Shuhrat AHMADJONOV, DO’Kning Toshkent bo’limi rahbari
BIR GURUH “ERK”CHILARNING 1993 YILDA “ERK” PARTIYASINI TARK ETISH HAQIDAGI BAYONOTI VA U BILAN BOG’LIQ VOQEALAR TAFSILOTI
“Erk” demokratik partiyasi (EDP) rahbariyatida va EDP Toshkent shahar tashkilotida 1992-1993 yillardagi vaziyat va 1993 yil 25 sentabrda bo’lib o’tgan EDP 4-qurultoyi haqida www.uzbekcongress.org saytida 2006 yil 10 avgust kuni chop etilgan rahmatli professor Shodi Karimovning “Men “Erk” partiyasini tark etdim” (“Xalq so’zi”, 1993 yil 27 oktabr) va 13 avgust kungi “Erk” demokratik partiyasi Toshkent shahar tashkiloti bir guruh faollarining Maktubi” (“Xalq so’zi”, 1993 yil 20 noyabr) maqolalarida bayon etilgan edi. Ushbu maqolada EDP 4-qurultoyi va EDP faollarining Bayonoti (Maktubi) bilan bog’liq voqealar tafsiloti to’g’risida yozsak.
1993 yil 25 sentabr (shanba) kuni bo’lib o’tgan EDP 4-qurultoyida demokratiyaga va EDP Ustaviga zid holatlar ko’p bo’lishiga qaramay, EDP Toshkent shahar tashkilotidan borgan birorta delegat (ular 13 nafar edi) qurultoyni tashlab chiqib ketmadi. (Qurultoyda kamina Mandat komissiyasining a’zosi (eslashicha hatto raisi) bo’lib saylangandi. Mandat komissiyasining boshqa a’zolari bilan birgalikda qurultoyni tartibli o’tkazishga iloji boricha harakat qildi. Qurultoyda so’z berish navbati delegatlar yozib yuborgan varaqchalar ketma-ketligiga rioya qilgan holda qurultoy raisiga yetkazib turildi. Lekin qurultoyda EDP Nizomiga zid ishlar ko’p bo’ldi, bu haqda Bayonot (Maktub)da yozgan edik. Muallif o’shanda Mandat komissiyasidagi vazifasi bilan birga qurultoy ishini fotosuratlarga ham olgandi…) Ma’lumki, prof. Sh. Karimov kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo’yish masalasida tajribali rahbar edi. U EDPning poytaxt tumanlari tashkilotlarining rahbarlik lavozimlariga oliy ma’lumotli, bir nechtasi fan nomzodlari bo’lgan ziyoli, obro’li shaxslarni jalb qila bilgandi. Siyosiy partiyada eng yomon bo’linish – bu partiyaning oliy organi hisoblanmish qurultoydagi bo’linishidir. Buni tushungan holda prof. Sh.Karimov ham, kamina ham, boshqa toshkentlik delegatlar ham qurultoy paytida uni tark etishmadi.
Qurultoy tugagach, 1993 yil 28 sentabr (seshanba) kuni EDP Toshkent shahar tashkiloti rahbariyatining navbatdagi yig’ilishida EDP 4- qurultoyi natijalari muhokama qilindi (u paytlar EDP idorasi Toshkent, Mirza Ulug’bek tumani, Qorasuv-2 mavzesi, 18-uyning 1-qavatida joylashgandi, bugungi kunda – 2006 yil 18 avgust kuni u yerda sartaroshxona joylashgan). Yig’ilishda prof. Sh.Karimov EDP 4- qurultoyi haqida qisqacha gapirib, EDPni tark etishga qaror qilganligini aytdi va bu haqdagi arizani kaminaning qo’liga topshirdi. Shodi akaning bu qarorini ko’pchilik ma’qullab gapirdi. Shu yig’ilishda dohiyparastlik kasaliga uchramagan yangi siyosiy partiya tuzish masalasi ham ko’tarildi. Buni yig’ilganlar qo’llab-quvvatlab gapirdilar. Tuzilajak yangi partiyaga qanday nom berilishi masalasi keyingi yig’ilishda muhokama etilishi aytildi.
Yig’ilish oxirrog’ida EDP Toshkent shahar, Uchtepa (u paytlar Akmal Ikromov) tuman tashkilotining kotib o’rinbosari Mirmaqsud Karimov, amaldorlar 1 oktabrdan EDP markazini yopayotganlari va endi qayerda yig’ilishimiz mumkinligi haqida savol berdi (Mirmaqsud bugungi kunda – 2006 yil 18 avgustda EDP Toshkent shahar tashkilotining 1-kotibidir, u Toshkent maktablaridan birida o’qituvchi bo’lib ishlamoqda). Bu savolga kamina javob berib, navbatma-navbat faollarimiz uylarida bir piyola choy ustida yakshanba kunlari yig’ilib turishni taklif etdi. Bu taklifni ko’pchilik ma’qulladi. Shodi akaning taklifi bilan dastlabki yig’ilish EDP Sirg’ali tuman tashkilotining sobiq kotibi Xurram Ashurov xonadonida 4 oktabr (yakshanba) kuni soat 11.00 ga belgilandi.
Prof. Sh. Karimov arizasidan so’ng ba’zilar o’sha yig’ilishda, ba’zilar keyingi uchrashuvlarda EDP safidan chiqqanligi haqidagi arizani yozib, muallifga topshira boshlashdi. Jumladan kamina ham EDPdan chiqish to’g’risidagi arizani 1993 yil 4 oktabr kuni yozdi.
1993 yil 4 oktabr kuni X.Ashurov (2-Jahon urushi qatnashchisi, o’zbek generali Sobir Rahimov diviziyasida jang qilgan) xonadonida yig’ildik. Avvaliga yangi partiyaning nomi masalasi muhokama qilindi. Shodi aka Turkiyada obro’li “To’g’ri yo’l” partiyasi borligini aytib, partiyamizni To’g’ri yo’l partiyasi deb nomlashni taklif etdi. Kamina yangi partiyani Respublikachilar partiyasi deb atashni, Respublika so’zi lotincha res – ish va publikus – ijtimoiy, umumxalq so’zlaridan olingan bo’lib “umumxalq ishi” degan ma’noni bildirishi, bu so’z juda keng ma’noli ekanligi, jahondagi ko’pchilik davlatlar, jumladan O’zbekiston Respublikasi nomida ham borligi, biz kommunistik partiya, islom partiyalaridan farqli ularoq respublika shaklidagi demokratik davlat tarafdori ekanligimizni bildirishi haqida gapirdi. Muallifning bu fikrlari yig’ilganlarning ko’pchiligiga ma’qul keldi. Ovozga qo’yilganda “Respublikachilar” atamasiga aksar ko’pchilik ovoz berdi va tuzilajak yangi partiya O’zbekiston Respublikachilar partiyasi (O’zRP) deb ataladigan bo’ldi. Shundan so’ng O’zRP Ustavi loyihasini yozish vazifasi kaminaga topshirildi.
Muallifning EDP Toshkent shahar tashkilotida 500 ga yaqin EDP a’zolari borligi, Toshkent shahar tashkiloti rahbarlaridan ko’pchiligi partiyadan chiqish sabablarini bitta bayonot ko’rinishida yozib, EDP boshlang’ich tashkilotlariga tarqatishimiz va har bir a’zo bu haqda xabar topib, partiyada qolish-qolmaslik masalasida o’zi mustaqil bir qarorga kelishi kerak, degan fikri bor edi. Shu fikrdan kelib chiqib, kamina 4 oktabr kungi yig’ilishga o’z tashabbusi bilan shunday Bayonotning qo’lyozma qoralama nusxasini tayyorlab keldi va yig’ilganlarga o’qib berdi. Yig’ilganlardan aksar ko’pchiligi buni ma’qul deyishdi. Bayonotni mashinkada pechatlab kelish va keyingi yig’ilishga olib kelish vazifasi kaminaga topshirildi.
X.Ashurov xonadonidagi yig’ilishda EDPdan chiqish arizalarini muallifga topshirish davom etdi. Yig’ilganlardan EDP Uchtepa tuman kotibi Mirzaanvar Hamidov va, adashmasa Shermamat Sarimsoqov (u EDP Toshkent shahar tashkilotiga 1993 yil bahorida kelgandi) EDP safida qolishlarini aytishdi. Bu borada har kim o’zi mustaqil bir qarorga kelib hal etishi mumkinligini ta’kidlab, ularni EDPdan chiqishga hech kim da’vat qilmadi. Shunday qilib, Sh.Sarimsoqov 1993 yil oktabrida EDP Toshkent shahar tashkilotining 1-kotibi vazifasini bajara boshladi. U 1994 yilda muallifning uyiga keldi va kamina unga EDP Toshkent shahar tashkilotiga doir hujjatlarni hamda partiyadan chiqish haqidagi 52 dona arizalarni ro’yxat qilib topshirdi va imzosini oldi. U moliyaviy qiyinchiliklar tufayli 1994 yilda Toshkentdan o’z yurtiga – Farg’ona vodiysiga ko’chib ketdi (u Toshkentda ijaradagi uyda yashardi). 1994 yildan boshlab M.Hamidov EDP Toshkent shahar tashkilotiga 1-kotib bo’ldi. U ham ikki yildan so’ng o’zi tug’ilib o’sgan Toshkent viloyati, Bo’ka tumaniga ko’chib ketdi. Shu sababli Toshkent shahar tashkilotini Mirmaqsud Karimov boshqara boshladi. (Ta’kidlash lozimki, 1994-2003 yillar davomida EDP Toshkent shahar tashkiloti faoliyati haqida deyarli axborot bo’lmadi, ya’ni tashkilot juda-juda sust faoliyat olib bordi.)
Ikkinchi yig’ilishimiz 1993 yil 11 oktabr kuni prof. Sh.Karimov uyida (Toshkent shahar, Gidrogeologiya qo’rg’oni, Gulzor ko’chasi, 2-uy (Toshkent 2-xalqa yo’lining narigi tomonida, Qorasuv-6 mavzesi qarshisida)) bo’ldi. Shu yig’ilishda muallif mashinkada chop etib kelgan Bayonotni o’qib berdi. Yig’ilganlar bir ovozdan ma’qulladilar va uch nusxadagi Bayonot ostiga imzo qo’ya boshladilar. Sal keyinroq Bayonotni mashinkada yana chop etib, bitta nusxasini kamina Sh.Karimovga berdi.
Muallif Mirza Ulug’bek tumanidagi Toshkent traktor zavodi (TTZ), Ekskavator zavodi va Quruvchilar yotoqxonalaridagi EDP boshlang’ich tashkilotlariga bordi va Bayonotni o’qib berdi, ba’zilariga Bayonot nusxasini berdi. Shu uchrashuvlarda EDP a’zolaridan ko’pchiligi EDPdan chiqish haqidagi arizalarni yozdilar hamda Bayonot ostiga imzo chekdilar.
1993 yil 18, 25 oktabr va 2 noyabr kunlaridagi yig’ilishlar EDP S.Raximov tuman tashkilotining sobiq kotibi Nabijon Usmonov, kaminaning va yana bittasining xonadonida bo’lib o’tdi (kamina u vaqtlar Toshkent shahar, S.Raximov tumani, Mirza G’olib ko’chasi, 55-uyda yashovch Olimjon akaga qarashli, yo’lning bu tomonidagi eskiroq uyda yashardi, yig’ilish shu uy hovlisidagi so’rida o’tkazilgandi). 1993 yil 27 oktabr kuni prof. Sh.Karimovning “Men “Erk”partiyasini tark etdim” maqolasi “Xalq so’zi” gazetrasida chop etildi.
1993 yil noyabr boshlarida prof. Sh.Karimov o’zidagi Bayonot nusxasining ko’pgina joylariga qo’shimchalar yozib kaminaga berdi. Kamina uni olib ketdi va uyida tanishib chiqdi. Ertasiga Shodi aka bilan uchrashganida bunday dedi: “Bayonot matni ko’pchilik faollarimiz ishtirok etgan davrada muhokama qilinib tasdiqlangandi va uning ostiga ko’pgina imzolar yig’ildi. Endi bir-ikki kishining alohida taklifi bilan men Bayonot matniga buncha o’zgartirish kiritishga haqqim yo’q. Siz taklif etayotgan gaplarni keyingi maqolalarimizda yozsak bo’ladi-ku”. Muallif mana shunday so’zlar va tortishuvlar bilan Shodi aka qo’shimchalarini rad etdi.
1993 yil 9 noyabrdagi yig’ilishda to’plangan imzolar bilan birgalikda Bayonotni “Xalq so’zi” muharririyatiga topshirishga kelishdik. Kamina oldindan telefon orqali kelishuvga asosan, 13 noyabr kuni ertalab soat 10-larda Amir Temur xiyobonida Shodi aka bilan uchrashdi. Shu kuni yomg’ir yog’ib tutgandi. “Xalq so’zi” muharririyatiga kirdik (u Matbuotchilar ko’chasida, Matbuotchilar uyi qarshisidagi eskiroq ikki qavatli binoning 2-qavatida joylashgandi, bu bino 2000 yillar boshida buzib tashlandi) va Bayonotni bosh muharrir Anvar Jo’raboyevga topshirdik. U Bayonotni o’qib chiqdi, qo’yilgan imzolarga ko’z yugurtirib chiqib, Bayonot oxirida yana bir marta imzo qo’yib berishni kaminadan iltimos qildi. Kamina o’z ismu sharifini yozdi va imzo qo’ydi.
1993 yil noyabr boshlarida muallif O’zbekiston Respublikachilar partiyasi Ustavining dastlabki loyihasini tayyorladi va yig’ilish qatnashchilaridan ba’zilariga, jumladan Shodi akaga berdi. Shodi aka uni o’qib, “Respublikachilar” so’zi o’rniga “To’g’ri yo’l” deb yozib chiqibdi. Uni kaminaga bera turib: “Bizning partiyaning nomi To’g’ri yo’l partiyasi bo’lishi kerak” dedi. Muallif: “Axir bo’lajak partiya nomini Xurram akaning uyidagi yig’ilishda muhokamaga qo’ydik, ko’pchilik ovoz bilan “Respublikachilar” nomini tasdiqladik-ku” dedi. 1993 yil 9 va 16 noyabr kunlaridan birida Shodi aka o’z hamfikrlari – N.Usmonov, X.Ashurov, Abbosxo’ja Azizxo’jayev va yana bir-ikki kishi bilan birgalikda EDP Yunusobod tuman tashkilotining sobiq kotibi Baxtiyor Sag’dullayevning uyida yig’ilishibdi va o’zlari alohida O’zbekiston To’g’ri yo’l partiyasini tuzishga qaror qilishibdi. Shu sababli 1993 yil noyabr o’rtalarida umumiy yig’ilishlarimiz barham topdi.
Shunday qilib, 1993 yil noyabr o’rtalarida muallif va prof. Sh.Karimov ikkita alohida partiya tuzish yo’liga kirdi. O’sha kunlardan birida, Bayonotni “Xalq so’zi” muharririyatiga topshirgandan bir necha kun o’tgach, kamina Shodi aka uyiga telefon qilganida, u: “Milliy xavfsizlik xizmatining rahbarlaridan biri siz bilan uchrashib gaplashmoqchi” dedi. Kamina uchrashishga rozi bo’ldi. Chunki MXX rahbarlaridan biri uchrashuvga chaqirganda bormasangiz, bu xavflidir. Bu idora xodimlari shaxsan prezidentga bo’ysungan kuchishlatar organ bo’lib, ularga naqadar katta huquqlar berilgan. Ular o’sha fuqaroga qarshi birorta fitna uyushtirib, hibsga olishlari va so’ngra qamoqxona rahbariyati xonalaridan birida uchrashishga majbur qilishlari mumkin.
Muallif 1993 yil 15-18 noyabr kunlarining birida (aniq kuni esda qolmagan) rahmatli Shodi aka belgilagan uchrashuv joyi – Amir Temur xiyoboniga ertalab soat 10-larda yetib bordi. O’rindig’ (skameyka)da Shodi aka bilan bir oz gaplashib o’tirgandik, oldimizga 35-40 yoshlardagi, bo’yi 165-santimetr, baquvvat, miqti kishi kelib oldin Shodi aka bilan, so’ngra kamina bilan salomlashdi. Shodi aka kaminani unga tanishtirdi. U o’zini Milliy xavfsizlik xizmatidan Bahodir deb tanishtirdi. Kamina uning harbiy unvoni qanday ekanligini so’radi. Shunda u o’zining qizil rangli hujjatini ochib ko’rsatdi: Irisov Bahodir, Milliy xavfsizlik xizmati podpolkovnigi. U MXX bo’lim boshlig’i ekanligini ham aytdi. Muallifning savoliga javoban u 1956 yilda tug’ilganligini aytdi. U o’sha paytdagi vaziyat haqida gapirib 1-2 ta umumiy savol berdi va kamina ham umumiy javob berdi. U kaminaning Erk partiyasi rahbariyatiga nisbatan munosabati haqida ham so’radi. Kamina o’sha Bayonot (Maktub)dagi fikrini qisqaroq qilib aytdi.
B.Irisov muallif nima bilan shug’ullanish maqsadi borligi to’g’risida ham savol berdi. Kamina hozir O’zbekiston Respublikachilar partiyasini tuzish maqsadi borligini aytdi. U Respublikachilar partiyasining prezidentga nisbatan munosabati qanday bo’ladi, prezidentga qarshi kurashmaysizlarmi, deb so’radi. Tuzilajak Respublikachilar partiyasi Markaziy yo’nalishda (ruscha aytganda Sentristkaya pozitsiyada) bo’ladi, ya’ni O’zbekiston prezidentiga qarshi kurashmoqchi emasmiz, partiyamiz prezidentning ijobiy, yaxshi ishlarini qo’llab-quvvatlaydi, dedi. (U vaqtlar muallif fikri bunday edi: prezident I.Karimov ikki muqobil nomzodlar ishtirok etgan 1991 yil 29 dekabrdagi prezidentlik saylovida g’olib chiqib 5 yil muddatga saylandi, shu 5 yil muddatda u prezident, 1996 yildagi, ayniqsa 2001 yildagi prezidentlik saylovlari chog’ida prezidentga nisbatan asosan yoshlardan iborat Respublikachilar partiyasining fikri, munosabati, pozitsiyasi yana bir marta belgilanadi, ungacha muxolif siyosiy partiyani u yoki bu darajada tiklash kerak, deb hisoblardi.) B.Irisov: “Prezidentga qarshi kurashmasalaringiz, bunday partiyani tuzayverishlaringiz mumkin” dedi.
MXX podpolkovnigi B.Irisov muallif va hamfikrlar yozgan Bayonotdan xabardor ekan, shu Bayonot haqida so’radi. Kamina javob berib, uning bitta nusxasi yig’ilgan imzolar bilan birgalikda “Xalq so’zi” muharririyatiga 13 noyabr kuni Shodi aka bilan birgalikda topshirilgani haqida aytdi. Shunda B.Irisov Bayonotning bitta nusxasini berishni kaminadan so’radi. Kamina bunga javoban, o’zida bitta nusxa qolganligi, “Xalq so’zi” gazetasidagi nusxa asosida Bayonot gazetada bosilgach bemalol o’qib ko’rishi mumkinligini aytdi.
Savol-javob oxirrog’ida B.Irisov o’zining ish telefon raqamini muallifga aytdi: 337430 va birorta ish, yordam kerak bo’lsa, telefon qilishi mumkinligini ta’kidladi. Shunda muallif MXXning respublika rahbariyatiga 1992 yil noyabrida yozma murojaat qilib, 1937 yilda nohaq otilgan bobosi Yusuf Yoqubjon o’g’lining ishi va taqdiri masalasiga oydinlik kiritishni iltimos qilganligini aytdi, “Lekin siz ishlayotgan idora xodimlari o’tgan bir yil davomida javob yuborishmadi” dedi. B.Irisov kamina bergan arizaga doir ma’lumotlarni yozib oldi va buni aniqlashtirib javob berishga va’da berdi.
Ta’kidlash kerakki, kamina Milliy xavfsizlik xizmati podpolkovnigi B.Irisovni 1993 yil may oyida ko’rgan edi. Voqea bunday bo’lgandi. 1993 yil 5 may (chorshanba) kuni O’zbekiston “Birlik” xalq harakati raisdoshi, fizika-matematika fanlari nomzodi Shuhrat Ismatullayevni Toshkent shahar, 16-kasalxonasi yaqinida kunduzi 3-4 nafar jinoyatchilar qattiq kaltaklashib, armatura bilan urib boshini yorishgan edi. (Xuddi shunday usulda 1991 yil 17 dekabr kechqurun “Birlik” faoli, tibbiyot fanlari nomzodi Tal’at Xoliqovni Toshkentdagi Kattabog’ mahalla choyxonasi yaqinida, “Birlik”chi jurnalist Abdurashid Sharipovni 1992 yil 23 yanvar kuni O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi binosi (Pushkin ko’chasi, 1-uy) oldida, “Birlik” xalq harakati raisdoshi, texnika fanlari doktori Abdurahim Po’latovni 1992 yil 29 uynda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi binosi (Sodiq Azimov ko’chasi, 87-uy) oldida “noma’lum shaxslar” deb atalmish “qora kuchlar” kaltaklashib, armatura bilan urib boshini yorishgandi.)
O’sha 5 may kuni demokratlardan biri EDPning idorasiga kelib, bu nohush xabarni muallifga yetkazdi. Albatta, ushbu qonli jinoyatdan kamina xafa bo’ldi va o’zi bilgan demokratlar uylariga hamda ishxonalariga qo’ng’iroq qilib, Sh.Ismatullayevni urib boshini yorishganini, u 16-kasalxonada reanimatsiya bo’limida yotgani, fuqarolarning yashash huquqini himoya qilaolmayotgan hukumatga va uning kuchishlatar organlariga qarshi tanqidiy fikrlar ayta boshladi.
U paytlar EDPning Qorasuv-2 mavzesidagi idorasiga kirganda, birinchi kattagina xona majlislar zali bo’lib, unda asosan Toshkent shahar bo’limi xodimlari va kelib-ketuvchilar o’tirishardi. Ichkaridagi 2-3 ta kichikroq xonalar EDP jumhuriyat rahbarlariniki edi. Sh.Ismatullayev voqeasi haqidagi xabar kelishidan 20-25 daqiqalar oldin yuqorida yozilgan MXX podpolkovnigi Bahodir Irisov kirib keldi va Hamidulla Nurmuhamedovni (EDP Markaziy kengashining tashkiliy ishlar bo’yicha kotibi) so’radi va ichkariga kirib ketdi. B.Irisovning kirib kelishidan va o’zini erkin tutishidan, u H.Nurmuhamedov bilan ilgari ham bir necha marta uchrashgani bilindi.
U ichkariga kirib ketganidan keyin, H.Nurmuhamedov bilan yarim soatcha nimalardir haqida suhbatlashdi. Ikkalasi birga katta xonaga chiqishgan payti kamina tanish demokratlardan biriga telefon qilib, Sh.Ismatullayevga hujum bo’lgani, uning boshini armatura bilan urib yorishgani, hozir 16-kasalxonada yotgani, bunday hujumlar ortida mavjud kuchishlatar organlar xodimlari turgan bo’lishi mumkinligi to’g’risida tanqidiy fikrlarni aytayotgan edi. (Kaminaning telefonda aytayotgan gaplari ichkariga – B.Irisovga va H.Nurmuhamedovga ham eshitilib turgan bo’lsa kerak.) Shunda MXX podpolkovnigi B.Irisov xonada to’xtab, barmog’i bilan kaminani ko’rsatib: “Telefonda bunaqa gaplarni gapirmasin”, deb H.Nurmuhamedovga buyruq ohangida gapirdi. H.Nurmuhamedov uning gapini ma’qullab: “Bo’ldi, telefon trubkasini joyiga qo’ying” deb buyruq berdi. Muallif noiloj telefonda gaplashayotgan kishiga qisqacha gapirib, telefon go’shagini joyiga qo’ydi. Shundan so’nggina B.Irisov EDP idorasidan tashqariga chiqdi. Uni H.Nurmuhamedov avtomashina oldigacha kuzatib bordi.
U paytlar muallif bu miqti kishi kim va qayerda ishlashini bilmasdi. Bu haqda H.Nurmuhamedovdan so’ragan taqdirda ham u aytmasligini bilardi va shu sababli undan uning kimligini so’ramadi. (Umuman H.Nurmuhamedov rahmatli prof. Sh.Karimov va kaminaga 1991 yil iyul oxiridan, ya’ni EDPda faoliyat boshlagan paytlardan beri sovuq muomala qilar edi. Shu sababli kamina u bilan iloji boricha kamroq munosabatda bo’lishga harakat qilardi.)
Ma’lumki, 1994 yil dekabrida O’zbekistonda navbatdagi parlament saylovlari bo’lishi kerak edi. Bu saylovlargacha kuchishlatar organlar muxolifat partiya hisoblanmish “Erk” partiyasining jumhuriyat, viloyat, Toshkent shahar va tuman tashkilotlari rahbarlarini tazyiq ostiga olishga va bir yoqlik etishga harakat qilardi. Muallif 1993 yil 19 noyabr kuni soat 18 larda Mirza Ulug’bek tumani, Pushkin ko’chasidagi 4 qavatli Quruvchilar yotoqxonasiga bordi (hozir bu binoda Fuqarolik ishlari bo’yicha M.Ulug’bek tumanlararo sudi joylashgan). Maqsad: u yerdagi EDP boshlang’ich tashkiloti a’zolari ahvolidan xabar olish, suhbatlashish, bo’layotgan voqealardan ularni xabardor qilish, EDPdan chiqish istagini bildirganlardan arizalarni qabul qilish edi.
Kamina yotoqxona yo’lagida turgan yoshroq ayolga, odatdagidek, o’z hujjatini topshirdi (vaxter ayol qayergadir ciqqan ekan). Muallif 3-qavatdagi xonalardan biriga kirib, 3-4 nafar sobiq EDPchilar bilan suhbatlashdi. Ulardan biri avvalgi yig’ilish paytida bir joyga ketganligi sababli qatnashmagan ekan, u EDPdan chiqish haqidagi arizani yozib berdi. Muallif u xonadan chiqib, boshqa xona eshigini taqillatayotganida, 50 yoshlardagi vaxter rus ayoli 3-qavatga chiqib keldi va kaminaga rus tilida: “Nega keldingiz? Nimaga yotoqxonadagilarni bezovta qilayapsiz?” degan ma’nodagi gaplarni baland, qattiq ovoz bilan ataylab aytib, tortisha boshladi. Kamina unga javoban o’z hujjatini yo’lakda qoldirgani, birorta noqonuniy ish qilmayotgani, tanishlari oldiga ish bilan kelganini aytdi. U javrab-javrab: “Hozir militsiya chaqiraman” deb 1-qavatga tushib ketdi.
Muallif o’sha xona eshigini va yana bir xona eshigini taqillatib, EDP a’zolari bor-yo’qligini so’rab, 1-qavatga tushdi. Vaxterga ketayotganini aytib, shaxsiy hujjatini berishini so’radi. Vaxter ayol kamina hujjatini bermasligini, militsiyaga telefon qilganligini va militsionerlarning kelishini kutayotganligini aytdi. Kamina noiloj militsionerlar kelishini kutishga majbur bo’ldi, chunki shaxsiy hujjatni vaxter ayolda qoldirish ham, u bilan olishib undan o’z hujjatini kuch bilan tortib olish ham mumkin emasdi. Bir oz vaqt o’tib, kattagina LAZ (Lvov avtobus zavodi) markali avtobusda haydovchidan tashqari besh nafar militsionerlar yetib kelishdi. Muallif 1988-1993 yillarda faol ish olib borib, birinchi marta bir fuqaroni hibsga olish uchun militsionerlar LAZ avtobusida kelganini ko’rdi. Ular va ularning rahbarlari Quruvchilar yotoqxonasida EDP boshlang’ich tashkiloti faoliyat olib borganligini bilishardi.
Kaminani militsionerlar hibsga olishayotganida yotoqxonadagilar qarshilik ko’rsatishlari mumkinligini hisobga olib, shu holda ularni ham avtobusga tiqib, olib ketishga tayyor bo’lib kelishgandi. Militsionerlar ratsiya orqali boshqarma bilan doimiy aloqa qilib, vaxter ayoldan shikoyat arizasini, kaminadan va yana bir-ikki kishidan, jumladan kaminani kuzatib chiqqan sobiq EDP a’zosidan (familiyasi esda qolmagan) tushuntirish xatini yozdirishdi. Albatta, yotoqxonaga ishdan qaytayotgan ishchilar, tanish-bilish yigitlar nima bo’layotganini so’rashardi. Kamina ularga tinchlikni saqlash kerakligini aytardi. So’ngra muallifni va o’sha sobiq EDP a’zosini LAZ avtobusiga o’tqazib, M.Ulug’bek tuman Ichki ishlar boshqarmasi (IIB)ga olib ketishdi.
M.Ulug’bek tuman IIBga soat 22.00 larda olib borishib, 1-qavatdagi hibsxonada so’roq qilishdi. Sobiq EDP a’zosidan yana bir marta tushuntirish xatini yozdirib, unga ketishga ruxsat berishdi. Muallifni so’roq qilib, yana bir marta bo’lgan voqealar haqida tushuntirish xatini yozdirishib, shu qavatdagi dastlabki qamoq kamerasi (DQK – “KPZ – kamera predvaritelnogo zaklyucheniya”)ga qamashdi.
Bu fitna, provokatsiya orqasida turgan maxsus xizmat organalarining boshliqlari “Yotoqxonaga kelib janjal qildi” degan oddiy ayb bilan muallifni bir necha yilga qamab yuborish iloji yo’qligini tushunishar edi. Agar hibsga olish payti yotoqxonadagilar qarshilik ko’rsatishganida, “Militsiya xodimlarining xizmat vazifasini o’tashiga ommaviy qarshilik uyushtirgan” degan ayb bilan bir necha yilga qamab yuborishlari mumkin bo’lardi. Shu sababli, kaminaga qarshi kattaroq ayb qo’yish maqsadida kechasi soat 23.30 larda uni yana 1-qavatdagi o’sha xonaga olib chiqishdi. Bir oz vaqt o’tib xonaga militsiya podpolkovnigi (familiyasi esda qolmagan, adashmasa familiyasi “K” harfida boshlanardi, so’roq davomida u o’zi polyak ekanligini ham aytgandi) kirib keldi va so’roq-suhbat olib bordi.
Odatda bunday suhbat-so’roq ig’vogorona, provokatsion ko’rinishda bo’ladi: suhbatdoshingiz mavjud davlat rahbarlarini, ayniqsa prezidentni yomonlab gapira boshlaydi. Agar siz unga qo’shilib yomonlay boshlasangiz, bu suhbat audio yoki video tasmaga yashirincha yozib olinadi. Bu yozuv keyin prokurorga va sudyaga qo’yib eshittiriladi yoki ko’rsatiladi va ushbu fuqaro davlat dushmani, prezident dushmani ekanligi ta’kidlanadi. Shu ayb asosida bu fuqaroga nisbatan o’q-dori, narkotik modda, diniy adabiyotlar va varaqalar tashlab qo’yish orqali tuhmat uyushtiriladi va ko’p yilga qamab yuboriladi …
Militsiya podpolkovnigi so’roq-suhbatni davom ettirib, Mustaqillik nima berdi deb, hozirgi davlat rahbariyatini, prezidentni, uning iqtisodiy siyosatini yomonlab gapira boshladi. Kamina u paytlar eski botinka kiyib yurardi. Shunga ishora qilib, podpolkovnik oyogini stol ustiga chiqarib, sal-pal eskira boshlagan tuflisini ko’rsatib, yaxshi arzonroq poyafzal yo’qligi va juda qimmatligi haqida ham gapirgani muallif esida qolgan. Kamina ehtiyotkorlik bilan hozir o’tish davri qiyinchiliklari ekanligi, O’zbekiston har tomonlama boy mamlakat bo’lib, xalqi mehnatkash ekanligi to’g’risida gapirdi. Suhbat-suroq shu zayilda bir soatcha davom etdi. Keyin podpolkovnikni chaqirib kelishdi va u ketdi. Bir oz vaqt o’tgach muallifni yana DQKga olib borib qamashdi.
Dastlabki qamoq kamerasi (DQK) eni 2-2,5 vetr, bo’yi 2,5-3 metr bo’lib, u yerga aroq ichib, mast holdagi alkashlar ham, xotini bilan urushib militsiyaga tushganlar ham, ko’chada yoki jamoat joylarida bezorilik qilganlar va mushtlashganlar ham, o’g’rilik qilib qo’lga tushganalar ham olib kelib qamab qo’yilardi. Baqir-chaqir so’roqlar bilan birga bu hol kechasi bilan davom etardi. Kameralar zax, miltillab turgan kam quvvatli lampochkani hisobga olmaganda qorong’i edi. U yerda mayda chivinlar uchib, odamlarni talar va uyqu bermasdi. Kamera devorlari betondan iborat bo’lib, polning kattagina qismi taxtadan qilingan edi. Shunday sharoitlarda yotib o’xlash imkoniyati deyarli yo’q edi. Mahbuslarning aksariyati o’tirib, mudrab tongni orttirishardi. Mana shi sharoitda 1993 yil 20 noyabr tonggi ham otdi.
“Xalq so’zi”gazetasining 1993 yil 20 noyabr (shanba) sonida Bayonot, ya’ni “Erk” demokratik partiyasi Toshkent shahar tashkiloti bir guruh faollarining Maktubi” chop etilibdi. O’sha yillari Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Jinoyatchilik oldini olish (Profilaktika) boshqarmasi boshlig’i bo’lib militsiya podpolkovnigi Muhammad Dehqonovich Dehqonov ishlardi. Kaminaning fikricha, shaharda bir kecha-kunduzda bo’lib o’tgan qonunbuzarliklar va hibsga olinganalar haqidagi umumiy axborot nusxasi soat 10-11 larda ko’pgina kuchishlatar organlar rahbarlariga, jumladan podpolkovnik M.Dehqonovga ham berilardi. U ushbu ro’yxatda kaminaning ham familiyasini ko’rgan, kamina esa M.Dehqonov va shunga o’xshash kuchishlatar organ rahbarlariga 1988-1993 yillar davomidagi amaliy ishlari sababli otning qashqasiday ma’lum edi.
U shuningdek “Xalq so’zi” gazetasidagi Bayonot (Maktub)ni o’qib, u yerda ham kaminaning familiysini ko’rgan. Bunday sharoitda muallifni sud qilib, bir necha yilga qamab yuborishning hech iloji yo’qligi, agar kaminani qamoqda ushlab turish davom etsa, keyin u davlat idoralariga shikoyat yozishi va gap-so’zga qolishi, hatto mansabidan ayrilishi mukinligini M.Dehqonov vaqtida tushunib yetgan. Shu sababli u shaxsan o’zi 20 noyabr kuni soat 11.30 larda M.Ulug’bek tuman IIBga keldi.
Muallif o’tirgan kamera eshigi ochilib, podpolkovnik M.Dehqonov ko’rindi. U barmog’i bilan kaminani ko’rsatib: “Siz bu yoqqa chiqing” dedi. Kamina kameradan chiqqach: “Nima bo’ldi o’zi?” deb so’radi. Muallif 19 noyabr kechqurun Quruvchilar yotoqxonasidan militsiya xodimlari tutib kelishganini aytdi. M.Dehqonov kamina yolg’iz yashashini bilardi, chunki ular muxolifatdagilarni to’g’ridan-to’g’ri sindirisha olmasalar, ularning oila a’zolari orqali bosim va tazyiq qilardilar. U: “Siz qachon uylanasiz?” deb savol berdi. Muallif: “Xudo xohlasa, yaqin yillarda uylanish niyatim bor, axir bir umr yolg’iz yashab o’tish niyatim yo’q”deb javob berdi. U: “Kecha sizni nimaga ushlashgani haqida mening nomimga qisqacha yozing, qachon uylanishingiz haqida ham yozing” dedi. Kamina podpolkovnik M.Dehqonov nomiga yarim betlik tushuntirish xatini yozib, oxirida yaqin yillarda uylanish niyati borligini ham qo’shdi. U bu Tushuntirish xatini o’qigach: “Ketavering”dedi.
O’sha yillari muallif “Xalq so’zi” va boshqa gazetalarni har kuni o’qirdi, hatto muntazam obuna bo’lardi. Gazetaning o’sha kungi sonini ochib o’qib, Bayonot (Maktub) chop etilganini va shu Bayonot sabab bo’lib hibsdan ozod etilganligini tushundi.
Muallifning ishonchi komilki, voqealar shunday rivojlanib, EDPdan chiqish haqidagi Bayonotning yozilishi va “Xalq so’zi”da chop etilishi tufayligina, ya’ni Ollohning marhamati sababligina o’sha 1993 yil noyabr kunlarida bir necha yilga qamalib ketmadi, boshqa ko’pgina oddiy erkchilarni ham begunoh qamalib ketishidan saqlab qoldi … Xudoga ming qatla shukur!
Qisqacha voqealarning keyingi rivojlanishi haqida. Shunday qilib, 1994 yil 12 iyunda rahmatli prof. Sh.Karimov Toshkentda, Buyuk Ipak yo’li ko’chasidagi “Gulshan” madaniyat uyida O’zbekiston Istiqlol yo’li partiyasi (IYP)ning ta’sis qurultoyini o’tkazdi. U IYPga mingdan ortiq a’zolar to’pladi, lekin kuchishlatar organlar tazyiqlaridan so’ng IYPning faoliyatini 1995 yil boshida to’xtatishga majbur bo’ldi.
Muallif o’z hamfikrlari bilan O’zbekiston Respublikachilar partiyasi (O’zRP)ni tashkil etishda davom etdi va Toshkent shahar hokimiyatining ruxsati bilan 1994 yil 12 noyabr kuni “Gulshan” madaniyat uyida ta’sis qurultoyini o’tkazdi. O’sha qurultoyda kamina O’zRP raisi etib saylandi. 1993-1997 yillardagi tazyiqlar, ayniqsa 1997 yil yanvar-iyun oylarida Jizzaxdagi qattiq tazyiqlardan so’ng muallif prezident rahbarligida O’zbekiston kuchishlatar organ xodimlaridan iborat yashirin siyosiy kuch borligi, ular yashirin partiya sifatida faoliyat olib borayotgani, shu sababli ularga doir “Milliy xavfsizlik xizmati to’g’risida”, “Militsiya to’g’risida” kabi qonunlar ataylab qabul qilinmayotganligi, ular esa o’zlari xohlagandek qonuniy va noqonuniy yo’llar bilan davlatni boshqarayotganini tushunib yetdi.
Shu sababli 1997 yil yozidan O’zRP o’z faoliyatini deyarli to’xtatib, kamina kurash taktikasini tubdan o’zgartirishga, ko’proq inson huquqlarini himoya qilish yo’nalishida faoliyatni davom ettirish, politsiyaviy rejimning haqiqiy basharasini kitoblar va maqolalar yozish orqali ochib berish yo’lidan bordi. Bular haqida kamina qisman maqolalarda va kitobcalarida yozgan, keyingi maqolalarda va kitoblarida ham yozish niyati bor, Xudo xohlasa. Kurashlar bir kun ham to’xtagani yo’q. Kurashlar xalqaro qonunlar doirasida tinch yo’llar bilan davom ettirilmoqda.
E-mail: shuhrat1954@yahoo.com
2006 yil 19 avgust. Toshkent, soat 13.30.
Нобел мукофоти номзоди - миллий ғуруримиз, шоири замон ЮСУФ ЖУМАни озод этиш учун овозингизни ютманг! 