O’ZBEKISTON MAXSUS XIZMAT ORGANLARI MUALLIFGA QARSHI UYUSHTIRGAN NAVBATDAGI PROVOKATSIYASI
Shuhrat AHMADJONOV, DO’Kning Toshkent bo’limi rahbari, inson huquqlari va tabiat himoyachisi
Avval otinglar, keyin so’roq qilinglar, agar sizlar xato qilsalaringiz, men sizlarga panogoh bo’laman (himoya qilaman).*
GERMAN GERING (… – 1946) – 1933 yilda pruss (nemis) politsiyasi xodimlariga aytgan gapi.
Muallif 14 yanvar (yakshanba) kuni soat 14.00 larda Toshkentdagi Chilonzor buyum (Otchopar) bozoriga borgandi. Kamina fotosuratkash. Bozorga borishdan maqsad – bozor aylanish va suratga tushirib, kundalik tirikchilikka ozroq pul ishlash edi. Muallif soat 14.40 larda uyg’urlar gazmol sotadigan bozorga o’tdi. “Suratga tushasizlarmi?” deb so’rab borayotsa, qo’riqchi kiyimi (formasi)dagi ikki kishi to’xtatib: “Bu yerda fotosuratga tushirish mumkin emas” dedi. Muallif: “Nima uchun?” deb so’radi. Ular ruschalab “Polojeniye (Nizom) bor” deyishdi. “Shu Polojeniye bilan tanishsam bo’ladimi?” deb so’raganida, “Yuring, ko’rsataman” deb bozor tashqarisiga boshladi. Muallif borayotib uning familiyasini so’radi. U: “Atamurodov” deb javob berdi.
Bozor ma’muriyati joylashgan binoning (bu marshrutka avtomashinalar bekati yaqinida) o’ng tomonida temir eshik bor ekan. Qo’riqchi qo’ng’iroqni bosgach, eshik ochildi va ikkalamiz marmar zinapoyadan 2-qavatga ko’tarildik. U yerda kattagina zalda 25 ga yaqin monitorlar bo’lib, ulardan yarmilari yoqilgan holda bozorning turli joylaridagi vaziyatni ko’rsatib turardi. Zalda bir kishi kompyuter (monitor) orqasida o’tirib, nimalarnidir kuzatardi. Atamurodov zalga kirib, u yerda osiqliq turgan jurnalga kaminaning familiyasini yozdi. So’ngra boshliq xonasiga boshladi.
Xonada ikki kishi o’tirgan ekan. Atamurodov kamina Nizomni so’raganini unga aytdi. Boshliq rus tilida: “Bu xususiy bozor. Qo’riqchi sizga fotosuratga tushirish mumkin emas, dedi. Demak, mumkin emas” dedi. Muallif unga javoban: “Agar u bozor eshigi oldida turib: “Bozorga kirish mumkin emas!” desa, men indamay qaytib krtaverishim kerakmi?” dedi. Kamina uning ismu sharifini va kim bo’lib ishlashini so’radi. U: “Gerashin, qo’riqlash xizmati boshlig’i” dedi. So’ngra u hujjat so’radi. Kamina o’z pasportini unga berdi. U pasportni varaqlab bo’lgach: “Siz o’zingiz kimsiz? Bu bozor – xususiy bozor. Sizga Nizomni ko’rsatmayman” dedi. Muallif: “Ko’rsatmasangiz pasportimni qaytaring, ketaman” dedi. Lekin u hujjatni bermasligini aytdi. Va telefon orqali uchastka nozirini, yana bir-ikkita kishilarni chaqirtirdi. Shunda kamina bu oldindan rejalashtirilgan holda qilinayotgan ish ekanligini tushundi.
E’tibor bering: bu qo’riqchi “Ivan”lar bozorga kelgan barcha odamlarni, jumladan tijoratchilarni telekameralar orqali kuzatishlari, ularning o’zaro savdosiga doir suhbatlarini bemalol ko’rib, yozib olishlari mumkin. Lekin kaminaga o’xshagan bir fuqaro bozorda – ish joyida sotuvchining roziligi bilan fotosuratga tushirmoqchi bo’lsa, buni og’zaki ravishda taqiqlashmoqda. Axir bozor davlat yoki harbiy sirlarga ega bo’lgan joy emasku! Har kuni 10 minglab fuqarolar kelib-ketadigan jamoat joyiku.
Savol tug’iladi: fotosuratga tushirishni taqiqlashdan maqsad nima? Kaminaning fikricha, ikkita maqsad bor. Birinchidan, agar inson huquqlarini himoya qiluvchi kaminadek fuqaro xorijdan, jumladan Xitoydan gazmol olib kelib sotayotgan uyg’urlar bilan suhbatlashib, suratga olsa, bu bozorda bo’layotgan ba’zi bir poraxo’rlik, korrupsiya ochilib ketishidan cho’chishadi (axir O’zbekiston bozorlari poraxo’rlik, muttahamlik, tovlamachilik, korrupsiya markazlaridan biriga aylangani ko’pchilikka sir emasku). Ikkinchidan, suratga tushirishni og’zaki taqiqlash orqali kuchishlatar organlar kaminaday inson huquqlari himoyachisi titrikchiligini ochiqdan-ochiq bug’ishga harakat qilmoqdalar.
Bir oz vaqt o’tgach militsiya kapitani Akbar Mamatov (u militsiyaning bozorni qo’riqlash xizmatidan ekanligini aytdi), so’ngra uchastka noziri, militsiya kapitani Gulboy Rahmonqulov kelishdi. G.Rahmonqulov kamina pasportini Gerashindan olib, tashqariga chiqib ketdi. Shu yerda pasport tizimi bilan bog’liq, lekin ko’pchilikka kamroq ma’lum bo’lgan bir-ikkita muhim ma’lumotlarni keltirib o’tsak.
Ma’lumki, har bir fuqaro 16 yoshga yetganida pasport olishi majburiydir. Pasport olish uchun yozilgan ariza, ota-onasi va shunga o’xshash ma’lumotlar asosida shu 16 yoshli fuqaroga shaxsiy ish (delo) ochiladi. Bugungi kunda har bir fuqaroning Ishi pasport beruvchi tuman Ichki ishlar boshqarmasida saqlanadi, shuningdek Ichki ishlar vazirligi kompyuteriga ham kiritiladi. Fuqaroning umri davomidagi ma’lumotlar uning shu shaxsiy Ishida yig’ib, to’plab borishadi. Agar u boshqa joyga ko’chib o’tar bo’lsa, pasportni doimiy propiska qildirishi kerak. Shunday propiska qilish jarayonida ushbu fuqaroning shaxsiy Ishi yangi yashash joyidagi tuman militsiya bo’limiga chaqirtirib olinadi va hujjat yig’ish yangi joyda davom ettiriladi. Agar fuqaro nomozxon bo’lib, unda-bunda erkin fikrlar ayta boshlasa yoki demokratik qarashlarga hamda avtoritar rejimga qarshi erkin fikrlarga ega bo’lsa, uning shaxsiy ishidagi ayrim hujjatlaridan nusxalar olinib, alohida yangi Ish ochiladi va Ichki ishlar vazirligining terrorizmga qarshi kurash boshqarmasida va xuddi shunday Milliy xavfsizlik xizmatidagi tegishli bo’lim seyfiga joylashtiriladi, shuningdek umumiy kompyuterga (faylga) kiritiladi. Soddaroq qilib aytganda, “qora ro’yxat”ga kiritiladi. So’ngra bunday fuqarolarning shaxsiy hayotiga aralashish va uning hayotini zaharlovchi turli tazyiqlar, quvg’inlar, fitnalar, provikatsiyalar rejalashtiriladi va uyushtiriladi.
Kuchishlatar organ xodimi birorta fuqaro pasporti seriyasi, raqami va familiyasi, ismini IIV yoki MXXdagi kompyuteriga kiritsa, shu fuqaroga oid dastlabki ma’lumotlar monitorda paydo bo’ladi. Agar kaminaga o’xshagan fuqaro Milliy xavfsizlik xizmatining qora ro’yxatida turgan bo’lsa, monitorda “Shu fuqaroga doir masala ko’rilayotganida MXXga xabar berilishi kerak” degan mazmundagi yozuv paydo bo’ladi. Shu sababli militsiya zobiti, uchastka noziri MXXning o’sha tuman yoki shahar bo’limiga xabar berishga majbur. Qarabsizki, MXX xodimi ham, ba’zan militsiya xodimi ham fuqaro bilan uchrashishga kelishdan oldin, uning shaxsiy ishini tezdan qarab chiqadi va uni badnom qiluvchi ma’lumotlarni o’qib chiqqach, uchrashuv xonasiga kirib keladi.
Shunday qilib,G.Rahmonqulov kamina pasportini olib chiqib ketib, tegishli joyga xabar bergach, xonaga qaytib keldi. U pasportni Gerashinga qaytarib berdi va xona devori yaqinidagi uzunligi bir metr keladigan o’rindiqqa (skameykaga) o’tirdi. Yana 10-15 daqiqalar o’tgach xonaga bo’yi 170 sm keladigan, sochi oqargan va siyraklashib kal bo’la boshlagan, turqi sovuq, 55 yoshlardagi fuqaro kiyimidagi kishi kirib keldi. U kirib kela boshlaganidan, kapitan G.Rahmonqulov dik etib o’rnidan turdi. “T” ko’rinishidagi stol orqasida o’tirgan ikkinchi kishi ham o’rnidan turib, turqi sovuq kishiga o’z joyini bo’shatib berdi va xonadan chiqib ketdi. Turqi sovuq kishi Gerashin bilan qo’l berib salomlashgach, o’sha joyga o’tirdi. Uning orqasidan kapitan A.Mamatov kirib keldi va G.Rahmonqulov yoniga o’tirdi.
Turqi sovuq o’tirgach, Gerashinga qaradi. U unga muallif pasportini berib: «Он в рынке фотографировал. Наши сотрудники ему сказали, что в этом рынке фотографировать нельзя. Он требует показать Положение» (“U bozorda fotosuratga tushirib yurgan ekan. Bizning xodimlar unga bu bozorda suratga tushirish mumkin emasligini aytishibdi. U Nizomni ko’rsatishni talab qilibdi”) dedi. Kamina rus tilida: “Suratga tushirib yurgan ekan” demang, chunki bozoringizda birorta odamni suratga olganim yo’q. “Kim suratga tushadi?” deb so’rab kelayotganimda, meni ikki qo’riqchi to’xtatdi. Ulardan biri – Atamurodov Nizomni ko’rsataman, deb meni bu yerga olib keldi” dedi. Bu gaplarni xonada turgan Atamurodov tutila-tutila tasdiqladi.
Turqi sovuq bu payt pasportni varaqlab chiqib, kaminaga qarab sansirab gapira boshladi: “Sani yo’q bo’lib ketdi, deyishgandi. Qarindoshlaring sani qidirib yuribdi, deyishdi. Jizzaxga borayapsanmi?”. Kamina: “Har bir-ikki yilda bir marta borib turaman. 2006 yil aprelida Jizzaxga borib, qarindoshlarni ko’rib kelgandim” dedi. (Yuqorida yozilgan MXX xodimlarining ish uslubidan bexabar kishi qarindosh-urug’iga doir dab-durustdan aytilgan bunday va shunga o’xshash gapdan shoshib, dovdirab qolishi hech gap emas. Muallif turqi sovuq kimsalardan shunaqangi qupol gaplar chiqishini bilgani uchun, bunday gaplar uning asabiga tegsada, iloji boricha o’zini xotirjam tutib, teppa-teng javob berishga harakat qildi.)
Kamina turqi sovuq kishidan familiyasi va ismini, keyin mansabini so’radi. U xohlamaygina Haydar Azizov ekanligini aytdi. Muallif uning qaysi idorada kim bo’lib ishlashini ikkinchi marta so’radi va, buni aytmasa fuqaro kiyimida o’tirganligi uchun savollariga javob bermasligini ta’kidladi. Shu gapdan so’ng u: “Bozorda pattachi bo’lib ishlayman” dedi. Kamina bunga javoban: “Pattachi emasligingiz ko’rinib turibdi. Erkakman, degan odam mard bo’lsada, o’z ish joyini, mansabini qo’rqmasdan ayta olsa yaxshi bo’lardi” dedi va ikki kapitan o’tirgan tomonga qarab qo’ydi. Ular bu gaplarni eshitib, bir oz miyig’ida kulib o’tirishardi. Turqi sovuq H.Azizovning jahli chiqib: “Siz ruhiy kasalliklar kasalxonasida ro’yxatda turmaysizmi?” dedi. Kamina unga qarab, uning tovush ohangida: “Sizchi? Pattachi sifatida ruhiy kasalliklar kasalxonasida ro’yxatda turmaysizmi?” dedi.
O’zbekistondagidek avtoritar, politsiyaviy rejim sharoitida halol yashash qiyin. Ba’zan hatto non olishga yoki avtobusga yo’lkira to’lashga pulingiz qolmaydi. Ammo halol yashashning eng yaxshi tomonlaridan biri mana shunday paytda bilinadi. Siz H.Azizovga o’xshagan turqi sovuq, qo’pol kimsalardan past kelmasdan, qo’rqmasdan, dadil gapirishingiz, og’zidan chiqqanini yoqasiga yopishtirib ketishingiz mumkin bo’ladi. Bu – birinchidan. Ikkinchidan, iloji bo’lsa, uning haqiqiy basharasini ochib beradigan, ko’rsatadigan qilib maqola, she’r va hokazo yozishingiz mumkin.
H.Azizov muallif sumkasidagi narsalarni stol ustiga chqarib qo’yishni buyurdi. Kamina sumkasini ochib, stol ustiga uchta papka va 300 betlik bloknotini qo’ydi. U bloknotni ochib undagi yozuvlarni, kamina tanish-bilishlari yozilgan manzillar, shuningdek varaqlar orasida yotgan turli varaqchalarni birma-bir qarab, o’qib chiqa boshladi. So’ngra papkalardan birini ochib, u yerdagi maqolalarni varaqlab, u yoki bu darajada o’qib, ko’zdan kechira boshladi. Shu ko’rihs davomida shuncha qog’oz nima uchun kerakligini so’radi. Muallif inson huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat olib borayotgani, shu mavzuda maqolalar ham yozayotgani va shuning uchun bu qog’ozlar kerakligini aytdi.
U shu ko’rish davomida kamina to’g’risida, Yelena Urlayeva, Nigora Hidoyatova haqida, Abduraxim Po’latov prezidentlikka o’z nomzodini qo’yayotgani, Salovat Umrzoqov to’g’risida, Vasila Inoyatova bilan kaminaning aloqasi bor-yo’qligini, Gulchehra Nurullayeva haqida so’ray boshladi. Kamina ular bilan ishi kamligini, faqat o’zi uchun javob berishi mumkinligini aytdi.
H.Azizov bu odamlar haqida so’rayotganida muallif xotirasiga 1988-1990 yil voqealari keldi. O’zbekiston “Birlik” xalq harakati 1988 yil 11 noyabrida taniqli hofiz Dadaxon Hasanning uyida tashkil etilgach, 1989-1990 yillarda u haqiqiy xalq harakatiga aylangan edi. Sovet Imperiyasi bilan, uning H.Azizovga o’xshagan militsiya zobitlari bilan O’zbekiston Mustaqilligi uchun, demokratiya uchun kurash ketayotgan yillar edi. “Birlik”chilar, jumladan Toshkent shahar tashkiloti raisining 1-o’rinbosari, Mirza Ulug’bek tuman tashkilotining raisi bo’lmish kamina, Hamza tuman tashkilotining kotibi bo’lmish Salovat Umrzoqov va boshqalar inson huquqlarini himoya qilib turli piketlar, yig’ilishlar, mitinglar, namoyishlar o’tkazishardi. Masalan, “birlik”chilar 1990 yil 28 aprel kuni Rossiyada armiya xizmatidagi askarni urib, uning o’ldirilgan jasadi solingan temir tobutini Toshkent aeroportidan olib, “tez yordam” mashinasiga solindi. So’ngra prezident I.Karimov ishlaydigan bino oldiga olib kelib, zinapoyaga qo’yib, prezident chiqishini talab qilgan va keyin 35 birlikchi (jumladan muallif ham, S.Umrzoqov ham) prezident I.Karimov bilan bir soatga yaqin muhokama qilgan qizg’in kurashlar davri edi. “Birlik”chilar tashkil etgan tadbirlarga fuqaro kiyimidagi militsiya kapitani Haydar Azizov va uning hamtovoqlari ko’pincha yetib kelishardi. 1989 yilda Haydar Azizov to’g’risida Vasila Inoyatova “haydamoq” so’zining ma’nosidan kelib chiqib, “Haydar” nomli she’rni yozgan va uni “Birlik” gazetasida chop ettirgan edi. H.Azizov o’sha paytlar boshqa tuman IIBsida ishlagani sababli kamina uning bilan bevosita to’qnash kelmagandi. 1989 yildagi tadbirlardan birida S.Umrzoqov H.Azizovni qo’li bilan ko’rsatib: “Bu militsiya kapitani Haydar Azizov bo’ladi. Bir safar ikki militsioner ikki qo’limdan ushlab turdi, u esa qornimga qattiq urdi” degan gaplari kaminaning xotirasida qolgan.
Muallif shu voqealarni eslagach va H.Azizov asosan “birlik”chi faollarni surishtirganidan tushundiki, bu turqi sovuq kimsa – o’sha Haydar Azizovdir. Muallif unga 1989-1990 yillardagi militsiya zobiti Haydar ekanini, uning haqida Vasila Inoyatova “Haydar” nomli tanqidiy she’r yozganini eslatdi. Kaminaning bu gapidan uning jahli chiqib, bir-ikkita qo’pol so’zlarni aytdi va “San mani tanib, tanimaslikka olding” dedi. U Vasilaning “Haydar” she’rini esladi va tan oldi. So’ngra “Vasila semirib ketibdi” deb qo’shib qo’ydi. Kamina unga qarab: “O’sha Haydar ekansiz, “bozor pattachisiman” deb nega yolg’on gapirasiz. Ba’zilar o’z ish joyini, mansabini aytishdan ham qo’rqishadi. O’zini erkakman, degan kishi mard bo’lsada. Hech bo’lmasa o’z ish joyini, mansabini qo’rqmasdan ayta olsa yaxshi bo’lardi” dedi. Kamina shunday deb militsiyalar tomoniga nazar tashladi. Ikkala kapitan Haydar Azizovdek turqi sovuq, qo’pol rahbarni kaminadek oddiy fuqaro qo’rqmasdan tanqid qilib, tuzlayotganini ko’rib, bir oz hayrat bilan qarashar va miyig’ida kulib o’tirishardi.
H.Azizov yana bunday dedi: “Esingdami, man sani yaxshilab urganim?”. Muallif: “Siz bilan ilgari biror marta duch kelgan emasmiz. Siz Salovat Umrzoqovni urgansiz. U 1989 yilda menga sizni ko’rsatib gapirgandi. Siz bilan bugun birinchi marta yuma-yuz uchrashib turibmiz” dedi. U gapini davom ettirib: “Salovatning esi kirib qolgan. Saning esing qachon kiradi?” dedi. Muallif undan: “Es kirish deganingiz qaysi ma’noda” deb so’radi. Lekin u bu savolga javob bermadi va boshqa savollarga o’tib ketdi. Aslida avval demokratlar safida bo’lgan, keyin bu kurash yo’lidan qaytgan, singan va Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligidagi terrorizmga qarshi kurash bo’limi bilan hamkorlik qilayotgan (bu bo’lim bir tomondan MXX bilan, ikkinchi tomondan uchastka nozirlari bilan bog’liqdir) kishilarga nisbatan Haydar Azizovga o’xshagan maxsus xizmat organlari xodimlari “Falonchining (masalan, Salovatning) esini kiritib qo’ydik” deb gapirishadi. H.Azizovning Salovat Umrzoqov haqida aytgan gapida jon bor …
H. Azizov bloknot va papkadagi qog’ozlarni o’qish davomida boshqa har xil provokatsion savollar ham berdi. Ikki nafar militsiya kapitanlari uning huzurida xuddi yosh mo’min-qobil bolalar kabi o’tirishidan ham, uning hozir yuqori lavozimlardan birida ishlayotgani ma’lum edi (kaminaning fikricha, u Milliy xavfsizlik xizmatida ishlayotgan bo’lsa kerak).
U o’z so’rog’i davomida kamina Ozod Dehqonlar partiyasiga a’zo-a’zo emasligi haqida ikki marta so’radi. Shuningdek muallif Inson huquqlari himoyachilari birlashgan Alyansga a’zo- a’zo emasligini ham bir necha marta so’radi. Buni qayta-qayta so’rashdan maqsad shuki, agar kamina bunday tashkilotlarga a’zo bo’lsa, uni javobgarlikka tortish mumkin bo’ladi. Chunki OzR prezidenti I.Karimov 2005 yil 28 dekabr kuni imzolagan qonunga asosan, Adliya vazirligida ro’yxatdan o’tmay faoliyat olib borayotgan tashkilot a’zolariga sud qarori bilan eng kam ish haqining 50 baravaridan 100 baravarigacha, ya’ni 12,5 million (!) sumgacha jarima solinadi.
U savollar berish davomida suratkashlik bilan shug’ullanishishga doir kaminaning patenti bor-yo’qligini ham so’radi. Muallif unga: “Ichki ishlar vaziri Bahodir Maxsitov sizlarga patent hujjatlarini tekshirish huquqini bermagan bo’lsa kerak. Soliq bo’limi xodimlarini chaqiring, ularga bu borada javob berishim mumkin” dedi.
H.Azizov papkadagi qog’ozlarni bitta-bitta varaqlab o’qiyotganida muallif: “Kishining shaxsiy yozuvlarini o’qishga haqqingiz yo’q, buni o’qish uchun prokuraturadan ruxsat olishingiz kerak” dedi. U indamay o’qishda davom etdi. Hatto shoir, senator Erkin Vohidov nomiga 1999 yil 14 oktyabrda kamina yozgan xatning ikkinchi nusxasi papkada bo’lgani bois, uni anchagina qismini shu xonada o’tirganlarga o’qib berdi. (Erkin Vohidovga yozilgan bu xat haqida kamina www.uzbekcongress.org saytida 2006 yil 23 noyabrda chop etilgan “Muallifning 1997 yilda futbolga doir yozgan 15 betlik xatining mazmuni va uning keyingi taqdiri” maqolasida yozgan edi.)
Muallif papkasi tagida kamina nomiga 2007 yil 13 yanvar kuni Fransiyaning O’qbekistondagi elchisidan kelgan xat bor edi. (Muallif Toshkendagi bir necha elchilarga va xalqaro tashkilotlar rahbarlariga yaqinda xat yozib, inson huquqlari himoyachilari bilan bo’ladigan uchrashuvlarga kaminani ham taklif qilishlarini iltimos qilgandi. Muallifning bu boradagi faoliyatiga doir axborot sifatida Internetda chop etilgan kaminaning 65 ta maqolalar ro’yxati xatga ilova qilingandi.) U shu bir betlik xatni (xat ikki varaqda fransuz va rus tillarida yozilgandi) ochib to’liq o’qib chiqdi. So’ngra yana ikkita papkani naridan-beri ko’rdi va titkilashni to’xtatdi.
Shundan ham ma’lum bo’ldiki, uning asosiy maqsadlaridan biri Fransiya elchisining xatini o’qib chiqish ekan. (Agar ushbu xat pochta orqali kelganida MXX xodimlari bemalol o’qib chiqqan bo’lardilar. Chunki kaminaning oddiy pochtasi ham, elektron pochtasi ham maxsus xizmat organlari nazorati ostidadir. Fransiya elchisi o’z xatini chopar (kuryer) orqali berib yuboribdi. U kelganida, kamina uyida bo’lmaganligi bois xatni qo’shniga berib ketibdi. Qo’shni yigit kaminaga xatni 13 yanvar kuni kechqurun topshirdi.)
Shundan keyin H.Azizov uchastka noziri, kapitan G.Rahmonqulovga kaminani bozor hududidagi jinoyat-qidiruv bo’limiga olib borishni buyurdi. Turqi sovuq H.Azizov bilan asabga teguvchi savol-javob bir soatlardan ortiq davom etdi.
Chilonzor bozor hududidagi jinoyat-qidiruv bo’limi boshlig’i, yoshi 60 larda bo’lgan Rahim Abdurahmonov ham 20 daqiqa davomida kaminani o’z kabinetida olib o’tirib, ko’pgina savollarni berdi. U ham H.Azizov kabi muallif birorta norasmiy partiya yoki inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti bo’lmish Alyansga a’zo-a’zo emasligini ikki martadan so’radi. Kamina yakka tartibda inson huquqini himoya qilish bilan shug’ullanayotganini aytdi. Noqoqnuniy tazyiqlarga, birorta tashvishli holatga tushib qolgan fuqarolarga maslahat berish, ariza yozish, sudlarda qatnashish, ular haqida maqola yozish kabi ishlarni bajarishini aytdi. U baribir oxirigacha tushunmayotganini bildirib, yana savol berdi. Shunda muallif unga soddaroq qilib tushuntirdi: “Masalan, qo’shningizga nisbatan birorta ko’ngilsiz voqea ro’y berib, uning boshiga tashvish tushdi. Shu qo’shningiz, uning bola-chaqasi hurmati unga o’zingizning to’g’ri maslahatingizni, iloji bo’lsa tanish-bilishlaringizga telefon qilib, uchrashib shu qo’shningizga yordam berishni iltimos qilasizmi? Agar siz qo’shningiz yoki boshqa bir tanish-bilishingizga, qarindoshingizga davlat idoralarida mansabdor shaxslardan qonuniy himoya qilib yordam ko’rsatsangiz, siz shu insonning huquqini himoya qilgan bo’lasiz. Buni ota-bobolarimiz “Savob ish” deb ham aytishgan.”
Savol-javob davomida R.Abdurahmonov 3-4 marta yo’lakka chiqib keldi va Chilonzor tuman IIBsidan xodimni chaqirtirishdi. U yerdan militsiya leytenanti Lutfulla Risqulov yetib keldi. Uning mashinasida kamina Chilonzor tuman IIBga bordi va 4-qavatga – jinoiy-qidiruv bo’linmiga birga kirdi. L.Risqulov o’z ish xonasida kaminaga bir necha savollar berdi va chiqib rahbari bilan maslahatlashdi. Shunda muallif o’z yaqinlariga telefon qilib, hozir Chilonzor tuman IIBsida ekanligini aytmoqchi bo’ldi. Lekin u telefon qilishga ruxsat bermadi.
25-30 daqiqalar o’tgach xonaga fuqaro kiyimidagi yana bir kishi kirib keldi va so’roq qila boshladi. Muallif uning kimligini so’radi. U o’shqirib: “Bu yerda siz emas, men savollar beraman” dedi. Kamina unga xotirjam “Bu kiyimda sizlar IIVga tutib kelgan, yo’lakda turgan birorta jinoyatchi ham bo’lishi mumkin” deganidan so’ng, u Ichki Ishlar Vazirligidan kelganini, kapitan Jasur Oripov ekanligini aytdi (u 28 yoshda ekan). So’ngra u kamina Ozod Dehqonlar partiyasiga a’zo-a’zo emasligi haqida uch marta so’radi. Shuningdek muallif Inson huquqlari himoyachilari birlashgan Alyansga a’zo- a’zo emasligini ham bir necha marta so’radi.
U kaminaning pasport propiskasi masalasini ham surishtirdi. Muallif unga bu masalada besh marta uchastka nozirlari jarima haqida qaror chiqarishgani, oxirgi marta Mirobod tuman IIBsida 2005 yil 31 may kuni jarima haqida qaror yozishgani, shu haqdagi kvitansiya koreshogi (bo’lagi) bloknot ichida borligi, bu haqda 2005 yil iyun oyida kamina Oliy sudga shikoyat arizasi yozgani, u IIVga jo’natilgani haqida aytdi. Kamina: “Agar shunday jarima haqida yozsalaringiz, yana Oliy sudga murojjat qilaman” dedi. J.Oripov kvitansiyani ko’rsatishni so’radi. Kamina unga berdi. U kvitansiyani o’qib, uni olib chiqib ketdi va kim bilandir (balkim telefonda) maslahatlashib keldi (u kaminaga savol bera-bera, tashqariga 4 marta chiqib maslahatlashib keldi).
Shu savol-javob davomida kamina kapitan Jasur Oripovga murojaat qilib, o’z yaqinlariga telefon qilib qo’yish uchun ruxsat so’radi. Lekin u muallifga ruxsat bermadi.
J.Oripov kamina qamalgan-qamalmaganini ham so’radi. Muallif 2000 yilda “Qarz balosidan ogoh bo’lgin, xalqim!” kitobini yozgan edi. Shu kitobi uchun uni 2001 yil 19 noyabrda Jinoyat ishlar bo’yicha Hamza tuman sudi sudyasining hukmi bilan kaminani 15 sutkaga qamashganini aytdi. U bu gapni ham yozib olib, tashqariga chiqib ketdi va yana kim bilandir maslahatlashib keldi.
Shunday qilib, bu qonunbuzarlar avval fuqaroni tutishadi, so’ngra undan kamchilik izlay boshlaydilar. Ular xato qilishsa, ularni rahbarlari himoya qiladi. Ma’lumki, kuchishlatar organlarning, jumladan MXXning bosh rahbari prezident I.Karimovdir. Fuqarolar esa bu qonunbuzar, turqi sovuq Haydar Azizovga o’xshaganlarni sudga berish imkoniyatiga ega emas. Chunki “Milliy xavfsizlik xizmati to’g’risida”, “Militsiya to’g’risida” qonunlar yo’q va sud sizning shikoyat arizangizni shikoyat qilgan MXX yoki IIVga jo’natadi. Natijada yana o’zlari o’zaro, ba’zan pora asosida kelishib qo’ya qolishadi, shikoyat yozgan fuqaroga va sudga esa “Shikoyatda yozilgan faktlar tekshirish davomida tasdiqlanmadi” degan formal xat jo’natiladi …
Shuncha so’roq va titkilashlardan keyin ham muallifni badnom etuvchi, bayonnoma yozadigan darajadagi kamchilik topishaolmadi. Balkim alohida, muallifga aytmay, qandaydir qog’ozlarni rasmiylashtirgandir, bu kaminaga qorong’u. Nima bo’lganda ham soat 19.00 larda leytenant L.Risqiyev kamina Tushuntirish xatini yozib berish kerakligini aytdi. Kamina quyidagi Tushuntirish xatini yozib berdi.
“Chilonzor tuman IIB boshlig’iga
Pasport propiskasi: Jizzax viloyati, Jizzax tumani, Qulama
qishloq fuqarolar yig’ini, Tinchlik ko’chasi, 25-uy;
Yashash joyi: Toshkent shahri, Hamza tumani, Farg’ona yo’li
ko’chasi, 101-uy, 65-xonadonda yashovchi
fuqaro Ahmadjonov Shuhratdan (1954 yilda tug’ilgan)
T U SH I N T I R I SH X A T I
Men, Ahmadjonov Shuhrat, bugun – 2007 yil 14 yanvar kuni soat 14.00 larda Chilonzor buyum bozoriga kelgandim. Maqsadim: bozor aylanib narsa ko’rish va suratkash sifatida bozor sotuvchilaridan ba’zilarini suratga olish edi (shu bilan tirikchilik qilaman).
Soat 14.40 larda O’zbek bozoridan uyg’urlar gazmol sotadigan bozorga o’tdim. U yerda birorta odamni suratga olganim yo’q. “Suratga tushasizlarmi?” deb kelayotsam, qo’riqchi formasidagi ikki kishi: “Bu yerda fotosuratga tushirish mumkin emas” dedi. “Nega mumkin emas?” desam, “Polojeniye bor” dedi. “Uni ko’rsam bo’ladimi?” deb so’rasam, qo’riqchilardan biri (Atamurodov) “Yuring, ko’rsataman” deb, qo’riqlash binosiga olib bordi.
Qo’riqchi Atamurodov meni qo’riqlash xizmati boshlig’i Gerashin kabinetiga boshlab kirdi va aytdi. Gerashin: “Polojeniyeni ko’rsatmayman” dedi va uchastka noziri, kapitan Gulboy Rahmonqulovni, Haydar Azizovni chaqirtirdi. Ular sumkamdagi narsalarimni ko’zdan kechirib, Chilonzor tuman IIBsidan leytenant Lutfulla Risqiyevni chaqirtirishdi. U bilan Chilonzor tuman IIBsiga keldik. U savollar berdi. So’ngra IIVazirligidan kapitan Jasur Oripovni chaqirtirishdi. Meni tutganlaridan beri 3 soatdan oshgan bo’lishiga qaramasdan yaqinlarimga telefon qilishga bir necha marta ruxsat so’radim. Ruxsat berishmadi.
Jasur Oripov ham 17.30 larda kelib so’roq qildi. Soat 18.10 larda ushbu Tushuntirish xatini yozishni talab qilishdi.
Bugungi meni tutishlari ataylab uyushtirilgan, deb hisoblayman. Bu mening inson huquqlarini himoya qilish faoliyatim bilan bog’liq, deb hisoblayman.
Ushbu tushuntirish xatini o’z qo’lim bilan yozdim.
Ahmadjonov Shuhrat imzo.
2007 yil 14 yanvar, soat 19.00.”
Tushuntirish xatini yozgach muallifga javob berishdi. (L.Risqiyev kaminani yo’lgacha kuzatib chiqib, yengil mashina haydovchisiga pul berib, Qo’yliqqa – kaminaning uyiga olib borib qo’yishni tayinladi.)
Shunday qilib, muallifni 4,5 soat davomida boshini qotirishdi. Bu kuchishlatar organlar – Milliy xavfsizlik xizmati, militsiya organlarining oldindan rejalashtirilgan navbatdagi provokatsiyasi, deb hisoblaydi kamina. Ular bu provokatsiya bilan chegaralanmasalar kerak. Shu 2007 yil davomida kaminaga qarshi kattagina provokatsiya uyushtirishsa kerak, degan muallifning taxmini bor. Bu provokatsiya kaminaning inson huquqlarini himoya qilish borasida olib borayotgan faoliyati va bu haqda www.uzbekcongress.org saytida yozayotgan maqolalari bilan bog’liq, deb hisoblaydi muallif.
Xullas kalom, O’zbekistonda fuqarolarni asossiz ravishda tutish, ularning shaxsiy yozuv-chizuv qog’ozlarini, jumladan xatlarini beruxsat o’qiydigan, mavjud qonunlarni, inson huquqlarini tepkilaydigan, turqi sovuq, qo’pol Haydar Azizovdek maxsus xizmat organlari (MXX, IIV) xodimlariga tayangan politsiyaviy hokimiyat, rejim hukm surmoqda. Ular faqat prezident I.Karimovga bo’ysunganligi, “Milliy xavfsizlik xizmati to’g’risida”, “Militsiya to’g’risida” qonunlar yo’qligidan, prezident I.Karimov qarib, chol bo’lib qolganligidan (u 30 yanvar kuni 69 yoshga kiradi) va nazorat qilmayotganligidan foydalanib, xohlagan noma’qulchiliklarini qilmoqdalar. Ikkita palata – Qonunchilik palatasi va Senatdan iborat Oliy Majlis deputatlari va senatorlar Haydar Azizovdek o’zboshimcha mansabdorlarni nazorat qilmayotirlar. Yuqorida yozilgan 4,5 soatlik ko’ngilsiz, nuqul asabbuzarlikdan iborat voqea Vatanimizda deyarli kunda ro’y berayotgan va amaldorlar tomonidan yo’l qo’yilayotgan qonunbuzarliklardan vaqat bittasidir, xolos.
P.S. 14 yanvarda ro’y bergan yuqoridagi voqealar haqida muallif avvaliga “Ozodlik” radiosiga ma’lumot yozib yuborgan edi. Bundan maqsad: bu haqda “Ozodlik”ka intervyu berish edi. Bu ma’lumot ularga yetib bordimi, yo’qmi, kaminaga noma’lum. “Ozodlik”dan hech kim kamina uyiga telefon qilmadi.
Shu ma’lumotni kamina 15 yanvar kuni quyidagi so’zlar bilan birga DO’K raisi J.Mamatovga ham yuborgan edi: “14 yanvar kuni meni 4,5 soat davomida kuchishlatar organlar xodimlari boshimni qotirishdi. Bu haqda xat yozib, “Ozodlik” radiosiga hozirgina xabar jo’natdim. Shu xabarni sizga ham jo’natayapman. Bu haqda alohida batafsilroq maqolani yozmoqdaman. Maqolani, Xudo xohlasa, ertaga jo’nataman. “Ozodlik”ka jo’natgan xatim.” Shu so’zlardan so’ng “Ozodlik”ka jo’natilgan ma’lumotni yozgandi.
Kamina alohida maqola qilib chiqarmoqchi ekanligini ta’kidlagandi. Lekin ma’lumot 15 yanvar kuni saytimizda chop etilibdi. Mayli, endi ushbu to’liq yozilgan maqola chop etilsa yaxshi bo’lardi.
———————————————–
* ДУШЕНКО К.В. Дешевых политиков не бывает: Афоризмы (Arzon siyosatchilar bo’lmaydilar: Aforizmlar). – М.: ЗАО Изд-во ЭКСМО-Пресс, 1999. – 496 с. (172-с.)
Gering, German (… – 1946) – 1933 yilda Germaniya Reyxstagi (parlamenti) raisi, 1939-1945 yillarda fashistlar Germaniyasining Aviatsiya vaziri bo’lib ishlagan. Nyurenberg Xalqaro harbiy tribunalining 1946 yil 1 oktyabrdagi hukmi bilan fashistlar Germaniyasining 12 harbiy jinoyatchisi, oliy davlat va harbiy arboblari, jumladan G.Gering osib o’ldirishga hukm qilingandi. Lekin G.Gering hukm ijro etilishidan bir necha kun oldin o’zini o’ldirgan (zahar ichgan, A.Sh.). [O’zbek Sovet Ensiklopediyasi, 8-j., T. – 1976, 656 b. (167-b.)]
E-mail: shuhrat1954@yahoo.com
