Shuhrat AHMADJONOV, DO’Kning Toshkent bo’limi rahbari, inson huquqlari va tabiat himoyachisi

I.KARIMOVNING PREZIDENTLIGI 2007 YIL 22 YANVARDAN KEYIN QONUNIYMI?

Qonunlar tugagan joyda zolimona hukmronlik (tiraniya) boshlanadi. [1, 189-b.] PITT U. (1759-1806)

Ma’lumki, O’zbekistonda oxirgi prezidentlik saylovlari 2000 yil 9 yanvar kuni bo’lib o’tgandi va I.Karimov O’zR Oliy Majlis yig’ilishida 2000 yil 22 yanvar kuni qasamyod qabul qilgan edi. U shu kundan e’tiboran o’z lavozimiga kirishgan hisoblanadi.

Oxirgi paytlar I.Karimovning prezidentlik muddati 2007 yil 22 yanvar kuni tugaganligi haqida muxolifat nashrlarida qator maqolalar, murojaatnomalar chop etildi ([2], [3] va[4] ga qarang, bularga muallifning munosabati maqola oxirrog’ida qisqacha bayon etiladi).

Avvalambor, I.Karimov O’zbekistondagi eng yuqori lavozimni egallashi tarixiga nazar solsak. U 1989 yil 23 iyun kuni O’zbekiston kompartiyasi Markaziy Qo’mitasi (MQ)ning plenumida O’zbekiston Kompartiyasi MQning 1-kotibi etib saylandi (bu o’sha paytda O’zbekistondagi eng yuqori lavozim edi) [5, 9-b.]. 1990 yil 24 mart kuni 12-chaqiriq O’zbekiston SSR Oliy Sovetining 1-sessiyasi O’zbekistonda Prezidentlik lavozimini ta’sis etish to’g’risida qaror qabul qildi. So’ngra Oliy Majlis I.Karimovni O’zbekiston SSR prezidenti etib saylash to’g’risida qaror qabul qildi [6, 3-j., 28-b.]. 1991 yil 29 dekabr kuni Mustaqil O’zbekistonimizda ilk marta ikki mustaqil nomzod – Islom Karimov va Muhammad Solih (Salay Madaminov) ishtirokida prezidentlik saylovi bo’lib o’tdi. Saylovda I.Karimov g’olib chiqib, 1-marta prezident sifatida O’zR Oliy Kengashida qasamyod qabul qilgan edi.

1995 yil 26 martda umumxalq ovozi (referendum) o’tkazish yo’li bilan I.Karimovning prezidentlik vakolati 1997 yildan 2000 yilgacha uzaytirildi [6, 3-j., 43-b.].

2000 yil 9 yanvar kuni O’zbekiston tarixida 2-marta prezidentlik saylovi bo’lib o’tdi. Bu saylovda I.Karimov va Abdulhafiz Jalolov (O’zbekiston Xalq demokratik partiyasining o’sha paytdagi rahbari) nomzod bo’lib ishtirok etishdi. Qizig’i shundaki, A.Jalolov saylov kuni ovoz berib chiqqach, jurnalistlar “Kimga ovoz berdingiz?”, deb so’rashgandi. U: “Islom Karimovga ovoz berdim” deb javob bergandi. U shu bir og’iz gapi bilan 2000 yil 9 yanvardagi prezidentlik saylovlari qanchalik soxta, nomigagina o’tkazilganligini fosh qilgan edi.

Muallif 2004 yil 21 may kuni Germaniyadagi Konrad Adenauer jamg’armasining Toshkentda joylashgan Markaziy Osiyo vakolatxonasiga borganida, o’sha binoga kiraverishdagi yo’lakda tasodifan A.Jalolovni uchratdi. Kamina u bilan salomlashgach, undan: “2000 yil yanvaridagi saylovda prezident Islom Karimovga ovoz berganingiz haqidagi gap to’g’rimi?” deb so’radi. U: “Ha, to’g’ri” deb javob berdi. Muallif unga: “Siz o’shanda hech kim kutmagan ishni qildingiz. Shaxsan men I.Karimovga bunday ovoz berishingizga va bu haqda ochiq aytganingizga qoyil qolgandim” dedi.

Prezident I.Karimov rahbarligidagi kuchishlatar organlar boshliqlari va uning atrofidagi ayrim laganbardorlar prezidentlik muddatini uzaytirish yo’llarini izlashdi. Ular yana bir marta referendum o’tkazib, Konstitutsiyaning 90-moddasida yozilgan dastlabki besh yil prezidentlik muddatini yetti yil qilib o’zgartirish kerak, degan fikrga kelishdi. Natijada 2002 yil 27 yanvar kuni Mustaqil O’zbekiston tarixida 3-marta referendum o’tkazildi (1991 yilda O’zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga doir 1-referundum bo’lib o’tgandi).

2002 yil 27 yanvardagi referendum byullitenida quyidagi ikkita savol o’zbek va rus tillarida yozilgan edi.

“1. Siz kelgusi chaqiriq O’zbekiston Respublikasi parlamenti ikki palatali qilib saylanishiga rozimisiz?

2. Siz O’zbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy vakolat muddatini besh yildan yetti yillik qilib o’zgartirishga rozimisiz?” [7]

Saylov byulliteni oxirida o’zbek va rus tillarida:

“Yoqlab ovoz berilganda savolning matni o’chirilmaydi.

Qarshi ovoz berganda savolning matni o’chiriladi.” [7] deb yozilgandi.

Referendumda dunyoning 33 mamlakatidan 125 nafar xalqaro kuzatuvchi, jumladan AQSh va Kanadadan 17 nafar kuzatuvchi ishtirok etdi. Shuningdek Yevropaning 11 davlatidan xalqaro kuzatuvchilar keldilar [8].

O’sha referendum natijalariga doir O’zbekiston matbuotida chop etilgan rasmiy ma’lumotni ham keltirib o’tsak. Referendumda ovoz beruvchilar ro’yxatiga kiritilgan 13.266.602 nafar fuqarolarning 12.113.070 nafari yoki 91,58 foizi ishtirok etdi.

2-masala, ya’ni prezidentning konstitutsiyaviy vakolat muddatini yetti yillik qilib o’zgartirish yuzasidan ovoz berishda qatnashgan fuqarolarning 11.117.841 nafari yoki 91.78 foizi yoqlab, 995 229 nafari yoki 8,22 foizi qarshi ovoz berdi (muallif bu referendumda ishtirok etmagandi). Markaziy saylov komissiyasi O’zbekiston Respublikasining referendumi bo’lib o’tgani va umumxalq ovoziga qo’yilgan masalalar fuqarolar tomonidan ma’qullangani haqida qaror qabul qildi. [9]

Shu yerda I.Karimovning O’zbekiston Respublikasi prezidentligi muddatlariga doir muallifning shaxsiy fikrini ham aniq aytib o’tsak. Ma’lumki, 2005 yil 13-14 may kunlari Andijonda rejim askarlari tomonidan xalq o’qqa tutilib, yuzlab fuqarolar halok qilingandi. 2005 yil 20 may kuni Toshkentda bir guruh inson huquqi himoyachilari O’zbekiston rahbariyati, xorij davlatlarining O’zbekistondagi elchilari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari nomiga “Andijon shahridagi qonli voqealarga doir o’zbekistonlik bir guruh inson huquqi himoyachilarining Murojjatnomasi” qabul qilingandi (ushbu Murojaatnoma loyihasini kamina tayyorlagandi, [10]ga qarang). Shu murojjatnomaning 10-bandida quyidagicha yozilgandi.

“10. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90-bandida quyidagi so’zlar bor: “Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O’zbekiston Respublikasining Prezidenti bo’lishi mumkin emas”. Ma’lumki, I.Karimov O’zbekiston Respublikasining prezidenti etib 1990 yil 24 mart kuni saylangandi. O’shandan beri 15 yildan ko’proq, ya’ni i.Karimov prezidentligining ikki muddatidan ortiq vaqt o’tdi. Lekin ko’pgina siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy muammolar hamon hal etilgani yo’q va O’zbekistonning begunoh fuqarolarining qoni bir necha marta to’kildi. Shu sababli biz – inson huquqi himoyachilari I.Karimov allaqachon iste’fo berishi kerak edi, deb hisoblaymiz!” [10]

I.Karimov O’zR prezidenti bo’lib qolayotganligiga doir hozir keltirilgan fikr kaminada 2005 yilda ham, hozirgi – 2007 yilda ham o’zgargan emas, ya’ni muallif shu fikrda qolgan.

Endi 2002 yil 27 yanvar kungi referendumdan keyin ro’y bergan voqealar jarayoniga nazar solaylik. 2002 yil 4-5 aprel kunlari Toshkentda ikkinchi chaqiriq O’zR Oliy Majlisining 8-sessiyasi bo’lib o’tdi. 4 aprel kuni Oliy Majlis deputatlari “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to’g’risida” O’zRning Konstitutsiyaviy qonunini qabul qilishdi. Shu kunning o’zida, ya’ni 2002 yil 4 aprelda prezident I.Karimov bu qonunga imzo chekdi va qonun kuchga kirdi. Ushbu qonun 10 moddadan iborat bo’lib, u matbuotda 2002 yil 12 aprel kuni chop etildi. [11]

O’zR Oliy Majlisi 8-sessiyasining 2002 yil 5 aprel kungi majlisida navbatdagi saylovlarni o’kazish muddatlari to’g’risida quyidagi qaror qabul qilindi.

“O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi QAROR QILADI:

2002 yilning 27 yanvarida o’tkazilgan O’zbekiston Respublikasi Referendumining qarorlariga va 2002 yil 4 aprelda qabul qilingan “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to’g’risida” O’zRning Konstitutsiyaviy qonunning 3-moddasiga muvofiq navbatdagi saylovlarni o’tkazishning quyidagi muddatlari belgilansin:

1. Davlat hokimiyati vakillik organlariga 2004 yil dekabr oyi uchinchi o’n kunligining birinchi yakshanbasida.

2. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi – 2007 yil dekabr oyi uchinchi o’n kunligining birinchi yakshanbasida.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining raisi E.Xalilov.

Toshkent shahri, 2002 yil 5 aprel.” [12]

Endi I.Karimov prezidentligi 2007 yil 22 yanvardan keyin legitim (lot. legitimus – qonuniy, qonunlashtirilgan – biror huquq yoki vakolatning qonuniy ekanligini e’tirof etish, tasdiqlash [13, 1-j., 509-b.]), ya’ni qonuniy yoki qonuniy emasligi haqida so’z yuritmog’imiz mumkin. Bu 2002 yil 27 yanvardagi referendum natijasini qanday talqin qilish bilan bog’liqdir. Aslida ushbu referendumning kuchi 7 yilga yetadi. Ya’ni O’zR Oliy Majlisi “O’zbekiston xalqi prezidentlik muddatini 7 yil qilib belgilashga ovoz berdi. Shu sababli I.Karimov 7 yillik prezidentlik muddatini shu referendum bo’lib o’tgan kundan – 2002 yil 27 yanvardan boshlab hisoblaymiz va navbatdagi prezidentlik saylovlari 2009 yil dekabrida bo’ladi” deb qaror qabul qilganida ham bu qonuniy bo’lardi. (Eslaylik: 1-prezidentlik saylovi 1991 yil 29 dekabrda bo’lib, so’ngra 2000 yilgacha uzaytirilgach, I.Karimovning 1-prezidentligi 8 yildan ortiqroq davom etdi.) Takror aytamiz: referendumda 7 yillik prezidentlik muddati kurilganligi sababli, uning kuchi 7 yilga yetadi.

O’zR prezidentligiga navbatdagi saylov 2007 yil 23 dekabrda o’tkazilishi O’zR Oliy Majlisining 2002 yil 5 apreldagi qarori bilan belgilangan. Ya’ni 2002 yil 27 yanvaridagi referendumdan so’ng deyarli olti yil o’tgach prezidentlik saylovi bo’ladi. Demak, saylov referendumdan keyin o’tgan deyarli 6 yil muddatda o’zkazilayotganligi sababli Islom Karimov 2007 yil 23 dekabrga qadar O’zR prezidenti sifatidagi faoliyati legitim (qonuniy) bo’ladi.

Shunday qilib, bir tomondan Mustaqil O’zbekistonning parlamenti bo’lmish Oliy Majlis tomonidan 2002 yil 5 aprelida qabul qilgan qarorga asosan, ikkinchi tomondan esa referendum bo’lganidan 6 yil o’tgach prezidentlik saylovlarining 2007 yil 23 dekabrda belgilanganligi tufayli I.Karimovning 2007 yil 23 dekabrgacha prezidentligi qonuniy bo’lib qoladi (bu muallifning shaxsiy fikridir).

Referendum yo’li bilan qayta-qayta prezident bo’lib saylangan va jahon davlatlari rahbarlari tomonidan legitim deb topilgan holatga doir bitta misol keltiraylik. Tarixdan ma’lumki, Misrda oxirgi erkin, muqobil nomzodlar ishtirok etgan saylovlar 1950 yilda bo’lib o’tgandi. 1952 yil 23 iyulda Jamol Abdul Nosir boshchiligidagi “Zubbot al-ahror” (“Ozod zobitlar”) uyushmasi armiyaga tayanib davlat to’ntarishi o’tkazdi. 1956 yil 18 iyunda oxirgi ingliz askari Misrdan chiqib ketdi. 1956 yil 23 iyunda Misr Respublikasining konstitutsiyasi qabul qilindi va J.A.Nosir prezident etib saylandi.

Misr Arab Respublikasi (MAR)da parlament bitta nomzodni ko’rsatardi va xalq shu yagona nomzod uchun ovoz berardi. Bunday saylov har 6 yilda takrorlanardi. 1970 yil 28 sentyabrda J.A.Nosir vafot etgach, o’sha yil 15 oktyabrida Anvar Sadat prezident etib saylandi. A.Sadat 1981 yil 6 oktyabr kuni Qohirada harbiy parad paytida o’ldirildi va 1981 yil 13 oktyabrda Husniy Muborak (1928 yil 4 mayda tug’ilgan) MAR prezidenti etib saylandi. Uni 1987, 1993 va 1999 yillarda Misr xalqi referendumda ovoz berish orqali qayta-qayta prezident etib sayladi [14]. Bunday holat jahondagi demokratiya me’yorlariga javob bera olmasligiga qaramay, dunyodagi barcha davlat rahbarlari shu yillar davomida H.Muborakni MAR prezidenti sifatida tan oldilar, uning bilan ko’p marta muzokaralar olib bordilar, shartnomalar imzoladilar, bordi-keldi qildilar va hokazo.

MARdagi muxolifat partiyalar ko’p yillar davomida prezidentlik saylovini o’zgartirishni, saylov tizimini demokratik tarzda isloh qilishni talab qilib kurash olib bordilar. Mamlakatda islom guruhlari qurolli harakatni kuchaytira boshladilar. H.Muborakka qarshi 1995 yilda Efiopiyada suiqasd uyushtirildi, u undan sog’-omon chiqdi. 1999 yilda unga qarshi yana suiqasd uyushtirildi: bu safar u yengil pichoq jarohatini oldi [15].

2005 yil fevralida H.Muborak MAR parlamentiga yozma murojaat qilib, prezidentlik saylov tizimini o’zgartirish taklifini kiritdi. Parlament bunga rozi bo’ldi. Natijada MARda 2005 yil 7 sentyabr kuni 10 nafar nomzod ishtirok etgan prezidentlik saylovlari bo’lib o’tdi. Unda 1-turdayoq ko’pchilik saylovchilarning ovozini olgan 77 yoshli Husni Muborak g’alaba qozondi va navbatdagi 6 yilga Misr Arab Respublikasining prezidenti etib saylandi. [14]

Shunday qilib, referendum yo’li bilan saylangan prezident jahonda legitim (qonuniy) hisoblanadi. Buni Misr Arab Respublikasi prezidenti H.Muborak taqdirida ham ko’rdik. Lekin referendum yo’li bilan saylangan prezident jahon va Yevropa demokratiyasining bugungi kundagi talablariga javob bermaydi, ya’ni bu diktaturaning bir ko’rinishi deyiladi. Shu sababli jahondagi demokratik davlatlar haqiqiy, muqobil nomzodlar qatnashgan prezidentlik saylovlarini o’tkazishni talab qilmoqdalar. Shunday talab O’zbekiston rahbariyatiga nisbatan ham aytilmoqda.

Endi [2], [3] va [4] maqolalarda yozilgan bayonot va murojaatnomalarga kamina qisqacha o’z munosabatni bildirmoqchi. Ushbu mualliflar Oliy Majlisning 2002 yil 4 aprelda qabul qilgan [11]-qonuni haqida ham, Oliy Majlisning 2002 yil 5 aprel kuni qabul qilgan saylovlarga doir [12]-qarori haqida ham lom-mim demaganlar. Ular bu qonun va qarorlardan bexabar bo’lsalar kerak! Bunday muhim murojaatlar bilan chiqqanda bu qonunga va Oliy Majlis qaroriga jiddiy izoh berilishi kerak edi. Bu bir tomondan.

Ikkinchi tomondan, agar ba’zi bir demokratlar aytayotgandek “I.Karimov prezidentligi 2002 yil 22 yanvaridan qonuniy emas” deb hisoblansa, u holda O’zbekistonda fuqaroviy bo’ysunmaslik tadbirlarini boshlash kerak bo’ladi. Bu esa rejimning kuch ishlatar organlari mamlakatimizda qolgan oz sondagi demokratlarni qattiq perressiya qilishiga, ularni ko’p yillarga qamab yuborishiga olib keladi. Bunga yo’l qo’yib bo’lmaydi.

Demak, O’zR prezidenti I.Karimovning 2007 yil 23 dekabr kunigacha prezidentligi qonuniydir (legitimdir).

Yana bitta muhim ta’kid. Demokratlarning asosiy vazifalaridan biri – hokimiyat almashinuviga kuch ishlatmasdan, saylovlar yo’li bilan erishishdir. Mamlakatimiz demokratlari rejimning kuchishlatar organlari, unga xizmat qiluvchi “qora kuchlar” turli bahonalar orqali provokatsiyalar, fitnalar uyushtirishi mumkinligini va buni o’z vaqtida fosh qilishlari hamda xalqimiz farzandlarining qoni to’kilmasligi yo’lidan borib, haqiqiy, muqobil nomzodlar qatnashgan saylovlar o’tkazilishiga erishmoq kerak bo’ladi. Bunga erishish yo’llaridan birini miallif o’zininmg [13] maqolasida yozgan edi.

Hozirgi sharoitda Demokratik O’zbekiston Kongressi I.Karimovning prezidentlik muddatini 2007 yil 23 dekabrgacha qonuniy (legitim) deb hisoblab, shu yil 23 dekabrda bo’ladigan prezidentlik sayloviga o’tish davri nomzodini topish , DO’K talablarini unga yetkazish, ba’zi bir masalalarda umumiy fikrga kelish va uning saylanishiga erishishga harakat qilish to’g’ri ish bo’lardi, deb hisoblaydi kamina.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. БОРОХОВ Э. Энциклопедия афоризмов (Мысль в слове) (Aforizmlar ensiklopediyasi (So’zdagi fikr)) / Худож. Ю.Д.Федичкин. – М.: ООО «Фирма «Издательство АСТ», 1999. – 720 с.

Pitt, Uilyam (kenja) (1759-1806) – ingliz davlat arbobi.

2. Milliy Najot Qo’mitasi Birlashgan Millatlar Tashkilotiga Murojaat qildi. – www.erkinyurt.org 23.01.2007.

3. Открытое обращение в Совет Безопасности ООН от Елена Урлаевой, правозащитницы и активиста оппозиционной партии «Озод дехконлар партияси» (Inson huquqi himoyachisi va muxolif partiya – “Ozod dehqonlar partiyasi” faoli Yelena Urlayevadan BMT Xavfsizlik Kengashiga Ochiq murojaatnomasi). – www.uzbekcongress.org 24.01.2007.

4. Открытое заявление руководству Республики Сингапур от Абдилло Тожибой-угли,

участника Общественного движения «Правозащитный Альянс Узбекистана» (“O’zbekiston inson huquqlari Alyansi” Jamoat harakati qatnashchisi Abdulla Tojiboy o’g’lining Singapur Respublikasi rahbariyatiga Ochiq bayonoti (arizasi)). – www.uzbekcongress.org 27.01.2007.

5. LEVITIN L., KARLAYL D. Islom Karimov – yangi O’zbekiston prezidenti. – T.: “O’zbekiston”, 1996. – 160 b.

6. O’zbekistonning yangi tarixi /Tuzuvchilar: N.Jo’rayev, T.Fayzullayev. 3 jildli.

K.3. Mustaqil O’zbekiston tarixi. – T.: “Sharq”, 2000. – 560 b.

7. O’zbekiston Respublikasi referendumida ovoz berish byulliteni (namunasi). – “Xalq so’zi”, 2002 yil 23 yanvar, 17 (2845)-son.

8. Xalqaro kuzatuvchilar referendum haqida. – “Xalq so’zi”, 2002 yil 31 yanvar, 23 (2851)-son.

9. Markaziy saylov komissiyasining 2002 yil 27 yanvar kuni o’tkazilgan O’zbekiston Respublikasi referendumi yakunlari to’g’risidagi axboroti. – “Xalq so’zi”, 2002 yil 2 fevral, 25 (2853)-son.

10. АХМАДЖОНОВ Ш. Требуем публикации списков погибших в Андижане! Обращение узбекских правозащитников (Andijonda halok bo’lganlar ro’yxati chop etilishini talab qilamiz! O’zbek inson huquqi himoyachilarining Murojaati). – www.centrasia.ru 2005.20.05. 10:03.

11. “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to’g’risida” O’zRning Konstitutsiyaviy qonuni. – “Xalq so’zi”, 2002 yil 12 aprel, 78 (2906)-son.

12. “Davlat hokimiyati vakillik organlarining hamda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining navbatdagi saylovi to’g’risida” O’zR Oliy Majlisining qarori. – “Xalq so’zi”, 2002 yil 13 aprel, 79 (2907)-son.

13. Ruscha-o’zbekcha lug’at. 2 jildli /Tahrir hayyati: Qo’shjonov M.Q. (rais) va boshq. – T.: O’zbek Sovet Ensiklopediyasi Bosh muharririyati, 1983.

14. ВАСИЛЕНКО М. Голосуя за полумесяц (Yarim oyga ovoz berayotib). – http://www.rosbalt.ru/2005/09/08/225141.html.

15. Хосни Мубарак (р.1928). – http://middleeast.narod.ru/persons/Mubarak.htm

16. AHMADJONOV Sh. Prezidentlik saylovlari: O’zbekistonda demokratiyaga ikki bosqich orqali o’tish mumkin. – www.uzbekcongress.org 2006.26.08.

E-mail: shuhrat1954@yahoo.com

2007 yil 28 yanvar. Toshkent, soat 22.00.

About TURONZAMIN

supporter of democracy

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

Gravatar
WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Connecting to %s