Shuhrat AHMADJONOV,
DO’Kning Toshkent bo’limi rahbari, inson huquqlari va tabiat himoyachisi
Shafqatsizlik – har qanday qulayotgan hokimiyatning oxirgi panohidir. [1, 174-b.] L.Varlen (1839-1871)
Ma’lumki, 2005 yil 13-14 may kunlari Andijonda oddiy xalq O’zbekiston kuchishlatar organlari tomonidan qirg’in qilindi va 700 dan ortiq odam halok bo’ldi. Avval shu qirg’in arafasida ro’y bergan voqealar ketma-ketligiga nazar solaylik.
O’zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) xodimlari 2004 yil iyun oyida Andijonda 23 tadbirkorni “Akromiylik” yashirin islom guruhiga a’zolikda ayblab qamoqqa olishdi. Tadbirkorlarni hibsga olish qanday amalga oshirilganligi, bu qip-qizil tuhmatdan iborat ekanligi haqida kamina www.uzbekcongress.org saytida 2006 yil 21 va 26 oktabr kuni chop etilgan [2] va [3] maqolalarda yozgandi. 2005 yil 13 may kuni Andijonda xalqning norozilik mitingiga chiqishining sabablari – O’zbekiston qonunchiligidagi va iqtisodiy siyosatidagi kamchiliklar ekanligi haqida saytimizda 2006 yil 30 oktabr hamda 1 noyabr kunlari chop etilgan [4] va [5] maqolalarda muallif yozgan edi.
Savol tug’iladi: 2,5 milliondan ortiq kishi yashaydigan Andijon viloyatida MXX xodimlari nega endi 23 tadbirkorni qamoqqa oldilar? Odatda tadbirkor ma’lum bir sarmoyaga ega bo’lib, o’zini va oilasini moddiy jihatdan ta’minlagan, o’ziga to’q fuqarodir. Shu sababli u o’zini anchagina erkin, ozod his qiladi, ya’ni kuchishlatar organlar xodimlaridan ham, turli-tuman amaldorlardan ham, ba’zi bir jinoyatchilardan ham cho’chimaydi. Agar Farg’ona vodiysidagi xalqning aksariyat qismi, jumladan 23 tadbirkor ham nomozxon ekanligini hisobga olsak, bunday insonlar Ollohdangina qo’rqadilar. Boshqacha aytganda bandasidan qo’rqmaydilar.
O’zbekistonda prezident I.Karimov rahbarligida politsiyaviy siyosiy rejim o’rnatilgan bo’lib, bunday rejim xalqni qo’rquvda saqlash orqali boshqarishga asoslangandir. Soddaroq qilib aytganda, kuchishlatar organ xodimlari poraxo’rlik, korrupsiyani avjiga chiqarish orqali boyish, xalqni, birinchi navbatda tadbirkorlarni talash uchun ularning deyarli har birini tahlika ostida yashashga majbur qilishdga harakat qiladilar. Bunday tahlikani yaratish uchun esa O’zbekistondagi kuchishlatar organlar turli bahonalar, aniqrog’i dushmanni o’ylab topishadi. Ular 1990-yillarda nomozxonlarni “vahobbiy” deb, “hizb ut-tahrir” partiyasiga a’zolikda ayblab qamashgan bo’lsa, Toshkentda 1999 yil fevralida uyushtirilgan portlashlardan so’ng vodiyda tug’ilib o’sgan Akrom Yo’ldoshev yozgan “Iymonga yo’l” kitobini bahona qilib, “akromiylik” degan soxta tashkilot haqidagi uydurmani to’qidilar. Natijada O’zbekistonda yuzlab nomozxonlar “akromiylik”da ayblanib qamoqxonalarga tashlandi.
2004 yilda O’zbekistonning bir necha viloyatlarida o’nlab fuqarolarni, jumladan andijonlik 23 tadbirkorlarni ham uydurma “akromiylik” yashirin islom guruhiga a’zolikda ayblashdi. Ularni qamash orqali barcha tadbirkorlarni qo’rqitish, vahimaga solish va talash, shu bilan birga Vatanimizda demokratiya sari qo’yilayotgan kichik o’zgarishlarga qattiq zarba berish rejasi bor edi. Bunday qamoqqa olishlar Toshkentda, Sirdaryo viloyatida ham amalga oshirilganligini eslasak, bu ish shaxsan prezident I.Karimovgagina bo’ysunadigan O’zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati rahbariyati tomonidan rejalashtirilganligi ma’lum bo’ladi ([2], [3] ga qarang).
“Akromiylik” tashkilot bo’lar bo’lsa, bu tashkilotning Ustavi bo’lishi kerak. Lekin bugungi kungacha biror inson uning Ustavini ko’rgan emas! Qisqa qilib aytganda, “akromiylik” nomli diniy-ekstremistik islomiy tashkilot, degan uydurma gap O’zbekiston maxsus xizmat organlari tarafidan to’qib chiqarilgan, asossiz, buhton gapdir.
O’zbekiston kuchishlatar organlari tadbirkorlar erkinligini bo’g’ish va qo’rqitish usullariga qonuniy tus berish uchun 2004 yilda alohida qonun tayyorlashni yo’lga qo’ydilar. Bu borada 2001 yil 11 sentabrda AQShda ro’y bergan terroristik hujum va shu bilan bog’liq ravishda ishlab chiqilgan qonun qo’l keldi. Natijada O’zR Oliy Majlisi 2004 yil 26 avgust kuni “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to’g’risida”gi O’zR Qonunini amalga kiritish haqida qaror qabul qildi [6]. Bu qonun 2006 yil 1 yanvarda amalga kiritilishi belgilangan bo’lsada, noqonuniy moliyalashtirishda tadbirkorlarni ayblash harakatlari 2004 yildayoq boshlab yuborildi (afsuski, andijonlik 23 tadbirkorga nisbatan sud materiallari kaminada yo’q, bo’lganida aniq misollar keltirardi).
Andijonlik 23 tadbirkorga qarshi MXX organi xodimlari tergov ishlari olib borib, jild-jild jinoiy ish yozishdi. 2005 yil 10 fevral kuni Andijonda sud mahkamasi boshlandi [7]. Sud nohaq, soxtalashtirilgan, adolatsiz tarzda olib borilganligi sababli sud binosi oldida sudlanuvchilarning norozi qarindoshlari, do’stlari, tanish-bilishlari kundan-kunga ko’payib bordi. Sud jarayonida andijonlik tadbirkorlar bolalar uylariga, muhtojlarga 20 million so’m xayriya qilganlari ham ma’lum bo’ldi. Oxir-oqibat prokuror sudlanuvchilardan 2 nafarini ozod etish, 2 nafarini ma’muriy jazoga tortish, qolgan 19 tadbirkorga 3 yildan 7 yilgacha qamoq jazosini berishni talab qildi [8].
23 tadbirkor ustidan hukm 2005 yil 10 may kuni sudda o’qib eshittirilishi belgilangan edi. Shu kuni ertalab Andijon sud binosi oldidagi ko’chalarda 5 mingga yaqin fuqaro to’plangan: erkaklar ko’chaning bir tomonida, ayollar esa ko’chaning ikkinchi tomonida yig’ilishgan. Xalq noroziligidan cho’chigan amaldorlar 10 may kuni sud hukmini o’qishni boshqa kunga qoldirishgan [9].
Ushbu maqolani davom ettirishdan oldin bitta muhim gapni alohida ta’kidlab o’tishimiz kerak: har bir mamlakatda kaltafahmlarcha ish qiladigan insonlar bor. Bunday ish tutadigan kishilarning katta guruhi – bu jinoyatchilardir. Chunki ular qonunga zid ravishda, jinoyat yo’li bilan tez boyish va o’zga insonlar hisobiga yaxshi yashashni xohlaydilar hamda yomon niyatda jinoyatkorona ishlar qiladilar. Kaltafahm odamlarning yana bir guruhi: O’zbekistondek adolatsiz davlatda “Amaldorlarga uncha-buncha pora berib boyish va yaxshi yashash mumkin, qolgan ishlar, boshqa yurtdoshlar taqdiri meni qiziqtirmaydi” deydilar, “o’zingni bil, o’zgani qo’y” qabilida ish tutadilar. Ya’ni xalqqa haqiqiy erkinlik, ozodlik beruvchi demokratiya g’oyalari, amaliy ishlari bilan qiziqmaydilar, hatto “Ozodlik”, “Bi-bi-si” radiolarini muntazam tinglamaydilar, demokratik Internet-saytlarni o’qimaydilar, O’zbekiston demokratlari bilan aloqa qilmaydilar, turli qiyinchiliklar bilan kurash olib borayotgan demokratlarni tushunishni, tushunib ularga u yoki bu ko’rinishda yordam berishni o’ylab ham ko’rmaydilar. Mana shunday fikrlash ba’zi bir haddin tashqari ehtiyotkor odamlarga ham xosdir. Lekin kunlardan bir kun kuchishlatar organlar bunday “ehtiyotkor” tadbirkorning yolg’iz o’zini yoki uch-to’rt hamkasbi bilan birga ([2]ga qarang) yoinki andijonlik 23 tadbirkor kabi bir guruhini tuhmat bilan qamoqqa oladilar, qiynoqlar va qo’rqitishlar ostida tergov qiladilar, tergov hujjatlariga imzo qo’ydirtiradilar, adolatsiz sud mahkamasini olib boradilar. Ya’ni “Ular boshi bilan O’zbekistondagi politsiyaviy rejimning devoriga” kelib uriladilar va shundagina bir oz ko’zlari ochiladi.
Shu kaltafahm insonlarning yaqinlari – hozircha ozodlikda bo’lgan ayrim kaltafahmlar qurolli zarba bilan 27 million kishi yashayotgan O’zbekistondek katta mamlakatda adolatsiz tuzumni ag’darib, yaxshi, adolatli tuzum o’rnatib bo’ladi, deb o’ylashadi. Maxsus xizmat organlari esa mana shu vaziyatni anchadan beri rejalashtirib kutib yurgan bo’lishadi. Kaltafahmlar o’zlari yaxshi bilmagan, oxirigacha tushunmagan holda o’zlarini ham, minglab oddiy vatandoshlarini ham maxsus xizmat organlari oldindan tayyorlab qo’ygan choh sari boshlab ketadilar va chohga qulatadilar. (Andijon fojiasida O’zbekiston maxsus xizmat organlarigina emas, hatto Rossiya maxsus xizmat organlarining ham hissasi bor bo’lishi mumkinligiga doir ba’zi bir fikrlar mavjud. Buni kamina keyinroq, maxsus xizmat organlarining ish uslublariga doir tahliliy maqolalar turkumida yozish niyati bor, Xudo xohlasa, agar o’sha kunlargacha tirik qolsa.)
Shunday qilib, sud orqali adolatli hukmga erishib bo’lmasligiga tushungan 40 nafarga yaqin kaltafahmlar 2005 yil 12 maydan 13 mayga o’tar kechasi, soat 22.00 larda Andijon shahridagi post-patrul xizmati batalioni binosiga, so’ngra harbiy qismga hujum uyushtirdilar va ularni egalladilar. U yerdan ko’pgina avtomatlar, o’q-dorilarni qo’lga kiritdilar [7]. Otishma paytida bir necha kishi halok bo’lgan.
Soat 23.00 larga yaqin bu qurollangan guruh Andijondagi UYa64/T-1 qamoqxonasiga hujum qilgan [10]. Ular “Ural” markali yuk mashinasi yordamida qamoqxonaning orqa darvozasini urib qulatishgan va ichkariga kirishgan. Hujum davomida yana bir necha kishi halok bo’lgan. 12 may soat 24.00 larga yaqin qamoqdan ozod bo’lgan mahbuslarning kattagina qismi Andijondagi Dukchi Eshon nomidagi ko’cha bo’ylab yurib uy-uylariga tarqalishgan. 150-200 nafar qurollangan kishilar, ular safida qamoqdan ozod bo’lgan mahbuslar ham bo’lganlar, Andijondagi A.Navoiy shohko’chasi bo’ylab markaz tomon ketishgan. Ular Andijon viloyat Ichki ishlar boshqarmasi (IIB), Andijon shahar IIB, viloyat prokuraturasi binolari yonidan o’tishgan va birorta o’q otishmagan. Milliy xavfsizlik xizmatining Andijon viloyat bo’limi binosiga hujum qilib, u yerdagi mahbuslarni ozod qilishmoqchi bo’lishgan. Lekin MXX xodimlari bunday qo’zg’olon bo’lishini oldindan bilganday qurollanib shay holda turishgan va hujum qilayotganlarga qarshi qurollardan o’t ochishgan. Otishma 30-35 daqiqa davom etgan va bir necha kishi halok bo’lgan. Qo’zg’olonchilar MXX binosini qo’lga kirita olishmagan. Ular Andijon viloyat hokimiyati binosiga borishgan va uni jang qilmasdan, tinchgina egallashgan. [10]
Qo’zg’olonchilarga Sharifjon Shokirov rahbarlik qilgan. U “akromiylik” guruhiga a’zolikda 2000 yilda ayblanib, tuhmat bilan 4 yil qamalib kelgan edi. Uning aka-ukalarini ham “akromiylik”da ayblab qamashganini Sharifjon 2005 yil 13 may kungi intervyusida aytgan edi [11]. (Sh.Shokirov 13 may kuni kechqurun hukumat qo’shinlari otgan o’qdan halok bo’ldi.)
Andijon viloyat hokimligi binosi oldidagi Bobur nomidagi maydonga 2005 yil 13 may kuni ertalabdan andijonliklar to’plana boshlashgan. Bu maydonda miting boshlanib, odamlar minbardan o’z dardu hasratlari, moddiy qiyinchiliklari, muammolari haqida gapira boshlashgan. 13 may kuni tushda Bobur maydonida to’planganlar soni taxminan 5 ming kishiga yetgan.
Bobur maydoniga kelgan oddiy andijonliklardan biri 33 yoshli Mahbuba Zokirovadir. U Andijon tumani, Qumko’cha mahallasi, Hakam qishlog’ida yashaydi, uy bekasi, 4 nafar kichik farzandi bor. Har yili tug’ilgan kun munosabati bilan uning turmush o’rtog’i farzandlari bilan Andijon shahriga tomoshaga olib borar ekan. 2005 yil 13 may kuni Mahbubaning turmush o’rtog’i tirikchilik tashvishlari bilan band bo’lib sayrga olib bora olmabdi. Shu sababli M.Zokirova 4 nafar farzandlarini olib shaharga tomoshaga boribdi. Bobur maydoni oldida ko’p odamlar to’planganini ko’rib, u ham maydon sari borgan. O’sha yerda yurtdoshlari bilan suhbatlashgan, minbardan gapirgan insonlar nutqiga quloq solgan, boshqalar bilan non-suvni baham ko’rib dardlashgan. Tushdan so’ng ikki vertolyet maydon uzra uchib o’tgan. Odamlar orasida prezident I.Karimov keladi, degan gap tarqagan. Mahbuba ham prezidentni ko’rib, nutqini eshitaman, deb kutib o’tirgan. Bu haqda M.Zokirova 2005 yil 14 oktabr kuni Toshkentda O’zR Oliy sudida guvoh sifatida o’z ko’rgazmasida gapirgandi. [12]
Prezident I.Karimov 2005 yil 13 may tong saharda Andijon shahriga yetib keldi. Bu haqda u 2006 yil 13 oktabr kuni Xalq deputatlari Andijon viloyat kengashi sessiyasidagi nutqida bunday degandi.
“Bugun men siz, hurmatli Andijon ahli vakillari bilan po’paru bo’lib, xayolan o’tgan yili sodir bo’lgan voqealarga qaytib bir fikrni ochiq aytishim zarur: boshimizga og’ir musibat va ofat tushgan 13 may kuni tong saharda men Andijonga yetib kelib, yarim kechaga qadar sizlar bilan birga bo’lib, bu mudhish fojialarni bartaraf etish bo’yicha birgalikda harakat qildik.
Eng muhimi, Andijon aeroportiga qadam qo’yishim bilan men birinchi bo’lib kim bilan uchrashishni so’radim? Avvalo, mahalla oqsoqollari, Andijon faxriylari, el-yurt kayvonilari bilan. Ular bilan uchrashib, mana shunday og’ir va hal qiluvchi damda har tomonlama maslahatlashib, fikrlashib olganimiz naqadar to’g’ri bo’lganini bugun oradan shuncha vaqt o’tib, ko’p narsa ochilganidan keyin yana bir karra chuqur his etmoqdaman.” [13]
Prezident I.Karimovning bu gapidan yana shu narsa ayon bo’ladiki, u oldindan ogohlantirganlik sababli Andijondagi Bobur maydonida amaldorlarning bola-chaqasi, yaqin qarindoshlari bo’lmagan, ya’ni maydonda qo’zg’olonchilarning qarindoshlari, bola-chaqalari, Mahbuba Zokirovadek oddiy andijonliklar o’z bolalari bilan qolishgan.
2005 yil 13 may soat 10.00 larga qadar Toshkentdan va boshqa viloyatlardan harbiy uchqichlarda va mashinalarda ko’plab harbiylar Andijonga olib kelingan. Harbiylar asosan Andijonning Bobur maydonadan bir chaqirim masofadagi Cholgo’zar ko’chasida to’planishgan. Shunday qilib, Bobur maydoni atrofida taxminan 20 ta bronetransporter (BTR), 10 ga yaqin piyodalar bronemashinasi (BMP) va 30 ga yaqin harbiy yuk mashinalarda qurol-aslahalar bilan qurollangan askarlar shay turishgan [10]. Bobur maydonida esa 4-5 ming kishilik miting atrofida 3-4 joyda jami 20-25 nafar avtomatlar bilan qurollangan qo’zg’olonchilar turishgan [10].
2005 yil 13 may kuni soat 14.00 larda o’sha vaqtdagi O’zR ichki ishlar vaziri, general-polkovnik Zokirjon Almatov Andijon viloyat binosida o’tirgan qo’zg’olonchilar vakili Qobiljon Parpiyev bilan telefon orqali muzokaralar olib borgan. Qo’zg’olonchilar o’zlarining dastlabki maqsadlari – andijonlik 23 tadbirkorni ozod qilishga erishganliklari sababli hukumat oldiga Toshkentda qamoqxonada saqlanayotgan Akrom Yo’ldoshevni va “akromiylik”da nohaq ayblangan fuqarolarni qamoqdan ozod etishni talab qildilar. Z.Almatov bu talabni bajaraolmasligini aytgan va hokimiyat binosini bo’shatib, xohlagan tarafga ketishni talab qilgan [14]. Oqibatda muzokaralar natijasiz tugagan.
Kaminaning fikricha, qo’zg’olonchilar bilan muzokara olib borishdek masuliyatli vazifani IIV vaziri, general-polkovnik Z.Almatovga berilishi katta xato bo’lgan (o’sha sharoitda bu vazifani unga faqat prezident I.Karimovgina berishi mumkinkinligi ayon). Chunki Z.Almatov militsiya akademiyasida o’qigan davrida ham, umr bo’yi IIVda turli lavozimlarda ishlaganida ham asosan buyruq asosida, kuch ishlatish yo’lidan borgan yuqori mansabli amaldorlardan biridir. Ya’ni unda bunday masuliyatli muzokaralarni olib borish tajribasi yo’q edi. Qo’zg’olonchilar bilan muzokaralarni O’zR Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev olib borishi kerak edi. Sababi: u Bosh vazir sifatida ko’p amaldorlar, jumladan xorijiy mamlakatlar rahbarlari bilan muzokaralar olib borgan va har bir tomon o’z qiziqishiga, manfaatiga ega bo’lgan bir sharoitda kelishuvga (kompromissga) borish tajribasiga ega edi.
Taqqoslash uchun: chichen jangarilari yetakchisi Shamil Basayev Rossiya janubidagi Buddiyonovsk shahrida 1000 dan ziyod odamlarni garrovga olgan sharoitda u bilan muzokaralarni telefon orqali Rossiyaning o’sha paytdagi Bosh vaziri Viktor Chernomirdin olib borgan edi.
Demak, prezident I.Karimovning Andijon fojiasidagi birinchi katta xatosi – bu qo’zg’olonchilar bilan muzokaralarni Bosh vazir Sh.Mirziyoyevga bermay, IIV Z.Almatovga topshirganidadir.
Muzokaralar 13 may kuni soat 15.00 larga yaqin natijasiz tugagach, soat 17.30 larda Bobur maydoniga ikkita BTR kirib kelgan va maydonning ikki tarafida turib qurolsiz, oddiy fuqarolarga qarata BTRdagi pulimetlardan tinmay o’q ota boshlagan. Juda ko’p odamlar, ayollar, bolalar, qariyalar shu qirg’in paytida halok bo’lishgan. Maydondagi odamlarning bir qismi turli tarafga qochishga, bir qismi yotib olishga majbur bo’lishgan. Bobur maydoni chetida turgan bir guruh jurnalistlar va inson huquqlari himoyachilari ariq ichiga yotib olishgan. Urush va tinchlikni yoritish xalqaro institutining O’zbekiston bo’limi rahbari, mard jurnalist Galima Buxarbayeva ham o’sha yerda edi. Uning yelkasiga ilingan ryukzakni pulimet o’qi teshib o’tgandi [7].
O’zbekiston Inson huquqlari jamiyati Andijon viloyat tashkilotining rahbari Saidjahon Zaynobiddinov xalqaro ommaviy axborot vositalariga telefon orqali bergan intervyusida Andijondagi qonli voqealar haqida o’z ko’rganlarini ro’y-rost gapirdi. U o’z qo’lida Bobur maydonida yerdan olgan pulimet gilzasi borligi, qo’zg’olonchilarda bunday pulimet yo’qligi, ya’ni maydondagi oddiy insonlarni hukumat qo’shinlari o’qqa tutishganini aytgandi [7]. Shu guvohligi uchun uni O’zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari hibsga olib, yashirin holda sud qilib, 7 yilga qamab yuborishdi [7]. Muallif S.Zaynobiddinov bilan 2003 yilda tanishgandi (u ham muallif singari 1954 yilda tug’ilgan). U Andijon shahri, Chuvama ko’chasi, 19-uyda (uy telefoni 22 20 95) yashardi. Saidjahon kamtarin, vatanparvar inson bo’lib, Andijon fojiasi haqida aytgan haq gapi uchun bugungi kunda qamoqxonada azob chekmoqda.
Bobur maydonidagi qirg’indan omon qolgan bir guruh andijonliklar, ulardan ko’pchiligi ayollar, bolalar, keksalar kechasi Qirg’iziston tomonga piyoda ketishgan. Andijon viloyati, Paxtaobod tumani, Teshiktosh qishlog’ida O’zbekiston hukumat askarlari pistirmadan qochqinlarni ayovsiz o’qqa tutishgan. Mahbuba Zokirovaning O’zR Oliy sudida 2005 yil 14 oktabr kuni bergan guvohligiga ko’ra, ayollar boshidagi oq ro’molni tayoqqa bog’lab, oq bayroq qilib: “Bizni otmanglar, biz oddiy fuqarolarmiz” deganlariga qaramay askarlar ayovsiz o’qqa tutib o’nlab begunoh fuqarolarni o’ldirganlar. [12]
Savol: Andijonda 2005 yil 13 may kuni kechqurun Bobur maydonidagi xalqni otishga kim buyruq bergan? Albatta, bunga O’zR prezidenti, O’zbekiston Qurolli kuchlarining Bosh qo’mondoni I.Karimov buyruq berganini ko’pchilik biladi.
Xo’sh, o’sha vaziyatda xalqni otmasdan, muammoni tinch yo’l bilan hal etish iloji bormidi? Ha, bor edi. Bobur maydoni tish-tirnog’igacha qurollangan O’zbekiston qurolli kuchlarining sara guruhi tomonidan qurshab olingandi. Agar qurshov yana 1-2 kun davom ettirilganida ayollar, bolalar, oddiy fuqarolar och qolib, suvsizlikdan uy-uylariga tarqalib ketardilar. Hokimiyat binosida bir guruh qo’zg’olonchilar o’z oila a’zolari bilan qolishlari mumkin edi. Ular ham ochlikdan, suvsizlikdan noiloj Qirg’iziston tomonga ketishga majbur bo’lishardi.
Ular Qirg’iziston tarafga chegaradan o’tayotganlarida qo’llaridagi barcha qurol-aslahalarini, o’q-dorilarini Qi’rg’iziston chegarachilariga topshirishga majbur bo’lishardi. Bu qurol-aslahalarni qo’shni Qirg’iziston hukumati O’zbekistonga qaytarib berardi. Jinoyatchilarni ham O’zbekistonga qaytarib berish ehtimoli katta edi. Axir 2005 yil 13 may kechqurun Bobur maydonidan Qirg’iziston tarafiga qochib o’tishga majbur bo’lgan 538 fuqaro chegaradan o’tayotganida tekshirilgandi va barcha qurol-yarog’lar, o’q-dorilar qirg’iz chegarachilari tomonidan musodara qilinib, O’zbekistonga qaytarib berildi. 538 qochqinning 12 nafari yaradorlar, 12 nafari Andijon qamoqxonasining sobiq mahbuslari, 91 nafari ayollar, 19 nafari yosh bolalar bo’lganligi haqida “Ozodlik” radiosi 2005 yil 17 may kuni xabar bergandi [15]. Shu yerda imkoniyatdan foydalanib, Andijon fojiasi va undan keyingi voqealarni ro’y-rost yoritgan hamda jahon ommasini xabardor qilishda katta xizmat qilgan “Ozodlik” va “Bi-bi-si” radiosi xodimlariga muallif o’z minnatdorchiligini bildiradi!
Qo’zg’olonchilarni, norozilik mitingi qatnashchilarini o’qqa tutmasdan muammoni tinch yo’l bilan hal etish mumkinligiga Qorasuv shahridagi voqealarni misol qilib keltirish mumkin. 2005 yil 14 may kuni Qirg’iziston bilan chegaradosh Qorasuv shahrida ham norozilik mitingi bo’ldi va qo’zg’olonchilar shahar hokimiyatini qo’lga oldilar. Ular O’zbekiston-Qirg’iziston chegarasidagi O’zbekiston amaldorlari buzdirib tashlagan ko’prikni tikladilar va ikki qardosh xalq o’rtasidagi bordi-keldini osonlashtirdilar. O’zbekiston harbiylari Qorasuv sharida qurol ishlatmadilar, qurshovga olib, sabr-toqat qildilar. Qorasuv shahrining fuqarolari 3-4 kun miting qilib tarqalishgach, 2005 yil 19 may kuni O’zbekiston hukumat qo’shinlari Qorasuv shahrini qaytadan qo’lga kiritdilar. 19 maydan 20 mayga o’tar kechasi Qorasuv shahri qo’zg’olonchilar rahbari Baxtiyor Rahimov qamoqqa olindi [16].
Prezident I.Karimov dono rahbar bo’lsa, Qorasuv shahridagi kabi uslubni Andijonda qo’llashi kerak edi. Shu holda yuzlab begunoh, qurolsiz odamlar, ayollar, bolalar halok bo’lmagan bo’lardi! Ammo, lekin, biroq prezident I.Karimov buyruq berdi va Andijon fojiasida 700 dan ortiq gunohsiz fuqarolar halok bo’ldilar.
Ba’zi bir o’quvchilarda savol paydo bo’lishi mumkin: “Muallif o’z maqolalarida Andijon fojiasi haqida yozib, ko’pgina insonlar ishini, faoliyatini tahlil etmoqda. Xo’sh, muallifning o’zi o’sha kunlariAndijon qirg’ini borasida nima ish bilan band bo’lgan, birorta amaliy ish qilganmi?” Kamina fojianing dastlabki kunlari prezident I.Karimov va boshqa rahbarlar, O’zbekistondagi elchixonalar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari nomiga “Andijon shahridagi qonli voqealarga doir o’zbekistonlik bir guruh inson huquqlari himoyachilarining Murojaatnomasi” loyihasini tayyorladi. Uni 2005 yil 18 may kuni Freedom House (Ozodlik uyi)da bir guruh inson huquqlari himoyachilari bilan muhokama qilishni tashkil etdi. Muhokama jarayonida aytilgan taklif va tuzatishlarni hisobga olib, qabul qilingan Murojjatnomani www.centrasia.ru saytiga jo’natdi va u 2005 yil 20 may kuni chop etildi [17]. Unda, jumladan Andijon qirg’inida begunoh halok bo’lganlar xotirasi uchun O’zbekistonda Motam kuni e’lon qilishni ham talab qilgandik. 2005 yil 30 iyulda esa Andijon qochqinlarini himoya qilib boshpana berganligi uchun Qirg’iziston xalqiga va davlat rahbarlariga, BMT, YeXXTga va boshqa tashkilotlarga minnatdorchilik bildirib “Andijon qochqinlari taqdirini ijobiy hal qilganligiga doir o’zbekistonlik bir guruh inson huquqlari himoyachilaridan Tashakkurnoma” loyihasini yozdi va uni ham muhokama etib qabul qilingach, 2005 yil 31 iyul kuni www.centrasia.ru saytida chop etildi [18].
Prezident I.Karimovning Andijon fojiasidagi yana uchinchi katta xatosi haqida. O’zbekiston rahbariyati bu fojiada 187 kishi halok bo’lganligini tan oldi. Shunday qilib, yuzlab fuqarolar o’lganiga qaramay prezident I.Karimov O’zbekistonda MOTAM KUNIni e’lon qilmadi. Mamlakatimizda hech bo’lmaganda bir kun davlat bayroqlari tushirilib, radio-televideniyedagi, konsert zallaridagi qo’shiqlar, yallalar, o’yin-kulgilar to’xtatilib, motam tutilishi kerak edi.
Taqqoslash uchun: 2006 yil 17 oktabr kuni Rim shahri (Italiya) metrosida bir poyezd perronda to’xtab turgan bosqa poyezdga kelib urilishi oqibatida bir fuqaro halok bo’ldi, 100 dan ziyod yo’lovchilar yarador bo’ldilar. Italiya hukumati bir fuqaro halok bo’lgan shu fojia tufayli 18 oktabrni Motam kuni deb e’lon qildi! [19]
Yana bir gap. Andijon qirg’inidan kuchishlatar organlar yutdi. Bunga bitta misol keltirish bilan cheklanaylik. Prezident I.Karimov 2006 yil 13 oktabr kuni Andijon viloyat hokimi etib 1957 yilda Samarqand viloyati Qo’shrabot tumanida tug’ilgan, 1981 yilda Samarqand davlat universitetining huquqshunoslik fakultetini tugatgan, ko’p yillar davomida kuchishlatar organlar safida xizmat qilgan, 2003-2004 yillarda ichki ishlar vazirining o’rinbosari, 2005-2006 yillarda Namangan viloyat IIBning boshlig’i bo’lib ishlagan Ahmad Usmonovni tayinladi [13]. Bu bilan O’zbekistondagi kuchishlatar organlarga tayangan politsiyaviy hokimiyat yanada mustahkamlandi.
Ma’lumki, Yevropa Ittifoqi rahbariyati O’zbekiston rahbariyatiga nisbatan 2005 yil 14 noyabrda bir yil muddat bilan sanksiyalar, jumladan davlatimizning 12 yuqori mansabli amaldorlarini Ittifoqqa a’zo bo’lgan 25 mamlakat hududdiga kiritmaslik (viza cheklovini joriy etish) haqida qaror qabul qilgandi. Yaqin kunlarda – 2006 yil 13-18 noyabr kunlari Yevropa Ittifoqi rahbariyati ushbu sanksiyalarni o’z kuchida qoldirish yoki bekor qilish borasida o’z qarorini e’lon qiladi. Muallif [2], [3], [4], [5] va ushbu maqolada yozgan faktlardan ham ko’rinib turibdiki, bu sanksiyalarni bekor qilish o’rinli emas. Hatto sanksiyalar kuchaytirilsa to’g’ri ish bo’lardi, deb hisoblaydi muallif.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. БОРОХОВ Э. Энциклопедия афоризмов (Мысль в слове) (Aforizmlar ensiklopediyasi (So’zdagi fikr)). – М.: ООО «Фирма «Издательство АСТ», 1999. – 720 с.
Varlen, Lui Ejen (1839-1871) – fransuz inqilobchisi.
2. AHMADJONOV Sh. Andijon fojiasi va Bahodir Shoyunusov taqdiri. – www.uzbekcongress.org 2006.21.10.
3. AHMADJONOV Sh. Andijon fojiasi arafasidagi matbuot anjumani. – www.uzbekcongress.org 2006.26.10.
4. AHMADJONOV Sh. O’zbekiston qonunchiligidagi kamchiliklar va Andijon fojiasi. – www.uzbekcongress.org 2006.30.10.
5. AHMADJONOV Sh. O’zbekiston iqtisodiy siyosatidagi kamchiliklar va Andijon fojiasi. – www.uzbekcongress.org 2006.01.11.
6. “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi qonuni. – “Xalq so’zi”, 2004 yil 27 oktabr.
7. РАСУЛОВА А. Андижан – год спустя (Andijon – bir yil o’tgach). – www.copyright@iamik.ru 10:44 12.05.2006.
8. “Ozodlik” radiosi O’zbek shu’basining 2005 yil 11 may soat 8.00 dagi eshittirishida aytilgan fakt.
9. “Bi-bi-si” radiosi Rus shu’basining 2005 yil 11 may soat 7.00 dagi eshittirishida aytilgan fakt.
10. ИСХАКОВ М. Аналитический отчет о трагедии, произошедшей 12-13 мая 2005 года в городе Андижане (2005 yil 12-13 mayda Andijon shahrida bo’lgan fojia haqida tahliliy hisobot). – www.jahongir.org “Turonzamin” jurnali, 3 (15)-son, 2006 yil mart.
11. “Ozodlik” radiosi O’zbek shu’basining 2005 yil 14 may soat 7.00 dagi eshittirishida aytilgan fakt.
12. Mahbuba Zokirovaning 2005 yil 14 oktabrida O’zR Oliy sudida guvoh sifatida aytgan gaplari. – “Ozodlik” radiosi O’zbek shu’basining 2005 yil 14 oktabr soat 21.00 dagi eshittirishida berilgan ma’lumot.
13. KARIMOV I. Tinch-osoyishta hayotni qadrlash va mustahkamlash, mamlakatimizni har tomonlama ravnaq toptirish – barchamizning asosiy vazifamiz. Prezident Islom Karimovning Xalq deputatlari Andijon viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasidagi nutqi. – “Xalq so’zi”, 2006 yil 14 oktabr.
14. “Ozodlik” radiosi O’zbek shu’basining 2005 yil 13 may soat 21.00 dagi eshittirishida aytilgan fakt.
15. “Ozodlik” radiosi O’zbek shu’basining 2005 yil 17 may soat 22.00 dagi eshittirishida aytilgan fakt.
16. “Svoboda” (“Ozodlik”)radiosi Rus shu’basining 2005 yil 20 may soat 1.00 dagi eshittirishida aytilgan fakt.
17. АХМАДЖОНОВ Ш. Требуем публикации списков погибших в Андижане! Обращение узбекских правозащитников (Andijonda halok bo’lganlar ro’yxatini e’lon qilishni talab qilamiz! O’zbek inson huquqlari himoyachilarining Murojaatnomasi). – www.centrasia.ru 10:03 20.05.2005.
18. АХМАДЖОНОВ Ш. Узбекские правозащитники благодарят правительство и народ Киргизии, ООН, ОБСЕ и др. за спасение андижанских беженцев (O’zbek inson huquqlari himoyachilari Qirg’iziston hukumati va xalqi, BMT, YeXXT va boshqalarni andijonlik qochqinlarni qutqarganliklari uchun minnatdorchilik bildirmoqdalar). – www.centrasia.ru 18:08 31.07.2005.
19. “Rossiya” telekanalining 2006 yil 18 oktabr soat 5.00 dagi “Vesti” ko’rsatuvida aytilgan fakt.
E-mail: shuhrat1954@yahoo.com

[...] проблему, не расстреливая народ в Андижане?) – http://turonzamin.org/2006/11/13/andijonda-xalqni-otmasdan-muammoni-tinch-yo%e2%80%99l-bilan-hal-eti... (www.uzbekcongress.org http://www.turonzamin.org [...]