SAVOL: 26 Avgustda O’zbek demokratlarining yig’ilishi bo’ladi, deb eshitgan edik. Lekin radiolarda hech narsa eshitmadik. Shu haqda ma’lumot bera olasizmi?(Akbar)
Jahongir Mamatov, DO’K raisi: Albatta, men bilganim qadar ertaga 26 Avgust kuni New York shahrida xorijda yashayotgan o’zbek demokratlarining yig’ilishi bo’ladi. Bu haqda DO’K saytida bir necha marta xabar berildi. Hatto tahliliy chiqishlar ham bo’ldi.
Bu yig’ilishning muhim jihati shundaki, uning maxsus tashkilotchisi belgilanmagan va odamlarga maxsus taklifnoma ham yuborilmagan. Uni mamlakatining kelajagi uchun befarq bo’lmagan demokrat yigitlar uyushtirishmoqda. Kim O’zbekiston kelajagi va demokratiya masalasida befarq bo’lmasa, bu yig’ilshga kirib kelaveradi.
Muxolifatni birlashtirish uchun kimningdir “padari-buzrukvor”lik qilishi mumkin emasligini o’tgan 15 yil isbot etdi. Shu bois ham bu safar masalaga yangicha yondashilmoqda va yig’ilishga keladigan hamma teng hisoblanadi.
Umummuxolifat qurultoyiga ham xuddi ana shunday yondashuv bilan borilsa, o’shandagina natijaga erishish mumkiin. Aks taqdirda yana bu harakatlar 15 yil davomida bo’lganidek, kim-kimni qo’llanishiga aylanib ketadi va hech qanday naf keltirmaydi, ziyonga zamin bo’ladi.
Bugunga qadar mazkur yig’ilishga “Ozodlik” yoki “Amerika ovozi” radiolari qiziqish ko’rsatishmagani va hech qanday xabar berishmagani bu u yerda ishlayotganlarning vijdoniga havola. Bu ham aslida jiddiy masala va tabiiyki sizga o’xshagan tinglovchilar buning bahosini berishlari kerak.
Yig’ilishda 2007 yil sayloviga qadar birlashib, yagona demokratik platformada turib, faoliyat ko’rsatish niyatida Umummuxolifat qurultoyini chaqirish vaqti, joyi, kun tartibi kabi masalalarni muhokama etilishini bilaman.
Demokratik yo’lni tanlagan barcha partiyalar, harakatlar, guruhlarning vakillari qatori men ham, albatta, yig’ilishga boraman va yig’ilish natijasi haqida ozod minbar bo’lgan saytimiz orqali ma’lumot beramiz. Chunki biz demokratiya yo’lini tanlagan tashkilot va uning nashrlari uchun bu favqulodda muhim xabardir.
Миллий ғуруримиз, шоири замон ЮСУФ ЖУМАни озод этиш учун овозингизни ютманг!
