Muxolifat tarixidan lavhalar

MEN “ERK” PARTIYASINI TARK ETDIM

Ha, ishonavering: Men “Erk” partiyasini tark etdim. Asosiy sababni lo’nda qilib aytganda, men hech qachon “Erk” partiyasining hozirgi taktik yo’lida turmaganman va uni qo’llab-quvvatlamaganman.
Ushbu masalani bir boshdan tushuntirib berishga harakat qilaman. Shu yil (1993 yil, A.Sh.) sentyabrda “Erk” demokratik partiyasining navbatdagi 4-qurultoyi bo’ldi. Unda partiya Markaziy Kengashining muhokama qilingan hisoboti yuzasidan ko’pchilik qatorida men ham so’zga chiqdim. Lekin qurultoy delegatlari so’zimni oxiriga qadar yetkazishimga imkon bermadilar. Men o’z so’zimni yarim yo’lda to’xtatishga majbur bo’ldim. Albatta, ushbu satrlarni o’qiyotgan har bir kishi darhol bu voqeaning sababini bilishga qiziqadi: nima sababdan bu odamning so’zini bo’lishdi ekan? Yo bu odam chetdan kelgan, partiyaga begona odammikan? U balkim “Erk” partiyasiga qarshi gapirgandir? Shodi Karimovning o’zi kim?

Ana shu va shuning singari boshqa savollarga o’rin qoldirmaslik uchun “Erk” demokratik partiyasining qurultoyida nima haqda gapirganligimni bayon qilishdan oldin o’zim haqimda ba’zi bir ma’lumotlarni o’quvchi hukmiga havola qilsam. Men Toshkent davlat iqtisodiyot dorilfununining “O’zbekiston tarixi” kafedrasida professor lavozimida ishlayman. Bu oliy o’quv dargohida 1961 yildan beri mehnat qilaman. 1988 yildan e’tiboran “Birlik” xalq harakati saflarida faol qatnashdim, uning birinchi qurultoyida taftish hay’ati raisi etib saylandim. “Birlik” xalq harakati ikkiga bo’linib ketganda, men Muhammad Solih guruhi tomonida bo’ldim. Chunki bu guruh Abdurahim Po’latov rahbarligidagi boshqa guruhga qaraganda, kurashning ma’rifatli va tashkiliy uyushqoq yo’lini tanlagan edi, quruq ko’cha changitishdan iborat to’s-to’polon va bebosh anarxiya yo’liga qarshi chiqqandi. Biz Muhammad Solih boshchiligida “Erk” demokratik partiyasini tuzdik. Toshkent shahar Kengashining deputatiman.
“Erk” partiyasiga a’zo bo’lganimdan so’ng meni partiyaning raisi Muhammad Solih o’z xonasiga chaqirib:
- “Shodi aka! Men sizni Toshkent shahar va viloyat partiya tashkilotiga kotiblikka tavsiya qilmoqchiman, yo’q demang, iltimos. Chunki sizning hayotiy tajribangiz partiyaga kerak. Hozir bu vazifada ishlab turgan Abdulhay Abdumavlonov ishni eplay olmayapti”, – dedi. Men rozi bo’ldim. Haqiqatdan bu davrda Toshkent shahri va viloyati bo’yicha birorta na partiya yacheykasi, na tuman partiya tashkiloti tuzilmagan edi. Ishni noldan boshlashga to’g’ri keldi. Ollohga ming marta shukrkim, harakatlarimiz zoye ketmadi, 8-9 oy ichida viloyatning to’qqiz va shaharning sakkiz tumanida partiya tashkilotlari vujudga keldi, partiya a’zolarining soni muttasil oshib bordi. Toshkent shahar va viloyat partiya tashkilotining omma o’rtasida obro’si hamda ta’siri ko’chaydi, partiya a’zolari bilan idoramiz xonalari, majlis zallarimiz gavjumlashadigan bo’lib qoldi.
Partiyaning tashkiliy uyushib va shakllanib borayotganligi kimnidir bezovta qilar va uning halovatini buzardi. Kimgadir bizning ish rejamiz yoqmas, kimgadir partiya hay’atini o’tkazish bo’yicha yozib qo’ygan e’lonlarimiz va undagi kun tartibi ma’qul bo’lmasdi. Ish shu darajaga borib yetdiki, “Erk” partiyasi markaziy boshqaruv hay’atining bir guruh a’zolari har doim bizning Toshkent bo’limi hay’ati majlislariga kirib o’tirishni odat qilib oldilar. Partiyaviy ishning bunday “bilimdonlari”:

Dilorom Isoqova, Hamidulla Nurmuhamedov, Abdulhay Abdumavlonov, Ibrohim Haqqul va boshqalar bo’lib bizning ish yuritish uslubimizga qarshi chiqib, tirnoq orasidan kir qidirar va har doim hay’at majlisini janjalga aylantirar edilar. Ular: nima uchun siz partiyaga yangi a’zolarni Toshkent bo’limida qabul qilasiz? Toshkent tashkiloti uchun partiya Nizomi emas, balki markaziy hay’atning maxsus qarori bor, ana shu qaror asosida ishlashimiz kerak. Bu qarorda partiyaga yangi a’zolar qabul qilish huquqi Toshkent bo’limiga berilmagan, balki markaziy hay’atga berilgan. Men esa bunday ish uslubidan nima qilarimni bilmay boshim qotardi.

Axir, partiyada yagona Nizom bo’lgach hamma viloyat va shahar tashkilotlari unga bir xil amal qilmaydilarmi? Partiya Nizomida uchta partiya a’zosi bo’lgan joyda boshlang’ich partiya bo’limi tuzish mumkin va unga yangi a’zolar qabul qilish huquqi beriladi, deyilgan-ku! Ular udag’aylab: nega siz “Erk” partiyasining boshqa siyosiy partiyalarga, “Birlik”ka, Islom diniga munosabati masalalarini hay’at kun tartibiga kiritasiz, deb meni hol-jonimga qo’ymasdilar va mening haqimda partiya raisiga doimiy “axborotlar” yetkazib turishardi.

Muhammad Solih esa yosh go’daklardek bu “axborotlar”ni yuz foiz qabul qilar va darhol meni chaqirib: “nega siz Diloromni xafa qildingiz, ertasiga, nega Ibrohim Haqqulni koyidingiz?”, nega unday dedingiz, nega bunday dedingiz, deb masalaning mohiyatini surishtirib o’tirmasdan, tahlil qilmasdan so’roqqa tutaverardi.
Men, ma’lum darajada shakllangan va uyushgan Toshkent shahar va viloyat partiya tashkilotiga kotiblik kimgadir kerak bo’lsa kerakda deb o’ylab, raisning bunaqangi muomalasi-yu, ish uslubidan charchab partiya kotibligidan ketishni so’rab uch marta ariza berdim. Uchinchi arizadan so’ng partiya ishiga kelmay qo’ydim. Toshkent shahar va viloyat partiya tashkilotiga kotiblik yana o’sha Abdulhay Abdumavlonovga topshirildi.
Toshkent shahar va viloyat partiya tashkilotida ish o’z holiga tashlab qo’yilganligidan ilgarigi tuzilgan va shakllantirilgan partiya tashkilotlari ham o’z faoliyatlarini to’xtatib qo’ydilar. Partiya raisi Muhammad Solih Toshkent shahar va viloyat partiya tashkiloti hay’ati hamda uning faollaridan Hafiza Nasrullayeva, Nabijon Usmonov, Hurram Ashurov va boshqalarning talabi bilan Toshkent shahar partiya faollari anjumanini chaqirib shahar bilan viloyat partiya tashkilotini bo’lib, kechirim so’rab, meni Toshkent shahar partiya tashkiloti kotibligiga tavsiya qildi, Abdulhay Abdumavlonov esa Toshkent viloyat partiya tashkiloti kotibligida qoldirildi.

Aytmoqchimanki, ana shu o’tgan davr mobaynida partiya raisi Muhammad Solih ishongan va suyangan Dilorom Isoqova, Hamidulla Nurmuhammedov, Abdulhay Abdumavlonov va boshqalar Toshkent shahar va viloyat partiya tashkilotiga shu darajada qattiq zarba berdilarki, bu zarbadan so’ng partiya tashkiloti o’zini hamon o’nglab ololmayotir. Toshkent shahar, tuman tashkilotlarini shu paytga qadar qaytadan tiklab bo’lmayotir. Toshkent viloyat partiya tashkiloti esa Abdulhay Abdumavlonov boshchiligida batamom inqirozga uchradi. Buni biz yaqinda bo’lib o’tgan “Erk” demokratik partiyasi qurultoyida birorta ham partiya a’zosi delegat bo’lib qatnashmaganligi misolida yorqin ko’rishimiz mumkin. Partiyaning yangi saylangan Markaziy Kengashi tarkibiga barcha viloyatlardan uchtadan vakil kirgani holda, poytaxt viloyati nomidan Toshkent shahrida yashovchi va viloyatga aloqasi bo’lmagan Hamidulla Nurmuhamedovning kiritilishi Toshkent viloyatida “Erk” partiya tashkiloti sifatida tugaganligini ko’rsatadi.
Shu o’rinda yana bitta muhim masalaga albatta e’tibor berish lozim. Yuqorida nomlari tilga olingan “arboblar”ning “jonkuyarligi”, partiya faollari o’rtasida olib borgan parokandalik ishlarining mevasi o’laroq partiya markaziy hay’ati deyarli o’z faoliyatini to’xtatish darajasiga borib yetdi, partiya idorasiga odamlar kam keladigan bo’lib qoldilar. G’alamislik va turgan bitgani fitnalikdan iborat bu soxta demokratiya “dohiy”larining qiladigan hatti-harakatlari oddiy odamlarning yetti uxlab bir marta tushiga ham kirmaydi. Oddiy bir misolni oling: 1993 yil 16 mayda “Erk” partiyasi Markaziy Kengashi majlisi bo’ldi. Unda O’zbekistondagi siyosiy partiyalar, harakatlar va barcha fuqarolarga qarata murojaat qilindi va ularni tinchlik, osoyishtalik hamda milliy barqarorlikka da’vat etildi. Partiyaning navbatdagi qurultoyini 1993 yil avgust oyining ikkinchi yarmida o’tkazish belgilandi. Markaziy Kengash plenumi Bosh kotib vazifasini bajarib turgan Sodiqjon Yigitaliyevga va menga rasmiy hokimiyat bilan muloqot va hamkorlik asosida ish olib borishga vakolat berdi.

M.Solih Markaziy Kengash majlisida ishtirok etmadi, chunki u 1993 yil may oyininmg boshlaridan beri chet elda istiqomat qilmoqda edi.
Kechqurun uyda o’tirsam telefon jiringlab qoldi. Muhammad Solih qisqacha salom-alikdan so’ng:
- “Shodi aka, hech qanday qurultoy avgustda bo’lmaydi. Hozir qurultoy mavridi emas. Qurultoyni keyin qilamiz”, – dedi. Men hang-mang bo’lib qoldim. Partiya Markaziy Kengashining qurultoy to’g’risidagi qarorini partiya raisi bir chaqaga ham olmasa-ya. Axir uning o’zi partiya qurultoyini iyun oyiga belgilagan edi-ku.
Ertasi kuni “Erk” partiyasi idorasiga kelsam, Toshkent shahar partiya tashkilotining ish yurutuvchisi Qahramon Eshmurodov qo’limga ariza tutdi. Unda: partiya markaziy hay’atining kotibi Hamidulla Nurmuhamedovning buyrug’iga asosan vaqtincha partiya idorasida ishlab turgan Safar Urganji (Markaziy Kengash a’zosi) (u o’z maqolalariga va kitobiga Safar Bekjon deb imzo qo’ygan, A.Sh.) shahar partiya tashkilotining muhrini olib temir sandiqqa solib qo’yganligi yozilgan ekan. Men tushunmadim. Axir muhr Toshkent shahar partiya tashkilotiniki bo’lsa, Hamidulla Nurmuhamedov kim o’zi? “Erk” kotibi Safar Urganji-chi? Partiya Markaziy Kengashining a’zosi … Shahar partiya tashkilotining muhrini tortib olishga kim huquq berdi ularga? Bunday “demokratlarcha” tartib-qoida “Erk” partiyasidan boshqa yana qaysi partiyada bor? Keyin ma’lum bo’lishicha, Muhammad Solih Sodiqjon Yigitaliyevni va meni sotqinga chiqaribdi. Sodiqjon Yigitaliyev bilan Shodi Karimovning ‘sotqinligi”ning mohiyati nimadan iborat edi? Ularning “sotqinligi” partiya a’zolarini, barcha fuqarolarni, tinchlik va osoyishtalikka, milliy birlikni ta’minlashga qaratilgan Murojaat partiya Markaziy Kengashi plenumida faqat bir kishi qarshi chiqqan holda qabul qilingan edi. Bunday harakat sotqinlik, partiyaga xiyonat bo’lsa, men bunday harakatni har kuni qilishga, agar kerak bo’sa “Erk” partiyasidan chiqib bo’lsada, bu harakatni davom ettirishga tayyorman!
Toshkent shahar partiya tashkilotining muhrini olib qo’yganlar Shodi Karimov bu muhrni qandaydir o’zining shaxsiy manfaatlari yo’lida ishlatmasin tag’in deb shubhalangan, hadiksiragan bo’lsalar kerak. Chunki har bir odam boshqa birovlarni ham o’ziga o’xshatar ekan, o’zi o’g’ri bo’lsa boshqa birovni ham o’g’ri deb hisoblar ekan. Ammo hayot hamma narsani o’z o’rniga qo’yadi. O’zbekistondagi ro’znomalarda bosilgan “O’g’ri kim?” maqolasini o’qigan har bir inson sizlarning kimligingizni bilib oldi. Og’zida millat, xalq, ozodlik, demokratiya?… Amalda-chi?
Men Muhammad Solihga quyidagilarni aytmoqchiman:
Millat va yurt fidoyisi bo’lgan o’nlab, yuzlab haqiqiy “erk”chilar tufayligina siz Muhammad Solih bo’ldingiz, o’z nomzodingizni O’zbekiston Prezidentligiga qo’ydingiz, 1200 mingdan ortiq saylovchi sizga ovoz berdi. O’zbekiston xalq deputati bo’ldingiz … Bu yutuqlar sizni esankiratib qo’ydi, siz osmonu falakka chiqib ketdingiz. Siz biz kabi fidoyilarga rahmatlar aytish o’rniga yettinchi samodan turib yuzimizga tupurayapsiz.
Siz o’zining shaxsiy manfaatini partiya va xalq manfaatidan yuqori qo’yadigan, mansab va hokimiyat og’ushida hech narsadan tap tortmaydigan, kerak bo’lsa bu yo’lda fuqarolar qonini to’kib bo’lsa-da, rahbarlik shohsupasiga chiqish orzusida yurgan, ambitsiyaga berilgan shaxs bo’lib chiqdingiz. Suhbatlarimizda siz har doim “10-15 odamning qoni to’kilsa ham mayli, bu xalqning ko’zini ochadi” der edingiz. Bu gaplarning mag’zini mana endi men chaqayapman. Yana bu janoblarning O’zbekistonda demokratiya yo’q, insoniy huquqlar bo’g’ilayapti, deb ayyuhannos solishganiga hayron qolasan kishi. Sizningcha nima qilish kerak? O’g’riga ham, bezoriga ham ko’cha changitib yuradigan to’polonchiga ham davlat yo’l qo’yib, o’zi tomoshabin bo’lib kuzatib qarab tursa, shu demokratiya bo’ladimi? Yoki demokratiya hokimiyat tepasiga faqat Muhammad Solih kelsagina amalga oshgan bo’ladimi?

Barcha siyosiy partiyalar va harakatlar O’zbekiston qonunlari va Konstitutsiya doirasidan chiqmasliklari, unga buysunishlari kerak emasmi? Xususan Prezidentlik saylovida g’alabani boy bergan Muhammad Solih, ayniqsa, o’z qadamini odob va axloq doirasida o’ylab bosishi kerak edi-ku. Hali u yerda, hali bu yerda ruxsat etilmagan mitinglarni belgilash, Prezidentga qarshi kitobchalar chiqarish, deputatlik mandatini namoyishkorona tashlab chiqib ketish kabi harakatlar aqlli, farosatli va hayotiy tajribaga ega bo’lgan kishinig ishimi? Bu harakatlarni har bir kishi Muhammad Solih Prezident bo’lolmagach alamidan qilayapti, den o’ylamaydimi?
Ikki og’iz “Erk” haftanomasi haqida. Bu haftanoma sahifalarida O’zbekistondagi hayot faqat qora bo’yoqlarda yoritildi. Kim ishonadi bunday afsonaga? Bu ham mayli. Adolat, haqiqat va to’g’rilik “himoyachilari” bo’lmish “Erk” tahririyati xodimlari haftanoma sahifalarida e’lon qilingan maqolalarning qalam haqlarini mualliflarga bermasdan o’zlari imzo chekib olsalar bunga kim aybdor? Hukumat “Erk”ka, haftanoma muharririyatiga rahmatlar aytib, mukofotga tavsiya etsinmi? Haqiqatchi, adolatparvar bo’lsang, oldin bu ishni o’zingdan boshlamaysanmi?
Endi “Erk” demokratik partiyasining 4-qurultoyida mening tugallanmay qolgan nutqim mazmuni bilan tanishsangiz bo’ladi. Men o’z chiqishimni o’qib eshittirishdan oldin “Erk” partiyasi Markaziy Kengashining partiya qurultoyiga hisoboti yuzasidan partiya raisi Muhammad Solih, partiya markaziy hay’atining kotiblari Abdulhay Abdumavlonov va Otanazar Oripovlarning bergan hisobotlari (agar ularni hisobot deb aytish mumkin bo’lsa) haqida o’zimning munosabatimni bildirmoqchi edim.
Shaxsan men partiya raisi Muhammad Solihning magnitafon lentasidan ko’chirib olib Namoz Mamatqulov (“Erk” partiyasi Surxondaryo viloyat kotibi) tomonidan o’qib eshittirilgan matnini partiya qurultoyiga raisning hisoboti deb hisoblamayman. Bu matn ma’rifiy xarakterdagi ehtiros bilan yozilgan ma’ruza bo’lib, odamlarning ruhiy holatlariga psixik tomondan ta’sir qilib qizdiradigan va ularni qo’zg’alish va jonlanishga qaratilgandir. Unda Prezident va hukumat sha’niga buhtonlar bilan aytilgan ancha do’q-po’pisa va balandparvoz jumlalar bor. Bunday ma’ruzani har qanday yozuvchi, olim yoki ziyoli Muhammad Solihga qaraganda ham zo’rroq va kuchliroq ehtiros va ilhom bilan qoyilmaqom qilib yozib berishi mumkin edi. Partiya raisi Muhammad Solih ushbu qurultoyga ma’rifiy ehtirosli ma’ruza emas, balki partiya Markaziy Kengashining, partiya raisining hisobotini yozib yuborishi kerak edi. Unda hisobot davrida qilingan partiyaviy-siyosiy va tashkiliy ishlar atroflicha tahlil qilinishi, partiyaviy faoliyatdagi ijobiy va ibratomuz ishlar, yo’l qo’yilgan xatoliklar, kamchilik va nuqsonlar, ularning sabablari yuqori nazariy va siyosiy darajada ochib berilishi, bu xato va kamchiliklarni bartaraf etish yo’llari ko’rsatilishi, hozirgi bosqichda partiya oldida turgan asosiy vazifalar, partiyaning strategik va taktik yo’li asoslab berilishi lozim. Ming afsus, ma’ruza biz kutgandek bo’lmadi, ehtiros, hukumatga, Prezidentga buhton birinchi o’rinda bo’ldi.

Markaziy hay’at kotibi Abdulhay Abdumavlonovning chiqishini hozir hammamiz tingladik, u quruq oldi-qochdi gaplardan iborat bo’ldi, chunki kotibning o’zi hisobot davrida deyarli hech qanday foydali partiyaviy faoliyat ko’rsatmadi desa bo’ladi. Markaziy hay’atning yana bir kotibi Otanazar Oripovga, uning otasiga ming rahmat: u hech yashirmasdan kamtarona bir tarzda bo’yniga olib, men aytarlik hech narsa ish qilmadim, deb qo’ya qoldi.
Ikki og’iz so’z “Erk” partiyasi Markaziy Kengashining Bosh kotibi vazifasini bajarib kelgan Sodiqjon Yigitaliyevning hisobot ma’ruzasi haqida. Unda “Erk” demokratik partiyasi Markaziy Kengashining hisobot davridagi faoliyati xolis, oqilona va ziyraklik bilan tahlil qilindi, partiyaning hozirgi davrdagi asosiy vazifalari va taktikasi asoslandi.
Endi men “Erk” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi, hay’ati va raisining hisobot davridagi faoliyatiga munosabatimni bayon qilishga o’tsam. Haqiqatdan ham bugungi kunda “Erk” demokratik partiyasi o’z boshidan bo’hronli kunlarni kechirmoqda. Bu bo’hron partiyamiz faoliyatining barcha sohalarini o’z ichiga qamrab oldi, ya’ni ham siyosiy, ham g’oyaviy va ham tashkiliy jihatdan partiya boshi berk ko’chaga kirib qoldi. Partiya bilan ommani bog’lab turgan eng muhim vosita bo’lgan “Erk” haftanomasini chiqarishdan mahrum bo’ldik. Ikkinchidan esa, omma bilan partiya o’rtasidagi aloqaning yana bir muhim vositasi bo’lgan parlament tribunasini qo’ldan boy berdik, boy berdik emas, o’z ixtiyorimiz bilan ongli suratda uni tashlab chiqib ketdik.
Yuqoridagi sabablarga ko’ra partiyaning omma o’rtasidagi faoliyat doirasi torayib ketdi, u sektaga aylanib qoldi. Qonuniy savol tug’iladi. Partiyaning bunday ahvolga tushib qolishi ildizlari, uning asosiy sabablari qayerda? Albatta, ba’zi bir kaltabin siyosatdonlar hamma aybni hukumat va Prezident olib borayotgan siyosatga to’nkashlari mumkin. Ish bor joyda kamchilik albatta bo’ladi. Biroq partiyaning hozirgidek o’gir va achinarli bir ahvolga tushib qolganligining eng asosiy aybdori va sababchisi deb partiya rahbariyatini, uning siyosat maydonidagi no’noqligi, yo’l qo’ygan xato va kamchiliklardan xulosa chiqara bilmaslik deb hisoblayman. Ular nimalardan iborat? Bu avvalo nazariy saviyaning qashshoqligi, partiyaviy tashkiliy ishlarda savodsizlik, uquvsizlik, partiyaviy tashkilotchilikning yo’qligi, siyosat bobida kaltabinlik, uzoqni ko’ra bilmaslik, hayotiy tajribasizlik, axloq-odob va oddiy insoniy muomalalardagi nuqsonlar, qo’pollik va dag’allik, “so’l”larcha radikallik, o’zidan boshqani tan olmaslik va “men” kasalligiga mubtalolik, mahalliychilikdir.
Bu sanab o’tilgan kamchilik va nuqsonlar bir-biri bilan o’ta chambarchas bog’langan bo’lib, o’z faoliyatini millat va xalq taqdiriga baxshida etgan “Erk” demokratik partiyasi faollari uchun, xususan uning yetakchisi uchun kechirib bo’lmaydigan xavfli kamchilik va nuqsonlardir. O’zingiz o’ylab ko’ring, yetarli darajada hayotiy tajriba va nazariy saviyaga ega bo’lmasdan turib, oppozitsion partiya faoliyatiga rahbarlik qilish, uni boshqarish mumkinmi? Nazariya partiyaga jamiyat taraqqiyotining ob’ektiv rivojlanish qonunlarini payqash va ko’ra bilish, har qanday sharoitda ham adashmasdan, yanglishmasdan to’g’ri va oqilona yo’lni tanlashga yordam beradi. U asosiy strategik yo’ldan chekinmagan holda turli davrlarda turlicha taktik yo’lni qo’llash imkoniyatini tug’diradi.
“Erk” partiyasining rahbariyati esa ana shu nazariy, g’oyaviy qashshoqlik oqibatida SSSR mavjudligi davrida ham, SSSR qulagach Mustaqil O’zbekiston vujudga kelgan sharoitda ham bir xil kurash taktikasi yo’lini tanladi. Ob’ektiv taraqqiyot qonuni bu yo’lni qabul qilmadi, uni inkor etdi. Xolbuki partiyamiz sobiq SSSR sharoitida o’zbek tiliga davlat tili maqomini berish, O’zbekistonning milliy mustaqilligini ta’minlash uchun o’sha davrdagi sharoitdan kelib chiqib kurashgan va to’g’ri qilgan edi.
Endi-chi? O’zbekiston o’zining milliy mustaqilligiga erishgan bugungi kunda ahvol qalay?
O’zbekiston hukumati, uning Prezidenti bugungi kunda o’zbek tiliga, O’zbekistonning milliy mustaqilligiga qarshimi? Yo’q, albatta. Aksincha o’zbek tilining rivoji va ravnaqi uchun jon kuydirmoqda, O’zbekistonning milliy davlat mustaqilligini yanada mustahkamlashga fidoyilik qilmoqda. Bunday sharoitda partiyamizning pozitsiyasi qanday bo’lishi kerak? Uning taktikasi kurash usuli-chi? Axir biz ushbu masalalarda Prezident bilan hamfikr, hamdard yakdil va hamkor bo’lishimiz kerak emas-mi? Biz ushbu masalalarda Prezident atrofida uyushib, respublikadagi barcha kuchlar, siyosiy partiyalar barcha demokratik harakatlar hamkorligi va birligini ta’minlab KPSS va SSSRni tiklash uchun harakat qilayotgan kuchlarga qarshi kurash jabhasini tuzishimiz lozim emasmi? KPSS va SSSRni tiklashni qo’msayotgan va orzu qilayotgan kuchlar O’zbekistonimizning o’zida ham, uning tashqarisida ham bor ekanligidan kim ko’z yuma oladi? Turli siyosiy partiyalar va harakatlar har xil vaj-korsonlarni ro’kach qilib, aravani har tomonga quruq olib qochib, milliy birlik va tahlika ostiga qo’ymayotganliklariga bugungi kunda kim kafolat bera oladi?!
Biz o’tish davrida turibmiz, O’zbekistonimiz o’z davlat mustaqilligining endigina ikki yilligini nishonladi. O’zbekistonda demokratiya yo’q, deb “Ozodlik”, “Svoboda” va boshqa tarmoqlar orqali o’z ona yurtimizga qora balchiqni sochavergan bilan ahvol o’zgaradimi? Qonuniy savol tug’iladi: SSSR parchalanib o’zining davlat mustaqilligiga erishgan ittifoqchi respublikalarning qaysi birida demokratik jarayonni yo’lga qo’yishdagi tajribasi bizga o’rnak-namuna bo’la oladi? Rossiya tajribasimi? Balki ming-minglab odamlarning qirg’in bo’lishiga sabab bo’layotgan Gurjiston, Armaniston va Ozorlar tajribasi bizga namunadir? Yoki qon-qondosh qo’shnimiz Tojikiston tajribasi bizga qo’l keladimi? Yo’q, albatta. Biz hayotga ochiq ko’z bilan qaramog’imiz kerak. Murakkab tarixiy bir o’tish jarayonida aql va farosat bilan ish tutish lozim. Bu o’rinda dono xalqimizning “yetti o’lchab bir kes” degan naqliga amal qilaylik. Xalqimiz uchun bugungi o’tish davrida ob’ektiv va sub’ektiv sabablarga ko’ra mavjud bo’lgan qiyinchiliklardan ko’z yummagan holda istiqboli ulug’ va qudratli O’zbekistonimizni barpo etish ishonchi bilan nafas olaylik. Buning uchun hozirgi kunda oldimizda faqat bitta yo’l bor, u ham bo’lsa, milliy hamkorlik yo’lidir. Ana shu g’oya atrofida birlashmas ekanmiz, ba’zi bir gina-kudratlar bilan aravani turli tomonlarga olib qochar ekanmiz, kelajagi buyuk va qudratli mustaqil O’zbekistonga ko’z tikib bo’lmaydi. Biz unda uchinchi marta milliy mustaqilligimizni qo’ldan boy beramiz.
Endi ikkinchi eng muhim masala – partiyaning o’zi haqida nima deyish mumkin? Partiyamiz rahbariyati partiyaning o’zi nima ekanligini yaxshi biladimi? Partiya yagona maslak, yagona dunyoqarash va g’oyalar birligi asosida shakllangan fidoyi kishilar yig’indisi ekanlgini, barcha partiya a’zolari uchun bir xil intizom bo’lishligini, partiya faoliyati demokratik jarayon asosida qurilishi, tanqid va o’z-o’zini tanqid partiya rivoji uchun g’oyatda katta ahamiyatga ega ekanligini rahbariyat tushunadimi? Agar tushunsa, nega bu partiya faqat bir kishining partiyasi bo’lib qoldi?
Nega partiyaning raisi partiya Markaziy Kengashining 1993 yil 16 mayda qabul qilgan barcha qarorlarni, shu jumladan shu yil avgust oyining ikkinchi yarmida “Erk”demokratik partiyasining navbatdagi 4-qurultoyini chaqirish to’g’risida yakdillik bilan qabul qilgan qarorlarini ham bir chaqaga olmasdan, uni yolg’iz o’zi bekor qildi?
Partiya raisi Muhammad Solih xorijiy mamlakatlarda yurib “Ozodlik” radiosidan tashqari turli xil doiralarda o’tkazgan savol-javob, ma’ruza va muloqotlarida O’zbekistonga, hukumat va Prezidentga gina tosh otish bilan kifoyatlangani yo’q. U endi partiyadagi o’z safdoshlariga qarshi ham kurasha boshladi. O’zga mamlakatlarda yurib, partiya Markaziy Kemngashi saylagan shaxsni lavozimidan bo’shatib, yaqinda O’zbekiston Oliy sudida “Milliy majlis” degan jinoiy ish bo’yicha sudlangan Otanazar Oripovni Bosh kotiblikka tayinlash to’g’risida buyruq chiqaribdi. Hamma narsani chet mamlakatda turib, Muhammad Solihning yakka o’zi hal qiladigan bo’lsa, butun boshli partiyadan u ustun tursa o’z-o’zidan savol tug’imaydimi: qurultoy chaqirib partiyaning Markaziy Kengashi-yu, booshqaruv hay’atining saylanishining kimga keragi bor? Bugungi kunda “Erk” partiyasining shiori “Solih deganimiz – partiya demak, partiya deganimiz – Solih demakdir”, bo’lib qoldi. Partiya faollaridan hisoblanmish Dilorom Isoqova esa raisga hamdu sano aytish bobida o’rnak ko’rsatayotganlardan biridir.
Partiya raisiga sodiqlardan yana biri Markaziy Kengash kotibi Hamidulla Nurmuhamedovdir. U kishi raisga jon fido qilib xizmat qiladi, partiyaning oddiy a’zolariga esa zaharini sochadi. “Millat fidoyisi” bo’lgan bu inson partiyaga sodiq va xoinlarni bir qarashdayoq payqaydigan kamyob “fazilat”ga ega emish. Albatta, bundaylarni u tezda partiyadan quritish payiga tushadi va hech ikkilanmasdan buyruq beradi: “Shodi Karimov, Ziyodilla Ziyomov sotqin, u yuqoridan maxsus qo’yilgan, uni partiyadan o’chiring, Shuhrat Ahmadjonovning saviyasi past, tuman kotibligidan haydang!” “Erk” partiyasi markaziy hay’atida katta-katta lavozimlarni egallab turgan bunday g’alamis shaxslar ustiga-ustak g’oyat xavfli “so’llik” kasali – “men” bilan kasallanganlar. Ular – ilgari birorta partiyada bo’lmagan faqat bizgina “Erk” partiyasiga, uning rahbariy lavozimiga loyiqmiz, deb hisoblaydilar. Ularning fikricha, Kommunistik partiya saflarida bo’lganlarning hammasi sotqin va xoin. Ilgari rahbarlik lavozimlarida ishlaganlarni “Erk” partiyasiga yo’llatmang. Davlat tizimida ishlayotganlarning hammasi bizning dushmanlarimiz.
“Men” kasaliga mubtalo bo’lgan “Erk”demokratik partiyasi Markaziy hay’ati rahbariyatida in qurib olgan bunday g’o’r tashkilotchilar tufayli partiya keyingi paytlarda ommadan, xalqdan ajralib qoldi. Uning saflarini millat – yurt va O’zbekiston manfaatlarini o’ylab, “Erk” partiyasi Dasturidagi maqsad va vazifalarni amalga oshirish niyati bilan kelib kirgan ko’plab partiya a’zolarining hafsalalari pir bo’lib tark etdilar. “Erk” demokratik partiyasining 4-qurultoyiga qadar ilgarigi qurultoyda saylangan markaziy hay’at a’zolari tarkibidan deyarli hech kim qolmadi. Hay’at amalda o’z faoliyatini to’xtatdi. Nazariy xaltasi bo’sh, siyosatda kaltabin, butun qalbini mahalliychilik og’usi zaharlagan bunday maslahatchilarga tayangan partiya raisi Muhammad Solihning ahvolini endi tushunsa bo’ladi, albatta.
U partiya qurultoyidan nega qo’rqdi? Partiya qurultoyi partiya faoliyatini to’xtatib qo’yadi, deb qo’rqdimi? Yo’q, albatta. Muhammad Solihni partiyaning taqdiri, uning kelajak oldidagi, millat va xalq oldidagi istiqboli zarracha bo’lsa-da, qiziqtirgan emas. Muhammad Solih bu yerda hamma narsadan o’z shaxsiy manfaatini ustun qo’ydi va faqat ana o’sha manfaat uning oromiga tinchlik bermadi: mabodo charx aylanib ketsa-yu, navbatdagi muddatda qurultoyda partiyaning raisligiga saylanmay qolsa-ya? Unda nima bo’ladi? Unda Muhammad Solih xorijiy mamlakatlarda yurib o’z yurti O’zbekiston sha’niga, uning hukumati sha’niga uydirma, yolg’on-yashiq va buhtonlarni aytish imkoniyatidan mahrum bo’lardi. “Erk”demokratik partiyasining bugungi kunda boshi berk ko’chaga va tang ahvolga tushib qolganligini endi tushungandirsiz. Bu partiya o’zida oddiy bir markazni, uning tashkiliy ishini yo’lga qo’ya olmagani holda qanday qilib tashkiliy uyushgan siyosiy kuch sifatida O’zbekiston miqyosida oppozitsion yo’l tutib maydonga chiqadiyu, hokimiyat uchun da’vogarlik qiladi?
“Erk” partiyasini g’oyatda og’ir bo’hrondan olib chiqish yo’li bor. Bu yo’l – aql, farosat, ob’ektiv haqiqat yo’li, hayotga kundalik voqea hodisalarga ochiq va to’g’ri ko’z bilan qarash yo’lidir. Bu yo’l boshqa siyosiy partiyalar, hukumat va Prezident bilan hamkorlik qilish yo’lidir. Partiya Nizomida biz parlament partiyasimiz deyilgan. Demak, kurashning parlament yo’lini o’tkazish lozim.
Yuqorida aytilgan fikr va xulosalarni yakunlab men shu narsani qayd qilmoqchiman:
- Men “Erk”demokratik partiyasiga Muhammad Solih shaxsini ulug’lash uchun kirgan emasman. Balki partiya dasturidagi g’oyaviy talab va ehtiyojlarimni to’la qondiradigan aniq va zaruriy muammolar meni bu partiyaga yetaklab kelgandi. Partiya raisi Muhammad Solihning bugungi kundagi hokimiyat uchun kurash usuli menga ma’qul emas. Men ilgari surayotgan g’oyalar, men taklif qilayotgan kurashning taktik usullarini partiya qurultiyo inkor etib, mening so’zlashimga ham imkon bermagan ekan, men bu partiyada qola olmayman va “Erk”demokratik partiyasidan chiqqanligimni bildiraman. Chunki men hech qachon anarxiya yo’lini, millatni beboshlarcha ikkiga bo’lib bir-biriga qarama-qarshi kurashga chorlovchi yo’lni qo’llamaganman va bu yo’lni millat va yurt taqdiri uchun eng xavfli hamda fojeali yo’l deb bilaman.

Shodi KARIMOV,
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati,
“Erk”demokratik partiyasining Toshkent shahar
tashkilotining sobiq kotibi, professor.

Izoh. Professor Shodi Karimov 1934 yil 24 martda Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumanidagi Tol qishlog’ida tug’ilib, 2001 yil 10 sentyabr kuni infarkt tufayli Toshkentda vafot etdi. Sh.Karimovning ushbu ochiq xati (bayonoti) “Xalq so’zi” gazetasining 1993 yil 27 oktyabr sonidan Shuhrat Ahmadjonov ko’chirdi va lotin alifbosida terdi.
(E-mail: shuhrat1954@yahoo.com 2006 yil 10 avgust)