Jahongir MuhammadSAVOL: Jahongir aka, mana oradan 15 yil o’tdi, bu ketishda ana-mana demay yana 15 yil ham o’tib ketadi. Bundan 15 yil oldin aytganingiz kabi bu yurt unga onasidan qolgan ekan. Bugungacha hech kimga bermadi. Bugungacha hech narsa yaxshilik tomonga o’zgarmadi. Bundan keyin o’zgarardimi?(Rahmatjon).

JAVOB: Biz hali millat u yoqda tursin, xalq darajasiga ko’tarila olmadik. Hali ham olomon zehniyati bilan yashayapmiz. Mana shuning uchun ham hech narsa o’zgarmadi va yaqin kelajakda ham tubdan, ildizidan o’zgarishiga ko’zim yetmaydi. Bu degani umuman o’zgarishlar bo’lmaydi, degani emas. O’zgarishlar bo’ladi, ammo bizning zehniyatimizda tub burilish bo’lmaydi. Olomon darajasidan qutilishda hali beri o’zgarish bo’lmaydi!

Buni ko’p odam tushunadi yoki his etadi. Ammo aytishga qo’rqadi yoki istihola qiladi. Chunki bizda azaldan xalqning nuqsini aytish xoinlik deb xumkallaga singdirilgan.

Shuning uchun ham hamma o’zini eng buyuk deb biladi va hamma o’zini kamchiliklardan xoli deb hisoblaydi. Vaholanki, o’tgan 15 yilda oramizdan bitta ham buyuk odam chiqmadi. Hammamiz kamchiliklar girdobida qoldik.

Hammamiz manmanmiz. Gapda tog’ni talqon qilib yuboramiz. Amalga kelganda bahonalar girdobiga g’arq bo’lamiz, maydondan qochib qolamiz.

Biz faqat kin saqlashni bilamiz, kechirishni esa bilmaymiz, kechira olmaymiz. Bizda ana shu buyuklik yo’q.

Biz tahlil qilishni o’rgana olmadik. Bugunga qadar hech narsani tahlil qilib undan saboq olmadik.

Biz maqtovning qulimiz, kim maqtasa o’shani do’st, sadoqatli deb bilamiz, tanqid qilgan odamni dishman deb hisoblaymiz va asl dushman qolib ketib, ana shu odamlarga qarshi kuch bo’lib birlashamiz. Behuda kurashamiz!

Biz ikki mirining va bir mansabning gadosimiz. Birov ikki miri bersa, uning quliga aylanamiz, birov kichik bir mansab va’da etsa, uning maddohi bo’lamiz.

Hamma o’zini mustaqil, erkin hisoblaydi, ammo kimgadir tobe!

Bizda hamma aqlli, hamma bilimdon, hamma gapiradigan, eshitadigan esa yo’q. Aks taqdirda 26 million odam bitta axmoqning quliga aylanmas edi.

Bugun MuhammadBobir Malikov bilan shu kabi mummolarimiz haqida gaplashar ekanmiz, u qaysi bir mashhur odamning “Ozodlik-poda bo’lib yuradiganlar uchun jazo” degan gapini eslatdi.

Darhaqiqat, podani boshqaruvchi podaboshisi – cho’pon bo’ladi, uning qo’lida tayog’i va atrofida ikkita-uchta shalpanquloq iti, bas, olam guliston! Bu poda erkinlik nima ekanligini bilmaydi. Agar ozgina erkinlik tegsa, har tomonga yo’rg’alash boshlanadi. Olomon ham xuddi shunday. Sovetlar davrida xalq olomon darajasiga tushirilgan edi. Karimov paytida esa undan ham quyiga tushirildi. Aks taqdirda o’z haq-huquqlarini himoya qilishga otlangan odamni sazoyi etadimi?!

Bugun biz juda qiyinchilik bilan diktatura rejimiga qarshi bo’lgan demokratlar orasida birlashish uchun harakat olib borayotgan ekanmiz, birinchi galdagi maqsad ana shu qullik zehniyatidan qutilish, olomon emas, ongli xalq bo’lish uchun harakat qilmoqdamiz. Bu oson ish emas. Oldinda tayog’i bilan bosh yorib turgan cho’pon, chapdan va ungdan itlari, buning ustiga vujudlarga kirib olgan bitlari ham talaydilar. Lekin bundan qo’rqmaslik kerak. Qo’rqdik-mi, yana 15 yil hech narsa o’zgarmaydi. Qo’rqamsak – hech bo’lmaganda qo’rqamslikni o’rgangan bo’lamiz!

Qo’rqmaslik ozodlikning ostonasidir. Bu ostonadan bir hatlab o’tsaydik?!

About TURONZAMIN

supporter of democracy

Comments are closed.