SH. Ahmadjonov

PROFESSOR O. KARIMOV 2001 YILDA YOZGAN “NIMA QILMOQ KERAK (ORZU)” MAQOLASI VA UNGA VASILA INOYATOVANING MUNOSABATI

Muallif [1]-maqola oxirida Vasila Inoyatova haqida maqola yozishni va’da qilgan edi. Ikkita maqoladan birinchisini va rahmatli professor Olimjon Karimov maqolasining asl matnini kamina o’quvchilarimiz e’tiboriga havola etmoqda. Avval rahmatli prof. O.Karimov maqolasining yozilishi va chop etilishi tarixini bayon qilsak.

Kamina 2000 yil may oyida [2]-kitobchani yozdi va uni taniqli demokratlardan birining uyida (uning iltimosi bilan ismi-sharifini muallif bunda yozmayotir) kompyuterda terdi. Muallif uning bitta nusxasini prof. O.Karimovga, yana bitta nusxasini O’zbekiston Inson huquqlari jamiyati raisi Tolib Yoqubovga 2000 yil yozida berdi. Tolib aka ushbu kitobchani “Harakat” jurnalida maqola ko’rinishida chop etish mumkinligini aytdi. (Eslatib o’tamiz: O’zbekiston “Birlik” xalq harakati rahbariyati Vashington shahrida 1995 yildan beri “Harakat” jurnalini har ikki oyda bitta sonini nashr etmoqda, shu kungacha – 2007 yil 1 iyuniga qadar uning 65 ta soni chop etildi.)

Muallif [2]- kitobchaning maqola variantini tayyorlab berdi va T.Yoqubov uni Internet orqali Vashingtonga jo’natdi. Natijada [2]-kitobcha “Harakat” jurnalining 2000 yil 5-6-sonlarida chop etildi. Bu haqda muallif 2001 yil yanvarida prof. O.Karimov uyiga borganida aytdi. Shuni e’tiborga olib, prof. O.Karimovda maqola yozish va uni “Harakat” jurnalida chop ettirish fikri paydo bo’ldi. U 2001 yil 12 fevralda O’zbekiston dehqonchiligidagi islohotlarga va fermer-dehqon xo’jaliklarini rivojlantirishga doir “Nima qilmoq kerak (Orzu)” maqolasini yozdi. Olimjon aka 2001 yil mart oyida maqolani kaminaga berdi va uni kompyuterda terib, “Harakat” jurnalida chop etishga yordam berishni iltimos qildi.

[2]-kitobcha maqola ko’rinishida “Harakat” jurnalida chop etilgach va ushbu jurnal soni www.birlik.net saytida joylashtirilgach, kamina foydalangan kompyuter egasi bo’lmish atoqli demokratga ham O’zbekiston kuchishlatar organlari tomonidan qo’shimcha xavf-xatar paydo bo’ldi. Shu sababli uning iltimosi bilan kompyuteridan foydalanishni 2001 yil boshida muallif to’xtatishga majbur bo’ldi. O’sha vaqtlar Toshkent shahridagi ozgina sonli Internet-klublar qattiq nazorat qilinardi va u yerda tanqidiy maqolalarni terish imkoniyati yo’q edi. Shu sababli kamina uyida kompyuteri bor bo’lgan boshqa demokratlarga murojaat qildi. T.Yoqubov inson huquqlariga doir chop etiladigan materiallar ko’pligi va kompyuter band ekanligini aytdi.

“Birlik” xalq harakati (BXH) saflarida prof. O.Karimov bilan birga 1989 yildan beri birga faoliyat olib borgan, BXH pahbarlaridan biri bo’lgan Vasila Inoyatovaning uyida kompyuter bor edi. Kamina 2001 yil mart oyida V.Inoyatovaning uyiga bordi va prof. O.Karimov maqolasini kompyuterda terib berishni iltimos qildi. V.Inoyatova maqolani olib qoldi.

Lekin oradan aprel, may, iyun va iyul oylari o’tdi hamki, u maqolani kompyuterda terib bermadi. Muallif uning uyiga ko’p marta borib, natijasiz qaytdi. Kamina oxirgi bir necha marta borganida Vasiladan maqolaning qo’lyozmasini qaytarib olishga harakat qila boshladi. Bu holni prof. O.Karimovga aytdi. Olimjon aka katta boshini kichik qilib, V.Inoyatova uyiga telefon qildi va maqolani kompyuterda terish iloji bo’lmasa, Shuhratga (kaminaga) qaytarib berishni iltimos qildi. Natijada kamina 2001 yil iyul oxirlarida V.Inoyatovaning uyiga borib, prof. O.Karimov maqolasining qo’lyozma nusxasini va V.Inoyatova kompyuterda tergan matnidan bitta nusxasini oldi.

Maqolani olgach, kamina o’sha zahoti to’g’ri Olimjon Karimov uyiga bordi. Yo’l-yo’lakay maqola matnlarini taqqoslab, maqolaning 1-jumlasida O.Karimovning yoshi 76 o’rniga 70 yozilganligidan boshlab, butun-butun abzatslar tushirib qoldirilganligi, aytilgan fikrni o’zgartirib yuboradigan darajadagi qo’pol xatolar borligini aniqlashtirdi. Bu xatolar kimningdir ko’rsatmasi bilan ataylab qilingandek fikr uyg’otardi. Shu yo’l bilan prof. O.Karimov tanqidiy fikrlarini kamsitish, uni obro’sizlantirish (diskreditatsiya qilish) mumkin edi.

Kamina bu haqda prof.O.Karimovga aytdi. Shu bilan birga ortiqcha tashvishlanmaslikni va boshqacha yechimi borligini gapirdi. Kamina “Buning uchun Atanazar Arifovga telefon qiling va ushbu maqolani kompyuterda terishga ruxsat berishni so’rab ko’ring” dedi. (A.Arifov “Erk” demokratik partiyasining Bosh kotibi, texnika fanlari doktori. U va O.Karimov 1993 yilda “Milliy Majlis ishi” bo’yicha sud mahkamasida nohaq javobgarlikka tortilgan edilar, [3] ga qarang.) Olimjon aka telefon qildilar. A.Arifov rozi bo’ldi. Kamina maqolani 2001 yil 5 avgust kuni terdi. Uning bittadan nusxasini A.Arifovga hamda prof. O.Karimovga, faylini (elektron matnini) esa T.Yoqubovga berdi va uni Internet orqali Vashingtonga, “Harakat” jurnalida chop etish uchun jo’natishni iltimos qildi.

Ammo V.Inoyatova o’sha ataylab chala-chulpa, qo’pol xatolar bilan terilgan prof. O.Karimov maqolasini Vashingtonga, “Harakat” jurnaliga jo’natib yuborgan ekan. Natijada prof. O.Karimov maqolasi kattagina kamchiliklar bilan “Harakat” jurnalining 2001 yil 2-sonida chop etildi ([4]-ga qarang). Kamina eslashicha, 2001 yil avgustida maqolaning elektron matnini T.Yoqubovga olib borganida, maqola hali jurnalda chop etilmagandi. U paytlar muallif kompyuter yordamida Internetdan foydalanishni bilmas edi. Shu sababli prof. O.Karimov maqolasi www.birlik.net saytidagi “Harakat” jurnalida qachon chop etilganiyu, qachon saytga qo’yilganligini kamina aniq aytolmaydi. “Harakat” jurnalining bosma nusxalari O’zbekistonga Vashingtondan turli yo’llar bilan , bir necha oy kechikib olib kelinar edi. Kamina prof. O.Karimov maqolasi bu jurnalda chop etilganligini O’zbekiston Inson huquqlari jamiyati ofisiga, ya’ni T.Yoqubovning uyiga (Toshkent, Yunusobod-4 mavzesi, 15-uy, 27-xonadonga) keyingi safar borganida Tolib aka aytganidan keyin bildi.

“Harakat” jurnalining ba’zi sonlari qandaydir sabablar bilan kechroq chop etilgan paytlar ham bo’lgan edi. (Maqolani 2001 yil 2-sonda chop etish uchun shu sondagi oxirgi betdagi ma’lumotlar o’rniga joylashtirilgan bo’lishi ham mumkin Chunki prof. O.Karimov maqolasi jurnal muqovasi oxirgi varag’ining ichki betida bosilgan edi). Eslatib o’tamiz: 2001 yilda “Harakat” jurnalining tahririyati Abdurahim Po’lat, Po’lat Oxun, Tolib Yoqub, Yodgor Obid, Anvar Usmon, Vasila Inoyat, Abdumannob Po’latdan iborat edi.

Xullas kalom, V.Inoyatova qilmishi tufayli prof. O.Karimovning maqolasi katta kamchiliklar va xatolar bilan “Harakatjurnalida chop etildi. Taqqoslash uchun va tarixiy adolatni tiklash niyatida rahmatli prof. O.Karimovning 2001 yil 12 fevralda yozgan “Nima qilmoq kerak (Orzu)” maqolasining asl matnini alohida maqolada keltirib o’tamiz.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. АХМАДЖОНОВ Ш. Некоторые пожелания и замечания по поводу статьей Талиб Якубова Tolib Yoqubov maqolalari yuzasidan ayrim takliflar va e’tirozlar). – www.uzbekcongress.org 2007.26.04.

2. SHUHRAT YUSUF AHMADJON o’g’li (Ahmadjonov Sh.). Qarz balosidan ogoh bo’lgin, xalqim!– www.birlik.net “Harakat” jurnali, 2000 yil 5- va 6-sonlari.

3. AHMADJONOV Sh. Yaqin tariximizga nazar. O’zbekiston Ozod Dehqonlar partiyasining asoschisi, professor Olimjon Karimov – 80 yoshda. (Birinchi qism: 1988-1993 yillarda O’zbekistonda ro’y bergan ba’zi bir tarixiy voqealarning prof.O.Karimov taqdiri misolida tahlili). – www.uzbekcongress.org 2006.01.01; www.jahongir.org Turonzamin jurnali, 2006 yil yanvar, 1(13)-soni.

4. OLIM KARIM. Nima qilmoq kerak (Orzu). – www.birlik.net “Harakat” jurnali, 2001 yil 2-son.

XXX

V.INOYATOVA XATOLARINI OCHIB BERUVCHI TAQQOSLAMA MAQOLA

Kamina “Professor O.Karimov 2001 yilda yozgan “Nima qilmoq kerak (Orzu)” maqolasi va unga Vasila Inoyatovaning munosabati” maqolasida V.Inoyatova qilmishi tufayli prof. O.Karimovning maqolasi katta kamchiliklar va xatolar bilan “Harakat” jurnalining 2001 yil 2-sonida chop etilganligi haqida bayon etgandi. Tarixiy adolatni tiklash va V.Inoyatova xatolarini fosh etish uchun rahmatli prof. O.Karimovning 2001 yil 12 fevralda yozgan “Nima qilmoq kerak (Orzu)” maqolasining asl matni va « Harakat » jurnalida chop etilgan matnini taqqoslama ko’rinishda chop etihga kamina qaror qildi. O.Karimov maqolasi [1]-da kirill alifbosida chop etilgani uchun Vasila tergan varianti [1]-maqoladan kirill alifbosida, asli esa kamina tergan lotin alifbosida keltirilmoqda. Maqolamiz oxirida rahmatli professor Olimjon Karimov maqolasining asl matni to’liqsincha berilmoqda.

Vasila yozgan matnda : «Мен 70 ёшга кирдим.» [1]

Aslida: “Men 76 yoshga kirdim.”

Vasila: “3. Дехкон-фермер хужалиги кичик 3-5 гектар, урта 15-20 гектар ва катта 60-75 гектарли булиши максадга мувофикдир. Фермер хужалигини 2,3 ёки 4 дехкон бошкариши керак. Масалан 6-75 гектарли фермани 4та дехкон бошкаради. Улардан бири усмлик экиб дехкончилик килса, иккинчиси ердан олинган хосилни кайта ишлаш билан шугулланади, учинчиси чорвачиликни бошкаради ва туртинчиси машина-трактор паркига рахбарлик килади.” [1]

Aslida: “3. Dehqon-fermer xo’jaligi kichik 3-5 gektarli, o’rta 15-20 gektarli va katta 60-75 gektarli bo’lishi maqsadga muvofiqdir. 60-75 gektarli fermani 2-3 ta dehqon boshqaradi. Ulardan biri o’simlik ekib dehqonchilik qilsa, ikkinchisi chorvachilikni boshqaradi. Chorvaga rahbarlik qiluvchi dehqon zootexnik bo’lgani afzalroqdir. Uchinchisi mashina-traktor parkiga rahbarlik qiladi.”

Vasila: “4. … Кискаси сигирлардан мул сут ва гунажин, букаларни кунлик семириш даражасини катьий назорат килади. Кайта ишлаш корхонасига мулжаллаб куйилган гушт ва сут махсулотларини етиштириб беради. Чорвани етказган гунгини авайлаб асрашда, хонадонларда чириб, етилгандан кейин ерга солади.” [1]

Aslida: “4. … Qisqasi, sigirlardan mo’l sut oladi, g’unajin va buqalarning kunlik semirishi darajasini qat’iy nazorat qiladi. Qayta ishlash korxonasiga mo’ljallab qo’yilgan go’sht va sut mahsulotlarini yetishtirib beradi. Chorvani yetkazgan go’ngini avaylab asraydi, xandaqlarda chiritib, yetilgandan keyin yerga soladi.”

Izoh: Vasila 1-gapda “oladi” degan so’zni qoldirib yozgani hamda “va” so’zini boshqa joyga qo’yganligi sababli gap mazmuni g’aliz, savodsizlarcha yozilgandek bo’lib chiqqan. U 3-gapda chorva go’ngini “xandaqlarda chiritib” emas, “xonadonlarda chirib” deb yozmoqda ([1]-ga qarang).

Vasila: “6. Бош иктисодчи-бухгалтер етказилган махсулотларни хисоб-китобини килади. У етказилган махсулотлар кайта ишланишидан тортиб керакли наосаларнинг сотиб олинишигача булган хамма операцияларнинг молиявий томонини назорат килади. У компютерда ишловчи мохир мутахассис.” [1]

Aslida: “6. Bosh iqtisodchi-buxgalter yetkazilgan mahsulotlarni hisob-kitob qiladi. U yetkazilgan mahsulotlar qayta ishlanib – un, makaron, non, gurunch, go’sht, qazi, paxta yog’i, teri-charm, tayyor usti-bosh va oyoq kiyimlari xaridini nazorat qiladi. U kompyuterda ishlovchi mohir mutaxassis.”

Vasila maqolaning 7-bandi oxiridagi ushbu gapni umuman yozmagan: “Fermada tovuq boqish masalasi yetkazilgan donni miqdoriga qarab hal qilinadi.”

Vasila maqolaning 11-bandi oxiridagi ushbu gapni umuman yozmagan: “0,08-0,10 gektar tomorqada xonadonda boqilayotgan hayvonlar uchun to’yimli yemish yetishtiriladi.”

Vasila: “14. Фермер хужаликларини химоя килиш, уларни ёкилги, угит, техника воситалари ва зотли моллар билан таъминлаш учун республика дехкончилик вазирлиги тузилади. Вилоят ва туманларда вазирликнинг 3-5 нафар мутахассис ишлайдиган булинмалари тузилади.” [1]

Aslida: “14. Fermer xo’jaliklarini himoya qilish, ularni yoqilg’i, o’g’it, texnika vositalari va zotli g’unajinlar bilan ta’minlash uchun vazirlikning respublika dehqonchilik vazirligi tuziladi. Viloyat va tumanlarda vazirlikning ixcham, yoshi ellikdan oshgan 3-5 ta mashhur mutaxassislari ishlaydigan bo’linmalari tuziladi.”

Vasila “Xulosa” qismida prof. O.Kaqrimov maqolasi matnidagi 87 foizini qisqartirib, quyidagi satrlarnigina yozgan:

“Биз юкорида зикр килиб, орзу килган фикр-мулохазаларимиз бир кун амалга ошади, деган умиддамиз.

Фермер-дехконларни сиёсий, ижтимоий ва иктисодий химоя килишни хокимларга топширдик. Аклли, идрокли ватанпарвар хокам фермерларнинг холидан тез-тез хабарлар булиб туриб, утиш даврида кларни беъмани ташвишлардан жони-жахти билан химоя килади. Сунгги умидимиз – дехконлар узларининг хак-хукукларини химоя килиш учун сиёсий партияга бирлашадилар.

Бундай партия – академик Мирза-али Валиевич Мухаммаджонов асос солган Узбекистон Озод Дехконлар Партиясидир. Насиб килса партиямиз руйхатдан утиб Узбекистон дехконларини чинамига химоя килади.” [1]

Aslida “Xulosa” qismida quyidagicha yozilgan:

“Ozbekistonda 4 mln. gektar sug’oriladigan yerlar bor. Shundan 25 foizi yoki 1mln. gektari dehqon-fermerlarga mulk sifatida, bir umrga berilsa, ular shu yerdan:

- 250 ming gektariga g’o’za ekib, 2,5 mln. tonna paxta;

- 250 ming gektariga avval bug’doy ekib, 3 mln. tonna bug’doy, bug’doyning o’rniga makkajo’xori ekib kamida 2 mln. tonna makkajo’xori;

- 250 ming gektariga sholi ekib, 6 mln. tonna sholi;

- 250 ming gektar yerga beda ekib, ko’m-ko’k to’yimli beda pichani, makkajo’xori poyasini maydalab, ko’m-ko’k beda bilan silos tayyorlab, chorva uchun ozuqa tayyorlaydi.

2,5 mln. tonna paxtadan olingan sheluxa va kunjara, 3 mln. tonna bug’doydan olingan kepak, 2 mln. tonna makkajo’xori undirilib, somon bilan kepakka qo’shib, terit qilib berilsa sigirlar 25-30 litr sut beradi, g’unajinlar tezda yetiladi, buqalar yaxshi semirib aytgan miqdorda go’shtingizni beradi.

Chorvachilikda har bir gektar yer hisobiga 1 bosh zotli sigir boqilsa, chorvada sog’in sigir miqdori 1 mln. bosh bo’ladi. Sigirlar 500 ming bosh g’unajin va 500 ming bosh buqa tug’ib beradi. 1 mln. sog’in sigirni yarmisi 300 kun sut beradi, yarmisi bo’g’oz bo’lib turadi. Sog’in sigir bir kunda o’rtacha 20 litr sut beradi. Bir yilda 6 tonna sut beradi. 500 ming bosh sog’in sigir 3 mln. tonna sut beradi. 500 ming bosh g’unajin qochirilib sotilsa, mo’may daromad beradi. 500 ming bosh buqalar so’qimga boqilsa, har bir bosh so’qim 400 kg go’sht bersa, 200 ming tonna go’sht yetishtiriladi.

Chiritib yetishtirilgan go’ng o’rta hisobda, 1 mln. bosh sog’in sigirdan, 500 ming bosh g’unajindan va 500 ming bosh so’qimga boqilayotgan buqalar, hammasi bo’lib 2 mln. bosh hayvondan 6 mln. tonna go’ng yetishtiriladi. Chiritilgan toza go’ng har yili 250 ming gektar yerga solinishini hisobga olsak, har bir gektarga 24 tonnadan go’ng solinadi. Oqibatda 4 yilda har bir gektar yerga 100 tonnaga yaqin go’ng solinadi. Bu g’o’zaga, bug’doyga, makkajo’xoriga va sholiga beriladigan me’yordagi mineral o’g’itga xamirturush bo’lib, muttasil yuqori hosil olish garovi bo’ladi.

1 mln. gektar yerni tasarrufotini taxminan 300 ming oila-xonadon qilsa, har bir xonadonning 2 bosh zotli sigiri, 2 bosh g’unajini va buqasi bo’ladi. 300 ming xonadonni 600 ming bosh g’unajini va buqasi bo’ladi. Qat’iy shartnoma asosida fermada ishlayotgan ishchi-dehqonlar o’zlarining xonadonida yetishtirgan sutni ortiqchasini fermaning sutni qayta ishlash korxonasiga topshiradilar. Qochirilgan bug’oz g’unajinni bozorda sotadilar, semirtirilgan so’qimni fermaning go’shtni qayta ishlash korxonasiga yoki bozorda naqd pulga sotadilar. Chiritilgan ortiqcha go’shtni fermaga naqd pulga sotadilar. Yetishtirib berilgan mahsulotni xonadonlar naqd pul evaziga topshiradilar.

Bundan tashqari 300 ming xonadonning har bir hovlisida 50 bosh, hammasi bo’lib 15 mln. bosh zotli tovuq boqiladi. Har bir ona tovuq o’rta hisobda bir yilda 200 dona tuxum qilsa, jami 3 milliard dona tuxum yetishtiriladi.

1 mln. gektar yerni tasarrufotini qilish uchun bizning sharoitimizda 300-350 ming ishchi-dehqon zarur bo’ladi. 1 mln. bosh sog’in sigirni, 500 ming bosh g’unajinni va 500 ming bosh buqalarni so’qimga boqish uchun 100 mingdan ortiq chorvadorlar kerak bo’ladi.

Qayta ishlash korxonalarining ishchilari, fermerlarning savdo xodimlari, mexanizatorlari, mansabdor mulk egalari va zarur kerakli xizmatkorlar, hammasi bo’lib, 1mln. gektar yerni xizmatini 500 mingdan ortiqroq ishchi kuchi – asosan erkaklar bajaradi.

Yuqorida zikr qilingan hisob-kitoblar fantaziya deyishlari mumkin. Aslo fantaziya emas, bil’aks real, eplasa bo’ladirgan, mulk egasi, yerning haqiqiy xo’jayini – dehqon-fermerlarning istiqbol cho’qqisidir.

Fermer-dehqonlarni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy himoya qilishni hokimlarga topshirsak. Aqlli, idrokli, vatanparvar hokim fermerlarning holidan tez-tez xabardor bo’lib turib, o’tish davrining bema’ni tashvishlaridan jon-jahdi bilan himoya qiladi, degan umiddamiz. Dehqonlar o’zlarining haq-huquqlarini himoya qilish uchun siyosiy partiyaga birlashadilar. Bunday partiya akademik Mirzaali Valiyevich Muhammadjonov asos solgan O’zbekiston Ozod Dehqonlar partiyasidir. Nasib qilsa partiyamiz ro’yxatdan o’tib O’zbekiston dehqonlarini chinakamiga himoya qiladi!

Bir keksa, niyati pok, xolis olimning orzu-umidlari inshoollo ro’yobga chiqqay!”

Prof. Olimjon Karimov 2006 yil 8 fevral kuni 80 yoshida Toshkentda vafot qildi. Olimjon aka yozgan maqolani avlodlarga to’liqsincha yetkazishni kamina o’z burchi, deb hisoblaydi. Shu ezgu niyatda va Vasila Inoyatova tomonidan yo’l qo’yilgan xato-kamchiliklarni prof. O.Karimov maqolasining asl matni bilan o’quvchimiz solishtirish imkoniyati bo’lishi uchun Olimjon aka maqolasining to’liq matni quyida keltirilmoqda. Olloh Olimjon aka oxiratini obod qilsin.

OLIM KARIM

N I M A Q I L M O Q K E R A K (O R Z U)

Men 76 yoshga kirdim. Umrimni talaygina qismini yer ilmining sohibqironi akademik Mirzaali Valiyevich Muhammadjonov bilan hamkorlikda o’tkazdim. Biz yurtimizning Andijon va Xorazm viloyatlarida katta ilmiy ishlar o’tkazdik. Xorazmda kuzgi shudgorni tavsiya qilinishi, Farg’onada qora plyonka ostiga chigit ekish tajribasi, Qo’rg’ontepa tumani “Savoy” sovxozida, Xazorasp tumani Karl Marks kolxozida o’tkazgan ko’p yillik tajribalarimiz mamlakatimizda rivoj topayotgan fermer-dehqon harakatiga salmoqli hissa qo’shdi, deb hisoblayman.

Ozbekistonda so’nggi o’n yil davomida dehqonchilikda o’tkazilayotgan islohotlar samarasi ko’ngildagidek emas. Ko’pchilik tuzilgan fermerlar xo’jaliklarida yerga mehr, muhabbat va egalik hissiyoti pastligi uchun sug’oriladigan yerning unumdorligi muttasil pasayib ketmoqda. Paxta va g’alla hosili mo’ljaldagidan kam. Chorvachilik og’ir ahvolda. Qishloqni ahvoli nochor. Juda katta yer zahiralariga ega bo’lgan Ozbekistonda dehqonchiikni bozor iqtisodi talablariga moslashtirib boshqarish, o’zbek xalqining iftixori, hayot-mamoti bo’lmish yerni e’zozlab, uning samaradorligini oshirish va dehqonlardagi mavjud ishonchsizlik holatiga ildizi bilan barham berish, yerga egalik hissiyotini chinakamiga barpo qilish uchun nima qilmoq kerak???

1. Sug’oriladigan unumdor yerimizdan 20-25 foizi dehqonchilikda suyagi qotgan tadbirkor, iqtisodchi dehqonga bepul berilishi kerak. Yer dehqonga bir umrga, yerning unumdorligini muttasil oshirish sharti bilan berilishi kerak. Yer vaqtincha emas, dehqonda yerga egalik hissiyoti tug’yon o’rishini ta’minlash uchun, toki yer meniki deb dehqon qanoat hosil qilishi uchun doimiy foydalanishga berish kerak.

2. Dehqon yerni, suvni, o’simlik va hayvonot dunyosini muvozanatda ushlab turish zarurligini qalbi bilan his etishi kerak.

3. Dehqon-fermer xo’jaligi kichik 3-5 gektarli, o’rta 15-20 gektarli va katta 60-75 gektarli bo’lishi maqsadga muvofiqdir. 60-75 gektarli fermani 2-3 ta dehqon boshqaradi. Ulardan biri o’simlik ekib dehqonchilik qilsa, ikkinchisi chorvachilikni boshqaradi. Chorvaga rahbarlik qiluvchi dehqon zootexnik bo’lgani afzalroqdir. Uchinchisi mashina-traktor parkiga rahbarlik qiladi.

4. Chorvaga rabarlik qiluvchi dehqon, fermada 60-75 bosh sigir va shuncha g’unajin, buqalarni boqadi.120-150 bosh chorvani to’yimli yem-xashak bilan ta’minlaydi. Xashak va yemni avaylab asraydi. Nushqurt chiqazmaslik choralarini ko’radi. Qishning ayozli kunlarida bo’g’oz sigirlarga iliq suv berishni ta’minlaydi. Qisqasi, sigirlardan mo’l sut oladi, g’unajin va buqalarning kunlik semirishi darajasini qat’iy nazorat qiladi. Qayta ishlash korxonasiga mo’ljallab qo’yilgan go’sht va sut mahsulotlarini yetishtirib beradi. Chorvani yetkazgan go’ngini avaylab asraydi, xandaqlarda chiritib, yetilgandan keyin yerga soladi.

5. 60-75 gektarli fermada 15-20 gektariga paxta, 15-20 gektariga avval bug’doy, so’ngra makkajo’xori, 15-20 gektariga sholi va 15-20 gektariga beda ekiladi. Har bir gektar yer hisobiga 80-100 sentner paxta, 100-120 sentner bug’doy va shuncha makkajo’xori, 150-200 sentner sholi olinishi kerak. Beda kamida 4-5 marta o’rib olinib, sarg’ayib ketishidan asrab g’aram qilib qo’yiladi.

6. Bosh iqtisodchi-buxgalter yetkazilgan mahsulotlarni hisob-kitob qiladi. U yetkazilgan mahsulotlar qayta ishlanib – un, makaron, non, gurunch, go’sht, qazi, paxta yog’i, teri-charm, tayyor usti-bosh va oyoq kiyimlari xaridini nazorat qiladi. U kompyuterda ishlovchi mohir mutaxassis.

7. Fermer yashab turgan hovlisi yonida tutzor yaratib, pilla yetishtiradi. Tutzor yonida tovuqxona quradi. Tovuqlar qishin-yozin tutzorda qurt-qumursqalarni yeb, tutzorni go’ng bilan ta’minlaydi. Tuxum va parranda go’shti yetishtiriladi. Fermada tovuq boqish masalasi yetkazilgan donni miqdoriga qarab hal qilinadi.

8. Yerning unumdorligini muttasil oshirgan fermer davlatimiz mukofotiga sazovor bo’ladi.

9. Agarda fermer 5 yil muddat ichida yerning unumdorligini pasaytirib yuborsa, u yerdan mahrum qilinadi, yeri tortib olinadi va unumdorlikni oshirgan fermer yeriga qo’shib beriladi.

10. Fermer yer va daromad soliqlarini muddatida to’laydi.

11. Olingan sof foyda hisobiga fermer qaramog’ida ishlayotgan dehqonlar uchun koshonalar qurib beradi. Go’zal qishloq yaratadi. Qishloqning har bir hovlisida suv, gaz, elektr ta’minoti va kanalizasiya quriladi. Qishloqda guzar – savdo markazi, hammom-sauna, kinoteatr, maktab, bog’cha va oshxonalar barpo etiladi. Tikuvchilik va etikdo’zlik, go’zallik saloni – sartaroshxona va boshqa maishiy binolar qad ko’taradi. Yangi qishloqda qurilgan koshona 5-7 jonli dehqon oilasi ehtiyojiga mos bo’lishi kerak. Hovli 0,15-0,20 gektar bo’lib, unda ikki qavatli uy, garaj, tandirxonasi bilan yozlik va qishlik oshxona, hojatxona va vannasi bilan, yozlik yopiq taxtiravon-supa, 2 bosh sigirni 2 bosh buzog’iga mo’ljallangan molxona, qo’yxona va tovuqxona, hovlida tutzor, mevali daraxtlar, ishkom va handaqlar bo’lishi kerak. 0,08-0,10 gektar tomorqada xonadonda boqilayotgan hayvonlar uchun to’yimli yemish yetishtiriladi.

12. Katta fermer xo’jaliklarini mashina-traktor parkida zamonaviy Keys kombaynlari, traktorlari bo’ladi. Kichik va o’rta fermer xo’jaliklarini shartnoma asosida mexanizasiya va mahsulotni qayta ishlash, xarid qilish ishlariga yordam beradi.

13. Fermerlarga tazyiq o’tkazib, ularni narx-navo ishlariga aralashish, majburiy shartnomalar tuzish qonun bilan taqiqlanadi.

14. Fermer xo’jaliklarini himoya qilish, ularni yoqilg’i, o’g’it, texnika vositalari va zotli g’unajinlar bilan ta’minlash uchun vazirlikning respublika dehqonchilik vazirligi tuziladi. Viloyat va tumanlarda vazirlikning ixcham, yoshi ellikdan oshgan 3-5 ta mashhur mutaxassislari ishlaydigan bo’linmalari tuziladi.

15. Davlatga zarur mahsulotlar yetkazib berish Dehqonchilik vazirligining buyurtmasiga asosan bajariladi. Mahsulot bozor narxida yetishtirib beriladi.

16. Yer egasi – fermer berilgan yerning unumdorlik va sho’rlik darajasini aniqlab, texnologiya kartasini tuzadi. Texnologiya kartasini tuzishga tuman dehqonchilik bo’limining mutaxassislari yordam beradi. Texnologiya kartasi fan va tajribani eng so’nggi yutuqlariga itoat qilish, masalan, chigit kaftdek qilib tekislangan yerga plyonka ostiga chigit ekish (qora plyonka afzalroq), g’o’zani tomchilab sug’orish, g’o’za suviga chirigan tovuq go’ngi, ma’dan o’g’it qo’shib berish, paxtani yuz foiz ochiltirib, Keys paxta teruvchi mashinasi bilan birato’la terib olishlarni o’z ichiga olishi kerak. Fermer yuqori hosil yetishtirib, Ollohga hamdu sanolar aytadi.

17. Yer tuman hokimining farmoni bilan dehqonga beriladi. Farmonda berilgan yerning xaritasi, miqdori, unumdorligi, sho’rlik darajasi aks ettiriladi. Suv bilan ta’minlash farmonda alohida ko’rsatib o’tiladi. Hokim yerni bir piyola choy ustida tantanali vaziyatda falonchi dehqonga berilganini e’lon qiladi.

18. Fermer bankdan imtiyozli kredit olib, avvalo texnika sotib oladi, so’ngra ko’rkam dala shiyponi quradi. Nomoz o’qish uchun xona ajratadi. Shiyponga radio va televizor o’rnatilgan bo’lishi kerak.

19. Fermada dehqon-ishchilar qat’iy shartnoma asosida ishlaydilar. Bolalik ayollar ishga taklif qilinmaydi. Ajratilgan yer eski qishloqdan uzoqroq joylashgan bo’lsa, ishchi-dehqonlar mashinalarda olib boriladi.

X U L O S A

Ozbekistonda 4 mln. gektar sug’oriladigan yerlar bor. Shundan 25 foizi yoki 1mln. gektari dehqon-fermerlarga mulk sifatida, bir umrga berilsa, ular shu yerdan:

- 250 ming gektariga g’o’za ekib, 2,5 mln. tonna paxta;

- 250 ming gektariga avval bug’doy ekib, 3 mln. tonna bug’doy, bug’doyning o’rniga makkajo’xori ekib kamida 2 mln. tonna makkajo’xori;

- 250 ming gektariga sholi ekib, 6 mln. tonna sholi;

- 250 ming gektar yerga beda ekib, ko’m-ko’k to’yimli beda pichani, makkajo’xori poyasini maydalab, ko’m-ko’k beda bilan silos tayyorlab, chorva uchun ozuqa tayyorlaydi.

2,5 mln. tonna paxtadan olingan sheluxa va kunjara, 3 mln. tonna bug’doydan olingan kepak, 2 mln. tonna makkajo’xori undirilib, somon bilan kepakka qo’shib, terit qilib berilsa sigirlar 25-30 litr sut beradi, g’unajinlar tezda yetiladi, buqalar yaxshi semirib aytgan miqdorda go’shtingizni beradi.

Chorvachilikda har bir gektar yer hisobiga 1 bosh zotli sigir boqilsa, chorvada sog’in sigir miqdori 1 mln. bosh bo’ladi. Sigirlar 500 ming bosh g’unajin va 500 ming bosh buqa tug’ib beradi. 1 mln. sog’in sigirni yarmisi 300 kun sut beradi, yarmisi bo’g’oz bo’lib turadi. Sog’in sigir bir kunda o’rtacha 20 litr sut beradi. Bir yilda 6 tonna sut beradi. 500 ming bosh sog’in sigir 3 mln. tonna sut beradi. 500 ming bosh g’unajin qochirilib sotilsa, mo’may daromad beradi. 500 ming bosh buqalar so’qimga boqilsa, har bir bosh so’qim 400 kg go’sht bersa, 200 ming tonna go’sht yetishtiriladi.

Chiritib yetishtirilgan go’ng o’rta hisobda, 1 mln. bosh sog’in sigirdan, 500 ming bosh g’unajindan va 500 ming bosh so’qimga boqilayotgan buqalar, hammasi bo’lib 2 mln. bosh hayvondan 6 mln. tonna go’ng yetishtiriladi. Chiritilgan toza go’ng har yili 250 ming gektar yerga solinishini hisobga olsak, har bir gektarga 24 tonnadan go’ng solinadi. Oqibatda 4 yilda har bir gektar yerga 100 tonnaga yaqin go’ng solinadi. Bu g’o’zaga, bug’doyga, makkajo’xoriga va sholiga beriladigan me’yordagi mineral o’g’itga xamirturush bo’lib, muttasil yuqori hosil olish garovi bo’ladi.

1 mln. gektar yerni tasarrufotini taxminan 300 ming oila-xonadon qilsa, har bir xonadonning 2 bosh zotli sigiri, 2 bosh g’unajini va buqasi bo’ladi. 300 ming xonadonni 600 ming bosh g’unajini va buqasi bo’ladi. Qat’iy shartnoma asosida fermada ishlayotgan ishchi-dehqonlar o’zlarining xonadonida yetishtirgan sutni ortiqchasini fermaning sutni qayta ishlash korxonasiga topshiradilar. Qochirilgan bug’oz g’unajinni bozorda sotadilar, semirtirilgan so’qimni fermaning go’shtni qayta ishlash korxonasiga yoki bozorda naqd pulga sotadilar. Chiritilgan ortiqcha go’shtni fermaga naqd pulga sotadilar. Yetishtirib berilgan mahsulotni xonadonlar naqd pul evaziga topshiradilar.

Bundan tashqari 300 ming xonadonning har bir hovlisida 50 bosh, hammasi bo’lib 15 mln. bosh zotli tovuq boqiladi. Har bir ona tovuq o’rta hisobda bir yilda 200 dona tuxum qilsa, jami 3 milliard dona tuxum yetishtiriladi.

1 mln. gektar yerni tasarrufotini qilish uchun bizning sharoitimizda 300-350 ming ishchi-dehqon zarur bo’ladi. 1 mln. bosh sog’in sigirni, 500 ming bosh g’unajinni va 500 ming bosh buqalarni so’qimga boqish uchun 100 mingdan ortiq chorvadorlar kerak bo’ladi.

Qayta ishlash korxonalarining ishchilari, fermerlarning savdo xodimlari, mexanizatorlari, mansabdor mulk egalari va zarur kerakli xizmatkorlar, hammasi bo’lib, 1mln. gektar yerni xizmatini 500 mingdan ortiqroq ishchi kuchi – asosan erkaklar bajaradi.

Yuqorida zikr qilingan hisob-kitoblar fantaziya deyishlari mumkin. Aslo fantaziya emas, bil’aks real, eplasa bo’ladirgan, mulk egasi, yerning haqiqiy xo’jayini – dehqon-fermerlarning istiqbol cho’qqisidir.

Fermer-dehqonlarni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy himoya qilishni hokimlarga topshirsak. Aqlli, idrokli, vatanparvar hokim fermerlarning holidan tez-tez xabardor bo’lib turib, o’tish davrining bema’ni tashvishlaridan jon-jahdi bilan himoya qiladi, degan umiddamiz. Dehqonlar o’zlarining haq-huquqlarini himoya qilish uchun siyosiy partiyaga birlashadilar. Bunday partiya akademik Mirzaali Valiyevich Muhammadjonov asos solgan O’zbekiston Ozod Dehqonlar partiyasidir. Nasib qilsa partiyamiz ro’yxatdan o’tib O’zbekiston dehqonlarini chinakamiga himoya qiladi!

Bir keksa, niyati pok, xolis olimning orzu-umidlari inshoollo ro’yobga chiqqay!

Olim Karim

prof., texnika fanlari doktori imzo

2001 yil 12 fevral. Toshkent shahri.”

FOYDALANILGAN ADABIYOT

1. OLIM KARIM. Nima qilmoq kerak (Orzu). – www.birlik.net “Harakat” jurnali, 2001 yil 2-son.

VASILA INOYATOVA, AYRIM VOQEALAR VA 2007 YIL 23 DEKABRDAGI PREZIDENTLIK SAYLOVI

O’zbekiston Inson huquqlari jamiyatining Bosh kotibi Tolib Yoqubov yozgan 4 qismdan iborat [1]-maqolasiga bog’liq holda kamina [2]- va [3]-maqolalarni yozgan edi. Kamina quyida Vasila Inoyatova bilan bog’liq navbatdagi maqolani o’quvchilar e’tiboriga havola etmoqda.

Avval V.Inoyatova haqida ayrim ma’lumotlar. Vasila Inoyatova 1956 yil 26 aprelda Toshkent shahrida tug’ilgan. U 1973 yili o’rta maktabni tugatgach, O’zR Fanlar Akademiyasining O’simliklar kimyosi institutiga ishga kirdi. Keyinchalik Paxta sellyulozasi institutida ishladi. U Toshkent davlat universiteti kimyo fakultetining kechki bo’limini 1987 yilda tugatgan.

V.Inoyatova 2006 yil bahorida farzandlari, akalari va ota-onasi haqida qo’yidagi ma’lumotlarni [4]-maqolada yozgan.

“Xonadonimiz ko’pchiliknikidek oddiy. Bir hovlida uch ovsin yashaymiz. To’rt nafar farzandimiz, ikki nevaramiz bor. Ikki qizimiz Toshkent davlat yuridik institutida o’qiydi. To’ng’ichimiz Hojiakbar “Ezgulik” jamiyatining tashkiliy ishlari bilan shug’ullanadi. Savolingizga qaytsam, oilada mening yo’limdan borayotgani – Ziyoda. “Ezgulik” qoshida “Yosh ezgulikchilar” klubini tashkil qilib, unga yetakchilik qilyapti.

Rahmatli onamning aytishicha, menga jamoatchilik ishlarida faol, mahalla xotin-qizlari qo’mitasida bir necha yillar rahbarlik qilgan ammamning ismini qo’yishgan ekan. Onamning o’zlari (Zarifa Yunusova) bir umr Eski shahardagi 1-bosmaxonada muqovalovchi bo’lib ishlaganlar. Otam Ahmadjon aka “Uzximtexsnab”da amaldor bo’lgan. Shunga qaramay bolaligimiz biroz og’ir kechgan. Egizak akalarim va men otam boshqa oila qurgach, ko’nglimiz o’ksik ulg’ayganmiz. Shahardagi 169-maktabda o’qiganman, harqalay, o’sha paytlarda ham jamoat ishlarida faol edim. She’rlarim bilan devoriy gazetalarda qatnashardim.

Hasan akam moliyachi, Husan “Toshtram”da oddiy xizmatchi. To’lqin akamlarning (turmush o’rtog’i) kasbi oshpazlik. Nima deysiz, endi, ko’rib turganingizday, oilamiz boshqalarnikiday oddiy.” [4]

Vasila Inoyatova “Birlik” xalq harakati (BXH)ga 1989 yilda a’zo bo’lgan. Uning she’rlari 1989-1990 yillarda muxolifatning “Birlik”, “Tumaris” gazetalarida chop etilgan edi.

1989-1990 yillarda BXHning Toshkentdagi idorasida (Toshkent shahri, Mirzo Ulug’bek tumani, Pishpek ko’chasi, 21-uyda) Dilbar Vohidova (atoqli shoir, O’zbekiston qahramoni Erkin Vohidovning singlisi) kotiba bo’lib ishlardi. 1990 yilda uning o’rniga Vasila Inoyatova kotiba bo’lib ishlay boshladi.

V.Inoyatova nechanchi yildan boshlab O’zbekiston rejimining idoralari bilan kelishib faoliyat olib borayotganligini kamina aniq ayta olmaydi. Faqat ba’zi bir ma’lumotlarni muallif keltirib o’tadi, xulosani esa o’quvchimizning o’zi chiqarsin.

M.Ardzinov rahbarligidagi O’zbekiston Inson Huquqlari Mustaqil Jamiyatining faoli Ismoil Odilovning 1994 yilda 5 yil muddatga qamalishida V.Inoyatovaning aloqasi borligi haqida ma’lumotlar bor.

2001 yilda prof. O.Karimovning “Nima qilmoq kerak (Orzu)” maqolasi yuzasidan kamina V.Inoyatovaga murojaati va u katta kamchiliklar hamda qisqartirishlar bilan “Harakat” jurnalining 2001 yil 2-sonida chop etilganligi haqida [2]-maqolada yozgandik.

Endi muallif 2002 yilda V.Inoyatovaga qilgan murojaati bilan bog’liq voqeani keltirib o’taylik. Ma’lumki, O’zbekiston “Birlik” Xalq harakati (BXH) 1988 yil 11 noyabr kuni atoqli hofiz va shoir Dadaxon Hasan uyida (Toshkent shahri, Sadaf ko’chasi, 31-uy) bir guruh ziyolilar tomonidan tuzilgan edi. Kamina BXH tuzilganligining 10 yilligiga bag’ishlab “Birlik”chilar va o’zbekistonlik askarlarning tobutlari” nomli 21 betli kattagina maqolani 1998 yil noyabr boshida yozdi. Uning bitta nusxasini 1998 yil dekabrida Tolib Yoqubovga berdi va Internet orqali Vashingtonga, “Harakat” jurnalida chop etish uchun jo’natib yuborishni iltimos qildi. Lekin T.Yoqubov maqolani Internet orqali Vashingtonga jo’natmadi.

Kamina “Harakat” jurnalida chiqarish niyatida bu maqolani 2002 yil yozida jurnal tahririyatining yana bir a’zosi bo’lmish Vasila Inoyatovaga berdi. U ham maqolaga nisbatan o’z fikrini yozib bermadi, uni Internet orqali Vashingtonga – jurnal tahririyatiga yubormadi, aniq-tiniq javob ham bermadi. Muallif V.Inoyatovaning uyiga (Toshkent shahri, Usta Olim ko’chasi, 1-tupik, 3-uyga) bir necha marta bordi. Kamina maqola jurnalga yuborilmasligini tushungach, uni qaytarib olishga harakat qildi. Muallif borganida, uning qizlaridan biri “Ayam uyda yo’qlar” deb javob berardi. Kamina yana bir borganida: “Maqolamni sizlarga bersin. Men o’z maqolamni qaytarib olib ketmoqchiman. Shuni aytib qo’ying” dedi. Keyingi safar borganida ma’lum bo’ldiki, shu gapdan keyin ham Vasila kamina maqolasini qiziga qoldirib ketmabdi. (Balkim kamina maqolasini boshqa kishilar o’qishayotgan bo’lganmi). Muallifning bir oz jahli chiqib, hovlida turgan holda, qo’shnilar eshitadigan qilib baland ovozda: “Ayangizga ayting, maqolamni sizga qoldirib ketsin. Men nima, “bo’zchining mokisidek” borib-kelib yuraveramanmi?” deb aytdi. Shundan 2-3 kun o’tgach kamina borganida Vasilaning o’zi maqolani olib chiqib berdi.

Kaminaning fikricha, O’zbekiston maxsus xizmat organlari ushbu maqolani rosa tekshirishgan, unda yozilgan faktlarni o’rganishgan, muallifni biror bahona bilan javobgarlikka tortish niyatlari bo’lgan. Lekin barcha faktlar qaysi manbalardan olinganligi maqola oxirida ko’rsatilganligi sababli kaminaga qarshi jinoiy ish qo’zg’atish imkonini topa olmaganlar, deb o’ylaydi kamina.

(Eslatib o’tamiz: kamina 2000 yilda yozgan [5]-kitobchasi uchun rejim amaldorlari 2001 yil 30 oktyabrdan 4 dekabrgacha qamoqda saqlashgan edi. Unda ham barcha faktlar manbalari ko’rsatilganligi sababli 21 kun hibsda saqlab, kitobchani O’zR Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Diniy ishlar boshqarmasiga ekspertizaga berib, rosa titi-piti etishib, 5-10 yilga qamab yuborishga harakat qilishgandi. So’ngra 2001 yil 19 noyabr kuni soxta sud qilishib, 15 sutkalik qamoq jazosini berishdan o’zga iloj topa olmagan edilar.)

Shunday qilib, kamina o’z maqolasini Vasila Inoyatovadan ikki oylardan so’ng, uning uyiga 7-8 marta ovorai sarson bo’lib borib qaytarib olgandi.

2003 yil may oyida Freedom House (Ozodlik uyi) nomli inson huquqlari bo’yicha xalqaro tashkilotning Toshkentdagi vakolatxonasida kompyuterlar bilan ta’minlangan Resurs markazi ochildi.

Yuqorida yozilgan qarshiliklar va qiyinchiliklarga qaramay, kamina ushbu maqolani 2003 yilda ozroq kengaytirib va to’rtta ilova qo’shib, Freedom Houseda konpyuterda terdi. Natijada 2003 yil 15 avgustda “Birlik”chilar va o’zbekistonlik askarlarning tobutlari” nomli 80 betlik kitobcha ko’rinishida chop ettirdi va uning nusxalarini tarqata boshladi ([6]-ga qarang). Kaminaning V.Inoyatovaga 2002 yilda murojaati bilan bog’liq yuqorida bayon etilgan voqea [6]-kitobchaning “So’nggi so’z o’rnida” nomli bandida (38-betda) ham yozilgan.

Muallif V.Inoyatova va boshqa demokratlar bilan birgalikda bo’lib o’tgan yana bitta voqea haqida yozilgan ikkita manbani o’quvchilarimiz e’tiboriga havola qilishni o’rinli, deb hisoblaydi. Qo’qon shahridagi “Ayol erki” inson huquqlarini himoya qilish mustaqil tashkilotining raisi Ominaxon Shermatova [7]-maqolada 2005 yil 29 may kuni Toshkentda V.Inoyatova bilan bog’liq holda bo’lib o’tgan bitta voqeani yozgan. Bu voqea haqida 2005 yil 29 may kechqurun “Ozodlik” radiosi ham xabar bergan edi. Ushbu qiziqarli voqeaning to’liq tafsiloti [7]-maqolada yaxshi yozilgan.

V.Inoyatova kaminani 2007 yil 11 may kuniga “Ezgulik” markaziga taklif qilib, bir soatdan ortiq bahslashdi (bu bahs haqida quyida yozilgan). Shu bahs davomida Ominaxon Shermatovaning [7]-maqolasi haqida ham muallif Vasilaga savol berdi: “Ominaxon Shermatova maqolasiga munosabatingiz qanday? Nega Internet-saytda javob yozmadingiz?” Bunga javoban V.Inoyatova bir oz tushuntirish berib: “Ominaxon raddiya bergan va u “Harakat” jurnalida chop etilgan” dedi. Kamina O.Shermatova raddiyasi chop etilgan “Harakat” jurnalining sonini so’radi. Vasila bu qaysi sonda chop etilgani esida yo’qligini aytdi.

Kamina V.Inoyatova aytgan O.Shermatova raddiyasini www.birlik.net saytidagi “Harakat” jurnallarining 2005 yil iyulidan keyin chop etilgan barcha sonlarni, ya’ni 54-dan oxirgi 65-sonigacha qarab chiqdi. Lekin jurnal mundarijasidagi maqolalar nomini va “Harakat” Axborot Agentligining yangiliklar tasmasidan” ruknining barcha xabarlar nomlarini 4 kun davomida 1-2 soatdan vaqt sarflab o’qib chiqdi. Lekin O.Shermatovaning raddiyasini topa olmadi. “Harakat” jurnalining 2006 yil 6 (63)-sonida muallifi yozilmagan “”Birlik”chi jasur ayol Vasila Inoyat va ba’zi “erkak” 53-54-chilar” nomli maqolada O.Shermatova yozgan 2005 yil 30 may voqealari ustida so’z yuritilgan. Lekin uning raddiyasi haqida hech narsa yozilmagan.

Vaziyatdan foydalanib, “Harakat” jurnali haqida ikki og’iz so’z. Bu jurnal sonlarida O’zbekiston muxolifati faoliyatiga doir ko’pgina muhim faktlar va voqealar yozilgan. Bu tarix uchun ham muhimdir. “Harakat” jurnalini tashkil etgan va 1995 yildan beri 69 ta sonini chop etishga muvaffaq bo’lgan jurnal rahbariyatiga kamina o’z minnatdorchiligini bildiradi.

O.Shermatova yozgan [7]-maqolani o’qib, “Birlik” xalq harakati asoschilaridan biri, atoqli hofiz va shoir Dadaxon Hasan V.Inoyatova haqida [8]-maqolani saytda chop ettirgandi. [7]-[8]-maqolalarni o’qib, o’quvchilarimiz o’zlari xulosa chiqarsinlar.

Endi yaqindagina bo’lib o’tgan voqea haqida ham yozaylik. 2007 yil 10 may kuni soat 20.00 da muallif uyida telefon jiringladi. Kamina telefon go’shagini ko’tarsa, Vasila Inoyatova telefon qilayotgani ma’lum bo’ldi. Salom-alikdan so’ng Vasila: “Shuhrat aka, menda bir-ikkita materiallar bor. “Harakat” jurnalining sonlari ham bor. Ertaga ofisga soat 11 ga keling, berib yuboraman” dedi. Muallif bir o’z ikkilanib, ertaga ofisga borishga va’da berdi.

Muallif 2007 yil 11 may kuni ertalab soat 10.50 da V.Inoyatova rahbarlik qilayotgan O’zbekiston Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati markazi (ofisi)ga bordi (“Ezgulik” manzili: Toshkent shahri, Navoiy ko’chasi, 24-uy; bu binoda Mebel magazini joylashgan, markazga hovli orqali kiriladi va u 2-qavatdadir). Xonada “Ezgulik” faoli, jurnalist Abduraxmon Tashanov, “Ezgulik” kotibasi va 55-yoshlardagi yana bir faoli, shuningdek Toshkent viloyatidan kelgan 4 kishi (ulardan ikki nafari boboy) bor ekan. Muallif salomlashgach, chekkadagi stulga o’tirib V.Inoyatovani kuta boshladi.

Bir oz vaqt o’tgach Vasila Inoyatova va bir yigit xonaga kirib kelishdi (bu yigit Vasilaning o’g’li Hojiakbar bo’lsa kerak). U salomlashgach, A.Tashanovga qog’ozlarni uzatib: “Andijon fojiasiga doir yangi hisobot tayyorladik. Fojiada o’lganlardan yana nafar kishini aniqlashtirdik” dedi. (U aytgan son kamina esida qolmabdi.)

Shu yerda “Ezgulik” rahbariyati Andijon voqealariga doir chiqargan 2006 va 2007 yilgi Hisobotlarini taqqoslab ko’raylik ([9]- va [10]-ga qarang). [9]-da Andijon voqealari sababli hibsga olinganlar soni 363 nafar, yarador bo’lganlar – 210 nafar, halok bo’lganlar – 219 nafar ekanligi familiyalari bilan ro’yxat qilib berilgan. 2006 yilgi Hisobotda jami 792 nafar insonning ismi sharifi ro’yxatda keltirilgan.

2007 yilgi Hisobotda ([10]-ga qarang) Andijon voqealari sababli qamalganlar soni 209 nafar, bedarak yo’qolganlar yoki huquqni himoya qilish organlari tomonidan tutilganlar 236 nafar, yarador bo’lganlar 214 nafar, halok bo’lganlar 228 nafar ekanligi familiyalari bilan ro’yxat qilib berilgan. Hisobotda jami 887 nafar fuqaroning ismi sharifi keltirilgan.

Ikkala Hisobotni taqqoslasak, bir yil davomida yarador bo’lganlar ro’yxatiga 4 kishi, halok bo’lganlar ro’yxatiga 9 kishi familiyasi qo’shilibdi. Umumiy ro’yxatdagilar soni 792 nafardan 887 nafarga yetgan, ya’ni 95 nafarga oshgan.

Ikkala Hisobotni ham kamina ijobiy baholaydi. Lekin kaminada bitta savol tug’ildi: 4 va 9 nafar, jami 93 nafar insonning familiyasini ro’yxatga bir yil davomida kiritib, shu Hisobotni 2007 yil 12-13 may arafasida e’lon qilish iloji yo’qmidi?

Agar “Ezgulik”ning ushbu Hisoboti 2007 yil 12 yoki 13 may kunlari, ya’ni Andijon fojiasining ikki yilligi tadbirlari o’tkazilayotganida va Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlari kengashi 2007 yil 14 may kuni Belgiyada O’zbekistonga nisbatan qo’llanilgan sanksiyalar masalasini muhokama qilishayotganida Internet-saytlarda chop etilganida juda yaxshi bo’lardi. Qandaydir “sabablar” bilan V.Inoyatova aytgan Hisobot 11 kun o’tgach, ya’ni 2007 yil 22 may kuni saytda chop etildi ([10]-ga qarang).

2007 yil 11 may kuni “Ezgulik” markazida bo’lib o’tgan bahsni yoritishda davom etsak. V.Inoyatova xona to’ridagi stol orqasidagi stulga, yonidagi devor tomonidagi stulga uning o’g’li o’tirdi. Vasila 10 daqiqacha boboylar bilan gaplashdi va ularga javob berdi. Xonadan 4 fuqaro, jumladan ikki boboy chiqib ketgach, “ezgulik”chilar hamda kamina qolishdi. Shunda Vasila kaminaga murojaat qilib, yaqinroq kelib o’tirishni so’radi. Kamina u taklif qilgan stulga o’tirdi.

Vasila gapni uzoqroqdan boshlab: “Shuhrat aka, siz “birlik”chi bo’lgansiz, “birlik”chisiz …” deb bir oz kirish so’zini gapirdi. Keyin Tolib aka va uning maqolasi haqida aytdi ([1]-ga qarang). Vasila so’ngra kaminaning [11]-maqolasini eslatib: “Shuhrat aka, siz maqolada meni “spetsslujba podrazdileniyesidan” (“maxsus xizmat bo’limidan”, A.Sh.) deb yozibsiz” dedi. Kamina bunga e’tiroz bildirib: “Maqolamda “podrazdileniye” degan so’z yo’q” dedi. Shunda Vasila yonida o’tirgan o’g’liga qarab, mashina kalitini uzatib: “O’g’lim, borib mashina bardachogida yotgan varaqni olib keling” dedi.

Vasila o’z so’zida davom etdi. Kamina har zamonda qisqacha e’tirozlar bildirib turdi. Bir oz vaqt o’tgach Vasilaning o’g’li mashina bardachogidan bir varaq qog’oz olib keldi. Unda kaminaning [11]-maqola oxirida yozgan bir abzats gaplarigina bor edi (Vasila ataylab saytdan faqat shu bir abzats gapni ko’chirib tayyorlab qo’ygan ekan).

Vasila o’z o’g’lidan varaqni olib o’qib chiqdi va kaminaga uzatdi. Kamina ham varaqdagi abzatsni o’qib chiqib, “podrazdeleniye” so’zi yo’qligini yana bir marta ta’kidladi. Bu so’zning yo’qligini V.Inoyatova ham tan oldi. Vasilaning shu gaplaridan keyin bahs-munozaraga jurnalist Abdurahmon Tashanov ham qo’shildi. U kamina qarshisidagi stulga kelib o’tirdi.

V.Inoyatova, A.Tashanov va kamina o’rtasidagi bahs-munozara bir soatdan ortiq davom etdi. Unda aytilgan barcha gaplarni bunda yozish imkoniyati yo’q. Kaminaning tushunishicha, ularning asosiy maqsadi – kaminani [11]-maqolada va’da qilgan tanqidiy maqolani yozmaslikka da’vat qilish, ko’ndirish edi. Vasila va Abdurahmon aytgan fikrlarga kamina: “Siz bilan biz demokratlarmiz. Boshqalar bizning faoliyatimizni tanqid qilishlariga va tanqidiy fikr bildirishlariga o’rganaylik. Agar charxi davron aylanib, bir necha yillardan keyin demokratlar hokimiyat tepasiga kelsak, bizni tanqid qiluvchilar va tanqid miqyosi hozirdagidan yuz, hatto ming martalab ko’proq bo’ladi. Shuning uchun o’zaro tanqidga o’rganaylik. Tanqidiy maqolalarga sizlar ham maqola bilan javob beringlar. Shunda biz ham, boshqa o’quvchilar, fuqarolar ham to’liqroq ma’lumotga ega bo’lib, voqealar haqida to’g’riroq xulosa chiqaradilar” deb javob berdi.

Vasila tortishuvni davom ettirganligi bois kamina yana bunday deb qo’shimcha qildi: “Men maqolalarda o’z fikrimni yozganman. Axir tanqidiy maqolaga siz ham tanqidiy maqola bilan javob berishingiz mumkinku. Tolib Yoqubovning tanqidiy maqolasiga javob maqolasini yozdingizku” dedi. Vasila: “Bizning inson huquqlarini himoya qilish sohasida ishlarimiz ko’p. Javob maqola yozishga vaqtimiz yo’q. Mana, “Ezgulik” chop ettirgan hisobotlar” dedi (u shunday deb, eshik yaqinidagi javon oldiga keldi va javondan bir necha hisobotlarni qo’liga olib ko’rsatdi). Bunga javoban kamina: “Ezgulik”da sizga yordam berayotgan, jurnalistika sohasida yaxshigina tajribaga ega bo’lgan Abdurahmon bor. Javob maqolasini u yozsa ham bo’ladi” dedi.

Bunga javoban A.Tashanov: “Javob maqolalarni yozamiz. Siz bundan tashvishlanmang. Masalaning boshqa tomoni bor. Siz va sizga o’xshaganlar bunday maqolalarni yozsa, tegishli tashkilotlar bizga grant bermay qo’yadi” dedi. Kamina: “Xalqaro tashkilotlar ayrim fuqarolarning tanqidiy maqolalariga qarab emas, “Ezgulik” qilgan ishlariga qarab grant beradi” dedi.

Shunday qilib, V.Inoyatova, A.Tashanov va kamina o’rtasidagi tortishuv bir soatdan ortiq davom etdi. Oxir-oqibat kaminaga Vasila va’da qilgan materiallar ham, “Harakat” jurnalining sonlari ham berilmadi. Muallifning yoshi 53 da. Agar Vasila yolg’on va’da bermay, to’g’risini aytib: “Shuhrat aka, siz yozgan va yozmoqchi bo’layotgan maqolangiz haqida suhbatlashmoqchi edim. Bir kelib ketsangiz” desa ham “Ezgulik” markaziga kamina borishi mumkin edi.

Endi 2007 yil 23 dekabrdagi prezidentlik saylovlari haqida ham qisqacha aytib o’taylik.

2004 yil 26 dekabrda O’zbekistonda Oliy Majlisga g’irrom saylovlar rejalashtirilgani haqida kamina 2004 yil 27 oktyabr kungi [12]- maqolada yozgandi. Lekin V.Inoyatova va uning bir necha safdoshlari shunday adolatsiz saylovlarga qonuniy tus berish uchun fuqarolar orasida imzo yig’ish va deputatlikka nomzodlar ko’rsatish bilan shug’ullandilar. Oxir-oqibat Oliy Majlis deputati bo’lib saylanish u yoqda tursin, hatto birorta nomzodni Markaziy saylov komissiyasida ro’yxatdan o’tkazishga erisha olmadilar.

Xuddi shunday usulni Vasila 2007 yil 23 dekabr kuni bo’ladigan prezidentlik saylovida ham qo’llamoqchi. Bu haqda u 2006 yil aprelida bunday degandi.

“Birlik”ning Markaziy Kengashida oldindagi saylovlarda qatnashish taktikasi ishlab chiqiladi. Oldindan aytishim mumkin, biz saylovlarda xalq tashabbus guruhlari orqali ishtirok etish mexanizmini ishlab chiqayapmiz. Qonunga ko’ra, avvalo, 300 kishilik tashabbus guruhi tuzilib, umumiy saylovchilarning 8 foiz imzosini to’plashga kirishiladi. Bu degani 400 000 ga yaqin imzo, deganidir. Bizda bu miqdordagi imzoni to’plashga salohiyat bor, o’tgan Parlament saylovlarida odamlar bilan ishlash bo’yicha tajriba orttirganmiz. Bu uslub harqalay muxolifatga hozircha bizning niyatimizga “alternativ nomzodlik” qilishga behuda urinayotganlar ta’kidlayotganidek, qandaydir baynalmilal legitimlik yoki tashqi ta’sirlarga tayanib, mamlakatga “oq ot” minib kelish kabi kulgili emas, balki haqiqatga yaqindir. Nazarimda, bunday vaziyatda partiya liderining salohiyati juda ham qimmatli. Agar lider xato qilsa, bu xato nafaqat partiyaga, balki butun bir jamiyatga qimmatga tushadi.” [4]

Endi bir ozgina tahlil etaylik. Birinchidan, V.Inoyatova bu yerda keltirgan raqamlar unchalik to’g’ri emas. Tashabbus guruhlari tomonidan yig’ish talab qilinadigan imzolar soni haqida kamina [13]-maqolada yozgan edi. “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida”gi O’zR qonuniga asosan saylovchilarning umumiy sonidan 5 foizidan kam bo’lmagan sondagi, ya’ni 15 milliondan ortiq saylovchi bo’lgan O’zbekistonda 750 mingdan ortiq imzo yig’ish talab etiladi.

Ikkinchidan, muxolifat nomzod uchun mavjud siyosiy rejimdan norozi bo’lgan fuqarolargina imzo qoyadilar. Ushbu ro’yxatda ulardan har biri o’z yashash manzili, passport raqami kabi ma’lumotlarni yozib imzo qo’yishlari shart. Bu O’zbekiston kuchishlatar organlari uchun rejimdan norozi bo’lganlarni aniqlashning eng oson va qulay yo’lidir. Ba’zilar ro’yxatlar tuzib, imzolar yig’ib Markaziy saylov komissiyasiga topshiradilar. Keyin kuchishlatar organlar imzolar to’g’ri yoki noto’griligini tekshirish bahonasida o’sha fuqarolarga dastlabki tazyiq boshlaydilar.

Uchinchidan, turli bahonalar va do’q-po’pisalar bilan ayrim fuqarolardan imzoni rad qilish haqidagi arizalar yozdirib olish va qalbaki imzolar yig’ilganligini aytish kabi usullar bilan prezidentlikka yoki Oliy Majlis deputatligiga nomzod ro’yxatga olinmaydi.

To’rtinchidan, tayyorlab berilgan ro’yxatlar nusxalari kuchishlatar organlar, jumladan Milliy xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligiga hamda ularning joylardagi bo’limlariga yuboriladi. Shu ro’yxatlar asosida bu fuqarolar qora ro’yxatga kiritiladilar va kunlar, oylar, yillar davomida ularni turli bahonalar bilan sindirish davom etadi.

Bir so’z bilan aytganda, hozirgi politsiyaviy siyosiy rejim sharoitida Tashabbus guruhlarini tuzib, prezidentlikka nomzod uchun imzo yig’ish – O’zbekistondagi mavjud siyosiy rejimdan norozi fuqarolar ro’yxatini muxolifat nomidan tuzib, rejim qo’liga tayyorlab berishdir!

Ma’lumki, “Birlik” xalq harakati partiyasi raisi Abdurahim Po’latov 1992 yildan beri O’zbekistondan tashqarida yashayotir. Prezidentlikka bo’lajak nomzod oxirgi o’n yil vatanda yashashi kerakligi haqidagi Konstitutsiya talabiga asosan u nomzodlar ro’yxatiga kira olmasligi aniq. Demak, “Birlik”ning Bosh kotibi Vasila Inoyatova nomzodi “Birlik”dan ko’tarilishi rejalashtirilayotganligi aniq bo’ladi.

Qisqa qilib aytsak, V.Inoyatova va uning ayrim safdoshlari 2004 yil dekabridagi parlament saylovlarida ishtirok etib, rejim saylovini legetim (qonuniy) qilishiga va rejimdan norozi fuqarolar ro’yxatini tuzishga qanchalik yordam bergan bo’lsa, 2007 yil 23 dekabrdagi Prezidentlik saylovlarida ham u qatnashib, bu saylovlarni shunchalik legetim (qonuniy) qilib ko’rsatishga va rejimdan norozi fuqarolarning ro’yxatini tuzib berishga harakat qilmoqda.

Xullas kalom, kamina [2]-da va ushbu maqolada yozgan faktlarga asosan Vasila Inoyatovani O’zR prezidentligiga nomzod qilib ko’rsatish fikriga qo’shilmaydi, ya’ni qarshidir!

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. ЯКУБОВ Т. «Постоянный скандальный фон» в среде оппозиции и правозащитного движения в Узбекистане. В 4 частях (O’zbekiston muxolifati va inson huquqlarini himoya qilish harakati orasidagi “doimiy janjal sharoiti”. 4 qismdan iborat). – www.uzbekcongress.org 17 и 18 апреля 2007 года; www.centrasia.ru 18, 20, 24 и 30 апреля 2007 года.

2. AHMADJONOV Sh. Professor O.Karimov 2001 yilda yozgan “Nima qilmoq kerak (Orzu)” maqolasi va unga Vasila Inoyatovaning munosabati.

3. AHMADJONOV Sh.V.Inoyatova xatolarini ochib beruvchi taqqoslama maqola.

4. Liderning xato qilishga haqqi yo’q! “Birlik” Partiyasi Bosh kotibi Vasila Inoyat bilan muloqot. – “Harakat” jurnali, 2 (59)-son, 2006 yil.

5. SHUHRAT YUSUF AHMADJON o’g’li (Ahmadjonov Sh.). Qarz balosidan ogoh bo’lgin, xalqim! – www.birlik.net “Harakat” jurnali, 2000 yil 5- va 6-sonlari.

6. SHUHRAT YUSUF AHMADJON o’g’li (Ahmadjonov Sh.). “Birlik”chilar va o’zbekistonlik askarlarning tobutlari. T.: Qo’lbola nashr, 1998-2003. – 80 bet.

7. SHERMATOVA O. “Birlik” partiyasining Bosh kotibi Vasila Inoyatova kimga xizmat qiladi: muxolifatgami yoki Islom Karimovgami? – www.ozodovoz.org 2005 yil 27 iyun.

8. DADAXON HASAN. Niqob yertildi, yoki Ominaxon Shermatovaning maqolasini o’qib … – www.ozodovoz.org 2005 yil 15 iyul.

9. Общество прав человека Узбекистана «Эзгулик». Доклад, посвященный годовщине «Андижанских событий» 13-14 мая, 2005. – www.birlik.net журнал “Harakat”, номер 3 (60) 2006 г.

10. Общество прав человека Узбекистана «Эзгулик». Доклад, посвященный второй годовщине трагических событий в Андижане 13-14 мая 2005 г. Ташкент-2007. – www.uzbekcongress.org 22 мая 2007 года.

11. АХМАДЖОНОВ Ш. Некоторые пожелания и замечания по поводу статьей Талиб Якубова (Tolib Yoqubov maqolalari yuzasidan ayrim takliflar va e’tirozlar). – www.uzbekcongress.org 2007.26.04.

12. АХМАДЖОНОВ Ш. В Узбекистане 26.12.2004 намечается «Гирром сайловлар/нечестные выборы» (О некоторых важных недостатках Закона РУз «О выборах в Олий Мажлис Республики Узбекистан») (O’zbekistonda 2004.26.12 da g’irrom saylovlar belgilangan (“O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovlar to’g’risida”gi O’zR Qonunining muhim kamchiliklari)). – www.centrasia.ru 27 октября 2004 года в 00:57 часов.

13. AHMADJONOV Sh. Jahongir Shosalimov O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ro’yxatga olinishga erisha oladimi? – www.uzbekcongress.org 2007.12.02.

Email: shuhrat1954@yahoo.com (xat yozar bo’lsangiz, kaminaning ushbu pochtasi maxsus xizmat organlari nazorat qilishini hisobga oling).

TAHRIRIYATDAN: Shuhrat Ahmadjonovning tolmas kurashchi Vasila Inoyatova haqidagi ushbu maqolalari DO’K faollari va “TURONZAMIN” tahririyati tomonidan ko’rib chiqilib, ko’pcilik nashr etilmasin degan xulosaga kelgandi. Chunki ko’pchilik Vasila Inoyatovaning bugungi faoliyatini qo’llab quvvatlaydi va unga Inson huquqlari borasida olib borayotgan faoliyatida kuch-quvvat tilaydi. Bugun MXX bilan aloqasi ochilib qolganlar masalasini bir chetga surib xalqimiz uchun jonfidolik qilayotgan Vasila Inoyatovani asossiz ayblashni noto’g'ri deb bildik. Lekin Shuhrat Ahmadjonov bular oddiy bir fuqaroning yozganlari sifatida e’lon qilinishini so’ragach demokratik plyuralizm nuqtai nazaridan e’lon qildik. Vasila Inoyatova imkon topib javob bersa, unga ham minbar ochiq va Demokratik O’zbekiston Kongressi “Ezgulik”ning ezgu ishlari tomonidadir.

About TURONZAMIN

supporter of democracy

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

Gravatar
WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Connecting to %s