581-hadis. Kishilarga soya beruvchi daraxtni kesgan kishi boshi bilan do’zaxga tashlanadi. [1, 96-b.]
O’zbekiston Mustaqillikka erishgan 15 yili davomida mamlakatimizning turli shaharlarida, ayniqsa Toshkentda prezident I.Karimov rahbarlik qilayotgan politsiyaviy rejimning yuqori mansabli amaldorlarining buyruqlari asosida ming-minglab 10-50 yillik daraxtlar o’ylamay-netmay, shafqatsizlarcha kesib tashlandi. Vatanimiz tabiatiga nisbatan bunday nonko’rlarcha munosabat shu kunlarda ham davom etmoqda. Muallif bu borada turkum maqolalarni fotosuratlar bilan birgalikda o’quvchimiz e’tiboriga havola qilishni lozim topdi.
Avval O’zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan sharq chinori haqidagi ma’lumotni keltirib o’tsak.
“197. Sharq chinori. Платан восточный. Platanus orientalis L.
Kamyoblik darajasi 2. Areali ajralgan kamyob, relikt tur.
Qisqacha tafsifi. Bo’yi 30 m ga yetadigan keng shox-shabbali daraxt. Bargi panjasimon qirqilgan, 5-7 bo’lakli, eni 12-18 sm. Bo’laklari choziqroq, o’yilgan, yirik tishchali. Gullari bir jinsli, sharsimon to’pgulga yig’ilgan. Mevali kallakchasi 2-7 tadan, diametri 2-5 sm atrofida. Mevasi yong’oqchasimon, tumshuqchali, yotiq qalin tuklar bilan qoplangan. Aprel oyida gullab, mevasi avgust-sentabrda yetiladi.
Tarqalishi. Hisor tizmasida Sangardak, To’polon, Qashqadaryo, Obizarang daryolarining havzalarida tarqalgan (Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari). O’rtayer dengizida – Balqon yarim orolidan Himoloygacha tarqalgan.
O’sish sharoiti. Tog’larning o’rta qismida, daryo bo’ylarida, buloqlar atrofida, toshloqlarda o’sadi.
Soni. Odatda yakka-yakka holda o’sadi.Ba’zan kichik chinorzorlar tashkil qiladi.
Ko’payishi. Urug’idan va vegetativ yo’l bilan ko’payadi (ildizi va bachkisidan).
O’simlik soni va arealining o’zgarish sabablari. Turli ehtiyojlar uchun kesib ketilishi tobora kamayib ketishiga sabab bo’lmoqda.
Madaniylashtirilishi. Juda qadimdan manzarali daraxt sifatida barcha sug’oriladigan yerlarda (Markaziy Osiyoda va boshqa joylarda) ekib kelinadi.
Muhofaza choralari. Qizil kitobga kiritilgan. Asrga tengdosh yirik chinorlarning har biri nazorat ostiga olingan va davlat tomonidan qo’riqlanadi.” [2, 1-j., 219-b.]
Shu kunga qadar mamlakatimizning bosh maydoni bo’lmish Toshkentdagi Mustaqillik maydonida 30-40 yoshli 100 taga yaqin chinorlar kesib tashlandi. Foto1 da Mustaqillik maydonida 2005 yil mart oyida kesib tashlangan o’nlab chinor daraxtlari tunkalari tasvirlangan. Foto 2 da 30-40 yillik chinor tunkasi va uning ortida beton plitalar yotqizayotgan ishchilar hamda ekilgan archa ko’chatlari ko’rinib turibdi. Shunday chinor tunkasining yerdan qazib olingandagi ko’rinishi foto 3 da berilgan. (Ushbu surat S.Raximov metro bekati yaqinida 2000 yil 28 may kuni tushirilgan. O’shanda S.Rahimov metro bekatidan Chilonzor buyum (Otchopar) bozori tomoniga yo’lni kengaytirish va bozor yaqinida tramvay yo’lini bozorga qadar cho’zish bahonasida yuzga yaqin chinorlar va boshqa daraxtlar kesilgan edi.)
Foto1. Toshkent shahri Mustaqillik maydonidagi deyarli 40 yillik chinorlarni kesgandan so’ng qolgan tunkalar. 2005 yil 10 mart.
Foto 2. Toshkent shahri Mustaqillik maydonidagi chinor tunkasi va uning ortida beton plitalar yotqizayotgan ishchilar. 2005 yil 10 mart.
Foto 3. Kesilgan chinor tunkasining yerdan qazib olingan ildizlari bilan ko’rinishi. S.Raximov metro bekati yaqinida 2000 yil 28 may kuni suratga olingan.
Foto 4.Mustaqillik maydoni burchagidagi chinor daraxtlarining shoxlari bo’talanib, kesishga tayyorlab qo’yilganligi aks etgan.
O’zbek chinorlari va boshqa daraxtlar prezident I.Karimov boshqaruv davriga kelib Afrikadagi palma daraxtlariga o’xshab qolgan.
O’zbekiston mustaqilligining 15 yilligi arafasida Mustaqillik maydoni chetidagi 30 taga yaqin daraxtlar, jumladan ko’plab chinorlar kesib tashlandi va yangi favorra qurildi. Bu favorraning bir bo’lagi foto 6 da tasvirlangan. Mustaqillik maydoni burchagidagi uch qator chinorlargina hozircha kesilgan emas. Ular foto 6 da favorra yonida, fotosurat to’rida ko’rinib turibdi.
Foto 6. Mustaqillik maydoni burchagiga yaqin joyda 2006 yil avgustida qurilgan uzunligi 50 metrcha bo’lgan favorra. 2006 yil 4 sentabr.
Foto 5 da tasvirlangan chinorlar tarixiy shaxslar ekkan chinorlardir. 1970-yillar oxirida kamina Mustaqillik maydoniga (u paytlar Lenin maydoni deb atalardi) kelganida, foto 5 dagi chinorlar tagida taxtakachlar o’rnatilgan bo’lib, har bir chinorni ekkan tarixiy shaxsning ismi sharifi yozilgandi. Aniqroq aytganda, bu chinorlardan birini SSSRning 1964-1983 yillardagi rahbari Leonid Brejnev, boshqasini O’zbekistonning 1959-1983 yillardagi rahbari rahmatli Sharof Rashidov, kamina adashmasa kosmonavtlar va boshqalar ekkanligi yozilgandi.
Ta’kidlash lozimki, yaqin-yaqinlargacha Toshkentimizga ko’rk bo’lib turgan minglab daraxtlarni ekishda, yam-yashil bog’-rog’lar, xiyobonlarni tashkil etishda 1959-1983 yillarda respublikamizga rahbarlik qilgan rahmatli Sh.Rashidovning ulkan hissasi bor. Muallifning shaxsiy fikricha, Sh.Rashidov ekkan chinor daraxti ostidagi taxtakachni tiklamoq va bu hamda uning atrofidagi daraxtlarni avlodlar uchun saqlab qolmog’imiz lozim.
Bugungi yoshlar Sh.Rashidov haqida kam ma’lumotga ega ekanligini hisobga olib, 1992 yil noyabrida Jizzax shahrida Sh.Rashidov tavalludining 75 yilligiga bag’ishlangan tantanada prezident I.Karimov so’zlagan ma’ruzasidan iqtibos keltirib o’taylik. (Eslatib o’tamiz: Sharof Rashidov 1917 yil 6 noyabrida Jizzax shahrida tug’ilgan, 1983 yil 30 oktabrda vafot etgan.)
“1942 yili Shimoli-g’arbiy frontdagi o’qchi brigadaning 25 yashar siyosiy rahbari Sharof Rashidov jangda og’ir yarador bo’lib, yurtiga qaytadi. O’ttiz yoshida “Qizil O’zbekiston” (hozirgi”O’zbekiston ovozi”, A.Sh.) gazetasiga muharrir etib tayinlanadi. Respublika jurnalisti uchun bu lavozim – oliy cho’qqi edi.
Sharof Rashidov yozuvchi sifatida ham juda tez xalq e’tiborini qozondi. O’zbekiston adiblari uni Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvining raisi etib saylashdi.
Sharof Rashidov 33 yoshida O’zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining Raisi bo’ladi. Sobiq SSSR tarixida bunday yosh rahbar oliy hokimiyat egasi bo’lmagan. Ammo Rashidovning taqdiridagi asosiy pog’ona hali oldinda edi. U 1959 yilda o’sha davrning eng yuqori lavozimiga – O’zbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari etib saylanganida endigina qirq yoshdan oshgan edi. Sharof Rashidov bu yuksak vazifada umrining oxirgi kunlarigacha sabot va matonat bilan ishladi. Respublikaga qariyb chorak asr yetakchilik qildi. Bu yillar tarixning o’ziga xos murakkab davri edi.” [3, 90-b.]
Eslatib o’tamiz: Sh.Rashidovning “Kashmir qo’shig’i” asari jahondagi 56 (!) tilga o’girilgan. [4, 30-b.]
“Sharof Rashidov haqida gap ketar ekan, avvalambor, o’sha davr ziddiyatlari xususida gapirish kerak. Bu murakkab shaxs bir tarafdan milliy manfaatlarni o’ylashga, ikkkinchi tarafdan – markazdan kelgan, tub manfaatlarga zid buyruqlarni hayotga tatbiq etishga majbur bo’lganini unutmaslik zarur. Uning umri sandon bilan bolg’a o’rtasiga qo’yilgan edi, deb aytsak ham aslo mubolag’a bo’lmaydi.” [3, 93-b.]
“O’zbekistonning hamma burchagi, hamma elati Sharof Rashidov uchun birday ardoqli edi. Biroq Sharof Rashidov Toshkent xalqi va Toshkent shahri uchun alohida mehr-muhabbatga sazovor. Toshkentni Sharqning eng go’zal shahriga aylantirish Sharof Rashidovning orzusi edi. Toshkentning har bir ulkan qurilishi, osmono’par binolari, mehmonxonalari, xiyobonlari Sharof Rashidovning nazarida turar edi. Xalqimiz Sharof Rashidovni haqli ravishda Toshkentning bosh me’mori deb ataydi. Bu ayniqsa Toshkent zilzilasidan keyin yanada yorqinroq namoyon bo’ldi. Toshkent yer osti qasri – metrosi uchun biz birinchi navbatda Sharof Rashidovning porloq xotirasi oldida ta’zim bajo qilamiz.” [3, 94-b.]
“Va nihoyat, Sharof Rashidovga nisbatan bo’lgan aybu xatolarni tuzatib, shu insonning hurmatini joyiga qo’yaylik. Nomini kelajak avlodlar uchun tiklaylik. Tarix uchun saqlaylik.” [3, 98-b.]
Prezident I.Karimovning yuqorida keltirilgan gaplaridan deyarli 14 yil vaqt o’tdi. Hozirgi vaziyatga ko’ra ba’zi bir xulosalar qilaylik. Birinchidan, rahmatli Sh.Rashidovning tavallud topganiga 1997 yilda 80 va 2002 yilda 85 yil bo’lgandi. Lekin I.Karimov yubiley kunlari bu haqda umuman eslamadi ham. Endi 2007 yil 23 dekabrida navbatdagi prezidentlik saylovlari yaqinlashganda, Jizzax xalqining qo’llab-quvvatlashini ta’minlash uchun Sharof otaning 90 yillik yubileyi esga olinar va ba’zi bir tantanalar o’tkazishsa kerak.
Ikkinchidan, Sh.Rashidov davrida asos solingan Osiyo va Afrika yozuvchilari hamkorligi harakati, Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari xalqaro kinofestivali I.Karimov davriga kelib tugatildi (buning o’rniga tennis bo’yicha Prezidentlik kubogi xalqaro musobaqalari tashkil qilingandi, u ham oxirgi yillarda barham topdi, shekilli).
Uchinchidan, rahmatli Sharof ota ekdirgan va ekkan ming-minglab chinorlar, emanlar, qayrag’ochlar va boshqa daraxtlar kesib tashlandi va bu vahshiylik hamon davom etmoqda.
To’rtinchidan, bugungi kunga kelib Sharof ota Mustaqillik maydonida ekkan chinor daraxti ham xavf ostida qoldi, chunki uning ko’pgina shoxlarini bo’talab, endi tag-tugidan kesishga tayyorlab qo’yishgan.
Prezident I.Karimov yuqori minbarlarda turib nimalar degan edi-yu, amalda qanday ishlarni qildi va qilmoqda?!
Bir so’z bilan aytganda, prezident I.Karimov va uning amaldorlari Vatan Chinorlarini kesmoqdalar. Toshkentdagi ming-minglab daraxtlarning kesish miqyosi, sabablari va oqibatlari haqida kamina keyingi maqolalarda yozish niyati bor, Xudo xohlasa.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. Muhammad payg’ambar qissasi. Hadislar. – T.: Kamalak, 1991.- 304 b.
2. O’zbekiston Respublikasi Qizil kitobi: Noyob va yo’qolib ketish xavfi ostidagi o’simlik va hayvon turlari (2 jildli). J.1. O’simliklar /Tahrir hay’ati: A.Sh.Habibullayev va boshq.; O’.P.Po’latov umumiy tahriri ostida; Tuzuvchilar: I.V.Belolipov va boshq.- T.: “Chinor ENX”, 1998. -336 b.
3. I.KARIMOV. Xalqimizning otashqalb farzandi. Sharof Rashidov tavalludining 75 yilligiga bag’ishlangan tantanada so’zlangan nutqi. Tanlangan asarlar. 12 jildli. 1-jild. – T.: “O’zbekiston”, 1996. – 86-103-b.
4. RASHIDOV A. Akam haqida. – T.: “Fan”, 1992. – 38 b.
Shuhrat AHMADJONOV,
DO’Kning Toshkent bo’limi rahbari, inson huquqlari va tabiat himoyachisi
E-mail: shuhrat1954@yahoo.com
2006 yil 13 sentabr. Toshkent, soat 19.20.
