAN TINCHLIK BITIMIGA MAJBURLASHI

“Chan Kayshi (1887.31.10-1975.5.4) ichki frontlardagi ojiz muvozanatdan foydalanib, ShTJ muammosini Moskva shartnomasi ruhida hal qilishni jadallashtira boshladi. Shu maqsadda u 1945 yil 26 avgustda siyosiy bo’limning boshlig’i, safdoshi va atoqli siyosatchi, general Jan Jijun bilan ShTJ muammosi bo’yicha suhbat o’tkazadi. Bu suhbat natijasida Chan Kayshi Jan Jijunga Moskva shartnomasiga muvofiq ShTJni tinchlik bilan yo’qotish imkoniyatini o’rganish bo’yicha komissiyaga rahbarlik qilish, Urumchiga borish va ish natijalari to’g’risida darhol raport yozib berish vazifasini topshirdi” [4, 571-572-b.]

“1945 yil 13 sentyabrda Jan Jijun hukumat delegatsiyasiga rahbar bo’lib Urumchiga yetib keladi. ShTJ muammosini o’rganish, uni tinchlik bilan hal qilish bo’yicha delegatsiyaning tarkibiga tajribali diplomatlar, harbiylar, iqtisodchilar, moliya xodimlari, qonunshunoslar, maxsus xizmat organlarining vakillari, millatlar, yoshlar tashkilotining vakillari va boshqa yuqori darajali amaldorlar kirgan edi. Eng qiziqarlisi – mohir va makkor hukmron Jan Jijun Xitoy delegatsiyasi tarkibiga Gomindandagi “panturkchilar” deb atalmish uyg’ur xalqining vakillarini: Gomindan Markaziy Qo’mitasi taftish komissiyasining a’zoligiga nomzod Muhammat Imin Bug’rani, Gomindan Markaziy Qo’mitasi ijroiya qo’mitasining a’zosi Mas’ut Sabri Bayquzini, shuningdek Gomindan qonun chiqarish palatasining a’zosi Aysu Yusup Alptekinni kirgizdi (“Shinjon Uch viloyat inqilobiga doir ulug’ ishlar xotirasi”, 1996, 145-b.). Bu ShTJ liderlari uchun Chan Kayshining yana bir makkorlik va xavfli syurprizi, uyg’ur liderlarini bir-biriga qarama-qarshi qo’yishning yana bir urunishi bo’lib, afsuski, xitoylar bu maqsadga yetdi” [4, 571-572-b.]

“Konsul, general Kozlov va Moskvaning boshqa yuqori darajali emissarlari barbod bo’layotgan Xitoy bilan tinchlik muzokaralarini yurgizish zaruriyatini quyidagi dalillar bilan asosladilar:

- birinchidan, ikkinchi dunyo urushi tugadi va hamma joyda tinchlik o’rnatildi. Xitoyda esa ikki qarama-qarshi kuch: XKP bilan Gomindan o’rtasida tinchlik bilan birlashish va Xitoyni demokratiyalashtirish to’g’risida muzokaralar bo’lmoqda. Yaqinda imzolangan BMT Ustavi xalqlar va davlatlar o’rtasidagi barcha bahsli masalalar tinch yo’llar bilan hal qilinishini talab qilmoqda, SSSR esa – tinchlik va nochorlar tarafidadir;

- ikkinchidan, SSSR ozod qilingan rayyonlar saqlanishini kafolatlaydi va Xitoyda XKP g’alaba qilganidan keyin Moskva demokratik sotsialistik tuzum qurishga yordam beradi, milliy masalani sizning manfaatingizdan kelib chiqib hal qiladi, deb qasam ichgan va hokazolar;

- uchinchidan, agar Alixon to’ra va ShTJ hukumatining ayrim a’zolari Xitoy bilan tinchlik muzokaralari yurgizishga rozilik bermasa, u holda boshqa odamlar topilishi, ular muzokaralar olib borishini, va u chog’da muzokara yurgizishga qarshi bo’lganlarning taqdiri yaxshi bo’lmasligi haqida ochiq po’pisa qilgan” [4, 577-b.]

(DAVOMI BOR).

Advertisement

About TURONZAMIN

supporter of democracy

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

Gravatar
WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Connecting to %s