Shuhrat AHMADJONOV, DO’Kning Toshkent bo’limi rahbari, inson huquqlari va tabiat himoyachisi
Ma’lumki, 2006 yil 13 oktabr kuni Xalq deputatlari Andijon viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo’lib o’tdi. Sessiyada O’zbekiston Respublikasi prezidenti Islom Karimov nutq so’zladi. U o’z nutqida 2005 yil 13-14 may kungi Andijon fojeasiga asosiy aybdor deb sobiq viloyat hokimi Saydullo Begaliyevni ko’rsatishga harakat qildi. Muallif bu va keyingi ikkita maqolada Andijon fojeasining asl sabablari, uning oldini olish mumkinligi va O’zbekistondagi politsiyaviy rejim buni ataylab oldini olmay fojeaga olib borganligini bir oz ochib berish maqsadi bor.2005 yil 15 aprel (juma) kuni Freedom House (Ozodlik uyi) xalqaro tashkilotining Toshkentdagi vakolatxonasiga toshkentlik tadbirkor Bahodir Shoyunusov keldi. U kamina bilan ham uchrashib, o’z muammosini aytdi va O’zbekiston davlat rahbarlariga yozgan hamda jo’natgan o’z Iltimosnomasi nusxasini berdi. Muallif ushbu Iltimosnomani o’qib chiqdi va B.Shoyunusov hamda u bilan birga ishlayotgan tadbirkorlarni O’zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari “Akromiylik” diniy oqimiga a’zolikda ayblayotganligini tushundi. Odatda bunday diniy oqimga a’zolikda ayblangan fuqarolarni himoya qilish bilan O’zbekiston Mustaqil inson huquqlarini himoya qilish Tashabbus guruhi raisi Sur’at Ikromov shug’ullanardi. Shu sababli kamina, eslashicha, S.Ikromov uyiga telefon qildi, Bahodir muammosini qisqacha tushuntirdi va telefon go’shagini Bahodirga berdi. U bir oz gaplashgach, Sur’at akaning uyiga jo’nab ketdi.
Endi shu Iltimosnoma matnini to’liqsincha keltiraylik. O’quvchi do’stim, O’zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari bir begunoh fuqaroga qarshi tuhmatona, soxta jinoiy ishni qanday qilib uyushtirishlari va va rasmiylashtirishlariga e’tibor bering
“O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimovga
O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori R.Qodirovga
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisiga O’zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisiga
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining raisiga
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining raisiga
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlarini himoya qilish komissiyasiga
YeXHT Inson huquqlarini himoya qilish bo’limiga
Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Naqqoshlik 3-tor ko’casi, 47-uyda yashovchi (uy tel. 79 26 57)
Shoyunusov Bahodir Badalovichdan
Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Naqqoshlik 3-tor ko’casi, 47-uyda yashovchi (uy tel. 79 26 57)
Shoyunusov Bahodir Badalovichdan
I L T I M O S N O M A
Men – B.B.Shoyunusov Sizga shuni ma’lum qilamanki, 2004 yil 4 sentabr soat 4.00 da uyimda Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) xodimlari tomonidan tintuv o’tkazildi.
Ular bayonnomalar yozib, meni O’rikzordagi do’konimga olib borib, u yerda ham tintuv o’tkazishdi. Uyimdan, do’konimdan hech qanday noqonuniy, taqiqlangan adabiyot, qurol-aslaha topilmagach, meni O’zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati binosiga olib ketishdi.
U yerda – “Seni guvoh sifatida olib borib qo’yib yuboramiz” deb olib kirib ketishdi. U yerda menga ruhiy va moddiy tazyiq o’tkazib, menga tayyor bayonnomani berib qo’l qo’yishimga majbur qilishdi, aks holda uyimdan har xil varaqalar topib “Seni turmaga tiqib yuboramiz” deyishdi. “Agar jim qo’l qo’yib yuborsang, seni shu yerdan qo’yib yuboramiz” dedilar. Men ota-onam, oilamni, 4 ta farzandimni o’ylab, qo’rqqanimdan qo’l qo’ydim.
Shu yerda MXX xodimlari meni “akromiylik” oqimi bilan tanishtirishdi. Undan oldin men bu oqim haqida xabarim yo’q edi. Meni bu yerda “akromiylar” oqimida moddiy mas’ul lavozimidasan, deyishdi, mening sinfdoshim Z
iyaxodjayev Ahat Karimovichni esa ruhiy mas’ul lavozimida va Boltaxo’jayev Furqat Saidburxonovichni shu jamoa itoatchisi deb tanishtirishdi. Bu bolalar bilan men O’rikzor bozorida 2-pavilion, 82-do’konda konditer mahsulotlari bilan savdo-sotiq bilan shug’ullanamiz. Bizga bu tadbirkorlik bilan shug’ullanishga litsenziya, ruxsatnoma va hokazo hujjatlarimiz bor. Shu kuni – 2004 yil 4 sentabr kuni so’roqni soat 17.00 da tugatishdi. “Bo’ldi, uylaringizga ketasizlar” deb ko’chaga olib chiqishdi. Ko’chada qo’shnim Naimov Rustamni ko’rib qoldim, uni ham shu “akromiylik” oqimida ayblab, qo’rqitish yo’llari bilan bayonnomalarga qo’l qo’idirib, ikkalamizni bir mashinada Chilonzor ichki ishlar boshqarmasi (IIB)ga olib borishdi. IIBsida bizni qamab qo’yishdi. Biz bu yerda o’tirganimizga qaramay, “Shu kuni ko’chada bir rus ayoliga tajovuz qilgansizlar”, deb tayyor qo’l qo’yilgan bayonnoma bilan bizlarni sud qilib, 15 sutkaga “Panelniy”ga (Toshkent shahri, Hamza tumani, Chashma ko’chasida joylashgan maxsus hibsxona, A.SH.) olib borib qamab qo’yishdi.
Panelniyda o’tirganimizga qaramay MXX xodimlari kelib ruhiy ta’sir o’tkazib, bizlarga har xil shablonlar ko’rsatishdi. Bizni ikki kun davomida 8 soatlab so’roq qilishdi. “Shu bayonnomalarga qo’l qo’yib bermasalaring, ota-ona, xotin, bola-chaqalaringni ham qamab yuboramiz. Chunki hokim ham, podshoh ham o’zimiz, hech kim hech narsa qila olmaydi bizlarga. O’zingdan ma’lum, xech qanday dalil bo’lmasa ham shu yerda o’tiribsan. Bitta qog’oz hammasini hal qiladi” deyishdi. “Uyingdagilarga ham bir bayonnoma tuzib yuborishimiz mumkin” deganidan keyin u yerda ham men tayyor bayonnomaga qo’l qo’yib yubordim.
“Akromiylar oqimida” deb tuhmat bilan qamalgan bolalar: Naimov Rustam, Qurbonov Ma’mur, Qurbonov Hikmat, Qurbonov Baxtiyor, Boltaxodjayev Farhod, Bobomirzayev Madamin, Sa’dullayev Saidakbar va men – Shoyunusov Bahodir.
Shu bilan meni 2004 yil 19 sentabr soat 18.00 da Panelniydan qo’yib yuborishdi. Meni 2005 yil 4 fevralgacha hech kim bezovta qilmadi. 2005 yil 4 fevralda soat 17.00 ga O’zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatiga povestka (chaqiruv qog’ozi, A.Sh.) bilan chaqirdi. Shu kuni men bordim va menga aybnoma e’lon qilishdi. “Sizga advokat beramiz” deb Panelniyni eslatib qo’yishdi. Advokat kelgandan so’ng meni yana “nomiga” savol-javob qilishdi.
Panelniyda bo’lgan voqeadan so’ng men yana majbur bo’lib bayonnomaga qo’l qo’yib berdim.
Menga qo’yilgan aybnoma bulardan iborat: 242-modda 1-qismi, 159-modda 4-qismi, 244-1 modda 3-qismining A va B bandlari, 244-2 modda 1-qismi.
Menga shahardan chiqishni man qilib tilxat yozdirib olishdi. Men advokat Abdusaliyev Ulug’bek bilan gaplashganimda u menga “Sizga xech qanday xavf-xatar yo’q, sizga xech narsa qila olishmaydi” deb meni ishontirib uyga jo’natib yubordi. Men ham xotirjam uyga keldim. Lekin shu yil aprel oyida meni yana O’zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati idorasiga chaqirishdi. U yerda yana menga qo’yilgan aybnomani ko’rsatishdi. Bu bayonnomada advokat aytgan holatni aksi bo’lib chiqdi.
Shundan men bildimki, menga berilgan advokat bilan MXX xodimlari til biriktirishib, tergovni tamomlash uchun tergov bayonnomasiga qo’l qo’ydirib olishdi. Shundan keyin men boshqa advokatga murojaat qilib maslahat so’raganimda, u menga “O’zingga o’zing hukm chiqazib bo’libsan” dedi.
Bu advokatim ishni boshqatdan ko’rib chiqib, menga sababsiz aybnoma qo’yishganini aytib, MXX tergovchisi Sh.Ergashevga shikoyat bayonnomasini yozib topshirdi, lekin ular rad javobini berishdi.
Hurmatli Islom Abdug’aniyevich Karimov! Va Sud raislari! Men xech qanday diniy guruhga a’zo emasman.
Mening ishimni o’zingiz nazorat ostiga olishingizni va menga nisbatan e’lon qilingan tuhmatona ayblovni inobatga olmasligingizni so’rayman va odilona hukm chiqarishingizni so’rayman. Agar kerak bo’lsa yana boshqatdan tergovda ishtirok etishim mumkin.
Sizlarni javobingizni kutaman.
Shoyunusov B.B.”
B.Shoyunusov ushbu Iltimosnoma nusxasini muallifga bergan 2005 yil 15 apreldan so’ng voqealar rivojlanib borib, 2005 yil 13-14 may kunlari Andijon fojeasi ro’y berdi. Bu fojeada 700 dan ortiq begunoh fuqarolar halok bo’lgani, minglab vatandoshlarimiz O’zbekistonni tark etishga va qochqin bo’lishga majbur bo’lganliklari, yuzlab odamlar sud mahkamasiga tortilib ko’p yillarga qamab yuborilganligi ko’pchilikka ma’lum.
Kamina 2006 yil 17 oktabr kuni B.Shoyunusov ishlagan Karvon (O’rikzor) bozori, 2-pavilion, 82-do’konga bordi va u haqda surishtirdi. Do’kondagi 40 yoshlardagi kishi ikki yildan beri Bahodir bu yerda ishlamayotganini aytdi. Bahodir va u bilan bu do’konda birga ishlaganlar haqida birorta qo’shimcha ma’lumot olish imkoni bo’lmadi.
Muallif 2006 yil 18 oktabr kuni B.Shoyunusov taqdiri bilan qiziqdi va 17.40 da uning uyiga telefon qildi. Telefon go’shagini uning onasi ko’tardi. Kamina o’zini tanishtirib, Bahodir haqida so’radi. Onasi: “Bahodirni sud 16 yilga kesdi. Shikoyat yozib harakat qilgandik, 6 yilini olib tashlashdi. Hozir 10 yillik qamoq jazosini Navoiydagi qamoqxonada o’tayapti” dedi. Muallif: “Onaxon, Bahodir o’g’lingiz nohaq qamalgandi. Men uning himoyasiga doir maqola yozmoqchi edim, maqolani Internetda chop etamiz. Shu sababli siz bilan uchrashib, suhbatlashmoqchi edim. Uyingizga borsam bo’ladimi?” dedi. Onaxon rozi bo’ldilar va uylari Sobir Raximov metro bekatiga yaqin joyda ekanligini tushuntirdilar.
Muallif Yunusobod bozori yaqinidan S.Raximov metro bekati yaqinida joylashgan Naqqoshlik ko’chasidagi B.Shoyunusov uyini topib borganida soat 19.30 lar bo’lib qolgandi (hozir Toshkentda soat 18.00 da qorong’i tushadi). Kamina darvoza oldidagi qo’ng’iroqni bosgach, eshikni Bahodirning onasi ochdi va salom-alikdan so’ng ichkariga taklif qildi. Hovliga kirgach onaxon kaminani o’ng tomondagi uyga boshlab, yonida turgan o’g’liga: “Adangni chaqir” dedi. Shu vaqt hovli to’ridagi uyning o’ng tomonidagi eshikdan yoshi 55 lardan oshgan baquvvat kishi chiqib keldi. Kamina u kishiga salom berdi va inson huquqi himoyachisi ekanligini aytib: “O’g’lingiz Bahodir nohaq qamalgandi. Shu haqda maqola yozmoqchiman. Bir-ikkita savollarim bor edi” dedi. Lekin Bahodirning otasi jiddiy ohangda: “Xech qanday maqola-paqola kerakmas. Endi foydasi yo’q. Chiqing” dedi va qo’li bilan siltab darvoza tomonni ko’rsatdi. Muallif: “Mayli, tag’inam o’zlaringiz bilasizlar. O’g’lingiz Bahodirga yordam bermoqchi edim, xolos. Bardam bo’linglar!” dedi va darvozaxonadan ko’chaga chiqib uyiga ketdi.
Bahodir otasining kaminaga nisbatan bunday sovuq munosabatiga ikkita sabab bo’lishi mumkin. Birinchisi, Bahodirning otasi va yaqin qarindoshlari 2004 yil senrtabridan beri kurashib, adolatga erisholmagach, hafsalasi pir bo’lgan va adolatga erishish mumkinligidan umidi uzilgan. Ikkinchi sabab: kamina orqasidan doimiy kuzatuv bor, u nima yozmoqda, kimga telefon qilmoqda va hokazo ishlari xufiyalar va organ xodimlari nazorati ostidadir. Kamina 18 oktabr kuni soat 15.30 da B.Shoyunusov Iltimosnomasini kompyuterda terib, o’zining elektron pochtasiga joylashtirib qo’ygach, 17.40 da Yunusobod bozori oldidagi telefon bo’limidan Bahodir uyiga qo’ng’iroq qilgandi. Odatda mijoz telefon qilganida telefon bo’limi xodimining kompyuterida mijoz tergan telefon raqami, gaplashgan vaqti, pul miqdori va hokazolar yoziladi. Boshqa tomondan, Bahodirga o’xshaganlarning uy telefonlari ham kuchishlatar organ xodimlari tomonidan quloq solinishi ko’pchilikka sir emas. Shu sababli muallif 19.30 da Bahodir uyiga yetib borganiga qadar kuchishlatar organ xodimi Bahodirning otasiga telefon qilishi, borayotgan kishiga, ya’ni kaminaga xech qanday axborot bermaslik, aks holda Bahodirga ham, boshqalarga ham qiyin bo’lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan bo’lish ehtimoli bor.
Nima bo’lganda ham, nohaq qamalgan o’g’li Bahodirni himoya qilmoqchi bo’lib borgan bir jonkuyar fuqaro (kamina) bilan suhbatlashmay, surishtirmay bunday sovuq muomala qilishi bejiz emas.
Yuqorida yozgan gaplardan maqsad: muallif Bahodir Shoyunusovning keyingi taqdiri, ya’ni uning ustidan bo’lgan sud mahkamasi, hukm va hozirgi ahvoli haqida batafsilroq ma’lumotni ushbu maqolada keltira olmaslik sababini ko’rsatishdir.
Xullas kalom, B.Shoyunusov bugungi kunda nohaq ravishda 10 yillik qamoq muddatini Navoiy viloyatidagi qamoqxonada o’tamoqda. U va u kabi namozxonlarning begunoh qamalishi va Andijon fojeasining kelib chiqishiga sabab bo’lgan omillar haqida keyingi ikkita maqolamizda yozamiz, Xudo xohlasa.
E-mail: shuhrat1954@yahoo.com
