qalamim1.jpg13. ZIYОFAT

-Nima deb yozibdi?

-Mamlakat vujud, “Katta” esa uning yurak va aqlidir. Devonni aql, hukumatni yurakka o’xshatmoqchi… Keyin… Mufti hazratning “Katta” Allohning erdagi soyasi” degan gaplarini misol keltiribdi.

-Mufti shu gapni rostdan ham aytganmi?

-Mening o’zimga aytgan, akademigimizga ham aytgan.

-Sening foydali yolg’onlaring bor, lekin mufti bilan o’ynashma. Aytadigan bo’lsa, o’zi televizorga chiqib aytsin.

-Ayttiramiz! Aytmasa ham ayttiramiz, -dedi va Kraynov engil tortgandek kulib yubordi.

-Nimaga kulding? Biror latifa esingga tushdi-mi? -dedi “Katta” latifa eshitgisi kelganini yashirmay. Yordamchi ham darrov “ishga tushdi”.

-Bir kun ulamolar podshohga qarshi bosh ko’tarishibdi. Podshohni mayxo’rlikda, dinsizlikda ayblashibdi. Podshoh hech narsani bilmagandek ulamolarni ziyofatga chaqiribdi. Sharbat suviga sharob aralashtirib hammasiga ichiribdi. Ulamolarning kayfi chog’ bo’lgach, ulardan fatvoga imzo so’rabdi. Hammasi barmoq bosibdi. Fatvoda “Biz ulamolar mayxo’rlik qilib, dindan yuz o’girdik. Gunohimizni yuvish uchun podshoh hazratlariga keldik. Hukmi podshoh biz uchun vojib” deb yozilgan ekan. Fatvo deyilgan narsa fitna ekanligidan xabardor bo’lgan ulamolar podshohga yolvoribdilar, lekin u avf etmabdi. Ilonning boshini ezmasang, zahardan o’lasan, deganlaridek ularni toshburon qildiribdi…

-Xo’sh, nima demoqchisan?

-Ziyofatga oz vaqt qoldi. Borsangiz yaxshi bo’lardi. Shoirlar ham, yozuvchilar ham, muxolifat ham o’sha erda.

-Muxolifatni kim chaqirtirdi?

-Men. Sizdan so’ramasdan gunoh qildim.

-Sening gunohing doim foyda keltiradi.

-Muxolifat boshlig’i xorijda edi. Hech gapdan xabari yo’q. Bugun deputatlar harakatlarini unga ham sezdirishdi. “Harakatingizni qo’llayman” deganmish ularga.

-Bu yog’i MXXnikimi?

-Yo’q, o’zimizning MXXmiz bor. Kecha kechqurungacha MXX ham Xayrullo tarafda edi. Agar bugun uni sizga yuzma-yuz qilmasam… Ha, mayli, keyin gaplashamiz buni. Hozir esa ziyofatga borib muxolifat raisini, shoirlaru yozuvchilarni qo’lga olish kerak. Yuz deputatning ming baqirgani, ularning bir gapirgani…

-Aqlli tulkisan. Bilaman meni emas, o’zingni ham o’ylaysan.

-Ikkalamizni ham o’rtoq…

-Mashinani chaqir. Aytmasdan boramiz. Sen esa jiddiyroq shug’ullan, sharbat va mayning ta’mi qochmasin. Ayniqsa ana ularga quyuqroq qorishtiringlar…

-Bu yog’idan ko’nglingz to’q bo’lsin….

“Katta” kirib kelganda ziyofatga taklif qilinganlar uni oyoqda turib qarshiladilar. U qisqagina qilib “Xush kelibsiz” nutqini gapirdi-da qadah ko’tardi. “Kuch” olish uchun ketma-ket ikki qadah konyakni ichdi-da, uchinchisini olib “kerakli odamlar” o’tirgan tomonga yurdi.

Shoir Ozodbek o’rnidan turib “Katta”ga tavoze bilan “Rahmat, ulug’ ish qildingiz. Vatandoshlarimiz o’z ona yurtlariga qadam bosdilar. Tarix bu kunni alohida yozgay” dedi.

“Katta” yonidagilarga ishorat etib ulgurmasdan stul olib kelishdi. U Ozodbek bilan akademik Sharif Sharopovning o’rtasiga o’tirdi va muxolifat raisi Iso Xolisga qo’l uzatdi. Mezbonlar rejaga ko’ra ularni yonma-yon o’tqazishgandi.

-Xush keldingiz Isojon. Qalay Frantsiya go’zal ekanmi?

-Har narsadan xabaringiz bor, -deya do’rilladi Iso Xolis. -Nima bo’lganda ham MXXngiz yaxshi ishlaydi. -U bir qo’li bilan og’zini yumib xirillab kuldi.

“Katta” esa atrofga alanglab, muxolifatning boshqa bir raisini qidirdi. Ko’rinmadi.

-Raisdoshingiz yo’qmi? -so’radi “Katta” Iso Xolisdan.

-Birimiz borgan joyga ikkinchimiz bormaymiz.

-Hay, hay, raisdoshlar yonma-yon yurishi kerak emasmi?

-Siz bilan yonma-yon yurishimiz mumkin, u bilan aslo, -deya masalaga nuqta qo’ygan bo’ldi Iso Xolis.

Lekin “Katta” tashabbusni o’z qo’liga olmoqchi bo’ldi va nuqtani o’zi qo’ydi.

-Biz baribir bundan keyin Shavkat Temurni ham birga da’vat etamiz. Sizlarni yarashtira olmasak nima qilib yuribmiz, shunday emasmi, Ozodbek aka?

-Shunday, hazrat, shunday. Lekin narigisi biroz janjalchiroq. Uni janjalchilarga, Isojonni esa janjalsevmaslarga rais qilganmiz.

-Demak, Sharifjon aka janjalchi ekanlarda-a? -”Katta” askiya qilgan kishidek kuldi. -Chunki bu kishi ham u tomonda.

-Biz Siz tomondamiz, -dedi Sharifjon.

Ammo janjalchi bo’lsa ham bulardan pishiq deb u, o’yladi “Katta”. Bu erda nima haqda gap bo’lishini oldindan sezgan, shu bois kelmagan. Qolaversa, unga ham mashina va’da qilgandim, olmadi. Baribir MXX yaxshi ishladi. Oralarini buzmaganida katta kuch edilar. Bunisini ham qo’lga olish oson emas. Lekin aldash mumkin. Sodda. Darrov ishonadi qo’yadi. Ayniqsa “Katta”lar yolg’on gapirmaydi, deb o’ylaydi. Bundaylarning burniga ip solib boshqarish mumkin. Faqat ipni uzdirmaslik kerak. Ip uzildimi, keyin bog’latmaydi.

“Katta” qo’liga qadahni oldi-da o’rnidan turdi. G’alag’ovur zalga bir zumda sokinlik indi. Yordamchi mikrofonni yaqin keltirdi.

-Shu qadahni xalqimizning sevimli o’g'li Ozodbek aka uchun ko’tarishni so’rayman. Barcha vatandoshlar uning “Men” she’rini yoddan bilishadi. Kamina ham bir paytlar bu she’rni o’qib, sizlarni eslab, ko’zga yosh olganman. Umuman Ozodbek aka kabi insonlar yuz yilda bir tug’iladi. Ismi Ozod, fikri ozod. Bu ozodlik Sizga, bizga muborak bo’lsin!

“Katta” o’rnidan turib qulliq qilib turgan Ozodbekni quchoqlab, cho’pillatib ikki yuzidan o’pdi. Ozodbek qizarib ketdi.

“Katta”ning xayolida esa hamon Iso Xolis edi. U ham shunday maqtovga intiq, deb o’yladi u. O’rnimdan turganimda o’zi haqida gap bo’ladi, deb o’ylagandi, yanglishdi. Hozir, uni ham boplayman…

“Katta” xayolidagi fikri labiga yugurgani uchun yana o’rnidan turdi.

-Yonimda yana bir yosh, jasoratli, mard, qo’rqmas yigit bor. Kelajak uniki. Uning uchun ham qadah ko’tarishingizni iltimos qilaman.

Iso Xolis o’rnidan turmadi. “Katta” ham uni o’pmadi. Ammo Iso Xolis “Katta”ni o’pgisi kelganday unga egildi. “Katta” esa ko’rmaganga olib yana o’rnidan turdi va akademik Sharif Sharopovni maqtay boshladi.

Uch-to’rt qadahdan keyin hamma “o’zi”ga kelib qoldi. Xorijlik vatandoshlarning ko’pchiligi namozxon edi, ziyofatni tark etishdi. Odam hiyla ozayib qoldi. Bu orada “Katta” o’rnidan turib boshqalarning ham ko’nglini olish uchun davrani bir aylanib keldi.

So’ngra:

-Uchchalangizdan bitta iltimosim bor, -dedi va Iso Xolisga engashib davom etti: -Ertaga kommunistlar meni ag’darmoqchi. Uka yordamingiz kerak. Bir-ikki sog’lom yigitlar ham ularga qo’shilgan. Gapning po’st kallasi bu poytaxtliklarning o’yini. Qo’ynimda ilon olib yurgan ekanman, Xayrullo joyimni olmoqchi. Men unga saylov qilaylik, nomzodingni qo’y, yutib chiqsang, marhamat, dedim, ammo ko’nmadi. Ertaga saylov haqida qonun qabul qilamiz. Keyin erkin saylov o’tkazamiz. Aslida bu joy sizning haqqingiz. Ko’p kurashdingiz. Xalq sizga ovoz bersa, men maslahatchi bo’lib qolaman, uka, iqtisodni ko’tarib beraman…

-Kommunistlar dedingizmi? -so’radi Iso Xolis.

-Ha, Moskva bilan ham aloqalari bor. Kuchni o’sha yoqdan olishayapti. Bizni sotishmoqchi.

-Ko’nglingiz to’q bo’lsin. Bir hamlada shashtlarini sindiraman. Osonlikcha bizni buka olishmaydi, -dedi Iso Xolis.

U xorijdan kuni kecha qaytgani va voqealardan uncha xabardor bo’lmagani uchun darrov “girdob”ga tushdi.

Aslida bugun deputat do’stlaridan Burgutjon unga telefon qilib׃
-Ertaga “Katta”ga hujum qilayapmiz. Siz ham tayyorgarligingizni ko’ring,- deganda, “Men hamma vaqt tayyorman” deb javob qilgandi.

Demak Burgutjon ham poytaxtliklarning musiqasiga o’ynabdi-da, aslida Xayrullo shum odam, ko’p o’tirib – turganmiz, muloyim bo’lib ko’rinadi. Demak-ki, maqsadi hokimiyatni olish ekan. Yo’q, unga ishonib bo’lmaydi. U er osti dunyosi bilan bog’liq. Hammamizni quritadi, deb o’yladi Iso Xolis.

Bu orada “Katta” Ozodbekni “ovlayotgan” edi. Ozodbekka qiyin. Chunki bu ishning boshida turganlardan biri. Mirtemir bilan hamma narsani birgalikda kelishib olishgandi. Buning ustiga bugun Xayrulloning qo’lini ham qisib chiqdi. Ertaga majlisda ikkinchi bo’lib u, uchinchi bo’lib Sharif Sharopov, keyin Mirtemir so’zga chiqishi kerak. Nima qilish kerak? Nahotki hammasi barbod bo’lsa?

-Bitta taklifim bor, -dedi Ozodbek “Katta”ga. -Kechasi bo’lsa ham Xayrulloni chaqirib gaplashib oling. Uni ko’ndirsangiz olam guliston. Biz esa siz bilan.

“Katta” yana uni quchoqlab o’pdi-da:

-Iltimosingiz yodimda. Birinchi qiladigan ishim sizni Buyuk Britaniyaga elchi qilib jo’natish. Ammo sizni doimo yonimda ko’rishni istardim. Nima qilayki, yozadigan narsalarim bor deyapsiz. Yozishingiz kerak. Bu oltin konlaridan ham qimmat!

Akademikni qarmoqqa ildirish oson kechdi. Unga institut ochib berishga va’da qildi va so’zini oldi.

Ular bilan o’pishib xayrlashar ekan, hammaning ko’zi shu tomonda edi. Ozodbek, Iso Xolis, Sharif Sharopov o’zlarini mag’rur tutib turardilar…

“Katta” mashinadan Xayrulloning uyiga sim qoqdi.

-Nega ziyofatga kelmadingiz? -dedi.

-Sizga aytishmadimi, biroz mazam qochib turgandi…

-Mazani ushlab turgan narsadan qochasiz-a?

Ha, tulkilik qilayapti, deb o’yladi “Katta”.

Ayni fikr Xayrulloning ham xayolidan kechdi.

-Buning ustiga ertaga majlis, yotib qolmayin, dedim, -Xayrullo gap nimadaligini bilish uchun ataylab “majlis” kalimasiga urg’u berdi.

-Majlis deganini oz ko’rdikmi, jo’ra? -”Katta” jo’shib ketgan kishidek gapira boshladi. U har qancha o’zimni idora qilayapman, deb o’ylasa-da ichkilikning ta’siri bor edi. -Ikkalamiz o’tirib otamlashmaganimizga ham oylar bo’ldi. Oramizga mushuk oraladi. Bularning dumini bog’lab qo’ydim. Sizni menga, meni sizga yomonlashdan boshqa ishlari yo’q…

Demak, har narsadan xabar topibdi, deb o’yladi Xayrullo. “Katta”ni yaxshi biladi. Oz emas, ko’p emas o’ttiz yildan beri taniydi. Qancha-qancha yaxshi yomon kunlarni birga yashashdi. U xabar topgan bo’lsa, tamom, oldini oladi. Bunga etarli mahorati bor. Lekin undan nima istayapti?

-Ertaga ertaroq boraman, -dedi u nihoyat.

-Ertasi qoldimi? Soat 24dan o’tgani qachon edi? -dediyu “Katta”, demak u ham uxlamabdi, oldida odamlari bor, vaqt o’tganini ham bilishmabdi, deb o’yladi. -Xayrullo, og’ayni, gap bor, ko’rishishimiz kerak, -dedi lo’nda qilib.

-Nima gap ekan?

-Telefonda bo’lmaydi, oltinchi qavatdagi oshxonada kutaman, tezroq keling! -deb “Katta” telefon tugmasini bosdi. Mashinasi allaqachon devonga etib kelgandi. U “sakrab” tushdi-da serrayib turgan mirshablarga ko’z qisib liftga mindi. Bu kayfiyati yaxshiligining alomati edi. Ammo negadir shoshayotgandi. Shu bois liftning”odimi”ga qanoat etmayotgandi. Qo’llari lift eshigidagi tirqishda edi. Guyo lift to’xtaganda u ham eshik ochilishiga ko’maklashsa vaqt yutadigandek… Nofila. Lift birdan to’xtab qoldi. Lip etib chiroq o’chdi. U nima qilishini bilmay qoldi. Zim-ziyo qorong’ulik bir zumda boshidan oyog’iga qadar singdi. Boshi guvillay boshladi, ko’zi bormi – yo’qligini o’zi ham sezmay qoldi, oyoqlari lattadek bo’shashib ketdi. Ko’kragida nimadir pildiray boshladi, keyin bu “duk-duk” beliga ko’chdi va u nimaga shoshayotganini angladi. Hojatxonaga etib olish tuyg’usi uni boshqarayotgandi.

Xayriyat lift qo’zg’aldi. Oltinchi qavatda lift eshigi ochilganda u qarshisida yordamchisi, ikki mirshab va kotibni ko’rdi. Ular o’zlarini shoshib qolgan, gunohkor kishi qiyofasida ko’rsatish uchun yuzlarini bujmaytirib, boshlarini egib olishdi.

-Hammang lattasan, bir tiyinga arzimaysan?-baqirdi u. -Yo’qoling ko’zimdan. -U sochlari to’kilib, boshi yaltirab qolgan kotibni turtib ilgari yurdi.

Qabulxonada Oliy Kengash raisi turgandi.

-Sen nima qilib o’tiribsan? Lift buzilganiga mazza qilayapsanmi?

Rais boshini egdi.

-Bo’pti, kel!

“Katta” xonasiga kirdiyu ichkaridagi hojatxonaga o’tdi.

Rais esa oyoqda turib qoldi. Yarim soatlardan keyin “Katta” ho’l qo’lini iyaklariga surgancha ichkaridan chiqdi:

-Nega o’tirmayapsan?

-Sizni kutayapman.

-Nima, sen uchun hali ham “Katta”miman?

-Nega unday deyapsiz?

-Bilmaganga olasan-a, meni xayolingda bo’shatib qo’yding-u sezmadi deb o’ylaysanmi? Nonko’r!

-Unday demang “Katta”…

-Nima? Nima deding? He, seni odam qilganni…

“Katta” birdan raisga hamla qilib, uni tepdi. Rais o’zini eshik tomonga otdi.

-Aba, Aba, -deya baqirgancha eshikdan “uchib” chiqdi. “Katta” esa orqasidan quvib borardi. Binoning narigi chetiga etganda rais zinapoyadan pastga yugurdi. “Katta” esa to’xtab, so’kinishda davom etdi. Oz masofaga yugurgan bo’lsada yuragi bilan o’pkasi go’yo bo’g'ziga kelib tiqilgandi. Yo’q yuragi boshining orqa qismiga “ko’chgan” ekan. O’sha erda ura boshladi. U “uf-uf” deya o’zini sokinlatgan bo’ldi-yu orqaga qaytdi. Qabulxonada hech kim yo’q. Hamma qochib qolgandi.

-Xoinlar, sotqinlar, men ketsam hammang ham ketasan, qo’rqoqlar! -deya baqirdi. Keyin xonasiga kirmay o’rtadagi kichik oshxonaga o’tdi. Uning bu tomonga o’tganini sezgan idora mudiri oyoq uchida eshik yoniga qadar yurib keldi va ichkariga bosh suqdi.

-Konyakni ol! -dedi “Katta”.

Mudir “lip” etib ichkari kirdi va muz do’lobidan konyak va shokolad qutisini oldi. Ammo stol ustida ham konyak va shokolad turgandi. U buni “Katta”ga ayta olmasdi. “Ol” dedimi, olishi kerak.

-Quy, -dedi unga. -O’zingga ham. Nega qo’ling qaltirayapti, o’tgan safar senga qo’rqma, degandim. Yana qo’rqayapsan. Bilaman, bu binodan quvilishdan qo’rqasan va to’g'ri qilasan. Bo’pti, sen uchun ichamiz, qo’rqoqliging uchun!

“Katta” ichib bo’lgach, qo’liga shokoladdan oldi-da hidlab, yana joyiga tashladi.

-Mirtemirni taniysanmi?-so’radi birdan “Katta”.

-Taniyman.

-Qanday bola!

-Ana uning yo’liga yurayapti, shekilli…

-Xayrullo deyishga ham qo’rqasan-a?

-…

-To’rabekovdan so’ra u Mirtemir bilan gaplashdimi? Nima bo’lganda ham u ertaga so’zga chiqmasin. So’zga chiqadigan bo’lsa, uyidan biror hodisa chiqaringlar, ovora bo’lsin. Urib-purib yurmanglar o’zini…

-Ho’p, bo’ladi.

-Bor, menga raport berib tur. Hozir “ana u” keladi, bu yoqqa boshlagin….

(DAVOMI BOR).

About TURONZAMIN

supporter of democracy

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

Gravatar
WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Connecting to %s