2.Pul qursin, pul!
Oyog’imdan sovuq o’tayotganligi bois kutib o’tirishga toqat qilmasdan pasportimni orasiga 5 dollar qo’yib uzatdim, u 5 dollarni ko’rib, nima o’ynatayapsizmi!-deb yana qaytardi, shundan so’ng 10 dollar qo’yib uzatdim,u pulni olib kerakli tamg’alarni qo’yib, o’tishga ruxsat berdi.
Keyingi bosqichda bojxona ko’rigidan o’tish kerak, oradan yarim soat o’tsa hamki hali meni yuklarim kelmabdi, kutib turishga to’g'ri keldi. 15 daqiqalardan so’ng yuklarim keldi, ularni qo’lda ko’tarib, bojxona nazoratchisi yoniga bordim,u yuk ro’yxati yozilgan deklaratsiyani ko’ra-turib, qancha pul bera olishimni so’radi,men nima uchun pul berishim kerakligini so’radim,agar men pul bersam yuklarimni tekshirmasdan tez o’tkazib yuborishini, aksincha pul bermasam yuklarimni bittalab tekshirishini aytdi.
Pul bermagan shekilli ko’z oldimda bir kishini sumkasini ochib, ichidagi bor narsani yerga ag’dardi, boyaqish har xil sovg’a-salomlar olgan ekan yerga sochilib ketdi, bolalariga o’yinchoq va har xi! l konfetlar iflos bo’lib qoldi. Bu holatni ko’rib tezroq bu yerdan chiqishni va bu yog’i ancha kech kirib qolganini hisoblab, unga qancha pul berishim kerakligini so’radim, u insof qilib berishimni aytdi, 10 dollar berib undan ham o’tib oldim.
Endi sumkalarni tashqariga olib chiqish uchun aravacha bormikin deb u yoq-bu yoqqa qarasam hech narsa yo’q,shu payt tashqari eshikdan shaqir-shuqur qilib bir bola arava sudrab kirib keldi, 14-15 yoshlardagi bu bola aftoda bir ko’rinishda bo’lib,ko’rgan kishini rahmi keladi, arava ham bozorlarda tortib yuradigan arava bo’lib, yag’iri chiqib ketgan.
Xullas u aytgan xizmat haqini berishga rozi bo’lib, yuklarni aravaga joylab eshik yoniga keldim,u yerda uch militsioner o’tiribdi.Hujjatlar bilan tanishaylik, men hujjatlarni hozir ana u yerda tekshirishdi desam, yo’q biz ham tekshirishimiz kerak deydi.Men unga pasportimni uzatdim, u esa pasportni u yoq-bu yog’ini ko’rib, okaxon biz bilan otdelga borasiz deydi, men nima uchun deyman, u esa borgandan keyin bilasiz deydi.
U emas bu emas uning dardi 10 dollar ekan. Qisqasi bir yarim soat deganda Toshkent Xalqaro aeroporti deb atalmish binodan chiqib, yengil tin oldim.Taksiga o’tirib Toshkent ko’chalaridan ketarkanman, poytaxt ko’chalari qop-qorong’u, taksichining gapiga ko’ra qish oylarida elektr energiyasi taqchilligi bois ko’cha chiroqlari yoqilmas ekan.
Ta’til ham ko’z ochib yumguncha o’tib ketdi, yana Koreyaga qaytish vaqti keldi, aeroportga keldim yuklarni bagajga topshirayapman, bir joyda ishlaydigan yurtdoshlarning yaqinlari berib yuborgan sovg’a-salomlar bois yuk biroz ko’payib ketibdimi, sumkalarni taroziga tortib ko’rayotgan xodim qo’shimcha 40 ming so’m to’lashim kerakligini aytdi, men e’tiroz bildirgan bo’ldim, shunda u hech bo’lmasa yarmini bera olasizmi dedi.
Men unga 20 dollar berdim,u pulni tezlikda cho’ntakka urib, kerakli amallarini bajarib sumkalarga qog’ozcha osib chiqdi.Shundan so’ng pasport tekshiruvchi yoniga keldim, rus millatiga mansub bo’lgan bu odam xuddi kinolarda ko’rganim gestapoga o’xshaydi, qovog’i soliq, yuzimga bir necha bor tikilib qarashidanichimga qandaydir g’ulg’ula tushdi, go’yoki meni samolyotga chiqarmay qo’ysa, yo’q har qalay pasportimga tamg’a bosib qaytarib berdi.
Koreyaga uchib keldik, besh daqiqalarda barcha to’siqlardan o’tib, pastga tushsam lenta aylanib turibdi, ustida sumkalar “kataysa” qilib yuribdi, ularni lentadan tushirdim va chiroyli qilib taxlab qo’yilgan aravachalardan birini olib yuklarni joylab, tashqariga qarab yo’l oldim.
Ermat Miskin.



